4.3-rasm. Marketing axborotlari turlari
Ichki ikkilamchi ma’lumot manbalariga tashkilotda yuritilayotgan joriy buxgalteriya, moliya va statistik hisobotlarda aks ettiriladigan ko‘rsatkichlar kiradi.
Jumladan, foyda va zararlar, sotib olish va sotish, tovarlarzahiralari, iste’molchilar ko‘lami va joylashuvi, narxlar hisob-kitoblar va h.k.lar.
Boshqacha qilib aytganda, tashkilot o‘z imkoniyatidagi hisobotlar va ma’lumotlarga tayanib, mustaqil tarzda ichki ma’lumotlar tizimini ishlab chiqadi. Amaliy faoliyatda mahsulotlarni natural va qiymat ulchov birliklarida sotuvchi hajmi, narxlarning yil davomida o‘zgarishi, xaridorlarning joylashuv haritasi, tovar zahiralarining o‘zgarishi va shu kabi muhim ma’lumotlarni tashkilot bevosita o‘zining ichki hisobot tizimi asosida aniqlaydi.
Tashqi ikkilamchi ma’lumotlar tashkilot faoliyat yuritayotgan yoki yuritishi kutilayotgan bozor, mahsulot xususidagi mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ularning tarkibi, amaliyotda qo‘llanilishi turli davlatlari tajribasida turlicha ahamiyatga ega. Masalan, AQSHda tashqi ikkilamchi ma’lumotlarni umumiy jihatdan quyidagi guruhlarga ajratish mumkin.
Ommaviy va iqtisodiy uyushmalarning hisobotlari va xabarnomalari. Ushbu manbalar o‘z mohiyatiga ko‘ra ikki kichik guruhga bo‘linadi.
a) Davlat muassalarning rasmiy hisobotlari. Bular jumlasiga statistik yilnomalar, sharhlar va hokazolar kiradi. «AQSH bo‘yicha qisqacha statistik sharh», «Shaharlar va okruglar bo‘yicha statistik yo‘riqnoma», «Amerika sanoati istiqbollari» sharhnomasi kabilar shular jumlasidandir. «Marketing axboroti yo‘riqnomasi» oylik maxsus nashr bo‘lib, unda marketingga oid barcha xabarlarning qisqacha mazmuni bayon etiladi.
Ushbu turkum manbalardan aholining o‘sishi, tarkibiy demografik siljishlari, daromadlar va narxlarning o‘zgarishi, yalpi iste’moldagi holat, ayrim iste’mol tovarlari taklifi, sotuvchi, iste’moliga oid xabarlar va boshqa axborotlarni olish mumkin. Ayrim shtatlar bo‘yicha esa o‘zgarishlar, qo‘shni shtatlar bilan kiyosiy tahlil ma’lumotlari ham ushbu manbalarda aks ettiriladi.
v) Uyushmalar va tashkilotlarning hisobotlari va ma’lumotlari. Har bir shtat o‘zining mustaqil iqtisodiy uyushmalari (assotsiatsiyalari, ittifoqlariga) ega bo‘lganligi sababli, ular ham mustaqil tarzda yillik hisobot va ma’lumotlar tayyorlaydilar. Masalan, sanoat-savdo palatalari, maxsus sohalar bo‘yicha
(elektronika, sotish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z a’zolari uchun axborotlarni to‘pladi va umumlashtirdi. «Amerika marketing assotsiatsiyasi», «Tadbirkorlikni rivojlantirish byurosi», «Chakana savdo milliy assotsiatsiyasi» kabi tashkilotlar va boshqalar shular jumlasidandir.
Marketing tadqiqotlari bo‘yicha ixtisoslashgan institutlar va marketing xizmati ko‘rsatuvchi muassasalarning axborotlari, hisobotlari.
Ko‘pgina hollarda ushbu axborot manbai tijorat axborot manbai ham deb nomlanadi. Masalan, marketing tadqiqotlari bo‘yicha ixtisoslashgan institutlar:
«Marketing research corporation of Amerika», «Simmons market research byuro»,
«A.S.Nilsen» kabi tashkilotlarning bashoratlari, o‘z muammo yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirgan tadqiqot yakunlari, hisobotlari. Bunday ma’lumotlarning ayrimlari ommaviy tarzda barcha qiziquvchilarga arzonroq ayirboshlanadi, ayrimlari esa tegishli to‘lov evaziga maxsus bajariladi va taqdim etiladi.
Masalan, « Marketing research corporation of Amerika» firmasi oilalarning haftalik iste’mol mollari xaridi, iste’moli, ayrim chakana savdo korxonalari faoliyati xususida axborotlar tayyorlaydi. «Simmons market research byuro» firmasi esa har yili televizorlar bozoridagi o‘zgarishlar, sport tovaralari, dori-darmonlarning sotuvchi xususidagi axborotlarni aholining jinsi, daromadi, yoshi bo‘yicha tabaqalanishini tahliliy ma’lumotlar shaklida keltiradi.
Iqtisodiy matbuot, tarmoq bo‘yicha jurnallar, ro‘znomalar va kitoblar. Ushbu turkum axborot manbai juda keng bo‘lib, undagi tahliliy ma’lumotlar tegishli tashkilotga, tadqiqotchilar guruhiga yoki alohida shaxsga taalluqli bo‘lishi mumkin. AQSHda mashhur «Tayms», «Fayneshnl tayms» kabi ro‘znomalar, «Forchun»,
«Forbs», «Garvard biznes revyu», «Jornal of marketing riserch» va boshqa shu kabi jurnallar ommaviy matbuotda marketing tadqiqotiga oid maqolalar, hisobotlarni chop qiladi. Bundan tashqari, marketing tadqiqotlarining amaliy jihatlarini aks ettiruvchi risolalar, kitoblar ommaviy matbuot manbaidan olinadigan ma’lumotlarni yanada boyitadi.
Tashkilotlarning ommaviy tarzda chop etiladigan ma’lumotlariga yillik balans hisobotlari, narx varaqalari, reklama jurnallari, xaridorlar uchun yo‘riqnomalar va shu
kabilar kiradi. Bunday manbalardan o‘zaro raqobatda bo‘lgan firmalar ham ko‘p foydalanadilar. Chunki, unda raqobatchi firmalarning sotish hajmi, mahsulot, xizmat ko‘rsatish va narx siyosati xususida zarur ma’lumotlarni olish imkoni bo‘ladi.
Ma’lumki, har bir yirik aksionerlik jamiyati va o‘ta yuqori savdo aylanmasiga ega bo‘lgan mas’uliyati cheklangan shirkatlar yillik hisobotlarini, prospektlarni ommaviy nashr qiladilar. So‘nggi yillarda ushbu tashkilotlarning umumiy falsafasi, sotish siyosati, marketing xizmatlari ma’lumotlari tabiiyki, bunday hisobotlarda o‘z aksini topmoqda. Shu sababli, raqobatchi tashkilot yoki firmaning aksionerlari, xaridorlari, mijozlari uchun chiqargan prospektlari, yo‘riqnomalari, hisobotlari bevosita tadqiqot uchun manba sifatida foydalaniladi.
Axborot olish manbalari xususida fikr yuritilganda faqatgina tegishli mamlakatda chop etiladigan axborotlargina emas, balki xorijiy matbuot, xalqaro iqtisodiy-moliyaviy tashkilotlarning axborotlarini ham inobatga olmoq lozim. Masalan, AQSHda nashr etiladigan Fortune, Forbes kabi jurnallarda Evropa mamlakatlari bozori xususida axborotlar, undagi o‘zgarishlar, siljishlar haqida ham ma’lumotlar keltiriladi. Bu esa o‘z navbatida, barcha qiziquvchi va tegishli bozorga ishtiyoqmand kompaniyalar uchun axborot manbai bo‘lib hisoblanadi.
Jahon iqtisodiyoti yanada shakllanayotgan va xalqaro munosabatlar takomillashayotgan sharoitda xalqaro iqtisodiy, moliyaviy tashkilotlar: Xalqaro savdo tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro rivojlanish va rekonstruksiya banki va shu kabilar o‘zlarining yillik hisobotlarini nashr qiladilar. Bunday ma’lumotlardan xalqaro bozorda faoliyat boshlayotgan va yuritayotgan kompaniyalar foydalanishlari mumkin. Masalan, tegishli bir davlatning tashqi savdo balansi, eksport-import tarkibi, sanoat, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmi va h.k. ma’lumotlar ushbu manbalardan olinishi mumkin.
Hozirgi paytda mustaqil va yangi axborot manbai bo‘lib - elektron ma’lumot banklari, «informatsion-broker» tarzidagi kompyuter vositasida o‘tkaziladigan ma’lumotlar tizimi shakllanmoqda. Bu ma’lumotlar kompyuter vositasida uzatilayotgan, to‘planayotgan va saqlanayotganligi uchun yangi tur deb sanaladi va yuqoridagilardan farq qiladi.
Kompyuterlar uchun ma’lumotlar banki ham hozirda mustaqil bozor sifatida ildam rivojlanmoqda. «Informatsion broker» tizimi marketing xususida barcha axborotlarni yig‘ish, kompyuter ma’lumotlari bankiga kiritish va unga ehtiyoj sezgan tashkilotlarga yordam ko‘rsatish vazifasini bajaradi. Ushbu tizimlar axborotlarni to‘plash bo‘yichagina emas, balki ular bankini yaratish, kompyuter dasturlariga kiritish bo‘yicha ixtisoslashgan. Odatda ular kichik tashkilotlar, shaxslar uyushmasi bilan muntazam aloqada bo‘lib, kompyuter dasturlarining imkoniyatlarini oshirish, ko‘plab iste’molchi tashkilotlar uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan.
Bizning mamlakatimizda axborot yig‘ish manbalari bir muncha o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Bu xususiyatning mavjudligi eng avvalo, marketing bo‘yicha axborot olish manbalari va ushbu soha bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarning tashkiliy bo‘ysinish xususiyatlardan kelib chiqadi. O‘zgacha jihatdan esa, ommaviy tadbirkorlikni rivojlanish darajasi, korxonalar uyushmalari, sanoat-savdo palatalari marketing xususida ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha faoliyatlarning hozirgi holati, ularni guruhlarga ajratishda alohida yondashishni talab qiladi.
|