Ko’pgina metallar turli nisbatda bir – biri bilan yaxshi qorishib, ikki va
undan ortiq komponentli qotishmalar hosil qiladi.
Asosiy metallga oz miqdorda
qo’shilayotgan metall legirlovchi deyiladi. Metallarni bir – biri bilan qorishtirib
qotishma hosil qilish mumkinligi ulardan olinadigan metall mahsulotining fizik –
mexanik va fizik – kimyoviy xossalarini keng miqyosda o’zlashtirish imkonini
beradi. Amalda turli tarkibli qotishma olishning cheksiz imkoniyatlari qotishmaga
oson va qiyin eruvchanlik, yuqori mexanik qattiqlik
va mustahkamlik yoki
aksincha, egiluvchanlik, yuqori korroziya va o’tga chidamlilik, magnitga
tortiluvchanlik
va boshqa maxsus yaxshilangan, toza metallarga xos bo’lmagan
xossalarga ega bo’lish imkonini beradi.
Metallarning ko’pligi, xossalarning, olish usullari va ishlatish sohalarining
turliligi ularni alohida sinflar bo’yicha tasniflash zaruratini keltirib chiqardi. Biroq
afsuski, metallarni ilmiy asoslangan holda sinflash hozirgacha ishlab chiqilmagan.
Hozirgi vaqtda metallurgiya sanoatini tashkil etishning tarixiy tuzilmasi, va shunga
muvofiq oliy o’quv yurtlari va kollejlarda muhandis – texnik xodimlarni
tayyorlash
tuzilmasini namoyon qiladigan, metallarning sanoatlashgan tasnifi
ishlatiladi.
Sanoatlashgan tasniflashga asosan hamma metallar ikki guruhga qora va rangli
metallarga bo’linadi.
Qora metallarga temir (Fe) va uning qotishmalari (po’lat, cho’yan,
ferroqotishmalar), shuningdek marganes (Mn) va xrom (Cr) kiradi. Qolgan hamma
metallar rangli metallar hisoblanadi. Rangli metall deb nomlanishi shartli
hisoblanadi. Chunki oltin va mis aniq bir rangga egadir. Qolgan hamma
metallar,
shuningdek, qora metallar ham turlicha och va to’q ko’rinishli kulrangga ega.
Rangli metallarni tasniflashda, ularning quyidagi turli xususiyatlariga
asoslangan:
- zichligi (og’ir va engil);
- kimyoviy inertligi (qimmatbaho);
- tarqalishini, ishlab chiqarish masshtabini va qo’llanishini chegaralanganligi
(noyob);
- yuqori erish harorati (qiyin eruvchi);
- izomorfligi (tarqoq);
- radioaktivligi (radioaktiv).
Rangli metallar shartli ravishda to’rt guruhga bo’linadi: og’ir, engil, nodir va
noyob.
Og’ir rangli metallar (hammasi 10 dona) asosiy va kichik guruhga bo’linadi.
Asosiy guruhga: mis (Cu), nikel (Ni), qo’rg’oshin (Pb), ruh (Zn), qalay (Sn) kiradi.
Bu metallar o’zining ahamiyati va ishlab chiqarilish hajmi bo’yicha rangli metallar
orasida muhim ahamiyat kasb etadi. Kichik guruhga: vismut (Bi), mishyak (As),
surma (Sb), kadmiy (Cd), simob (Hg), kobalt (Co). Bular asosiy og’ir metallarning
tabiiy yo’ldoshi hisoblanadi. Ular odatda yo’ldosh komponent sifatida,
lekin
kamroq miqdorda ishlab chiqariladi.
Engil rangli metallar (hammasi 7 dona) guruhiga alyuminiy (Al), magniy
(Mg), hamda ishqoriy metallar natriy (Na), kaliy (K) va ishqoriy-yer metallari
bariy (Ba), kalsiy (Ca), stronsiy (Sr). Boshqa metallarga qaraganda bu guruh
metallari eng kichik zichlikka ega.
Nodir metallar (hammasi 8 dona) guruhiga oltin (Au), kumush (Ag), platina
(Pt) va platinoidlar: ruteniy (Ru), rodiy (Rh), palladiy (Pd), osmiy (Os), iridiy (Ir)
kiradi. Bu metallar atrof – muhit va korroziyali muhitga qarshi
yuqori bardoshlik
qobiliyatiga ega.
Noyob metallar (hammasi 57 dona) guruhi o’z navbatida qo’yidagi
guruhlarga bo’linadi:
a) qiyin eriydigan noyob metallar: titan, sirkoniy, gafniy, vanadiy, volfram,
molibden, tantal, niobiy, reniy;
b) engil noyob metallar: litiy, berilliy, rubidiy va seziy;
v) tarqoq noyob metallar: galliy, indiy, talliy, germaniy, selen, tellur, reniy;
g) noyob – yer metallari: skandiy, ittriy, lantan va lantanoidlar (seriydan
lyutesiyagacha bo’lgan 14 element);
d) radioaktiv metallar: radiy, aktiniy va aktinoidlar (toriy, prokaktiniy, uran
va transuran elementlar), poloniy.
Rangli metallarni tasniflanishi shartli bo’lib, ayrim metallar turli guruhlarga
kirishi mumkin. Masalan, titanni ham qiyin eruvchi, ham engil noyob metallarga,
reniyni ham tarqoq, ham qiyin eruvchi metallarga kiritish mumkin.
Keltirilgan metallarning sanoatlashgan tasnifi hozirgi vaqtda ilmiy va
texnologik ketma – ketlik asosida tuzilgan deb tan olish mumkin emas. Unda
metall guruhlari nomlanishi ham ma’lum bir tamoyillarga asoslanmagan. Ko’p
hollarda u yoki bu metallning ishlab chiqarilishi va ishlatilishining o’sishi bilan
metallarni sanoatlashgan tasnifining umumiy tamoyillariga zid holda metall bir
guruhdan boshqa guruhga o’tishi mumkin.