ALIShER NAVOIY VA TURK ADABIYoTI




Download 457 Kb.
bet31/63
Sana15.03.2017
Hajmi457 Kb.
#157
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   63

ALIShER NAVOIY VA TURK ADABIYoTI


Buyuk Alisher Navoiyning go‘zallikni kuylagan asarlari, umumbashariy g‘oyalari jahon madaniyati va adabiyoti tarixidagi ulug‘ siymolarning ijodi bilan hamohangdir.

Akademik N.I. Konrad uyg‘onish davri haqida gapirib, uning VIII–IX asrlarda Xitoyda boshlanganligini IX–XV asrlarda O‘rta Osiyo, Eron, Hindistonning bir qismida davom etganligini va XVI–XIX asrlarda Yevropada nihoyasiga yetganligini yozgan edi.

Uyg‘onish davrining buyuk vakillari ijodida qandaydir umumiylikni ko‘rish mumkin. V.M. Jirmunskiy haqli ravishda “Alisher Navoiyning ulkan figurasi jahon adabiyotidan alo­hida ajralib qolgan emas. O‘zbek adabiyotining buyuk asoschisining ijodi bevosita g‘arbdagi hamfikrlarining uyg‘onish davri shoir va mutafakkirlarining ilg‘or g‘oyalari bilan qo‘shilib ketadi” - deb yozadi. Sharq adabiyoti tarixini qiyosiy-tipologik o‘rgangan olimlar, boshqa xalqlar adabiyotining ma’lum tarixiy davriga xos xarakterli xususiyatlarning ayrim tendensiyalari turk adabiyoti tarixida ham ko‘rinishini ta’kidlashadi. Turk uyg‘onish davrini XV asrning ikkinchi yarmidan XVII asrning o‘rtalarigacha deb belgilaydilar.

Uyg‘onish davri turli vaqtlarda har joyda o‘ziga xos tarzda kechgani bilan barcha xalqlar madaniyati va adabiyotida umumiy o‘xshash tomonlarni ham vujudga keltirgan. Bu davr titanlarining umuminsoniy g‘oyalarni ko‘tarib chiqqanligi, bashariyat taqdiri uchun qayg‘urganligidandir. Uyg‘onish davri allomalarining ijodi bir xalq doirasidan chiqib, boshqa xalq ijodkorlariga ta’sir qilishi shubhasiz.

Hazrat Navoiyning asarlari o‘zi hayotligidayoq Vatani sar­hadidan uzoq-uzoqlarda mashhur edi. Uning g‘azallarini birinchi bor o‘qigan, tinglagan kishi, beixtiyor shoir muxlisiga aylangan, boshqa asarlarini topib o‘qishga harakat qilgan. Hech bir xalq Navoiy ijodi bilan tanishgach, unga befarq bo‘lgan emas.

Sharq xalqlari o‘rtasida, ayniqsa turkiy xalqlar o‘rtasida A.Navoiy mashhur bo‘lgan. Shoir g‘azallari sevilib o‘qilibgina qolmay, uning g‘azallariga naziralar bag‘ishlangan, epik asarlaridan ilhomlanib dostonlar yaratganlar. Turk adabiyoti misolida buning yaqqol namunasini ko‘rishimiz mumkin.

XV asrda Turkiyadagi eng yaxshi shoirlardan hisoblangan, turk adabiyoti tarixida o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan shoir Axmad Posho (tug‘ilgan yili noma’lum,1497 yilda vafot etgan) turk shoirlari ichida birinchilardan bo‘lib A.Navoiy ijodiga murojaat qil­gan. Zamondoshlari ko‘proq fors, arab poeziyasining ulug‘ siymolariga taqlid qilgan bir davrda Ahmad Poshoning Navoiy ijodiga yondoshishi ijobiy holdir.

Edirna shahrida tug‘ilgan Ahmad Posho Sulton Mehmed 11, Fotih, uning o‘g‘li Boyazid 11larning homiyligida bo‘lib, yuqo­ri lavozimlarda ishlagan. 1481 yili Boyazid 11 Ahmad Poshoni Bursa shahrining hukmdori qilib tayinlaydi. Ilmiy manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda xuddi shu yillari A. Na­voiyning bir qancha g‘azallari (33ta) Turkiyaga yetib borgan. Sulton darhol bu g‘azallarni Bursaga, Ahmad Poshoga yuboradi va ularga nazira bag‘ishlashni shoirdan iltimos qiladi.

Bu g‘azallar Ahmad Poshoga juda yoqqanligidan, shoir o‘z qo‘­lida bo‘lgan Navoiy g‘azallarining hammasiga nazira bag‘ish­laydi. Ahmad Posho Nizomiy, Jomiy kabi ulkan so‘z san’atkorlari ijodi bilan tanish bo‘lgan. Lekin Navoiyning g‘azallarigina uning ijodiga juda katta ta’sir o‘tkazadi. Ahmad Poshoning Navoiy g‘azallariga bag‘ishlangan naziralari uning devonlariga ham kiritilib, el orasida juda mashhur bo‘lgan va bizning davrimizgacha ham yetib kelgan.

Navoiy g‘azallarida yuksak badiiy mahorat, insonparvarlik g‘oyalari Ahmad Poshoni shoir sifatida rom qilgan bo‘lishi shubhasiz.

Ahmad Posho Navoiy g‘azallariga naziralar bag‘ishlar ekan, demak u shoir ijodini juda qadrlagan, undan badiiy mahorat sirlarini o‘rganishga intilgan.

Ko‘rinadiki, Ahmad Posho lirikasining barkamollanishida Navoiy g‘azallarining ahamiyati katta bo‘lgan.

Turk adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, ulug‘ Alisher Navoiy ijodi faqat turk lirik poeziyasiga ta’sir qilibgina qol­may, balki yirik epik asarlarning yaratilishida ham sezilarli ta’siri bo‘lganligini his qilish mumkin. Umuman, XV–XVI asrlar turk adabiyoti tarixida yaratilgan dostonlarga buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy (1140–1207), o‘lmas “Shohnoma”ning muallifi Abulqosim Firdavsiy va Alisher Navoiylarninng ta’siri katta bo‘lgan, masalan, dunyoviy mavzuda yozilgan ilk turk masnaviysi “Iskandarnoma”ning avtori Tojiddin Ahmad ibn Ibrohim (Ahmadiy) (1329–1413) Nizomiyning dostonidan ta’sirlanib, uni o‘ziga namuna qilib olganligini aytgan. Shoir Shayxiy (1371–1429) Nizomiyning “Xisrav va Shirin” dostonidan ming bayt tarjima qilganligi ham ma’lum.

Toshlijali Yahyo (tug‘ilgan yili noma’lum – 1582) turk adabiyoti tarixida “Xamsa” yaratganlardan biri bo‘lib, u Navoiy “Xamsa”sini juda yuqori baholaydi.

“Mir Navoiy guli behordir, “Xamsa”si bir shofei totordir”. Toshlijali Yahyo “Xamsa”si quyidagi dostonlardan iborat: “Ganjinai Roz”, “Usulnoma”, “Shoh va gado”, “Yusuf va Zulayho”, ”Gulshani Anvor”. Dostonlar Navoiy “Xamsa”si singari bo‘lmasa ham muallif T. Yahyo Navoiyni ulug‘ “Xamsa”navis sifatida ta’riflarkan, uning ijodidan ilhomlanganligi shubhasiz.

XVI asrlarda yashagan turk shoiri Lomiy Navoiyning “Far­hod va Shirin”i ta’sirida shu nomda doston yozgan. S. Erkinov “Asrlar osha mushoira” kitobida bu haqda shunday yozgan edi: “Farhod va Shirin”ning ta’siri turkiy xalqlar adabiyotida ayniqsa katta bo‘ldi. Keyingi davrlarda “Farhod va Shirin”­ning ijobiy tradisiyalari asosida yuzaga kelgan qator asarlar: XVI asr turk shoiri Lomiyning “Farhod va Shirin” XVIII asr uyg‘ur shoiri Abdurahim Nizoriyning “Farhod va Shirin” dostonlari bu fikrning yorqin dalili bo‘la oladi. (77 bet) Ogoh Sirri Levent Lomiyning dostoni Navoiydan ixcham tarjima, Navoiyga nazira tarzida yozilgan, degan fikrlarni aytgan. A. Navoiy dostonlarining ta’siri, asarlarni qiyosiy o‘rganish, obrazlar tahlili Navoiy “Xamsa”sining ham turk shoirlarining doston yozishida ta’siri bo‘lganini ko‘rsatdi. Usmonli shoirlari orasida birinchilardan bo‘lib “Xamsa” yaratgan Hamdulla Hamdi Chalabiydir. Chalabiy “Xamsa”sining ikkinchi dostoni, arab adabiyotida keng tarqalgan, sevimli syujet bo‘l­gan, “Layli va Majnun” dostonidir. (1499 yilda tugatilgan).

Hamdulla Hamdi va Alisher Navoiy dostonlarini qiyoslab o‘rgangan adabiyotshunos V. Garbuzova Hamdining doston yozishiga Navoiyning ijodiy ta’siri bo‘lganligini aytadi.

“Garchi Hamdi o‘z dostonida A.Navoiyning shu dostoni bilan tanishligi to‘g‘risida oshkor biror narsa aytmasa ham (Navoiyning “Layli va Majnun”i 1484 yilda yozilgan) Hamdini Navoiyning genial asari bilan tanish bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin. Hamdi dostonidagi voqealar rivojlanadigan muhit tasviri Navoiy tasvirini juda-juda eslatadi. Bundan tashqari, Navoiy singari Hamdi ham o‘z dostonida Qays (Majnun)ning telba muhabbatining ayanch tarixiga asosiy kuchni bermaydi, balki Laylining og‘ir ahvolini tasvirlash orqali O‘rta asrda ayollarga buyum sifatida qaralishiga qarshi norozilik bildiradi.

Hamdining dostoni shu jihatdan ham e’tiborga sazovorki, u Navoiyning chinakam ta’sirini sezish mumkin bo‘lgan birinchi turk masnaviysidir (Turk adabiyoti klassiklari. –T., 1960. –B. 47).

“Xamsa” yaratishni oldiga maqsad qilib qo‘ygan har bir shoir, o‘zidan oldin yaratilgan “Xamsa” lar bilan, umuman “Xamsa” yozgan shoirlar ijodi bilan tanishishga xarakat qilgan. Tabiiyki, “Xamsa”lar ichida o‘ziga ko‘proq ma’qul bo‘lgan dostonlarni namuna qilib olganlar. Ko‘rinadiki, olimning mulohaza­larida jon bor. U bevosita obrazlar tahlilidan kelib chiqib xulosaga kelgan. Jahon adabiyoti tarixida biror avtorning nomini aniq aytmay, lekin uning ijodidan baxramand bo‘lib ajoyib asarlar yaratgan adiblarni ko‘plab topish mumkin. Navoiyning asarlari usmoniylar davlatiga dastlab ayrim-ayrim yetib kelgan bo‘lsa, to‘la devoni 1501 yilda shoir Vaziriy tomonidan olib kelindi.

Navoiy ijodiga turk shoirlarining muxabbati, uning g‘azallariga bag‘ishlangan naziralar shoirni usmonlilar Turkiyasida juda mashhur qilib yubordi. Navoiy asarlaridagi insonga bo‘lgan mehr, go‘zallikni ulug‘lash, vatanni kuylash, yorga muxabbat, do‘stlik g‘oyalari, g‘azal, dostonlarning yuksak badiiy saviyasi turk shoirlarini maftun qildi.

“Navoiyning ajoyib lirikasi turk shoirlariga, ularning ijodiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk mutaffakir lirikasidagi chuqur falsafiy fikrlar, inson tafakkuriga zo‘r ta’sir qila oladigan yorqin poetik obrazlar va tasviriy vositalar hammaning e’tiborini o‘ziga tortdi. Ular Navoiyning shoirlik qudratiga, uning juda katta san’atkorlik kuchiga qoyil qoldilar. A. Navoiy asarlarining turklarga g‘oyat manzur bo‘l­ganligini shundan ham ko‘rish mumkin”, - deb yozadi adabiyotshunos V. Garbuzova (“Turk adabiyoti klassikasi”, 56-bet).

Turk adabiyotshunoslari Navoiy ijodining turk shoirlari ijodiga ta’siri haqida ko‘plab ilmiy ishlar yozganlar.

N.S. Banarli A. Navoiy ijodini juda yuqori baholab, uning Ahmad Posho, Sulton Salim, Nodim ijodiga ta’siri to‘g‘risida “Rasmli turk adabiyoti” kitobida yozgan. N.S. Banarli Navoiy ijodini qadrlab shunday yozadi: “Navoiy faqat O‘rta Osiyo turkiy xalqlarininggina emas, butun turkiy xalqlar adabiyotimizning buyuk vakilidir” (126-bet). “Navoiy o‘z davri va undan so‘ng ham ijodkorlar uchun ideal bo‘lib qoladi. Navoiydek yozish har bir shoirning orzusi edi”(127-bet).

Mashhur turk adabiyotshunosi F. Ko‘prulu 1934 yil Istambulda e’lon qilingan “Turk tili va adabiyoti ustida tad­qiqotlar” kitobida Navoiy ijodiga alohida to‘xtalib “Alisher Navoiy va ta’sirlari” mavzusida alohida izlanishlarni kiritgan. Turk navoiyshunoslari orasida prof. Kamol Eraslanning xizmatlari diqqatga molik. U “A. Navoiyning “Nasoyimu-l-muhabbat min shamoyimi-l-futavva” asarining matn va til xususiyatlari” nomli doktorlik dissertatsiyasini 1970 yilda himoya qilib, bu asarni va yana “Holoti Sayid Hasan Ardasher”, “Pahlavon Muhammad” risolasini nashr qildirdi.

Turkiya kutubxonalarida Navoiy asarlari qo‘lyozmalari anchagina. To‘pqopi Revan saroyi kutubxonasida saqlanayotgan Muham­mad Darvesh Toqiy tomonidan Hirotda 1496–97 yillarda, Navoiy hayotligida ko‘chirilgan qo‘lyozma, ayniqsa, xarakterlidir. Bu qo‘lyozmaning fotonusxasini O‘zbekistonga olib kelgan prof. H. Sulaymon shunday yozgan edi: “Sulton Husayn kutubxonasining mahoratli, peshqadam xattotlaridan bo‘lgan Darvesh Mu­hammad Toqiy ko‘chirgan kulliyotning mazkur qo‘lyozmasini Navoiyning o‘zi ham ko‘rgan bo‘lishiga shubha bo‘lmasligi kerak. Chunki bu qo‘lyozma shoirning o‘zi tuzgan kulliyot nusxasi bo‘lib, unda kulliyot uchun Navoiyning o‘zi yozgan so‘zboshi “Munojot” bor”.

Turk adabiyotshunoslari Navoiydan oldin o‘tgan va unga zamondosh bo‘lgan shoirlar ijodini baholashda ham Navoiyning fikrlariga “Nasoyimu-l-muhabbat”, “Majolisun-nafois”ga suyanadilar. Prof. Ismol Hikmat o‘zbek klassik shoiri Lutfiy haqidagi monografiyasida Navoiy asaridan ko‘chirma keltiradi va asosan Navoiy fikrlariga tayangan holda Lutfiy ijodi haqida fikr yuritadi.

Asrlar davomida buyuk Alisher Navoiy ijodiga bo‘lgan qiziqish kuchaymoqda. “Muhokamatul-lug‘atayn” o‘tgan asrdayoq Turkiyada nashr etilgan. 1973 yilda Istambulda akad. V.V. Bar­toldning Navoiy haqidagi ilmiy ishi Mahmud Ja’far tarjimasida e’lon qilindi. Shoir tavalludiga 525 yil to‘lishi munosabati bilan ham Istambulda Navoiyning bir qancha asarlari chop etildi. A.S. Levent Navoiy asarlaridan tanlangan parchalarni 4 tomlik holida nashr ettirdi.


Download 457 Kb.
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   63




Download 457 Kb.