2022, № 1 “Pedagogik mahorat” Ilmiy-nazariy va metodik jurnal
15
Ta’riflardan koʻrinib turibdiki, ma’lumot, agar inson uni avvalgi bilimlar tuzilmasiga kiritsa, anglasa va biror
masalalarni hal qilish jarayonida
undan foydalana olsa, bilimga aylanadi. Agar ta’lim oluvchi oʻrgangan
faktlarni tushuntira olsa, ularning oʻzaro aloqalarini aniqlasa, asoslangan holatlardan xulosalar chiqarsa, u
holda bilim mazmunli boʻladi.
Ma’lumki, inson koʻp sabablarga koʻra axborotni 100% hajmda oʻzlashtira olmaydi:
birinchidan,
shaxs oʻzlashtirilayotgan axborotlarga nisbatan ma’lum tajribaga, shuningdek, ta’limning boshlangʻich
darajasiga ega; ikkinchidan, har bir subyekt taklif qilingan axborotlarni oʻz qiziqishlari
va ehtiyojlarini
hisobga olgan holda qabul qiladi; uchinchidan, odamlar bir xil axborotlarni qayta ishlash usullarida sezilarli
farqlarga ega. Shu sababli bir xil axborot u bilan ishlaydigan subyektlar tomonidan butunlay boshqacha
tarzda talqin qilinishi mumkin, shuning uchun insonlar oʻrtasida bilim hajmi, kengligi va terangligi ham har
xil boʻladi. Bilim insonning aqliy faoliyati natijasida vujudga keladi, uning maqsadi axborotni idrok etish,
tushunish, tizimlashtirish va izohlashdan iborat [4]. Bundan
- axborot oʻz mohiyatiga koʻra faqat bilimlarni shakllantirish uchun asos boʻlishi;
- individning shaxsiy bilimini uning ongi va intellektual faoliyatidan
tashqarida qarash mumkin
emasligi kelib chiqadi.
Shunday qilib, bilish jarayonida axborot subyekt tomonidan oʻzlashtiriladi va qayta ishlanadi, buning
natijasida bilimlar tizimi shakllanadi. Bilim subyekt tomonidan olingan axborotni oʻzgartirish mahsulidir, bu
unga ma’no va mazmun beradi. Shunga koʻra, axborot va bilim oʻrtasidagi asosiy farqlar quyidagilardan
iborat. Birinchidan, axborot oʻz tabiatiga koʻra obyektivdir va shaxsdan mustaqil ravishda mavjuddir. Bilim,
xuddi axborot kabi, uzatilishi mumkin emas, u shaxsiy xususiyatga ega. Bu bilim va axborot oʻrtasidagi
ikkinchi farqni anglatadi: bilim insonning oʻz tajribasini anglashining natijasidir [12].
Yuqoridagi tahlillardan koʻrinib turibdiki, “bilim” va “axborot” tushunchalarini tenglashtirish mutlaqo
toʻgʻri emas. Agar oʻqituvchi nimani uzatadi degan savolga qaytadigan boʻlsak,
bu axborot ekanligiga
shubha yoʻq. Olingan axborotlarni faol aqliy qayta ishlash, tizimlashtirish va qoʻllash orqali oʻquvchilarning
oʻzlari ongida bilimga, koʻnikma va malakaga “aylanadi”.
Yuqorida aytilgan ma’lumot, axborot va bilim tushunchalari orasidagi munosabatdan quyidagi
xulosani aytishimiz mumkin: oʻquv tezaurusi – bu ma’lumotlar toʻplamidir. Bu ma’lumotlarni qayta ishlash,
izohlash, sharhlash orqali axborot shaklida talabaga uzatish oʻquv adabiyotini muallifi yoki oʻqituvchining
shaxsiy tezaurusi-leksikoniga bogʻliq. Bu axborot oʻquv matni (yozma, visual, ogʻzaki) shaklida uzatiladi.
Talaba uzatilgan axborotni mustaqil yoki oʻqituvchi, boshqa talabalar ishtirokidagi oʻquv-biluv
faoliyatida oʻzlashtirishi, natijada bilimlar, koʻnikmalar va malakalar hosil qilishi,
ularni baholashi, ijodiy
faoliyat tajribasiga ega boʻlishi faraz qilinadi.
Shunday qilib, oʻquv tezaurusi va talaba leksikoni orasida oʻquv axboroti mavjud va bu holatni
quyidagi rasmda berish mumkin (2-rasm):