1.2.Fizikaviy masalalarning klassifikatsiyasi.
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limidagi fizika faniga doir masalalar ko’p belgilariga qarab, masalan, ularning mazmuniga, qanday maqsadda berilganiga, biror masalani qanday darajada tadbiq qilinishiga, yechish usullariga, shartlarining berilish usullariga, qiyinlik darajasiga va boshqa belgilariga ko’ra klassifikasiyalash mumkin.
Masalalarni mazmuniga qarab ulardagi fizikaviy materiallarga ko’ra ajratish mumkin. Mexanikaga, molekulyar fizikaga, elektr yoki magnetizmga, optika, atom yoki yadro fizikasiga doir va hokazo masalalar bo’lishi mumkin. Bunday turlarga bo’lish shartli, chunki ko’pincha, masalaning shartida fizikaning bir necha bo’limlardagi ma’lumotlardan foydalaniladi.
Masalalar abstrakt va konkret mazmunli bo’lishi mumkin. Abstrakt mazmunli masalalarga quyidagilar misol bo’ladi:
9–masala.Agar qiya tekislikning uzunligi l, balandligi h bo’lsa, undan m massali jismni ko’tarish uchun qanday kuch qo’yish kerak? Jismning tekislikka bosim kuchi qanday bo’ladi?
Agar masalada aynan qanday tekislikdan foydalanilayotgani, jismning o’zi nima va u tekislik bo’ylab qanday ko’tarilishi ko’rsatilgan bo’lsa , u holda bu masala konkret mazmunli masala bo’ladi.
Abstrakt mazmunli masalalarning afzalligi shundaki, unda fizikaviy mohiyati ajratilib qayd qilinadi va uning aniqlanishiga ahamiyatsiz detallar to’sqinlik qilmaydi. Konkret masalalarning avzalligi shundaki, ular aniq va turmush bilan bog’langan bo’ladi.
Texnika, sanoat yoki qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi, transport va aloqaga oid materiallar bo’lgan masalalar texnik mazmundagi masalalar deb ataladi. Bunday masalalar fizika masalalarining katta qismini tashkil qilishi kerak.
Qator masalalarda tarixiy xarakterdagi ma’lumotlar bo’ladi: klassik fizikaga doir tajribalar,kashfiyotlar, ixtirolar yoki hatto tarixiy afsonalar haqida ma’lumotlar bo’ladi.
Shuningdek, qiziqarli masalalar ham keng tarqalgan. Ular odatdan tashqari paradoksal yoki qiziqarli dalillarning bo’lishi bilan ajralib turadi. Bunday masalalarni yechishda darslarga jonlanish yuzaga keladi, o’quvchilarni fizikaga qiziqtiradi. Y.I.Perelman, M.I.Ilyin, B.F.Bilimovich kitoblarida bunday masalalar juda ko’p[9,10, 11, 12].
Fizikaga oid masalalarni, shuningdek, murakkablik darajasiga qarab ham klassifikasiyalash mumkin. Mazmunan murakkab bo’lmagan, masalan, formulalarning ma’nosini tahlil qilib berish, birliklar sistemasini tanlash, tayyor formuladan biror fizik kattalikni topish singarilarni, odatda, mavzuni o’rganish jarayonida yechiladi.
Murakkabroq masalalar esa muammoli vaziyatni va yangilik elementlarini o’z ichiga oladi. Fizika mashg’ulotlarida ana shunday masalalarga katta ahamiyat beriladi. Ularni yechish uchun maxsus vaqt, jumladan, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida masalalar yechishga doir alohida dars soatlariajratilgan. Masalan, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limidagi akademik litseylarning aniq fanlar yo’nalishi bo’yicha namunaviy o’quv rejasida fizika fanidan masalalar yechishga jami 268 soat o’quv yuklamasi ajratilgan. Xususan, mexanika va molekulyar fizikaga 28 soat, elektrodinamika asoslariga 120 soat, optika va atom fizikasiga ham 120 soat faqat masalalar yechish uchun ajratilgan.
Masalalarning yuqorida ko’rsatilgan turlari orasida keskin chegara yo’q. Masalalarni tobora murakkablashtira borib, ko’pincha turmushda bo’ladigandek,faqat muammo qo’yilgan va “hech qaysi kattalik berilmagan” masalalarga kelinadi. Bunday masalalarni uslubiyotchilar “ijodiy” masalalar deb yuritadilar. Ko’p sondagi qiziq ijodiy masalalarni o’qituvchi V.G.Razumovskiyning kitobidan topishlari mumkin, muallif ularni asosiy ikki turga: tadqiqiy(nima uchun? degan savolga javob berishi kerak bo’lgan) va konstruktorlik (qanday qilish kerak? degan savolga javob berishi kerak bo’lgan) turlariga ajratadi. Ijodiy masalalar sifatga oid, hisoblashga doir yoki eksperimental masalalar bo’lishi mumkin.
Tavsifi va masalalarni tadqiq qilish metodlari jihatdan masalalarni sifatga oid va miqdoriy masalalarga bo’linadi. Fizikaviy kattaliklar orasida faqat sifatga oid bog’lanishlar aniqlanadigan masalalarni sifatga oid masalalar deyiladi. Odatda bunday masalalarni yechishda hisoblashlar bajarilmaydi. Ba’zida bu masalalarni metodik adabiyotlarda boshqacha: savolli masalalar, mantiqiy masalalar, sifatga oid savollar deb ataladi.
Izlanayotgan fizikaviy kattaliklar orasidagi bog’lanishlar miqdoriy aniqlanadigan va masalaning javobi formula yoki aniq son sifatida olinadigan masalalar miqdoriy masalalar deyiladi. Bunday masalalarni yechishda hisoblashlar olib borish zarur. Masaladagi savolga beriladigan oxirgi javob miqdoriy hisoblashlarsiz bo’lmaydi.
Yechish usullariga ko’ra masalalarni og’zaki, eksperimental, hisoblash va grafik masalalarga bo’linadi. Birgina masalani yechishda bir necha usuldan foydalanilgani uchun masalaning bunday bo’lishi shartlidir. Masalan, eksperimental masalani yechishda og’zaki mulohazalar, shuningdek, ko’p hollarda hisoblash ishlari va grafiklardan foydalanish kerak bo’ladi.
Ma’lum darajada eksperimentdan foydalanadigan masalalar eksperimental masalalar deyiladi. O’qituvchi bunday masalalarni S.S.Moshkovning va V.A.Ziberning kitoblaridan ko’plab topishi mumkin .
Yechishda grafiklardan foydalaniladigan masalalar grafik masalalar deyiladi. Bunday masalalarni yechish metodikasi L.I.Reznikov tomonidan batafsil bayon qilingan.
Turli tipdagi masalalarni yechish tartibi turlicha bo’ladi va ko’p sharoitlarga bog’liq. Ba’zi hollarda dastlab eksperimental masalalar, boshqa hollarda dastlab hisoblash masalalari yechiladi va hokazo. Biroq ko’p hollarda masalaning fizikaviy mohiyatini aniqlash uchun dastlab sifatga oid yoki eksperimental masalalarni yechish, so’ngra hisoblash va grafik masalalarni yechish maqsadga muvofiqdir.
|