Yong‘in darakchilari va aloqa tizimi
Yong‘inni oldini olish va uning dahshatli asoratini kamaytirishda bosh omil sifatida darakchi uskunalar va tezkor aloqa vositalari xizmat qiladi.Yong‘inni oldini olish maqsadida, uning kelib chiqish jarayonlarini nazorat qilishni passiv va
aktiv usullarga bo‘lish mumkin. Passiv nazorat usuli, inson tafakkuri va uning intizomiga bog‘liq bo‘lib, yong‘in o‘choqlarini aniqlash va o‘t o‘chiruvchilarni 01 raqamli telefon orqali (shahar sharoitida) va uzluksiz zang urish yo‘li bilan (dala, qishloq sharoitida) yordamga chaqirishdan iborat bo‘ladi.
Faol nazorat usuli esa yuqori aniqlik bilan ishlaydigan texnik vositalarni qo‘llashga asoslangan. Bunda yong‘in o‘chog‘ini aniqlash va o‘t o‘chiruvchi xizmat yordamini chaqirish, odam omiliga bog‘liq bo‘lmasdan, avtomatik tezkor tarzda bajariladi. Shu maqsadda, yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan joylarda yong‘inni dastlabki belgilarini aniqlab markaziy boshqaruv pultiga belgilangan xabarni yetkazib beradigan darakchilar o‘rnatiladi. Darakchilar qo‘riqlanayotgan xonalarda o‘rnatilgan bo‘lishi va qorovulxonada o‘rnatilgan qabul punkti bilan aloqa tarmog‘i orqali bog‘langan bo‘lishi kerak. Bunday tizimlarni ishlash qobiliyati doimiy nazorat ostida bo‘lib, yong‘inni «kutish» tartibida kechadi.
|