|
Terrorizm tushunchasi va uning asosiy belgilari
|
bet | 2/7 | Sana | 29.11.2023 | Hajmi | 56,57 Kb. | | #107284 |
Bog'liq Diniy fundamentalizm, radikalizm va terrorizmning tarixi va yo`nalishlari. Dunyo hamjamiyatining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash tajribasiTerrorizm tushunchasi va uning asosiy belgilari. Terrorizm (lotincha – «qo‘rqitish», «vahimaga solish») – aholining keng qatlamlarida vahima va qo‘rquv uyg‘otish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir.
Terror – ommaviy va siyosiy maqsadlarga erishish uchun zo‘ravonlikdan hamda zo‘ravonlik qilish bilan tahdid solishdan muntazam foydalanishdir. SHunday qilib, «terror» dushmanni jismoniy zo‘ravonlik yo‘li bilan qo‘rqitish, hatto uni jismonan yo‘q qilishni anglatadi. «Terrorizm» esa terror amaliyotidir. Bu ikki tushunchani shu tarzda chegaralash maqbul bo‘lsa, u holda terrordan kelib chiqqan terrorizm aslo yangi hodisa bo‘lmay, bugungi kungacha asrlar qo‘ynidan etib kelgan, deb hisoblash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida «terrorizm»ga quyidagicha ta’rif berilgan: «Terrorizm – xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzish, xavfsizligiga putur etkazish, urush va qurolli mojarolar chiqarish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, aholini qo‘rqitish maqsadida davlat organini, xalqaro tashkilotni, ularning mansabdor shaxslarini, jismoniy va yuridik shaxsni biron bir faoliyatini amalga oshirishga yoki amalga oshirishdan tiyilishga majbur qilish uchun zo‘rlik, kuch ishlatish, shaxs yoki mol-mulkka xavf tug‘diruvchi boshqa qilmishlar yoxud ularni amalga oshirish tahdidi, shuningdek, terrorchilik tashkilotining mavjud bo‘lishini, ishlab turishini, moliyalashtirilishni ta’minlashga, terrorchilik harakatlarini tayyorlash va sodir etishga, terrorchilik tashkilotlariga yoxud terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablag‘-vositalar va resurslar berish yoki yig‘ishga, boshqa xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan faoliyat».
YUqorida keltirilgan ta’riflarda terrorizmning nihoyatda muhim bir xususiyati – uning muayyan siyosiy maqsad yoki amaliy natijalariga emas, balki u yoki bu xuruj natijasida odamlar orasida, ijtimoiy fikrda yuzaga keladigan xavotirli aks-sado, shov-shuvga erishishga qaratilgani ta’kidlangan. XX asrning 60-yillaridan boshlab, terrorizmning mojarolarni keltirib chiqaruvchi hodisa sifatidagi salohiyati, butun-butun mintaqalar yo‘nalishi turlicha bo‘lgan terrorchi tashkilotlar va guruhlar faoliyat ko‘rsatgan joylarga aylanib qoldi. Buning natijasida, terrorchilik harakatining ko‘lamigina emas, balki metodlari ham o‘zgardi. Uning eng dahshatli ko‘rinishlaridan biri – o‘zini avvaldan o‘limga tayyorlagan terrorchi-kamikadzelar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni keltirish mumkin.
Musulmon mamlakatlarida terrorchi uyushmalar ommaviy bo‘la olmagani uchun aholining keng qatlamlari nomidan harakat qilish taassurotini uyg‘otish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanadilar.
Demak, terror, terrorchilik faoliyati, terrorchi birgalikda bir butun hodisa sifatida terrorizmni tashkil etadi. Hozirgi davrda u global miqyos kasb etib, xalqaro terrorizm shaklini oldi.
«Xalqaro terrorizm» tushunchasi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiya va harakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy qo‘poruvchilik faoliyatini ifodalaydi. U og‘ir jinoyatlardan bo‘lib, uzoq davom etgan jarayonlarning hosilasi hisoblanadi.
Xalqaro terrorizm fenomeni, ayniqsa, XX asr boshlarida avj ola boshladi, ya’ni xalqaro terrorizmga qarshi kurashda davlatlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi o‘tgan asrning 30-yillaridan boshlangan. Masalan, 1934 yilda Madridda bo‘lib o‘tgan jinoyatchilikka oid qonunlarni unifikatsiyalashtirish muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada terrorizmning «Aholini dahshatga solish va har qanday ijtimoiy tashkillashuvni yo‘q qilish maqsadida biror bir vositani qo‘llash» degan ma’nodagi ta’rifi qabul qilinishiga erishilgan. 1937 yilda 20dan ortiq davlat terrorizmning oldini olish va bunday harakatlar uchun jazolash haqidagi Konvensiyani imzoladi.
Bugungi kunda terrorchilik uslublari ancha kengayganini ta’kidlash zarur. 1970-yillarda biror shaxs yoki siyosiy arbobga qarshi uyushtirilgan terror amaliyoti ko‘proq uchragan bo‘lsa, hozirda jamoat joylarida, samolyot, avtobus va poezdlarda portlashlarni sodir etish orqali ko‘plab tasodifiy kishilarning qurbon bo‘lishiga olib keladigan qo‘poruvchilikni amalga oshirishga e’tibor berilmoqda. Ekspertlarning fikricha, bunday harakatlar birinchi navbatda nobud bo‘lganlardan ko‘ra, uning guvohlariga qaratilgan.
Xalqaro terrorchilik harakatlarining asosiy belgilari:
xalqaro huquq himoyasidagi ob’ekt yoki sub’ektlarga qarshi qaratilgani;
davlatlar chegaralarini buzish orqali amalga oshirilishi;
a’zolari ikki yoki undan ortiq davlat fuqarolari, shu jumladan, yollanma shaxslar bo‘lgan ekstremistik guruhlar tomonidan sodir etilishi;
ekstremistik guruhlar tarkibida qo‘poruvchilik harakatlari bo‘yicha xorijlik yo‘riqchilarning qatnashishi;
ekstremistik guruh a’zolarining boshqa davlatlar hududida tashkil etilgan maxsus lagerlarda tayyorgarlik ko‘rishi;
tayyorgarlik ko‘rish va qo‘poruvchilikni sodir etishda xorijiy davlatlar va ekstremistik uyushmalar yordamidan, xalqaro tus olgan noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi va narkobiznesdan keladigan moliyaviy manbalardan foydalanilishi.
Muayyan mamlakat hududida sodir etilgan terrorchilik xurujida qayd etilgan u yoki bu belgilarning bo‘lishi, unga xalqaro maqom berilishi va shundan kelib chiqib, unga mos choralar ko‘rilishiga olib keladi.
|
| |