Dars turi: Yangi bilim beruvchi.
Dars usullari: suhbat, demonstratsiya.
Asosiy tushuncha va atamalar: potensial va kinetik energiya, quvvat va uning birligi - Vatt.
Darsning borishi:
1.Tashkiliy qism.
O’quvchilarni “Natural sonlar” usuli bilan guruhlarga ajratish. Bu uchun o’quvchilarga sonlar yozilgan kartochkalar tarqatiladi.“So’z tuzish o’yini” orqali guruh nomini keltirib chiqarish.
2.O’tilgan mavzuni so’rash:
"Neksiya" avtomobilining quvvati 75 o.k. ga teng bo’lsa, 100 km/soat tezlikda uning tortish kuchi qanchaga teng bo’ladi?
Nima sababdan yer haydayotgan traktor sekin yuradi?
3. Yangi mavzuning bayoni.
Bolg'a bilan mix qoqish misolida Siz, bolg'ani qancha yuqoriga ko'tarib mixni ursangiz, taxtaga shuncha chuqurroq kirishini bilib oldingiz. Demak, bolg'aning ish bajara olish qobiliyati, ya'ni energiyasi uning vaziyatiga bog'liq bo'lar ekan.
Jismlarning vaziyati tufayli ega bo'lgan energiyasi potensial energiya deb ataladi.
Berilgan misolda bolg'aning bajargan ishi A=P•h ga teng. Bu ish bolg'aning energiyasi hisobiga bajarilganligi uchun unung potensial energiyasi E = P•h yoki
Ep = mgh
Buraladigan soatlarda prujinasini siqib, unda potensial energiya hosil qilinadi. So'ngra prujina asta-sekin yoyilib soat mexanizmini, ya'ni strelkalarni harakatga keltirib, mexanik ish bajaradi. Daryolarni to'sib, to'g'onlar quriladi. Bunda suvning balandligi ko'tariladi. So'ngra bu suv maxsus quvurlar orqali tushirilib, suv yo'liga o'rnatilgan parraklarni aylantiradi. Jismlar potensial energiyadan tashqari kinetik energiyaga ham ega bo'lishi mumkin. Kinetik energiya jismlarning tezligi tufayli mavjud bo'ladi.
Masalan, tekis ariqda oqayotgan suv unga o'rnatilgan charxpalakni aylantiradi. Shamol ham parraklarni aylantiradi.
Jism bir vaqtning o'zida ham potensial, ham kinetik energiyaga ega bo'lishi mumkin. Masalan, Yerdan ma'lum balandlikka ko'tarib qo'yilgan jism (I holat) faqat potensial energiyaga ega bo'ladi. Jism erkin qo'yib yuborilsa, tushayotganda balandligi kamayadi, lekin tezligi ortadi. Jism II holatda yerdan h1 balandlikda bo'lganligi uchun potensial energiyaga ega bo'lsa, tezlikka ega bo'lganligi tufayli kinetik energiyaga ham ega bo'ladi.
Insonlar va hayvonlar ham faoliyat ko'rsatishlari uchun energiya sarflaydilar. Ular bu energiyani iste'mol qiladigan ozuqalaridan oladilar. Har kuni katta yoshli kishilarga 15000000 J, maktab yoshidagi bolalarga (11-15 yosh)- 12 000000 J energiya kerak bo'ladi.
Aynan bir xil ishni bajarish uchun turlicha vaqt kerak bo'lishi mumkin. Masalan, 10000 ta g'ishtni 300 m ga tashish uchun ikki kishi kuni bilan ishlashi kerak bo'lsa, mashinada bu ishni bir necha minutda bajarish mumkin. Ishning tez yoki sekin bajarilishini ko'rsatadigan kattalik sifatida quvvat tushunchasini kiritamiz. Quvvat deganda biror vaqt bo'lagi ichida (1 sekundda) bajarilgan ish tushuniladi. Quvvatni N bilan belgilasak, uni topish uchun bajarilgan ishni, shu ishni bajarish uchun ketgan vaqtga bo'lish kerak.
Quvvat birligi sifatida Vatt qabul qilingan.
Masalalar yechishda formuladan foydalanish qulay ekanligi aytiladi.
|