|
Investitsion loyihalarning samaradorligini baholashning uslubiy asoslari
|
bet | 10/36 | Sana | 20.11.2023 | Hajmi | 251,44 Kb. | | #102040 |
Bog'liq 95284-1
Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholash. Umuman olganda samaradorlik muayyan natijalarga erishishni anglatadi. U sarflangan xarajatlar va olingan natijalar nisbati asosida aniqlanadi. Xarajatlar qanchalik kam va natijalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, samaradorlik ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligi butun ishlab chiqarish samaradorligining tarkibiy qismidir. Turli darajadagi xo‘jalik faoliyatida investitsiyalarning iloji boricha ko‘proq foyda, qaytim keltirishi asosiy vazifa qilib belgilanadi. Bu qoidadan chetga chiqish resurslarni yo‘qotish, jamiyatning ilgarigi va hozirgi mehnatini yo‘qqa chiqarishga olib kelishi mumkin.
Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholash zarurati, qo‘shimcha kapital qo‘yilmalar kiritilishini talab qiluvchi yangi qurilish, mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta tiklash va texnik jihatdan qayta qurollantirish, ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish va tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni ishlab chiqish kabi barcha hollarda yuzaga keladi. Ba’zan mahsulotlarning yangi turini ishlab chiqarish ham investitsiya va boshqa mablag‘lar kiritilishini, demak, xarajat va natijalar nisbatini avvaldan baholashni talab qiladi.
Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholashda korxonalar ikkita vazifani hal qilishlari lozim:
birinchisi - kapital qo‘yilmalarning qoplanish muddati va daromadliligi nuqtai nazaridan, eng maqbul variant tanlash imkoniyatini yaratuvchi investitsion loyiha samaradorligini baholash;
ikkinchisi - mavjud ishlab chiqarishga ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida kiritiluvchi investitsiyalar samaradorligini baholash (qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish, tannarxni kamaytirish, foydani oshirish va hokazo).
Birinchi vazifaning yechimi mos keluvchi marketing tadqiqotlarini amalga oshirishni ko‘zda tutib, bu tadqiqot davomida talab va undan kelib chiquvchi taklif, bozor segmentatsiyasi, bahoni shakllantirish strategiyasi, moliyalashtirish manbalari va boshqalar aniqlanishi lozim. Investitsion loyihani muqobillik asosida tanlagandan so‘ng birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni, texnik va boshqa qarorlarni, jumladan, muhandislik ta’minoti, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar tayyorlashishlari amalga oshiriladi.
Investitsion loyihani tayyorlash va shunga mos ravishda investitsiyalar samaradorligini baholash zarurati ko‘p hollarda yangi korxona, sexlar qurish yoki mavjud ishlab chiqarishni qayta tiklash va kengaytirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Bularning barchasi nafaqat makonda, ya’ni ma’lum bir hududda, yer maydonida, balki vaqtida amalga oshirilishi sababli, vaqt muddati loyihani amalga oshirish, jumladan, korxonani tashkil qilish (qayta tiklash, kengaytirish) hamda ekspluatatsiya qilish va tugatish muddatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Investitsion loyihaning samaradorligi ko‘rsatkichlari loyiha qarorlarini texnikaviy, texnologik va tashkiliy nuqtai nazaridan tavsiflab beradi.
Loyiha samaradorligi loyihaning jalb etiladigan hamkorlar uchun jozibadorligini aniqlash va moliyalash manbalarini qidirish hamda keyinchalik monitoringini olib borish maqsadida baholanadi.
Investitsiyalar samaradorligini baholash investitsion qarorlar qabul qilish jarayonidagi mas’uliyati eng yuqori bo‘lgan bosqichlardan biridir.
Shuni aytib o‘tish kerakki, oldingi paytda mamlakatimizda kapital qo‘yilmalar samaradorligini baholash usullarini unchalik qoniqarli deb hisoblab bo‘lmasdi. Bu maqsadda qo‘llanuvchi ikkala ko‘rsatkich samaradorlik koeffitsiyenti (o‘rtacha
yillik foyda miqdorining kapital qo‘yilmalar hajmiga nisbati) va o‘zini qoplash muddati (unga teskari ko‘rsatkich) bir qator jiddiy kamchiliklarga ega bo‘lib, ular real investitsiyalar samaradorligini baholashda ob’yektiv ma’lumot olishga imkon bermaydi.
Bu kamchiliklar nimalardan iborat? Ulardan biri sanab o‘tilgan ko‘rsatkichlarning har bittasini hisob-kitob qilishda vaqt omili hisobga olinmasligidadir – foyda va investitsiya mablag‘lari hajmi haqiqiy qiymatga keltirilmaydi. Demak, hisob-kitob jarayonida oldindan solishtirib bo‘lmaydigan ko‘rsatkichlar – investitsiyalar summasi hozirgi qiymatda va foyda summasi kelajakdagi qiymatda beriladi. Yana bir kamchilikka ko‘ra investitsiya qilingan kapitalni qaytarish ko‘rsatkichi sifatida faqat foyda qabul qilingan. Biroq amalda investitsiyalar sof foyda va amortizatsiya ajratmalaridan iborat pul oqimi ko‘rinishida qaytariladi. Demak, investitsiyalar samaradorligini faqat foyda asosida baholash hisob-kitob natijalarini juda o‘zgartirib yuboradi. Va nihoyat, uchinchi kamchilik shundan iboratki, ko‘rib chiqilayotgan ko‘rsatkichlar investitsiya loyihasi to‘g‘risida faqat bir tomonlama baho olishga imkon beradi, chunki ularning ikkalasi ham bir xil boshlang‘ich ma’lumotlardan foydalanishga asoslanadi.
Real investitsiyalar samaradorligini baholashda xorijda amal qiluvchi, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda ham qo‘llana boshlagan asosiy tamoyil va uslubiy yondashuvlarni ko‘rib chiqamiz.
Bunday tamoyillardan birinchisi investitsiya qilingan kapitalning pul oqimi ko‘rsatkichi (cash flow) asosida qaytarilishiga bog‘liq bo‘lib, investitsiya loyihasini ekspluatatsiya qilish davomida amortizatsiya ajratmalari va sof foyda hisobiga shakllantiriladi. Bunda pul oqimi ko‘rsatkichi investitsiya loyihasining har bir yili bo‘yicha alohida yok i o‘rtacha yillik ko‘rsatkich sifatida baholanishi lozim.
Baholashning ikkinchi tamoyili investitsiya qilinuvchi kapitalni ham, pul oqimlari miqdorini ham pul mablag‘larining hozirgi qiymatiga keltirishdir. Bir qarashda investitsiya qilinuvchi mablag‘lar doimo hozirgi qiymatida aks ettirilgan bo‘ladi, chunki pul oqimlari shaklida ularni qaytarish muddatidan ancha oldin kiritiladi. Haqiqatda esa bunday emas – investitsiyalash jarayoni ko‘p hollarda bir vaqtning o‘zida emas, balki bir nechta bosqichda amalga oshiriladi. Shu sababli birinchi bosqichdan tashqari kelgusida investitsiya qilinuvchi barcha summalar pul mablag‘larining hozirgi qiymatiga keltirilishi lozim bo‘ladi. Xuddi shu tarzda pul mablag‘lari oqimi ham hozirgi qiymatga keltiriladi.
Baholashning uchinchi tamoyili turli investitsiya loyihalari uchun pul oqimlarini diskontlash jarayonida differensiyalangan foiz stavkasini (diskont stavkasini) tanlash hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, investitsiyalardan olinuvchi daromad hajmi (real investitsiyalashda bunday daromad vazifasini pul oqimlari bajaradi) quyidagi to‘rt omil asosida shakllantiriladi: o‘rtacha real depozit stavkasi; inflyatsiya sur’ati (yoki inflyatsiya mukofoti); tavakkalchilik mukofoti; past likvidlik uchun mukofot. Shu sababli tavakkalchilik darajasi turlicha bo‘lgan ikkita investitsiya loyihasini taqqoslashda turlicha foiz stavkali diskontlash qo‘llanishi lozim (yuqori foiz stavkasidan tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan loyihalarda foydalanish lozim). Xuddi shu tarzda umumiy investitsiyalash davri
(investitsiyalar likvidligi) har xil bo‘lgan investitsiya loyihalari uchun yuqori foiz stavkasi amalga oshirish muddati uzoqroq bo‘lgan loyihalarda qo‘llanishi kerak.
Baholashning to‘rtinchi tamoyili baholash maqsadlaridan kelib chiqqan holda diskontlash uchun foydalaniluvchi foiz stavkalari variantsiyasi hisoblanadi. Investitsiyalar samaradorligining turli ko‘rsatkichlarini hisoblashda diskontlash uchun tanlab olinuvchi foiz stavkasi sifatida quyidagilardan foydalanish mumkin: o‘rtacha depozit yoki kredit stavkasi; inflyatsiya darajasi, tavakkalchilik darajasi va investitsiyalar likvidligini hisobga olgan holda investitsiyalar daromadliligining individual normasi; boshqa investitsiya turlari bo‘yicha daromadlilikning muqobil normasi; joriy xo‘jalik faoliyati bo‘yicha daromad normasi.
Iqtisodiy o‘sishga xizmat qiluvchi investitsion muhitni tahlil qilish va baholashda asosiy omillar sifatida quyidagilar hisobga olinishi lozim:
tabiiy resurslar va ekologik xolat; ishchi kuchining sifati;
infratuzilma ob’yektlarining rivojlanish darajasi va ochiqligi;
siyosiy barqarorlik, fors-major holatlarning yuzaga kelish extimolligi va ularni oldini olish imkoniyatlari;
qonunchilikning mukammalligi, sifatliligi va amaliyligi, shuningdek iqtisodiyotning erkinlik darajasi;
huquq-tartibot va qonunchilikka rioya qilish darajasi, shuningdek mulkiy huquqlarni himoya qilinishi;
soliq tizimining sifati va soliq yukining darajasi;
moliya-kredit institutlari faoliyatining sifati, shuningdek, kredit olishning osonlik darajasi;
iqtisodiyotning ochiqligi, shuningdek, chet el mamlakatlari bilan savdo qilish qoidalari;
iqtisodiyotdagi monopoliya darajasi, bozorga kirib borish va investitsiyalash oldida turgan xavf-xatar (tavakkalchilik) va to‘siqlar.
O‘zbekistonda investitsion muhit avvalo jamiyatdagi siyosiy vaziyatning barqarorligi, sog‘lom iqtisodiy rivojlanish, davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlari va nodavlat sektorining o‘sishi, o‘tkazilayotgan islohotlarning ketma-ketligi, tabiiy resurslar va respublika aholisining mehnatsevarligi bilan to‘ldiriluvchi bozor infrastrukturasining shakllanishini tavsiflaydi. Investitsion muhit shuningdek, investitsiyalarning davlat tomonidan kafolatlanishidan tashqari investorlarning, ayniqsa chet el investorlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish chora- tadbirlarini belgilab beruvchi qonunchilik hujjatlari hisobiga ham ta’minlanadi. Shu jihatdan “Xususiy mulk to‘g‘risida”gi, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik va tadbirkorlik faoliyati kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xususiy korxonalar to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarni esga olib o‘tish joiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni investitsion faollikning o‘sishiga yangi kuch baxshida qildi.
O‘zbekistonda yaratilgan investitsion muhit iqtisodiyotning yanada rivojlanishi va barqaror turmush darajasini ta’minlashdan tashqari respublikaning xorijiy kapitalni jalb qilish uchun raqobat qilishiga ham imkon beradi. Matbuotda e’lon qilingan fikrlarga ko‘ra, “yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot va institutlarning ishtirok etishi respublikadagi investitsion muhitning jozibadorligidan yana bir bor dalolat beradi”.
O‘zbekistonda amal qilayotgan qonunchilikka asosan respublika hududida chet ellik investorlar o‘zlarining investitsiya faoliyatini quyidagi yo‘llar bilan amalga oshirishlari mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslar bilan birgalikda tuzilgan xo‘jalik ob’yektlari va shirkatlar, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarning nizom jamg‘armasi va boshqa mulklarida o‘z ulushi bilan ishtirok etishi;
to‘laligicha chet ellik investorlarga tegishli bo‘lgan xo‘jalik obyektlari va o‘rtoqchiliklar, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarni tashkil etish va ularni rivojlantirish;
mulk, aksiya va boshqa qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish;
savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’yektlari mulkiga, turar-joy binolari va ular joylashgan yer maydonlariga, shuningdek, tabiiy resurslar va yer maydonlariga (jumladan, ijara asosida) egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini sotib olish intellektual mulk, jumladan, mualliflik huquqi, patent va hokazolarni himoya qilishga mablag‘ kiritish.
Bugungi kundagi investitsion muhit va uning shakllanish omillarini quyidagi sxema ko‘rinishida aks ettirish mumkin (11.3-rasm).
Kadrlar salohiyati, jumladan tadbirkorlik salohiyati
|
Bozor muhiti omillari
|
Ijtimoiyvaijtimoiy-madaniyomillar
|
Tashkiliy-boshqaruv omillari
|
Xavf - xatar
Ijtimoiy, etnografik va madaniy sharoitlar
Ekologik sharoitlar
Axborot ta’minoti sharoitlari
Мотивация шароитлари
Huquqiy normativ sharoitlar
Bozor mexanizmi sharoitlari
Umumiqtisodiy sharoitlar
11.3-rasm. Investitsion muhit va uni shakllantiruvchi omillar
Chet ellik investorlar respublikada hududida investitsiya faoliyatini amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirishi mumkin. Bunda Nizom jamg‘armasi yoki aksiyalar (pay, ulush)ning kamida 30 foizi chet el investitsiyalaridan iborat bo‘lgan korxonalar chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi Farmonida chet ellik investorlar uchun belgilab berilgan soliq imtiyozlarini investitsion muhitning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanishi mumkin.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, yuqorida ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar quyidagi miqdorga teng bo‘lgan hollarda taqdim etiladi:
300 mingdan 3 mln. AQSH dollarigacha – 3 yil muddatga; 3 mln.dan 10 mln. AQSH dollarigacha – 5 yil muddatga; 10 mln. AQSH dollaridan ortiq bo‘lganda – 7 yil muddatga;
Ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari korxonaning Nizom kapitalida chet ellik ishtirokchilar ulushi kamida 50%, investitsiyalash jarayoni bunday korxona davlat ro‘yxatiga olingandan keyin boshlangan; chet el investitsiyalari erkin
almashtiriladigan valyutada kiritilgan yoki zamonaviy texnologik uskunalar tarzida qo‘yilgan; soliq imtiyozlarini taqdim etish natijasida olingan daromad ushbu davrda korxonani rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yo‘naltirilgan va shu kabi boshqa sharoitlarda qo‘llanadi.
Davlat kafolatlarisiz xorijiy investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan jalb qilinuvchi uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha foizlar daromad (foyda) solig‘ini hisoblashda soliqqa tortiluvchi bazaga kiritilmasligi, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangi tashkil etilayotgan korxonalarning asosiy faoliyatdan ko‘radigan zararlari 5 yil muddat ichida soliqqa tortiladigan daromad hisobidan to‘lash uchun hisobot davridan keyingi yillarga teng ulushlarda taqsimlanishi mumkin.
Umuman olganda, mamlakatda yaratilgan investitsion muhit va investitsilashdagi ustivor yo‘nalishlar iqtisodiyotni sifat jihatdan yuqori darajaga chiqarish, mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, yuqori turmush sharoitlarini yaratish va respublikani jahondagi rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiritish hisoblanadi.
Chet ellik investorlar qatoriga “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq quyidagilar kiritiladi:
chet davlatlar, chet davlatlarning ma’muriy yoki hududiy organlari;
davlatlar o‘rtasidagi bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tashkil topgan yoki xalqaro ommaviy huquq sub’yektlari bo‘lgan xalqaro tashkilotlar;
chet davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil topgan va faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yuridik shaxslar, boshqa har qanday shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar;
chet davlat fuqarolari bo‘lmish jismoniy shaxslar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet ellarda doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari.
Chet ellik investorlar investitsiyalarni quyidagi yo‘llar bilan amalga oshirishlari mumkin:
O‘zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxslari bilan birgalikda tashkil etilgan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarning ustav jamg‘armalarida va boshqa mol-mulkida ulush qo‘shib qatnashish;
chet ellik investorlarga to‘liq qarashli bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarini, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish;
mol-mulk, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qarz majburiyatlarini sotib olish;
intellektual mulkka, shu jumladan mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xauga, shuningdek ishchanlik nufuziga (gudvillga) huquqlar kiritish;
konsessiyalar, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga bo‘lgan konsessiyalar olish;
savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari ob’yektlariga, turar joy binolariga ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda mulk huquqini, shuningdek yerga egalik
qilish va undan foydalanish (shu jumladan ijara asosida foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish orqali.
Chet ellik investorlar O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tashkil etishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan o‘zlariga berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar deganda aksiyalarining (paylarining) ulushlari yoki ustav jamg‘armasining kamida o‘ttiz foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar tushuniladi. Ular O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan har qanday tashkiliy-huquqiy shakllarda faoliyat ko‘rsatadilar. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qatnashchilaridan biri chet ellik investor bo‘lishi shart.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona uni ta’sis etish yo‘li bilan yoki ilgari chet el investitsiyalari ishtirokisiz ta’sis etilgan korxonada ishtirok etish ulushini (payini, aksiyalarini) yohud bunday korxonani butunlay, shu jumladan xususiylashtirish jarayonida chet ellik investor tomonidan sotib olinishi natijasida tashkil etilishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi.
Investitsiya manbalarini shakllantirish borasida davlat ko‘radigan chora- tadbirlar investitsiyalarning ichki manbalariga tegishli bo‘lib, asosan soliq-byudjet siyosati va pul-kredit siyosati vositalari yordamida davlat, aholi, korxona, bank va davlat byudjeti mablag‘larini shakllantirish, qayta taqsimlash va ular o‘rtasida ma’lum proporsiyalarni yuzaga keltirishga qaratilgan. Masalan, soliq stavkalarining pasaytirilishi aholi va korxonalar daromadlarining oshishiga, investitsiyalar manbai bo‘lgan aholi jamg‘armalari va korxonalarning sof foydasi miqdorlarining ko‘payishiga olib keladi. Ayni paytda investitsiyalarning manbalariga ko‘ra tuzilishida bu ikki guruhning ulushi oshadi. Jami investitsiyalar hajmida bank kreditlari, korxona va aholi mablag‘lari hissasining yuqori bo‘lishi bozor iqtisodiyoti sharoitida ijobiy hodisa hisoblanadi. Qo‘llaniladigan jadallashtirilgan amortizatsiya usuli ham korxonalarda investitsiya mablag‘larining tezroq jamlanishiga olib keladi va investitsiya jarayonlarini tezlashtiradi.
Investitsiya siyosatining eng muhim bo‘g‘ini investitsiya mablag‘larini eng ustuvor va ahamiyatli tarmoqlar va hududlarga jalb qilish borasidagi chora- tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Bu maqsadda, umuman, mamlakat iqtisodiyotida, xususan esa, ustuvor deb belgilangan tarmoqlar va hududlarda qulay investitsiya muhitini yaratish zarur. Investitsiya muhiti bir qator shart-sharoitlarga qarab baholanadi. Bu shart-sharoitlarga siyosiy barqarorlik, inflyatsiya va ishsizlik darajalari, byudjetning to‘ldirilishi darajasi, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki va xususiy sektorning rivojlanishi darajasi, iqtisodiyotning, xususan, tashqi savdo, valyuta bozorlarining erkinligi, bozor infratuzilmasining rivojlanishi darajasi, tabiiy va mehnat resurslarining mavjudligi va ulardan foydalana olish imkoniyatlari, ishchi kuchining malakasi, soliq tizimining xususiyatlari, bank foiz stavkalari, bozor sig‘imi va boshqalar kiradi.
Investitsiya muhitini belgilovchi eng muhim omillardan biri mamlakatda investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va kafolatlardir. Investorlar uchun soliq imtiyozlarini berish amaliyotda keng qo‘llaniladigan tadbirdir. Masalan, respublikamizda korxonalar foydasining ishlab chiqarishni kengaytirish, rekonstruksiya qilish va qayta qurollantirishga sarflangan qismi soliqqa tortilmaydi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, xalq iste’moli tovarlari, bolalar assortimentidagi hamda eksportga mo‘ljallangan tovarlar ishlab chiqarish kabi bir qator sohalarda yangi ochilgan korxonalar soliqlardan vaqtincha ozod etilish, umumiy soliq stavkalarga nisbatan pastroq soliq stavkalari qo‘llanilishi kabi imtiyozlarga ega bo‘ladilar.
Ichki investitsiya manbalari cheklangan bir sharoitda, ayniqsa, iqtisodiyotni islohotlarni chuqurlashtrish davrida chet el investitsiyalarini jalb qilish alohida ahamiyatga ega. Xorijiy investorlar uchun, ular oladigan yakuniy moliyaviy natijalariga bevosita va bilvosita ta’sir etadigan bir qator imtiyozlar va kafolatlar tizimi yaratilgan.
“Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”, “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “To‘g‘ridan- to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2005 yil 11 apreldagi Farmoniga muvofiq chet ellik investorlarga va ularning investitsiyalariga berilgan kafolatlarni qo‘llash tartibini belgilangan.
Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xususiylashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik jihatdan qayta jihozlash va rekonstruksiya qilish, respublikaning ortiqcha ishchi kuchi mavjud bo‘lgan mintaqalarida yangi ish joylarini yaratish dasturlarini amalga oshirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shuningdek xorijiy investorlar uchun ishonchli huquqiy himoya va kafolatlarni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2005 yil 11 apreldagi Farmoniga muvofiq 2005 yilning 1 iyulidan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari asosiy faoliyati bo‘yicha daromad (foyda) solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va hududlarni obodonlashtirish solig‘i, ekologiya solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lashdan, shuningdek Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinadi.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida chet el investitsiyalari ishtirokida bunyod etilgan eng yirik sanoat ob’yektlari respublikamizning eksport salohiyatini oshirdi, eksport va importning tovar tuzilishida ijobiy siljishlarga erishish, mamlakatning to‘liq yoqilg‘i-energetika mustaqilligini ta’minlash imkonini berdi.
|
| |