Sud tibbiy ekspertizasi jinoyatning barcha turlarida o‘tkaziladi. Jumladan, baxtsiz hodisalar, ehtiyotsizlik oqibatidan kelib chiqadigan jinoyatlar, tasodifiy yoki qasdddan amalga oshiriladigan jinoyatlar kelib chiqqada sud tibbiy ekspertizasi o‘tkaziladi. Sud tibbiy ekspertizasi orqali jabrlanuvchining olgan tan jarohatlari, ularning darajasi, kelib chiqadigan oqibatlari aniqlanadi.
Sud psixiatriya ekspertizasi ham barcha turdagi jinoyatlar kelib chiqqanda o‘tkaziladi. Bunday ekspertiza orqali jinoyatchi, jabrlanuvchilarning jismoniy sog‘lomligi, aqliy jihatdan aqli rasoligi, ko‘rgazma berish uchun o‘z xatti - harakatlarini idora qila olish-qilmasligi, sud zalida o‘zini to‘g‘ri tuta olishi, savollarga to‘g‘ri, adolatli javob bera olishi yoki olmasligi aniqlanadi. Odatda sud psixiatriya ekspertizasi sud psixologik ekspertizasini o‘tkazishdan avval olib boriladi va gumondor, jinoyatchi shaxsiga xatti - harakatlariga javob bera olishi yoki olmasligi to‘g‘risida xulosa beriladi.
Sud psixologik ekspertizasi tergov jarayonida jinoyatchining jinoiy xatti - harakatlari aniq bo‘lmagan hollarda, shuningdek, balog‘at yoshidagi o‘smirlar jinoyatga qo‘l urgan paytlarida, kattalarning balog‘atga yetmagan bolalarga nisbatan majburlash, nomusiga tegish, o‘z joniga qasd qilish hollarida o‘tkaziladi. Sud psixologik ekspertizasini o‘tkazishdan asosiy maqsad jinoyatchining psixologik xususiyatlarini, jinoiy xatti-harakatlar qilayotgan paytidagi uning ruhiy holatlari, jumladan, affekt (kuchli qo‘zg‘alish, shuuriy holati), stress holati (kuchli hayajonlanish), suisid (o‘z joniga qasd qilish) holatlarini aniqlash va jinoyatchiga to‘g‘ri psixologik tashxis qo‘yish, ya’ni uning jinoiy xatti-harakatlar qilayotgan vaqtida ongsizlik holatida bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlashdir.
Kompleks ekspertizalarning mazmuni shundan iboratki, bunday ekspertizalarni o‘tkazishda turli mutaxassislar jalb qilinadi. Jumladan, psixolog, shifokor, psixiatr, texnolog, pedagog kabilarning fikrlari jamlanadi. Kompleks ekspertizalar muammolar juda murakkab bo‘lganda o‘tkaziladi.
Sud psixologik ekspertizasini o‘tkazish uslublari. Sud psixologik ekspertizasini o‘tkazish zarurati avvalo tergovchining ixtiyori bilan hal etiladi, ya’ni bu masalani hal qilish uning vakolatiga kiradi. Sud psixologik ekspertizasini tayinlash, uni o‘tkazish paytida tergovchi va ekspert o‘rtasidagi psixologik munosabatlar sezilarli rol o‘ynaydi. Ularning munosabatlari o‘zaro hurmat, hamkorlik va ishonch asosiga qurilmog‘i lozim. Agar davlat ekspertizasi muassasasi hududida ekspertiza o‘tkazishning imkoni bo‘lmasa, tergovchining o‘zi ana shunday muassasa va ekspertni (mutaxassisni) qidirib topadi. Bunday muassasa va ekspertni tanlashda ularning saviyasi, xolisligi, ish natijasidan manfaatdor emasligi hal qiluvchi shartlar bo‘lib hisoblanadi.
Ekspertga biror bir tarzda psixologik tazyiq o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tergov amaliyotining tahlili shuni ko‘rsatadiki, ekspertga tergovchi o‘z nuqtai nazarini o‘tkazish, xizmat lavozimidan foydalanib, psixologik tazyiq o‘tkazish, ekspertiza tadqiqotlari muddatini qisqartirishni ko‘zlab, soddaroq metodlar turini qo‘llashni talab qilish ekspertizaga tergovchi tazyiqining yo‘llari bo‘lishi mumkin. Shuning uchun psixolog - ekspert yoki mutaxassis - psixolog o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda qonun asosida ish ko‘rishi maqsadga muvofiqdir.
Sud psixologik ekspertizasini tayinlanishi, uning natijalari ayblanuvchiga kuchli psixologik ta’sir ko‘rsatadi. Natijada u aksar hollarda rostmana ko‘rgazma bera boshlaydi.
Tergov amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, shaxsning hayoti, sog‘ligi, erki, sha’niga nisbatan mulkka, jamoat tartibiga, xavfsizligiga, aholi sog‘ligiga qarshi, voyaga yetmaganlar sodir etgan jinoyatlar bo‘yicha sud psixologik ekspertizasini tayinlash zaruriyati ko‘proq tug‘iladi.
Shuningdek, tergovchida guvoh, jabrlanuvchi yoki ayblanuvchi muayyan sharoitlarni to‘g‘ri idrok qila olishi va ko‘rgazma bera olishiga shubha tug‘ilgan kezlarda ham sud psixologik ekspertizasini tayinlanadi.
Sud psixologik ekspertizasini o‘tkazishda psixolog quyidagi bosqichlarda ish olib boradi:
jinoiy ishni ochish uchun to‘plangan barcha ish hujjatlari bilan batafsil tanishib chiqadi;
jinoyatchi, gumonlanuvchi, jabrlanuvchilar bilan individual suhbatlar olib boradi;
ular ustida psixologik test o‘tkazadi;
test natijalari va suhbat, kuzatish uslublari orqali jinoiy xatti -harakatlarni psixologik jihatdan tahlil qiladi;
ekspertiza natijalariga asoslangan holda psixologik ekspertiza xulosasini tayyorlaydi va tergovchiga taqdim etadi;
tayyorlagan xulosasi asosida agar sud jarayonida guvohlik berilishi talab qilinsa sudda qatnashadi.
|