|
O’zbekistonda dinga va diniy tashkilotlarga munosabatning o’zgarishi
|
bet | 61/67 | Sana | 07.01.2024 | Hajmi | 405,29 Kb. | | #131565 |
Bog'liq Ijtimoiy- gumanitar fanlar-fayllar.org3. O’zbekistonda dinga va diniy tashkilotlarga munosabatning o’zgarishi.
Sho’rolar hukmronligi yillarida biz Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlarida yaratilgan, rus maktablariga mo’ljallangan darslik va qo’llanmalar asosida ta’lim oldik. Rossiya va Yevropa tarixini ko’proq o’rgandik, rus madaniyatini ko’proq targ’ib etdik. O’zbekiston tarixini esa qisman, risolalar vositasida o’rgandik.
Insoniyatga Ahmad al - Farg’oniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al - Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Qoshg’ariy, Yusuf Xos Hojib, Mirzo Ulug’bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mashhuri jahon daho olimlar va shoirlarimizni, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al - Buxoriy, Abu Iso Muhammad ibn Iso at - Termiziy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon as - Samarqandiy as - Doramiy kabi ulug’ muhaddislarni tarbiyalab bergan islom madaniyati esa reaksion madaniyat deb qoralandi.
Din va diniy tashkilotlar yashamoqda. Binobarin, Islom dini 14 asrdan beri buyuk va hayotiy ta’limot sifatida insonlar qalbidan joy olganini XX asrda ham isbotladi. Xo’sh nega shunday? Avvalambor, Islom dini (boshqa dinlar ham) insonlar o’rtasida ma’rifat tarqatadi, insonlar o’rtasida xush axloq - odob, aql - insof, mehr - oqibat g’oyalarini targ’ib qiladi. Odamlarni rostgo’y, diyonatli bo’lishga da’vat etadi.
Prezident I. A. Karimov boshchiligidagi O’zbekiston davlati va hukumati din va diniy tashkilotlarga, dindorlarga bo’lgan eski siyosatni butunlay inkor etdilar.
Endilikda bu sohaga tamoman yangicha qarash asosida, ya’ni umuminsoniy qadriyatlar, umumxalq manfaatlari, inson huquqini himoya qilish, mamlakatda yangicha, demokratik va insonparvarlik muhiti barqarorligini ta’minlash, millatlararo munosabatlarni uyg’unlashtirish, kishilarning tinch, osoyishta yashashiga puxta zamin yaratish manfaatlari nuqtai nazaridan izchil yondashilmoqda.
O’zbekistonda vijdon erkinligi, din, diniy tashkilotlar va dindorlarga nisbatan davlat siyosatida tub o’zgarishlar bo’lganligi nimalarda namoyon bo’lmoqda?
Birinchidan, vijdon erkinligi masalasinng, davlat bilan diniy tashkilotlar o’rtasidagi munosabat masalasining mustahkam huquqiy negizi yaratildi. Bu huquqiy negiz - O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunidir.
Ikkinchidan, O’zbekiston Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonunda fuqarolar va diniy tashkilotlar uchun kafolatlangan huquqiy imkoniyatlar to’la ro’yobga chiqarilmoqda. Dinning mavqei tiklanayapti, barcha diniy uyushmalarga, mazhab va jamoalarga qonun doirasida ochiq va dahlsiz faoliyat ko’rsatish imkoniyati yaratilmoqda.
Uchinchidan, O’zbekiston hukumati musulmonlarining xohish - istaklarini inobatga olib islom dunyosining muqaddas yodgorliklarini, tarixiy obidalarni diniy tashkilotlar ixtiyoriga o’tkazdi.
To’rtinchidan, yangi masjidlar ochilmoqda, eskilari ta’mirlanmoqda.
Beshinchidan, din arboblari va ruhoniylar uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Diniy tashkilotlarga o’z davriy nashrlarini chop etish yo’lidagi to’siqlar olib tashlandi. Diniy adabiyotlarning chop etilishi sezilarli ko’paydi. Xususan, Qur’oni Karim va Hadislar o’zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Oltinchidan, hamyurtlarimiz Hajga va Umraga, Makka va Madinaga ziyorat, diniy farzni ado qilishga borib kelmoqdalar. Birgina misol, mabodo, 80 - yillarda butun sobiq Ittifoq bo’yicha 25 - 30 kishi hajga borgan bo’lsa, 1991 yilda O’zbekistondan 1500 kishi, 1992 yilda 4500 kishi haj safariga bordi. Yil sayin ularning soni ko’payib bormoqda.
Yettinchidan, Respublikamizda muqaddas Ramazon va Qurbon hayitlari bayram kunlari deb e’lon qilindi.
Sakkizinchidan, diniy tashkilotlar xalqaro aloqalarni kengaytirish imkoniga ega bo’ldilar.
To’qqizinchidan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Diniy ishlar qo’mitasi tashkil etildi. Shuning barobarida Xalqaro Islom tadqiqot Markazi faoliyat ko’rsatmoqda.
O’ninchidan, mashhur diniy arboblarning tavalludiga bag’ishlangan yubileylar va anjumanlar katta tayyorgarlik bilan keng ko’lamda nishonlanmoqda.
Prezident I. A. Karimov buyuk ajdodlarimizni ulug’lash masalasi xususida shunday degan edi: “Xalqimizning tarixiy xotirasi ajoyib nomlarga boy. Ko’pgina allomalarimiz ma’naviyati keng va ayni vaqtda qismati og’ir bo’lgan siymolardir. Ular o’zlarini haqiqatga tashna va o’zi haqiqat bo’lgan xalqqa bag’ishladilar. Buyuk ajdodlarimizning ulug’ nomlari, xalq xotirasi va uning taqdiri munosib davom etishga loyiqdir. ”
Nomi, xotirasi xalq xotirasida abadiy yashashga haqli va loyiq bo’lgan buyuk allomalarimizdan biri Abu Iso Muhammad ibn at - Termiziydir (Abu Abdulloh Ismoil al - Buxoriyning shogirdi). Ochig’i, buningdek buyuk ajdodimiz borligini O’zbekiston aholisining asosiy qismi bilmas edi. Vaholanki, bundan 1200 yil oldin At - Termiziy to’plagan hadislar ko’p asrlardan buyon avloddan - avlodga o’tib kelgandi. “Ular o’z dolzarbligini sira yo’qotgan emas”, - deydi Hindistondagi Islom markazining rahbari Ahmad Zakariyo.
1993 yilning 16 - 18 sentyabr kunlari tasavvuf ilmining sultoni, Islom dini sofligi yo’lida xizmat qiluvchi ta’limotni yaratgan buyuk alloma, bizni butun olamga tanitgan ulug’ olim, asrlar osha musulmon olamida insonlarga “Shayx Bahouddin”, “Hojai Buzurg”, “Shoh Naqshband” va boshqa mo’tabar nomlari bilan mashhur bo’lgan ulug’ bobokalonimiz Sayyid Bahouddin Naqshbandning 675 yillik yubileyi nishonlandi.
Ma’lumki, 1389 - yilda 73 yoshida vafot etgan Bahouddin Naqshband Buxoro shahri yaqinidagi Qasri Orifonda dafn etilgan. Turli davrlarda Buxoroda hukmronlik qilgan musulmon hukmdorlar Bahouddin Naqshband mozorini obod qilishni o’z burchi deb hisoblaganlar. Avliyoning mozori najotbaxsh muqaddas qadamjolardan biriga aylangan edi.
Sovet tuzumi davrida bu me’moriy majmua tashlandiq ahvolga tushib qoldi. El aziz tutgan Bahouddin Naqshband xalq xotirasidan o’chirilishga mahkum etildi. Biroq, odil vaqt hech qanday kuch xalqning tarixini va tarixiy xotirasini yo’qota olmasligini yana bir karra isbotladi. 1991 - yilning dekabr oyida Prezidentimiz I. A. Karimov ilk bor Qasri Orifonga kelib, Naqshband hazratlarining hoki poyini ziyorat qildilar. 1992 - yilning 2 oktyabrida Yurtboshimiz avliyo maqbarasiga ikkinchi marotaba ziyoratga keldi. Ayni shu sana ulug’ avliyo va donishmand muborak nomining abadiy tiklanishi, xotirasinng xalqimizga qaytarilishi sanasi hisoblanadi. Chunki o’sha yilnng 4 noyabrida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish haqida” qaror qabul qildi.
Toshkent Islom oliy maktabining Imom al - Buxoriy nomi bilan atalishi, 4 jildli “Hadis”, ya’ni “Al - Jo’me as - sahih” (Ishonarli to’plam) to’plamlari, shuningdek “Al - adab al - mufrad” (Adab durdonalari) kitobining o’zbek tilida nashr etilishi ham buyuk allomaga bo’lgan beqiyos hurmat - e’tibor ramzidir.
1992 - yil aprel oyida Prezident I. A. Karimov boshchiligidagi O’zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan bordi. Saudiya Arabistoni podshosi Fahd ibn Abdul Aziz hazrat oliylari ehtirom ifodasi sifatida Yurtboshimizga Ka’batullohning ustiga yopiladigan Kisva - ka’bapo’shning bir parchasini hadya qilgan edi. Prezident I. A. Karimov ushbu Kisvani Imom al - Buxoriy masjidiga tortiq qilganlarkim, buyuk allomaning yorqin xotirasi hurmatiga ko’rsatilgan bu hurmat barcha musulmonlarni quvontirib yubordi.
1993 yil esa Ahmad Yassaviy yili deb e’lon qilindi. Bilganingizdek, Hoja Ahmad Yassaviy tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri. 30 oktyabrda Toshkentda “Abadiy qadriyatlar va Ahmad Yassaviy” mavzusida xalqaro ilmiy - ma’rifiy anjuman o’tkazildi.
Bugungi kunda O’zbekistonda 15 ta diniy kongressiya faoliyat ko’rsatmoqda. Qonun doirasida ularga teng sharoit yaratib berilgan. Ularning qonunga mos istaklari ro’yobga chiqarilmoqda. Masalan, 1997 - yilda Respublika Vazirlar Mahkamasi Toshkent va O’rta Osiyo arxiyepiskopi Vladimrning Muqaddas Uspenskiy kafedreial sobori huzurida diniy - ma’muriy markaz ochish, 1998 - yilda esa Yeparxiyaning 125 yilligini nihonlash to’g’risidagi takliflarini qo’llab quvvatlab, bu borada tegishli qarorlar qabul qilinganligi fikrimizning dalilidir.
Yuqorida keltirilgan misollarning barchasi mustaqil O’zbekiston davlatida vijdon erkinligi to’la amalga oshirilayotganligining isbotidir.
|
| |