• Milliy qadriyatlarimizning boqiy timsoli
  • Tili va adabiyoti universiteti




    Download 6.85 Mb.
    Pdf ko'rish
    bet7/397
    Sana27.05.2022
    Hajmi6.85 Mb.
    #22164
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   397
    Bog'liq
    ANJUMANMATERIALLARI.19.11.2020 (1)
    ANJUMANMATERIALLARI.19.11.2020 (2), болажон, Mustaqil SvaT, 5, Гид Новичка Maplets
     
     
     
     
     
     



    Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich, 
    filologiya fanlari doktori, professor, 
    Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori 
     
    Milliy qadriyatlarimizning boqiy timsoli 
     
    Bir yil avval mamlakatimiz rahbarining davlat tili haqidagi qonunning 30 yilligini munosib 
    nishonlash toʻgʻrisidagi qarori e’lon qilingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 
    “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va 
    mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, 
    ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir” 
    degan soʻzlari qalbimizda olam-olam quvonch, iftixor tuygʻularni uygʻotish barobarida 
    zimmamizga ulkan vazifalarni, zalvorli mas’uliyatni ham yukladi.
    Darhaqiqat, ona tili milliy qadriyat sifatida xalqning milliy uygʻonishi, milliy oʻzlikni 
    anglashi, jipslashuvi, ma’naviy kamolotga erishuvida tutgan oʻrniga koʻra ulkan ahamiyat kasb 
    etadi. Zero, til – millatning qalbi, uning dunyoda borligʻining asosiy belgisi. Oʻzbek tili milliy 
    oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsolidir. Bu bebaho qadriyat istiqlol zaminidan kuch oldi. 
    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan 
    mustahkamlab qoʻyilgan. Shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, 
    Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga 
    aylandi. Bir paytlari burchakka siqib qoʻyilgan, ovozini koʻtarmay yashashga mahkum boʻlgan 
    ona tilimizning, ayniqsa, keyingi bir yilda qadri, nufuzi misli koʻrilmagan darajada yanada ortdi. 
    Mubolagʻasiz aytish mumkinki, oʻzbek tili tarixida yangi davr boshlandi. Zero, endi uning qadr-
    qimmati eng muqaddas tutilgan ne’matlarimiz, boyliklarimizga teng koʻrilmoqda. Prezidentimiz 
    soʻzi bilan aytganda, “Har birimiz davlat tiliga boʻlgan e’tiborni mustaqillikka boʻlgan e’tibor 
    deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday 
    qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”. 
    Qisqa davr ichida davlatning til siyosati sohasidagi amalga oshirilgan ishlar, tadbirlarini 
    sanab keltirishning oʻzi sohadagi islohotlarimiz naqadar jiddiyligini koʻrsatadi. «Oʻzbek tilining 
    davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmon 
    ona tili taqdirini belgilagan tarixiy hujjat boʻlib qoladi. Unga koʻra 21-oktabr sanasi yurtimizda 
    «Oʻzbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab 
    masalalar qatorida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid 
    muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash 
    maqsadida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil 
    etildi. Yangi soʻz va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan 
    Atamalar komissiyasi oʻz faoliyatini boshladi. Yaqin fursatda «Davlat tili haqida»gi qonunni 
    yangi Oʻzbekiston talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, yanada 
    takomillashtirish ham koʻzda tutilgan. 
    2020-yilning 20-yanvar kuni boshlangan xayrli ishlarning mantiqiy davomi sifatida 
    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni 
    samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Bu bilan davlat 
    boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar 
    Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy 
    ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini 
    ta’minlash masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yangi tizim 
    mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va 
    innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, 
    tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga 
    erishishni ta’minlashga yordam bermoqda. 


    10 
    Bugungi kunda xalqaro maydonda obroʻ-e’tibori tobora yuksalib borayotgan 
    Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qoʻshmoqda. Milliy 
    tilimiz endilikda eng nufuzli xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Oʻzbekiston 
    rahbarining 2020-yil 23-sentabr kuni videokonferensiya shaklida oʻtgan BMT Bosh 
    Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqi buning yorqin dalili boʻldi. Ilk bor oʻzbek 
    tilida butun dunyo ahliga taqdim etilgan ushbu nutq muhim tarixiy voqea sifatida xotiralarga 
    muhrlandi. Bu chiqish xalqimizning koʻp yillik orzulari roʻyobi sifatida barcha 
    yurtdoshlarimizga gʻurur hamda iftixor baxsh etdi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining nutqi 
    koʻpgina davlatlar, shuningdek, turkiy tilli mamlakatlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul 
    qilindi va umume’tirof etildi.
    Universitetimiz oʻz nomiga, faoliyatiga koʻra belgilangan maqsad va vazifalariga mos 
    ravishda ona tili-adabiyotimizni chuqur oʻrganish va oʻrgatish, fan oʻqituvchilari, filolog kadrlar 
    tayyorlash barobarida davlat tilini rivojlantirish, oʻzbek tilining yuksak mavqeyini barcha 
    jabhalarda ta’minlash, til va adabiyotimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-e’tiborini oshirish, uni 
    targʻib va tashviq qilish bilan bogʻliq qariyb barcha tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. 
    Amaliy ishlarimizdan biri xalqaro maydonda oʻzbek tilining jozibadorligini oshirishga 
    qaratilgan. Universitetimizda xalqaro til markazi ochilgan boʻlib, oʻzbek tilini oʻrganishga 
    ishtiyoqmand xorijiy fuqarolar uchun barcha sharoit yaratilgan. Shu paytgacha Janubiy Koreya 
    va Xitoydan oʻnlab talaba bu joyda tahsil oldilar. Soʻnggi paytlarda dunyo universitetlarining 
    koʻpchiligida oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish paydo boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etish 
    mumkin. Jumladan, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Moskva davlat universiteti qoshidagi 
    Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Moskva davlat lingvistika universiteti, Qozon davlat 
    universiteti, Yaponiyaning Tsukuba va Tokio universitetlari, Xitoyning Pekin markaziy milliy, 
    Shanxay chet tillar va Lanjou universitetlari, Shinjon ta’lim va Pekin chet tillar institutlari, 
    Janubiy Koreyaning Chet tillar instituti, Boku davlat pedagogika universitetida oʻzbek tilini 
    oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. 
    Koʻplab xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida, xususan, Markaziy Osiyoni oʻrganish 
    tadqiqotlari markazi (Fransiya), Bonn, Gumboldt, Fraye universitetlari (Germaniya), Izmir va 
    Anqara universitetlari (Turkiya), Kembrij universiteti (Angliya), Afgʻonistonning barcha 
    universitetlarida oʻzbek tilini oʻrgatish barobarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. 
    AQShning Indiana universiteti qoshida faoliyat koʻrsatayotgan 6 ilmiy markazda oʻzbek 
    tili boʻyicha qisqa oʻquv kurslari tashkil etilgan. Ayni damlarda AQShning Arizona, Texas, 
    Michigan, Kaliforniya, Ohyo, Kolumbiya, Chikago, Iova, Pensilvaniya, Vashington, Viskonsin, 
    Duke, Nyu-York universitetlarida oʻzbek tili kurslarini ochish boʻyicha oʻzaro manfaatli 
    aloqalarni yoʻlga qoʻymoqdamiz. Xitoy va Janubiy Koreyaning yana ayrim universitetlarida 
    oʻzbek tili kurslarini ochish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, 
    Hindistonning Jome’a Milliya universitetida oʻzbek tili ta’limi yoʻlga qoʻyildi. Xuddi shunday 
    oʻzbek tili oʻquv kurslarini ochish boʻyicha Yaponiyaning Soko universiteti, Kanadaning 
    Karlston universitetlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. 
    Kuni kecha Belarus davlat universiteti rektori A.Korol bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda 
    BDU va Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga 
    qoʻyish haqida kelishib olindi. Mazkur nufuzli universitetning xalqaro munosabatlar fakultetida 
    oʻzbek tilini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif BDU rahbari tomonidan mamnunlik bilan 
    qabul qilindi. 
    Qisqa qilib aytganda, oʻzbek tilining xalqaro miqyosda nufuzini oshirish va targʻib etish
    sohasida xorijiy mamlakatlarning 50 dan ortiq ta’lim muassasalari bilan oʻzaro manfaatli 
    hamkorlik oʻrnatilgan. Bu jarayonga talabalar ham faol ishtirok etmoqda. 
    Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri oʻzbek tilini jahon axborot-kommunikatsiya 
    tarmoqlari tizimiga joriy etish bilan bogʻliq. Bu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirishni 
    kompyuter lingvistikasisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu bois universitetning barcha ta’lim 


    11 
    yoʻnalishida “Kompyuter lingvistikasi” fani oʻqitib kelinmoqda. Universitet qoshida zamonaviy 
    jihozlangan «Kompyuter lingvistikasi laboratoriyasi» faoliyat yuritmoqda. Laboratoriyaning 
    maqsadi oʻzbek tilining dunyo hamjamiyatidagi nufuzini oshirish va oʻzbek tili bilan bogʻliq 
    boʻlgan tadqiqotlarni kompyuter texnologiyalari yordamida olib borishdan iborat. 
    Oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, elektron lugʻatlarni yaratish, 
    Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanib, oʻzbek tilini keng targʻib etish boʻyicha ishlarni 
    kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Shu paytgacha yosh oʻqituvchilarimiz Shveytsariyaning 
    Syurix universitetida, Erasmus+ xalqaro loyiha doirasida Polshaning Adam Miskiyevich 
    universitetida kompyuter lingvistikasi boʻyicha oʻz malakalarini oshirib qaytdilar. 
    Universitetimiz oʻqituvchisi kompyuter lingvistikasi sohasida birinchi bor falsafa doktori (PhD) 
    dissertatsiyasini himoya qildi.
    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martda qabul qilingan 
    “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada 
    takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra universitetimiz oliy ta’lim 
    muassasalarida oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish metodikasini takomillashtirish, oʻzbek tili va 
    adabiyoti oʻqituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish 
    yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik boʻyicha tayanch oliy 
    ta’lim muassasasi qilib belgilandi. Shu bilan birga, ushbu me’yoriy hujjat asosida universitet 
    qoshida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda 
    pedagogika institutlari huzurida hududiy boʻlinmalariga ega Davlat tilida ish yuritish asoslarini 
    oʻqitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur markazda vazirlik va 
    idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari xodimlarining lotin 
    yozuviga acoslangan oʻzbek alifbosi va imlosi, oʻzbek adabiy tili me’yorlari, davlat tilida ish 
    yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish boʻyicha nazariy hamda amaliy bilimlari, 
    koʻnikma va mahorati oshirib borilmoqda. 
    Davlatimiz tomonidan milliy tilimiz va adabiyotimizni rivojlantirishga har doim yuqori 
    darajada e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan endilikda barcha oliy 
    ta’lim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqitiladigan boʻldi. 2020-2021-oʻquv yilidan 
    boshlab oliy oʻquv yurtlari bakalavr ta’lim yoʻnalishlarining oʻquv rejalariga kiritilgan mazkur 
    fanlarning oʻquv-uslubiy ta’minotini zamon talablari asosida tashkil etish jarayonlariga 
    universitetimiz yetakchi ta’lim muassasa sifatida bosh-qosh boʻlib kelmoqda.
    Har yili universitetimizda oʻzbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalariga 
    bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish an’ana tusiga kirib ulgurgan. “Oʻzbek tilini 
    dunyo miqyosida keng targʻib qilish boʻyicha hamkorlik istiqbollari” mavzusida boʻlib 
    oʻtayotgan ushbu xalqaro konferensiya ham davlat tilining jahon maydonidagi oʻrni va nufuzini 
    oshirish, oʻzbek tilini xalqaro miqyosda oʻrganish, turkiy tillar taraqqiyoti, bugungi holati, 
    rivojlanishi muammolari, turkiy tillar tarixi, lugʻatshunoslik, atamashunoslik, tarixiy-qiyosiy 
    lingvistika masalalarini tadqiq etish boʻyicha salmoqli ilmiy-amaliy natijalarga erishadi deb 
    oʻylayman. Konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilagan holda anjuman ishtirokchilarini Oʻzbek tili 
    bayrami bilan tabrik etaman. 

    Download 6.85 Mb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   397




    Download 6.85 Mb.
    Pdf ko'rish