|
Til, lison va nutq munosabati
|
bet | 14/15 | Sana | 25.05.2024 | Hajmi | 3,73 Mb. | | #253883 |
Bog'liq DUNYONI INTERPRETATSIYA QILISHDA TILNING ROLITil, lison va nutq munosabati. Yuqorida UMIS va YАHVOning tildagi tajallisi misolida lison va nutqning o‘zaro munosabati haqida kirish xarakterida so‘z yuritildi. Endi unga batafsil to‘xtalinadi.
Lison deyilganda ma’lum bir jamiyatning barcha a’zolari uchun avvaldan (oldingi avlodlar tomonidan) tayyor holga keltirib qo‘yilgan, hamma uchun umumiy va majburiy, fikrni ifodalash va boshqa maqsadlar uchun xizmat qiladigan birliklar hamda bu birliklarning o‘zaro birikish qonuniyatlari yig‘indisi tushuniladi.
Demak, lisonda birliklar va birikish qonuniyatlari farqlanadi.
Har qanday lisoniy birlik psixofizik tabiatli bo‘ladi. Shu bilan birga ular ikki tomonning bir butunligidan iborat:
a) lisoniy birlikning shakliy, tashqi tomoni;
b) lisoniy birlikning ma’lum bir vazifasi, ma’noviy qiymati.
Lisoniy birliklar UMIS sifatida mavjud ekan, u moddiylikdan xoli bo‘lmog‘i lozim. Bunda «lisoniy birlikning tashqi tomoni» ko‘rinishga, moddiylikka ishora qilmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, lisoniy birlik moddiy qiyofadan xoli. Biroq ular ongda qandaydir tarh, ramz sifatida saqlanadi. Masalan, [a] fonemasining talaffuz xususiyatlari xaqida umumlashma tasavvur o‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha jamiyat a’zolari ongida birdir. Bu [a] fonemasining shakli, tashqi tomoni bo‘lsa, uning ma’no farqlash, chegaralash tomoni ichki jihati sanaladi. [a] fonemasi xususiyatlari va ma’no farqlashning o‘ziga xos birligi, yaxlitligi sifatida ongda mavjud bo‘ladi. Har bir fonemaning ma’no farqlash va talaffuz xususiyatlari umumlashmasi o‘ziga xos bo‘lib, biriniki ikkinchisinikidan farqlanadi va mustaqil fonemaga qo‘yilgan talab ularning aynan o‘xshash bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Lisoniy birliklarining bu tashqi va ichki tomonini bir-biridan ajratish uchun ulardan birini mutlaqlashtirish mumkin emas. Ichki va tashqi tomon bir varaqning ikki betiga o‘xshaydi va ularni ajratib bo‘lmaydi. Nutq esa yuqorida ta’riflangan lisoniy so‘zlashish qobiliyati asosida ayrim shaxs tomonidan ma’lum bir xabar berish maqsadi uchun ishga solinish yoki qo‘llanish natijasidir.
Bir-birini shartlovchi, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan «lison - nutq qobilyati - nutq» zanjirida faqat nutqqina tashqi (moddiy) shaklda (og‘zaki, yozma) namoyon bo‘ladi va bizning sezgi a’zolarimizga ta’sir qiladi.
F.de Sossyur lison-nutq munosabatini shatranj o‘yini qoidalari asosida tushuntirib berishga harakat qilgan.
Shaxmat donalari va har bir donaning yurish qoidasi ongimizdagi lisoniy birliklar va ularning birikish imkoniyatlariga, o‘yinchi bamisoli so‘zlovchi bo‘lib, shaxmat o‘yinini bilishi esa so‘zlovchining nutq qobiliyatiga o‘xshaydi. Donalarning harakatlantirilishini nutqqa qiyoslash mumkin. Qiyoslang:
shaxmat - o‘ynash qobiliyati
lison - nutq qobiliyati – nutq
Shaxmat donalari va ularning yurish imkoniyatlari o‘ynovchilarning barchasi uchun umumiy bo‘lganligi kabi lisondan foydalanish ham shu tilda so‘zlashuvchilar uchun tengdir.
Lison va shatranj qurilmalari o‘zaro qiyoslanadigan bo‘lsa, avvalo, ularning birliklari orasida umumiy o‘xshashliklar borligini ta’kidlash lozim. Har ikkala qurilma ham birliklar sistemasi (tizimi) va bu birliklarning o‘ziga xos vazifalari bilan ish ko‘radi. Bunda ma’lum qoida va qonunlarga tayaniladi. Har ikkala holatning ham ishtirokchilari insonlar bo‘lib, ular har ikkala faoliyatda ham ma’lum bir imkoniyatlarni ishga soluvchilardir. Shu boisdan shaxmat taxtasi, uning donalari, shaxmat o‘yinining tashqi, moddiy tomonini lisoniy birliklarning tashqi tomoniga, shaxmat o‘yini qoidalari - donalarining joylashuvi, harakat qoidalari, ya’ni shatranj o‘yinining ichki tomoni xaqidagi tasavvurlarni lisoniy birliklarning mazmun mundarijasiga qiyoslash mumkin.
Lison va nutq munosabatiga dialektik, dialektika kategoriyalari nuqtai nazaridan yondashilganida, u haqdagi tasavvur va bilimlarimiz to‘laqonli bo‘ladi.
|
| |