Sud psixologik ekspertizaning asosiy vazifalari
Sud psixologik ekspertiza huquqni muhofaza qilish organlarning amaliyotida keng qo‘llaniladi. Sud ekspertizasining boshqa turlari kabi u o‘zinining aniq maqsadlari va vazifalariga ega.
Sud ekspertizasining asosiy maqsadi, yuridik psixologiya yoki amaliyotda to‘planib, ishlab chiqilgan aniq ma’lumotlar asosida, tadqiqotni o‘tkazish va tergovchi, aniqlash organi yoki sud tomonidan qo‘yilgan savollarga javob berish. Ekspert o‘zining xulosasi bilan sud va tergovchiga ish hollarini aniqlashda, ularga yuridik baho bermay turib, yordam beradi.
V.V. Romanov ta’kidlaganidek, “sud psixologik ekspertizaning asosiy maqsadi sud va dastlabki tergov organlariga jinoiy ishlar bo‘yicha isbotlash predmeti tarkibiga kiruvchi psixologik mazmunga ega maxsus savollarni yanada chuqurroq tadqiq etishda yordam berish, jinoiy ishlar predmeti esa fuqarolik bahslari isbotlash predmetining tarkibiy elementi, qonunda aks ettirilgan bir qator huquqiy tushunchalarning psixologik mazmunini tadqiq etishda ko‘maklashish”.
M.V. Kostiskiy tahmin qilishicha, sud psixologik ekspertizaning maqsadi – qabul qilingan qaroriga, sodir etilgan harakatiga, ularning samaradoriligiga, ifodalangan yo‘nalishiga, ularning haqiqiy va istiqbolidagi sifatiga manfaatdor bo‘lmagan ob’ektiv baho olishga zaruriyatdir; to‘qnashuv, bahs uning predmetiga ob’ektiv, adolatli va qat’iy baho berish qobiliyati, psixologik bilimlar yordamida mavjud bo‘lgan masalalarni yechishdan iborat.
Psixologik ekspertizaning asosiy vazifalari tadqiq etish ob’ekti va u ekspertiza turiga qarab aniqlanadi. A.O.Ekmenchi sud psixologik ekspertiza vazifalariga quyidagi savollarni kiritgan: guvohlar, jabrlanuvchilar yoki sudlanuvchilar harakatlarining psixologik motivatsiyasi; psixologik sabablar bo‘yicha o‘ziga tuhmat qilishi yoki tuhmat qilish imkoniyatini, fiziologik affektini aniqlash; sudlanuvchining shaxsiyatiga va uning ijtimoiy ko‘rsatmalariga psixologik baho berish; jarayondagi voyaga yetmagan qatnashchilarning psixologiyasi.
Yu.M. Groshova sud psixologik ekspertizaning vazifalariga, qattiq ruhiy hayajonlanishning davom etishi va og‘irligini aniqlashni, insonga noqulay omillarning uzoq va intensiv ta’sir etish spesifikasi va uning harakatlarida (fiziologik va psixologik) o‘zgarishlarning namoyishini tadqiq etish, hamda noqulay tashqi omillar natijasida, voyaga yetmagan ayblanuvchining aqliy rivojlanishidagi qoloqlikni aniqlashni, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan hollarni voyaga yetmagan tomonidan to‘g‘ri baholash va qabul qila olishning sub’ektiv imkoniyatini aniqlash deb biladi.
B. Petelinning psixologik ekspertizaga bag‘ishlagan bir qator asarlarida ta’kidlashicha, sud psixologik ekspertizaning vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin: fiziologik affektni aniqlash; voyaga yetmaganlarning ruhiy xastaligi bilan emas, balki uni psixikasining shakllanish xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, aqliy rivojlanish darajasini aniqlash; shaxsga xos bo‘lgan emotsional reaksiyalar shakli orqali jarayon qatnashchilari psixik faoliyatining individual xususiyatlarini aniqlash; favqulotda vaziyatda shaxs xulq-atvorini tushunish uchun shaxsning psixologik xususiyatlar majmuini baholash; ishni to‘g‘ri ko‘rib chiqish uchun ahamiyatli bo‘lgan individual psixologik xususiyatlarning umumiy psixologik xarkteristikasini berish; guvohlar va voyaga yetmaganlarning voqea va uning alohida hollarini to‘g‘ri qabul qila olish qobiliyatini aniqlash; voyaga yetmaganning xayol surish, kuchli ta’sirlanish, bunday voyaga yetmaganning psixik jarayonlarining individual xususiyatlarini aniqlash; sudlanuvchi shaxsining (psixik sog‘lom) psixik xususiyatlarini aniqlash va voyaga yetmagan tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlikning psixologik mexanizmiga ularning ta’siri va boshqalar. Shubhasiz, psixologiya rivojlanishi bilan psixologik ekspertiza yo‘li bilan hal etadigan vazifalar doirasi yanada kengayadi, albatta yuridik me’yorlar belgilagan chegaralarigacha.
Yuqorida ko‘rsatilgan mualliflar fikrlarini inobatga olgan holda, ekspertizaning asosiy vazifalarini yanada kengroq tasavvur qilishga harakat qilamiz.
|