|
-bob. FVDTning tashkiliy-funksional tuzilmasi
|
bet | 4/26 | Sana | 20.01.2024 | Hajmi | 63,2 Kb. | | #142144 |
Bog'liq 12-Amaliy3-bob. FVDTning tashkiliy-funksional tuzilmasi
7. FVDTning tashkiliy-funksional tuzilmasi mazkur Nizomga ilovaga muvofiq belgilanadi.
8. FVDT hududiy va funksional quyi tizimlari hamda axborot-boshqaruv tuzilmasidan iborat bo‘lib, respublika, mahalliy va obyekt darajalariga ega.
9. FVDTning har bir darajasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
FVDT boshqaruv organlari;
FVDT tezkor-boshqaruv organlari;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari va vositalari;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari;
favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi to‘g‘risida yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabar berish va xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimlari.
10. FVDTning hududiy quyi tizimlari o‘z ma’muriy hududlari doirasida aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladi hamda tegishli tumanlar va shaharlar miqyosidagi bo‘g‘inlardan iborat bo‘ladi.
FVDT hududiy quyi tizimlarining vazifalari, ularni tashkil etish, kuchlari va vositalari tarkibi, faoliyat ko‘rsatish tartibi mazkur Nizom, mahalliy geofizik va tabiiy-iqlim sharoitlarini, xavf darajasi yuqori obyektlarning mavjudligini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan ushbu quyi tizimlar to‘g‘risidagi nizomlar bilan belgilanadi.
Hududiy quyi tizimlar to‘g‘risidagi nizomlar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — FVV) bilan kelishgan holda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan, shuningdek, mos ravishda hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarma (bo‘lim)lari bilan kelishgan holda tuman (shahar)lar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
11. FVDTning funksional quyi tizimlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan funksiyalarni bajarish, shuningdek, idoraviy mansub obyektlarda ularning ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun tashkil etiladi hamda FVDT xizmatlaridan, quyi tizimlarning davlat nazorati organlari, kuchlari va vositalaridan iborat bo‘ladi.
FVDT funksional quyi tizimlarining vazifalari, ularni tashkil etish, kuchlari va vositalari tarkibi, faoliyat ko‘rsatish tartibi mazkur Nizom, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha funksiyalari, xavf darajasi yuqori bo‘lgan idoraviy mansub obyektlardagi ishlab chiqarish texnologiyalarining xususiyatini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan ushbu quyi tizimlar to‘g‘risidagi nizomlar bilan belgilanadi hamda FVV bilan kelishgan holda tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tasdiqlanuvchi ixtisoslashgan xizmatlar va avariya-qutqaruv tuzilmalari to‘g‘risidagi nizomlar bundan mustasno.
12. FVDTning axborot-boshqaruv tuzilmasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
FVVning Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markazi;
FVDT hududiy va funksional quyi tizimlarining axborot-tahlil markazlari;
atrof tabiiy muhit va xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlar holatini kuzatish va nazorat qilish organlarining axborot markazlari;
turg‘un (statsionar) boshqaruv punktlari;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari va vositalarini boshqarishning harakatdagi punktlari;
FVDTning hududiy va funksional quyi tizimlarining navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
aloqa va axborot uzatish vositalari, shu jumladan, boshqarish va axborot bilan ta’minlashning avtomatlashtirilgan tizimi.
Axborot-boshqaruv tuzilmasi quyidagilarni ta’minlashi lozim:
FVDTning hududiy va funksional quyi tizimlarining ixtisoslashgan hamda laboratoriya nazorati va kuzatuv tizimidagi bo‘linmalaridan olingan seysmologik, geologik, gidrometeorologik xavfli hodisalar, quruqlik (tuproq, yer osti)ning holati o‘zgarishi, atmosfera (havo muhiti) tarkibi va xossalari hamda gidrosfera holatining o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatlar, sanoat va transportdagi avariyalar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar, epifitotiyalar, radioaktiv, kimyoviy va biologik (bakteriologik) holat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash (tahlil qilish va saqlash);
FVDTning boshqaruv organlari, kundalik boshqaruv organlari, kuchlari hamda aholini favqulodda vaziyatlar xavfi yoki ro‘y berganligi, favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi holatlari, xususiyatlari, rivojlanish ko‘lamlari va kechishi, yuz berishi mumkin bo‘lgan oqibatlari, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi to‘g‘risida xabardor qilish va ma’lumot (axborot) berish;
FVDT quyi tizimlari va bo‘g‘inlari, boshqaruv organlari, boshqaruv punktlari, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun kuchlar o‘rtasida o‘zaro axborot va ma’lumot almashinuvini ta’minlash.
Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi axborotlarning mezonlari, mazmuni va turlari, ularni FVDT quyi tizimlari va bo‘g‘inlariga, shuningdek, aholiga yetkazish muddatlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan davlat boshqaruvi organlari, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha kundalik hamkorlik qilish va xabar berish yo‘riqnomasi asosida amalga oshiriladi.
13. FVDT boshqaruv organlari quyidagilardan iborat:
respublika darajasida — FVV markaziy apparati, FVDT tarkibiga kiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar markaziy (boshqaruv) apparatlarining vakolatiga aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vazifalarni hal etish kiradigan bo‘linmalaridan;
mahalliy darajada — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, tumanlar va shaharlar favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, tashkilotlarning vakolatiga aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vazifalarni hal etish kiradigan bo‘linmalaridan;
obyekt darajasida — obyektlar ma’muriyati hamda ularning vakolatiga aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vazifalarni bajarish kiradigan tarkibiy bo‘linmalari (xizmatlari, shubalari yoki maxsus tayinlangan mansabdor shaxslari).
FVDT, uning quyi tizimlari va bo‘g‘inlarining faoliyatini tashkil etish, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha ularga belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va samarali bajarilishini ta’minlash tegishli FVDT boshqaruv organlariga yuklanadi.
14. FVDT tezkor-boshqaruv organlari — FVDT funksional va hududiy quyi tizimlari hamda ularning bo‘g‘inlaridagi tezkor boshqaruvni amalga oshiruvchi bo‘linmalardir, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
respublika darajasida — FVVning Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markazi, FVDT tarkibiga kiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar markaziy (boshqaruv) apparatlarining navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
mahalliy darajada — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining tezkor-boshqaruv markazlari, shaharlar va tumanlar favqulodda vaziyatlar bo‘limlarining tezkor-boshqaruv guruhlari, tashkilotlarning navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
obyektlar darajasida — obyektlarning navbatchilik-dispetcherlik xizmatlari;
tegishli ravishda har bir darajadagi FVDT boshqaruv organlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish kuchlari hamda vositalarini boshqarish statsionar va harakatdagi punktlari.
FVDT tezkor-boshqaruv organlari tegishli boshqaruv organining doimiy joylashuv punktlarida, favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda esa — favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish kuchlari va vositalarini boshqarish statsionar va harakatdagi punktlarida tashkil etiladi. Ular oldindan tegishli xabar berish, aloqa, axborotni qayta ishlash va uzatishning tegishli texnik vositalari bilan jihozlanadi hamda o‘zlariga yuklangan vazifalarni bajarishga doimiy tayyor holatda saqlanadi.
Tezkor-boshqaruv organlari favqulodda vaziyat ro‘y berishi xavfi to‘g‘risida ogohlantirish ma’lumotlarini hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish bo‘yicha tavsiyalarning FVDT boshqaruv organlariga tezkor taqdim etilishini ta’minlaydi.
15. Quyidagilar respublika darajasidagi FVDT boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatlar sharoitlarida iqtisodiyot tarmoqlari hamda o‘ta muhim va xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlar faoliyati barqarorligini oshirishga qaratilgan va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini imkon qadar kamaytiruvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga rahbarlik qilish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida respublika maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarini ishlab chiqishni tashkil etish va bajarilishini ta’minlash;
aholini favqulodda vaziyat ro‘y berishi xavfi to‘g‘risida yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimini budjet mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan yaratish va uni doimiy tayyor holatda saqlash;
boshqarish va axborotni uzatish uchun umumiy foydalaniladigan telekommunikatsiyalar, hududiy tarmoqlardan va telekommunikatsiyalarning idoraviy tarmoqlaridan, radio, televideniye va boshqa texnik vositalardan markazlashtirilgan holda foydalanishni ta’minlash;
kimyoviy, yonish, portlash va boshqa xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlarda, shu jumladan, suv omborlarining gidrotexnika inshootlarida ularning texnik holatini avtomatik kuzatish, yong‘in va boshqa xavflardan darak beruvchi tizimlarni, shuningdek, ushbu obyektlarda va ularga yondosh hududlarda aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimlarini loyihalashtirish va yaratishni nazorat qilish;
favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognoz qilish yagona tizimida tegishli vazifalarni bajarish;
FVDT boshqaruv organlari, boshqaruv punktlari, FVDT kuchlari va vositalarining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorligini ta’minlash;
ro‘y bergan favqulodda vaziyatlar, ularning rivojlanish ko‘lamlari va kechishi, bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlari hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga oid qabul qilinayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborotlarning to‘planishini va almashinishini hamda yetkazilishini ta’minlash va nazorat qilish;
qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni, shu jumladan, zarar ko‘rgan aholining hayot sharoitlarini ta’minlash ishlarini, evakuatsiya ishlarini amalga oshirishga oid tadbirlarning bajarilishini ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilinadigan FVDT funksional quyi tizimlari kuchlari va vositalarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish va ishlarini tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun respublika (idoraviy) moliyaviy va moddiy resurslar zaxirasini, shuningdek, FVDTning maxsus sug‘urta jamg‘armasini tashkil etishga va undan foydalanishga rahbarlik qilish;
favqulodda vaziyatlardan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish;
idoraviy mansub obyektlarning rahbarlari tarkibi va kuchlari, shuningdek, xodimlarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishini va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashni muvofiqlashtirish;
ishlab chiqarish va texnologiyalar xavfsizligi, shuningdek, xodimlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning tarmoq normalari va qoidalarini ishlab chiqishda qatnashish.
16. Quyidagilar mahalliy darajadagi FVDT boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, favqulodda vaziyatlar sharoitlarida xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlarning barqaror ishlash imkoniyatini oshirishga doir tashkiliy va muhandislik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hududiy (viloyat) maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
aholini favqulodda vaziyat ro‘y berishi xavfi to‘g‘risida yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimining mahalliy darajasini tashkil etish va doimiy tayyor holatda saqlash;
boshqarish va axborotni uzatish uchun umumiy foydalaniladigan telekommunikatsiyalar hududiy tarmoqlaridan va telekommunikatsiyalarning idoraviy tarmoqlaridan, radio, televideniye va boshqa texnik vositalardan markazlashtirilgan holda foydalanilishini ta’minlash;
FVDTning manfaatdor funksional quyi tizimlari bilan birgalikda kimyoviy, yonish, portlash va boshqa xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlarda, shu jumladan, suv omborlarining gidrotexnika inshootlarida ularning texnik holatini avtomatik kuzatish, yong‘in va boshqa xavflardan darak beruvchi tizimlarni, shuningdek, ushbu obyektlarda va ularga yondosh hududlarda aholini favqulodda vaziyat ro‘y berishi xavfi to‘g‘risida yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimining lokal darajasini yaratish va ularning doimiy shayligini ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy, texnogen va ekologik jarayonlarning rivojlanish ehtimolini, xususiyatlari hamda ko‘lamini, shuningdek, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish;
FVDT boshqaruv organlari, boshqaruv punktlari, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha harakatlarga kuchlar va vositalarning doimiy tayyorligini ta’minlash;
ro‘y bergan favqulodda vaziyatlar, ularning rivojlanish ko‘lamlari va kechishi, keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlari, ularni bartaraf etishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborotlarni to‘plash, almashish va ular to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar qilish;
FVDT hududiy quyi tizimlari kuchlari va vositalarining, shuningdek, ko‘ngilli tuzilmalar, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining favqulodda vaziyatlar chog‘ida qutqaruv ishlarini va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirishiga rahbarlik qilish va harakatlarining uyg‘unligini ta’minlash, volontyorlar hamda mehnatga layoqatli aholini ushbu ishlarga jalb qilishni tashkil etish;
aholini evakuatsiya qilish (vaqtincha olib chiqish)ni, evakuatsiya qilingan aholini joylashtirishni, yashash sharoitini ta’minlashni va favqulodda vaziyatlar bartaraf etilgach ularning doimiy yashash joylariga qaytishini rejalashtirish va amalga oshirish;
xavfli zonalardagi aholi punktlarida va xo‘jaliklarda yashovchilarni xavfsiz joylarga doimiy yashash uchun ko‘chirish hamda ularning yashash sharoitini har tomonlama ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan samarali foydalanish va ularni qayta tiklashni ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tadbirlarini moliyalashtirish;
FVDT xizmatlari va tuzilmalarini, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruv xizmatlarini belgilangan tartibda tashkil etish;
favqulodda vaziyatlardan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
fuqarolarni, ularning uy-joyi va mol-mulkini maqsadli sug‘urta qilishni tashkil etish hamda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan sug‘urtalangan himoyasi samaradorligini ta’minlash uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va sug‘urta tashkilotlarining birgalikdagi faoliyati bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
aholini, FVDT boshqaruv organlarining mansabdor shaxslarini, kuchlar va vositalarni favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashga rahbarlik qilish.
17. Quyidagilar obyektlar darajasidagi FVDT boshqaruv organlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, obyektlarning barqaror ishlashi imkoniyatini oshirishga doir tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga rahbarlik qilish;
texnogen avariyalar va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlash, ular ro‘y berganda oqibatlarini prognoz qilish hamda ularni bartaraf etish tadbirlarini rejalashtirish maqsadida avtomatik kuzatish, yong‘in va boshqa xavflardan darak beruvchi va nazorat tizimlarini keng joriy etish, kunlik monitoring va kuzatuv ishlarini nazorat qilish;
obyektlarda va ularga yondosh hududlarda aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimining lokal va obyekt darajalarini yaratish ishlarini tashkil etish;
FVDT boshqaruv organlarining, obyektlar kuchlari va vositalarining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorligini ta’minlash;
axborot to‘plashni ta’minlash va nazorat qilish, yuzaga kelgan favqulodda vaziyat, uning rivojlanish ko‘lamlari va kechishi, keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlari, favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va zarur yordam to‘g‘risida yuqori organlarga ma’lumot berish;
qutqaruv xizmatlari, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini belgilangan tartibda tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlari bajarilishini, obyektning zarar ko‘rgan xodimlarini va obyekt yaqinida yashaydigan aholini evakuatsiya qilish va hayot sharoitlarini ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan samarali foydalanish va ularni qayta tiklashni ta’minlash;
xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlar uchun texnik hujjatlar nusxalarini yaratish va saqlash ishlarini tashkil etish;
obyektlarning xavfsizligini pasportlashtirish va deklaratsiyalash, tabiiy va texnogen xavfi yuqori bo‘lgan zonalar chegaralarini belgilash.
18. FVDTning kuchlari va vositalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
fuqaro muhofazasi qo‘shinlari;
FVVga to‘g‘ridan to‘g‘ri hamda tezkor bo‘ysunuvchi respublika ixtisoslashtirilgan va qutqaruv tuzilmalari;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning professional ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari va tuzilmalari, respublika, mahalliy va obyektlar darajasida FVDT hududiy va funksional quyi tizimlarining xizmatlari, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari.
FVDT kuchlari va vositalari belgilangan vazifalarni O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining ko‘ngillilar otryadlari (komandalari, guruhlari), fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi “Mahalla fuqaro muhofazasi” yig‘ma guruhlari, “Vatanparvar” mudofaaga ko‘maklashuvchi tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
19. Fuqaro muhofazasi qo‘shinlari FVVga bo‘ysunadi hamda o‘z tezkor yo‘nalishlariga muvofiq alohida davrda respublikaning muhim mudofaa va sanoat obyektlarida favqulodda vaziyatlarni tugatishga doir ishlarni olib boradi.
Fuqaro muhofazasi qo‘shinlari yirik ko‘lamdagi ishlab chiqarish avariyalari, halokatlar, tabiiy ofatlar sharoitida qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish va maxsus priborlar, texnikalar, asbob-uskunalar va tayyorlangan mutaxassislarni talab etuvchi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondonining farmoyishiga asosan jalb etilishi mumkin.
20. FVVga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunuvchi qutqaruv tuzilmalari malakali mutaxassislar bilan butlangan va maxsus texnika, asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar va boshqa qutqarish vositalari bilan jihozlangan, qutqaruv ishlarini avtonom rejimda kamida 72 soat ichida amalga oshirishga mo‘ljallangan, doimiy shay holatdagi qutqaruv tuzilmalarini o‘z ichiga oladi.
21. FVVga tezkor bo‘ysunuvchi respublika ixtisoslashtirilgan va qutqaruv tuzilmalari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasini, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazini va uning filiallarini, O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining qidiruv-qutqaruv havo kemalarini, qidiruv va avariya-qutqaruv xizmatlari va tuzilmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda hududiy transport boshqarmalari tomonidan jalb qilinadigan avtotransport vositalari va tashkil etiladigan avtosanitar kolonnalari, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni tugatishga, FVDT kuchlari harakati va tadbirlarini ta’minlashga mo‘ljallangan FVDT funksional quyi tizimlarining boshqa tarkibiy bo‘linmalarini o‘z ichiga oladi.
Tezkor bo‘ysunadigan tuzilmalarning vazifalari, tayyorlanish muddatlari, ularni jalb etish tartibi ushbu tuzilmalarning FVV bilan kelishilgan harakat rejalarida hamda FVDT tegishli funksional quyi tizimlari bilan tuzilgan shartnomalarda belgilanadi.
22. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning harbiylashtirilgan va professional avariya-qutqaruv, avariya-tiklash va boshqa ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari idoraviy mansub obyektlarda ishlab chiqarish-texnologiya avariyalari va halokatlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, shuningdek, epidemiyalar, epizootiyalar va epifitotiyalar yuzaga kelganda maxsus vazifalarni hal etish uchun mo‘ljallangan.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning yong‘in, kon, gaz-qutqaruv, qurilish, qurilish-montaj, tibbiyot va boshqa ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari va tashkilotlari negizida favqulodda vaziyatlarning tarqalishini cheklash hamda ularning oqibatlarini tugatish bo‘yicha birinchi navbatdagi ishlar uchun doimiy tayyorgarlikdagi idoraviy tuzilmalar tuzilishi mumkin.
Doimiy tayyorgarlikdagi idoraviy tuzilmalar idoradan tashqari avariya obyektlaridagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga amaldagi xarajatlar qoplangan holda shartnoma asosida jalb etiladi.
23. Hududiy quyi tizimlar va ularning bo‘g‘inlarida aholini va hududlarni ro‘y berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yirik texnogen avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etishga doir vazifalarni bajarish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimlarining qarorlari bilan geofizik, tabiiy-iqlim va boshqa mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda, qurilish, qurilish-montaj, avtokorxonalar va boshqa tashkilotlar negizida mahalliy davlat organlarining umumiy va maxsus vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan hududiy tuzilmalari tashkil etiladi.
24. Xavf darajasi yuqori bo‘lgan obyektlarda ushbu obyektlar rahbarlarining qarorlari bilan mavjud ixtisoslashtirilgan xizmatlar va bo‘linmalar (qurilish, kimyo, tibbiy va boshqalar) negizida bevosita obyektlarda kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish uchun shtatdan tashqari ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tashkil etiladi.
25. Yirik ko‘lamli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, tezkor qutqaruv ishlarini bajarish hamda zarar ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyaning Radiatsion, kimyoviy, biologik muhofaza hamda maxsus avariya-tiklash boshqarmasi, muhandislik-sapyor va boshqa harbiy bo‘linmalari, harbiy-transport aviatsiyasi hamda harbiy-tibbiy xizmat muassasalari jalb etilishi mumkin.
|
| |