|
O’zbekiston Respublikasida vijdon erkinligining qonun yo’li bilan kafolatlanishi
|
bet | 60/67 | Sana | 07.01.2024 | Hajmi | 405,29 Kb. | | #131565 |
Bog'liq Ijtimoiy- gumanitar fanlar-fayllar.org2. O’zbekiston Respublikasida vijdon erkinligining qonun yo’li bilan kafolatlanishi.
Milliy mustaqillikka erishish va davlat, jamiyat hayotini demokratiyalash jarayoni dinga, diniy tashkilotlarga munosabatni o’zgartirish masalasini kun tartibiga qo’ygan edi.
Dinga munosabat amalda xayrixohlik tomonga o’zgardi ham. Ayni zamonda, dindan o’z maqsadi yo’lida foydalanishga urinish, uni yagona xukmron mafkuraga aylantirish, islom davlatini vujudga keltirish yo’lida harakat qiluvchilar ham paydo bo’lganligini bilamiz. Shunday bir qonunga ehtiyoj sezildiki, bu qonun yangicha sharoitda dinning, diniy tashkilotlarning jamiyatdagi o’rnini konkret belgilab bermog’i lozim edi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1991 yilda qabul qilgan qonun “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida” deb ataladi.
Bu qonunda mamlakatimizda yashovchi barcha xalqlarning vijdon erkinligi, xoxish - istaklari, dunyoqarashlari, dinlarning o’ziga xos tomonlari inobatga olingan. Qonunning 3 - moddasi “Vijdon erkinligi huquqi” deb atalgankim, bu tushunchaning mazmuni xususida biz yuqorida to’xtab o’tdik.
Qonunning 4 - moddasi “Fuqarolarning dinga munosabatidan qat’iy nazar teng huquqliligi” deb nomlangan.
Shunday qilib, O’zbekiston fuqarolari, dinga munosbatidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati ko’rsatilishi mumkin emas, fuqaroning o’zi shuni istagan hol esa bundan mustasnodir. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab, ularning huquqlarini cheklash va ularga imtiyoz belgilash, dushmanlik va adovat uyg’otish, ularning diniy yoki dahriylik e’tiqodi munosabati bilan bog’liq his – tuyg’ularni haqorat qilish, shuningdek, muqaddas qadamjo hisoblangan diniy inshootlarni (masjid, madrasa, maqbara) oyoqosti qilish qonunga muvofiq jazolanishi, hech kimning o’z diniy e’tiqodiga ko’ra, qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bo’yin tovlashi mumkin emasligi kabi masalalar mazkur moddada o’z ifodasini topgan.
Qonunning 5 - moddasi esa “Dinlarning va diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilishi” deb nomlangan.
Xo’sh, bu ibora qanday ma’noni anglatadi? Bu degani - mamlakatimizda dinlar va diniy tashkilotlar davlat ishiga aralashmaydi, ayni paytda esa davlat diniy tashkilotlarning qonunlarga zid bo’lmagan faoliyatiga aralashmaydi, demakdir. Shuningdek, bu ibora davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning qandaydir vazifalarni yuklamaydi, diniy tashkilotlar davlat vazifalarini bajarmaydi, davlat diniy tashkilotlarning dahriylikni targ’ib qilishga oid faoliyatini mablag’ bilan ta’minlaydi, degan ma’noni ham anglatadi. Ayni chog’da qonunning mazkur moddasi davlat mablag’i hisobiga ilmiy tadqiqotlar olib borishni cheklab qo’ymaydi. Shu narsani alohida ta’kidlash zarurki, diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan bo’lsada, ular jamiyatdan ajratilmagan. Binobarin, diniy tashkilotlar ijtimoiy hayotda qatnashish huquqiga egadirlar. Diniy tashkilotlarning xodimlari ham barcha fuqarolar bilan bab - baravar siyosiy hayotda qatnashish huquqiga egadirlar. Diniy tashkilotlar va dindorlarning O’zbekiston Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarga zid hatti - harakat qilishlari mumkin emas.
Qonunga ko’ra, diniy tashkilotlar siyosiy partiyalar faoliyatida qatnashish, siyosiy partiyalarga moliyaviy madad ko’rsatish huquqiga ega emaslar. Shuningdek, diniy tashkilotlar, dindorlar va boshqa fuqarolar dindan davlatga, Konstitutsiyaga qarshi targ’ibot olib borishga, o’zaro nifoq, nafrat qo’zg’atishga, millatlararo adovat uyg’otishga, qonuniy ravishda va demokratik yo’l bilan tuzilgan hokimiyat va boshqaruv idoralariga hamda davlat vakillariga nisbatan g’ayriqonuniy usullar bilan tazyiq o’tkazish uchun foydalanishiga yo’l qo’yilmaydi.
Davlat turli dinlarga e’tiqod qiluvchi va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar o’rtasida, turli e’tiqoddagi diniy tashkilotlar o’rtasida o’zaro murosa va hurmat o’rnatilishiga ko’maklashadi. Shuningdek, davlat diniy mutaassiblik va vijdon erkinligiga xilof ekstremizmga, munosabatlarni qarama - qarshi qo’yish va keskinlashtirishga qaratilgan hatti - harakatlarga yo’l qo’ymaydi.
Mazkur tartibni buzganlar esa qonunga binoan javobgarlikka tortiladi. Xususan, O’zbekiston Respublikasida Jinoyat kodeksining 147 - moddasida diniy e’tiqod masalasiga dushmanlik bilan munosabat oqibatida jamoat tartibining buzilishi sodir etilsa, diniy inshootlar noqonuniy yo’l bilan egallab olinsa, diniy murosasizlik targ’ib etilsa, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga hukm etish belgilangan. Agar diniy murosasizlik zo’ravonlik, qirg’in bilan sodir etilsa, shuningdek, bunday qonunga xilof hatti - harakatga balog’atga yetmaganlar jalb etilsa yoki boshqa og’ir oqibatlarga olib kelsa, 3 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.
Dindorlarni qanday diniy adabiyotlar, o’quv adabiyotlari bilan ta’minlashni diniy tashkilotlarning o’zlari hal etadilar. Diniy tashkilotlar o’z Nizomlariga asosan mustaqil ish olib boradilar. Diniy tashkilotlar rahbarlarini o’z Nizomlari asosida saylaydilar yoki tayinlaydilar.
Qonunning 6 - moddasi ham juda muhimdir. Bu modda “Maktabni dindan va diniy tashkilotlardan ajratish” deb atalgan.
Buni qanday tushunmoq kerak? Buni quyidagicha tushunmoq kerak: bizda davlat o’quv yurtlarida diniy ta’lim berilmaydi, ya’ni umumiy ta’lim, o’rta maxsus, oliy o’quv yurtlari o’quv rejalariga din dars sifatida kiritilmaydi. Chunki davlat bilim yurtlari dunyoviy bilimlar beruvhi bilim yurtlaridir. Biroq, bu fuqarolar diniy ta’lim olish huquqiga ega emaslar, degan gap emas.
Xo’sh, diniy ta’lim qay tariqa amalga oshiriladi? Qonunga ko’ra, fuqarolar o’zlari istagan tilda diniy ta’lim olishlari mumkin. Bundan tashqari, belgilangan tartibda ro’yxatga olingan nizomlarga ega diniy tashkilotlar, ularga muvofiq katta yoshdagi kishilarga va bolalarga diniy ta’lim berish uchun o’quv yurtlari yoki guruhlari tashkil etish, shuningdek, ta’limni boshqa shakllarida olib borish huquqiga egadirlar. Buning uchun ular o’zlariga qarashli yoki o’zlariga foydalanish uchun berib qo’yilgan binolardan foydalanishlari mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bolalar maktab yoshiga yetganlaridagina diniy ta’limga jalb etilishi mumkin. Bunda ham o’qituvchilar maktabdagi mashg’ulotlardan keyingina, ota - onalarining yoki ular o’rnini bosuvchi shaxslarning yozma roziligi bilangina, balog’at yoshiga yetganlar esa o’z xohishlariga ko’ra tashkiliy ravishda diniy ta’lim olishlari mumkin. Umumta’lim maktabini tashlab diniy maktabga ketib qolishga yo’l qo’yilmaydi.
Diniy maktablar faqatgina rasmiy tashkilotlar qoshidagina ochilishiga ruxsat etiladi, ulardagi mashg’ulotlar umumta’lim maktablaridagi mashg’ulotlar tugagandan so’ng boshlanadi.
Qonunda belgilangandek, katta yoshdagi kishilarga va bolalarga diniy ta’lim berishga faqat maxsus diniy ma’lumotga ega shaxslar haqlidirlar. Bunda ular o’z faoliyatini diniy boshqarma ijozati bilangina amalga oshirishlari shart. O’zicha saboq olgan va hujjati bo’lmagan, sinovdan o’tmagan kishilarga xususiy tartibda diniy saboq berishga ruxsat etilmaydi. Qaysi tumanda, shaharda yoki mahallada qanday diniy maktab ochilganidan diniy boshqarma yoki markaz xabardor bo’lishi va bu diniy maktablar nazorat ostida bo’lmog’i lozim.
Yuqorida aytilgan tartiblarning buzilishi qonunga muvofiq javobgarlikka tortishga olib keladi. Xususan, endilikda O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 222 - moddasi “Diniy ta’lim berish tartibini buzish” deb ataladi. Mazkur moddaga ko’ra, maxsus diniy ma’lumotga ega bo’lmay turib hamda diniy boshqarma, markazning ijozatini olmay diniy ta’lim berish, shuningdek, xuxusiy tartibda diniy ta’lim berish - eng kam oylik ish haqining 5 hissasigacha bo’lgan miqdorda jarima solinishiga sabab bo’ladi.
Dunyoviy umumiy ta’lim maktablarida dinlar tarixi, jumladan Islom dini tarixi o’rganiladi.
Qonundagi yana bir eng muhim talab - bu diniy partiyalar tuzilishiga yo’l - qo’yilmasligi haqidagi qoidadir (7 - modda). Keyinchalik bu qoida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o’z ifodasini topdi. Binobarin, Konstititsiyaning 57 - moddasida shunday qayd etilgan: “Diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyat ko’rsatishi ta’qiqlanadi”. O’zbekiston Prezidenti I. A. Karimov bu masala xususida to’xtalar ekan: “. . . Biz din peshvolariga, o’zimizga o’xshagan musulmon birodarlarimizga bir narsani takror va takror uqtirmoqchimiz: din o’z yo’li bilan, davlat o’z yo’li bilan. Diniy partiyalar tuzib, hokimiyat talashib yurishlar Xudoga ham yoqmaydi. Islom dini insonlarni kamtarlikka, kamsuqumlikka undaydi. Musulmon farzandi kechirimli bo’ladi. Musulmon farzandi birovni kofir, birovni xudojo’y deb toifalarga ajratmaydi. . . Sababi, bandasining ustidan bandasi emas, Xudoning o’zi hukm chiqaradi” deydi.
|
| |