1-BОB. MEHNAT TO’G’RISIDAGI FANNING YUZAGA KELISHI
VA UNING JAMIYAT RIVOJLANISHIDAGI ROLI
Mehnat to’g’risidagi fanning yuzaga kelishi
Mehnat to’g’risidagi fanning yuzaga kelishi va rivojlanishi insoniyat tarixiga bevosita ta’sir ko’rsatgan nazariyalar bilan bog’langan, zero ular insonning eng muhim, uni boshqa jonzotlardan farqlaydigan mohiyatiga — mehnat qilish qobiliyatiga, ya’ni tabiat ashyolarini ongli ravishda o’zgartira borib, ularni o’z talab htiyojlariga moslashtira olishga taalluqlidir.
Mutafakkirlar, iqtisodchi-olimlar, amaliyotchi arboblar e’tiborini band qilgan va pirovard natijada jamiyatning rivojlanish sur’atlarini ko’p darajada belgilagan mehnat to’g’risidagi masalalar ko’p qirrali bo’lib, u uzoq tarixga ega.
Iqtisodiy tafakkur qadim zamonlardan buyumlar qiymati yuzaga kelishi sirini tushunib etishga urinib kelgan. Qadimgi yunon faylasufi Arastuning (Aristotel eramizdan oldingi 384—322 yillar) asarlarida tovarlar qiyoslana olishi muammosi tilga olingan edi. U ayirboshlash nisbatlari nima bilan belgilanadi, degan savolni o’ziga o’zi berib, unga bir xil mazmunda javob berolmasligini, lekin u shu xususida bir necha taxminlar borligini bildirgan.
Siyosiy iqtisodning ajralmas qismi bo’lgan mehnat to’g’risidagi fanni rivojlantirishga ingliz iqtisodchi olimi Adam Smit (1723—1790) nihoyatda katta hissa qo’shdi. Uning «Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to’g’risida tadqiqot» deb nomlangan asosiy asarida (1776) mamlakat boyligi moddiy ishlab chiqarish mahsulotlari bilan belgilanishi to’g’risidagi qoida bayon qilingan. Mahsulotlarning hajmi ishlab chiqarishda qatnashadigan aholining ulushiga va undagi mehnat unumdorligiga bog’liq bo’ladi. Mehnatning taqsimlanishi va ishlab chiqarish ixtisoslashuvining chuqurlashtirilishini A. Smit mehnat unumdorligi oshishining sharti deb bilgan.
1.1.-chizma. A.Smitning qiymatga oid konseptsiyasi
Jamiyatning ibtidoiy holatiga xos vaziyat e’tiborga olinmasa, A. Smitning tovarlar qiymati nazariyasida ikki xil nuqtai nazarni, ya’ni qiymatning mehnat nazariyasi va ishlab chiqarish omillari nazariyasining bir yo’la mavjudligini ko’rish mumkin. A. Smitning boshqa fikr-mulohazalaridan, narx tarkib topadigan barcha daromadlar manbai mehnatdir, degan ma’no kelib chiqadi.
A. Smitning unumli va unumsiz mehnat to’g’risidagi qoidalariga qaytadigan bo’lsak, uning ushbu masalalarga doir fikr-mulohazalari nazariy jihatdagi qiziqishga arziydi. Sotishga mo’ljallangan buyumlarda mustahkamlanib va ro’yobga chiqib, qayta ishlanayotgan materiallar qiymatini oshiradigan mehnatni A. Smit unumli mehnat deb hisoblaydi. Unumsiz mehnat ko’rsatilishi paytida yo’q bo’lib ketadigan xizmatlar bilan bog’langan. A. Smitning fikricha, bunday mehnat qiymatga hech nima qo’shmaydi, u ayrim narsalarda mustahkamlanmaydi va ruyobga chiqmaydi, lekin o’z qiymatiga ega bo’ladi va taqdirlashga loyiqdir.
|