Ijobiy hissiyot - ob’ektiv voqelikka bo‘lgan va o‘zaro munosabatdan kelib chiqadigan yoqimli kechinmalar masalan: mamnuniyat, xursandchilik, hurmat, lazzat. Ijobiy xissiyot insonning hayotiy ehtiyojlarini qondirilishi bilan bog‘liq va 1ijtimoiy va shaxsiy hayotidan qoniqish hissini beradigan holatdir.
Salbiy hissiyot-insonning hayotiy ehtiyojlardan qoniqmasligidan kelib chiqadi. Shaxsda kechadigan hissiyot oddiy va murakkab turlarga bo‘linishi mumkin, ya’ni oddiy hislar - jahl, qo‘rqinch, xursandlik, g‘amginlik, g‘azab, rashk, murakkab hislar - ma’naviy hislar, estetik his, vatanparvarlik hissi.
Psixolog olimlar hissiyot tushunchasini uzoq yillar tadqiq qildilar. Nemis psixologi I.D.Gerbart tomonidan hissiyot zaruriy psixologik tasavvur yoki tushuncha deb ta’riflanadi. Olimning fikricha hissiyot tushuncha va tasavvurlar bilan uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘ladi. Hissiyot turli shakllarda kechishi mumkin. Masalan hissiy ton - sezgi yoki idrok jarayonida shaxsning idrok qilinayotgan narsaga, hodisaga munosabatini ifodalovchi maxsus emotsional bo‘yoq, yoqimli yoki yoqimsiz kechinma, bevosita sezgi yoki idrok bilan bog‘langan hissiyot. Hissiy ton insonlarda qiziqarli kitob o‘qiganda, maroqli suhbatlashganda, quvnoq komediya tomosha qilganda, o‘zi yoqtirgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanganda yuzaga keladi.
Kayfiyat ham hissiy kechinmalardan biri bo‘lib, shaxsning kuchsiz yoki o‘rtacha kuchga ega bo‘lgan nisbatan barqaror umumiy holati. Kayfiyat uni keltirib chiqargan sabab yoki shaxsning xarakter xislatiga qarab, kunlab oylab davom etishi mumkin. Hissiyot faoliyat jarayonida ijobiy yoki salbiy holatlardan kelib chiqib, yuzaga keladi.
Shaxsdagi hissiy kechinmalar turli darajada namoyon bo‘ladi.
1. Affektiv-hissiy sezuvchanlik-tez va kuchli paydo bo‘lib, shiddat bilan o‘tadigan qisqa muddatli emotsional holatlar qo‘rqinch, g‘azab, hayajonlanish. Bunda ichki organlar faoliyati o‘zgaradi. Keskin ifodali harakatlar paydo bo‘ladi, kishining ong doirasi torayadi, xulqni nazorat qilish qobiliyati yo‘qoladi. Asab tizimi zararlanadi yoki iroda bo‘shashishidan iborat psixopatologik holat.
2. Intellektual, estetik, ijtimoiy-shaxsning olamga, voqea va hodisalarga bo‘lgan hissiyoti.
3. Dunyoqarash-shaxsning dunyoga va insonning undagi o‘rniga, o‘z atrofidagi voqelikka va o‘z-o‘ziga munosabatiga bo‘lgan umumiy qarashlar tizimi, shuningdek, bu qarashlarga asoslangan e’tiqodlari, ideallari, bilish va faoliyat tamoyillarida namoyon bo‘ladigan hissiyot hisoblanadi. A.R.Fonarev shaxsning turmush tarzi ham uning ruhiyatiga ta’sir etishini ta’kidlaydi va uni 3 ta modusga ajratadi (modus-o‘lchov, namuna,usul, yo‘l, yo‘sin).
|