Forumda ishlash qoidalari quyidagicha:
Forumga kirish;
Forumga kirish uchun ro‘yxatga yozilish;
Forumda ishtirok etish;
Forumda axborot olish, axborot yuborish.
Xulosa qilib aytganda, o‘quv jarayoniga Forumning kirib borishi o‘quvchi-talabalarga ta’lim olishda eng qulay muhit yaratadi. Ularning shaxsiy qiziqishi va ehtiyojlari qondiriladi. O‘quv faniga va bilimni egallashga o‘quvchi-talabalarning ma’suliyati oshadi. Natijada maqsad ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga olib keladi.
17-MAVZU: GEOGRAFIYADAMUSTAQIL TA’LIM TEXNOLOGIYALARI YARATISH MASALALARI
Reja:
Mustaqil ta’lim ahamiyati
mustaqil ta’limini tashkil etishi shakllar
Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim turlari orasida mustaqil ta’lim ham o‘ziga xos ahamiyatga ega.
Mustaqil ta’lim – oliy o‘quv yurti talabalarida pedagog rahbarligi va nazorati ostida o‘quv hamda mutaxassislik fanlari bo‘yicha ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlarida egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash, boyitish, ular tomonidan yangi bilim, ko‘nikma va malakalarni mustaqil o‘zlashtirilishini ta’minlash, ularni kasbiy faoliyatni mustaqil tashkil eta olishga tayyorlashga yo‘naltirilgan ta’lim.
Bu turdagi ta’lim talabalar tomonidan o‘quv, mutaxassislik fanlari asoslarini chuqur egallash, ularda topshiriqlarga ijodiy yondoshish, mustaqil fikrlash, o‘z bilimlarni izchil oshirib borishga intilish, adabiyotlardan keng, samarali foydalanish borasidagi ko‘nikma, malakalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlarining barcha o‘quv va mutaxassislik fanlari bo‘yicha yaratilgan dastur, shuningdek, ta’lim muassasalarining o‘quv rejasida ham talabalarning mustaqil ta’limiga alohida o‘rin ajratilgan. Bakalavriat va magistratura bosqichida talabalar o‘quv jadvalidan o‘rin olgan barcha fanlar bo‘yicha mustaqil ish topshiradi. Talabalar mustaqil ta’limning natijasi sifatida bajariladigan mustaqil ish turi kafedralar tomonidan o‘quv dasturida qayd etiladi.
Oliy o‘quv yurtlarida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etishda muayyan vazifalar hal etiladi. Jumladan:
talabalarda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarida egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash va boyitish;
ularda yangi bilimlarni mustaqil ravishda puxta o‘zlashtirish ko‘nikma, malakalarini hosil qilish;
talabalarni axborot manbalaridan samarali foydalanishga odatlantirish;
ularni zarur ma’lumotlarni izlash, umumlashtirish, tahlil qilish, saralash va muhimlarini belgilashga o‘rgatish;
talabalarda mustaqil ishni bajarishda samarali va maqbul metod, vositalardan foydalanish tajribasini hosil qilish;
ularni o‘quv va amaliy adabiyotlar, me’yoriy hujjatlar, elektron o‘quv adabiyotlar va ma’lumotlar banki bilan ishlash malakalarini o‘zlashtirishga rag‘batlantirish;
talabalarda Internet xalqaro axborot tarmog‘idan maqsadli, oqilona foydalanish mas’uliyatini tarbiyalash;
ularni mustaqil ishni mavjud talablar asosida sifatli bajarilishi yuzasidan javobgarlikni his qilishga o‘rgatish;
talabalarda yakunlangan va nihoyasiga yetkazilgan ishni ekspertizaga tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, ekspert xulosasi asosida qayta ishlash malakalarini hosil qilish;
talabalarni mustaqil ishlarni sifatli, maqsadli bajarishga nisbatan ijodiy yondoshishga o‘rgatish;
ularni yakunlangan, nihoyasiga yetkazilgan va ekspertizadan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan mustaqil ishlarni mutaxassislar jamoasida ochiq himoya qilishga tayyorlash
Belgilangan tartibga ko‘ra ajratilgan vaqt budjeti doirasida fanlar bo‘yicha tegishli kafedralarda mustaqil ishning tashkiliy shakllari va o‘quv topshiriqlarining variantlari ishlab chiqilib, fakultet ilmiy-uslubiy kengashida tasdiqlanadi. Shu bilan birga tegishli kafedralarda fanlar bo‘yicha mustaqil ishni bajarish yuzasidan talabalar uchun metodik ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqiladi hamda metodik qo‘llanma tayyorlanadi.
Mustaqil ishlar sifati va mazmunini baholash mezonlari tegishli kafedra tomonidan ishlab chiqilib, fakultet kengashi yig‘ilishining qarori bilan tasdiqlanadi. Mazkur mezonlar talabalarga o‘quv yili (semestri) boshlanishi oldidan metodik materiallar bilan birgalikda tarqatiladi.
Talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etishda turli shakllardan foydalaniladi. Ular:
ayrim mavzularni o‘quv adabiyotlari yordamida mustaqil o‘zlashtirish;
berilgan mavzu bo‘yicha mustaqil ravishda axborot (referat) tayyorlash;
mustaqil ravishda seminar va amaliy mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish;
laboratoriya ishlarini bajarishga mustaqil tayyorlanish;
hisob-grafik ishlarini mustaqil bajarish;
mustaqil ravishda kurs ishi (loyihasi)ni bajarish;
malakaviy bitiruv ishi va magistrlik dissertatsiyasini rahbar ko‘rsatmasi va nazorati ostida mustaqil tayyorlash;
mustaqil ravishda nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash;
mavjud muammolarning yechimini mustaqil topish (keys-stadi);
mustaqil ravishda va ijodiy yondoshgan holda maket, model, badiiy asar, musiqa va namunalar yaratish;
ijodiy va mustaqil yondashuv asosida ilmiy maqola, ma’ruza va tezislar tayyorlash.
Ayni o‘rinda shuni alohida qayd etib o‘tish lozim, har bir talaba o‘quv yoki mutaxassislik fanlarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda mustaqil ishni bajarishda ta’limning boshqa shakllardan ham foydalanilishi mumkin. Ta’lim shakli, shuningdek, uning mazmuni va hajmiga qo‘yiladigan talablar o‘qitiladigan barcha fanlar bo‘yicha namunaviy va ishchi dasturlarda bevosita ko‘rsatiladi.
Talabalar har bir fanning namunaviy dasturi bo‘yicha ko‘zda tutilgan auditoriya soatlari hisobidan o‘tiladigan mustaqil ta’lim mashg‘ulotlari davrida o‘qituvchi rahbarligida bilim oladi. Auditoriyadagi mustaqil ta’lim mashg‘ulotida talaba shu fan bo‘yicha belgilab qo‘yilgan ballar taqsimotida ko‘zda tutilgan muayyan ball miqdorida baholanadi.
Odatda auditoriyada amalga oshiriladigan mustaqil ta’lim amaliy (seminar) mashg‘ulotining shakli sifatida suhbat, bahs-munozara, kollokvium yoki yozma ish shaklida o‘tkaziladi.
Auditoriyadan tashqari mustaqil ish sifatida talaba fan dasturi bo‘yicha ko‘zda tutilgan har bir mavzu uchun qo‘shimcha ravishda o‘qib o‘rganish maqsadida ma’ruzachi tomonidan aniq vazifa va topshiriqlar oladi. Ushbu vazifa va topshiriqlarning bajarilishi amaliy (seminar) mashg‘ulotlarida o‘qituvchi tomonidan muntazam nazorat qilinadi.
Mustaqil ish sifatida berilgan vazifa va topshiriqlarning talabalar tomonidan bajarilishi joriy, oraliq va yakuniy nazorat jarayonida tahlil etib borilishi lozim.
Fanning o‘quv dasturida mustaqil ta’lim va mustaqil ish uchun beriladigan vazifa va topshiriqlar mazmuni, ularning rejalashtirilishi qayd etilishi zarur.
Mustaqil ish samarali bo‘lishi o‘sha fandan maxsus adabiyotlarning mavjud bo‘lishiga bog‘liq. Talabalar mustaqil ishlarni bajarishda darslik, o‘quv va metodik qo‘llanma, metodik ko‘rsatma va tavsiyalar, EATR ma’lumotlar to‘plami va banki, ilmiy va ommaviy davriy nashrlar, Internet xalqaro axborot tarmog‘i materiallari, mavzu bo‘yicha bajarilgan mavjud ishlar banki va boshqalardan axborot manbasi sifatida foydalanadi.
Birinchi kurs talabalarini mustaqil ishga o‘rgatishda ularga fan bo‘yicha biror bir mavzu yoki bobni uyda o‘qib o‘rganish vazifasi yuklanadi. Buning uchun o‘sha fandan darslik va o‘quv qo‘llanmalari yetarli darajada bo‘lishi lozim. Berilgan vazifa esa seminar va kollokviumlarda, bajarilgan referatlarni yoqlash orqali yoki yakka tartibda tashkil etiladigan mashg‘ulotlar mobaynida nazorat qilinadi.
Ma’ruza mavzusining bir qismini tarqatma materiallar orqali mustaqil ravishda o‘qib-o‘rganish mavzuni chuqurroq anglash imkoniyatini beradi. Tarqatma materialning hajmi har bir ma’ruza uchun 4-5 bet (bosma harfda) bo‘lishi tavsiya etiladi. Mustaqil ishni shu tariqa tashkil etish umumkasbiy va mutaxassislik fanlari hamda odatda yuqori kurs talabalari uchun taalluqli. Mustaqil ishning bu turi nazorati reyting tizimining har bir bosqichida amalga oshiriladi.
O‘quv jarayonida kompyuter va boshqa axborot-kommunikatsion texnologiyalar keng qo‘llaniladigan fanlar uchun avtomatlashtirilgan tizimlar bilan mustaqil ravishda ishlashni tadbiq etish maqsadida dasturiy materialning bir qismi yakka tartibda mustaqil ishlash uchun rejalashtiriladi. Bu uslub barcha kurs talabalariga tegishli va uning natijalari reyting tizimining tegishli bosqichlarida nazorat qilinadi. Referat, kurs ishlari yoki malakaviy bitiruv ishlari loyihalari ustida ishlash jarayonida fan bo‘yicha biror bir bo‘lim yoki boblar bo‘yicha maxsus va ilmiy adabiyotlarni mustaqil o‘rganish. Ushbu turdagi mustaqil ish birinchi kurs talabalaridan boshqa barcha kurs talabalari uchun taalluqli. Bu turdagi mustaqil ish natijalari reyting tizimining tegishli bosqichlarida nazorat qilinadi.
Har bir OTM rahbariyati talabalarning mustaqil ta’lim olishlari, mustaqil ishlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarishlari uchun zarur axborot manbalari, kompyuter texnikasi va Internet xalqaro axborot tarmog‘idan samarali, maqsadli foydalanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishi lozim.
Har bir fan bo‘yicha talabalarning mustaqil ishlariga rahbarlik qilish ko‘rsatkichlari (vaqt miqdori) OTM professor-o‘qituvchilari shaxsiy ish rejasining “Tashkiliy-uslubiy ishlar” bo‘limida (1540 soat hajmida) qayd etiladi.
Kurs ishi (loyihasi), malakaviy bitiruv ishi va ta’lim oluvchilik dissertatsiyasini tayyorlashda har bir talaba uchun ajratiladigan soatlar professor-o‘qituvchilar shaxsiy ish rejasining “O‘quv ishlari” bo‘limida ko‘rsatiladi.
Talabalarning mustaqil ta’limiga rahbarlik qilish kafedrada tuzilib, fakultet dekanati tomonidan tasdiqlanadigan maslahat (konsultatsiya)lar jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi. Maslahat uchun ajratilgan soatlari guruhlar jurnallarida qayd etib boriladi.
Talabalarning mustaqil ishlarini nazorat qilish o‘quv mashg‘ulotlarini bevosita olib boruvchi o‘qituvchi tomonidan amalga oshiriladi. Mustaqil ishlarning bajarilishi tegishli fan ishchi dasturida ajratilgan soatlarga mos ravishda reyting tizimi (ballar) asosida baholanadi. Har bir talabaning mustaqil ish bo‘yicha olgan ballari uning tegishli fan bo‘yicha to‘plangan umumiy reyting ko‘rsatkichlari qo‘shiladi. Mustaqil ish uchun talaba tomonidan olgan ball ko‘rsatkichi guruh “Reyting oynasi”da, shuningdek, OTMning maxsus elektron tarmog‘ida yoritib boriladi.
Tegishli fandan mustaqil ish bo‘yicha beglilangan maksimal reyting ballining 55% dan kam ball to‘plagan talaba shu fan bo‘yicha yakuniy nazoratga qo‘yilmaydi. O‘quv va mutaxassislik fanlari bo‘yicha talabalarning mustaqil ishlarni tayyorlashga qaratilgan faoliyatlari muntazam ravishda talabalar guruhlari, tegishli kafedra yig‘ilishlari va fakultet Ilmiy kengashlarida muhokama etib boriladi.
Har bir mustaqil ish kafedra arxivida ro‘yxatga olinadi va o‘quv yili mobaynida saqlanadi. Ayni o‘rinda shuni ham qayd etib o‘tish joizki, talabalarning kurs ishi (loyihasi), malakaviy bitiruv ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini ro‘yxatga olish va saqlash tartibi tegishli me’yoriy hujjatlar asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ijodiy yondashuv asosida sifatli bajarilgan mustaqil ishlarning mualliflari bo‘lgan talabalar OTM rahbariyati tomonidan ma’naviy va moddiy rag‘batlantiriladi.
Shunday qilib, individual, dasturiy va mustaqil ta’lim ham shaxsga yo‘naltirilgan ta’limning asosiy, muhim turlari sanaladi. Ularning har uchchalasi ham ta’lim jarayonini individuallashtirish, har bir ta’lim oluvchi ichki imkoniyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilganligi bilan ta’limiy ahamiyat kasb etadi. Barcha zamonaviy ta’lim turlari kabi individual, dasturiy va mustaqil ta’lim ham o‘z texnologiyalariga ega. Individual va dasturiy ta’lim texnologiyalari ta’lim jarayonini individuallashtirish, o‘quv materiallarini ta’lim oluvchilarning imkoniyatlari, bilimlarni qabul qilish darajasiga moslashtirgan holda turli darajalarda muayyan izchillikda taqdim etilishini ta’minlaydi. Mustaqil ta’lim texnologiyalari esa to‘la ma’noda ta’lim oluvchilarning o‘qituvchining yo‘naltiruvchi ko‘rsatmalari asosida mustaqil ravishda o‘quv hamda mutaxassislik fanlari asoslarini puxta o‘zlashtirishlari uchun zarur sharoitni yaratishga xizmat qiladi. Shunday ekan, oliy ta’lim muassasalarining pedagoglari o‘z faoliyatlarida individual, dasturiy va mustaqil ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikma, malakalarining o‘zlashtira olishlari talab etiladi.
|