4-MA’RUZA. Rekuperativ issiqlik almashtirgichlarning konstruksiyalari. Lamelli va spiralli issiqlik almashtirgichlar.
1. Lamelli issiqlik almashgichlar
2. Spiralli issiqlik almashtirgichlar
3. Plastinali issiqlik almashtirgichlar
Lamelli issiqlik almashtirgichlar xuddi kojux-trubali issiqlik almashtirgichlar kabi kojuxga ega bo‘ladi, kojux trubalar tutamini birlashtiradi, biroq bu trubalar dumaloq emas, balki yassi bo‘lib, 1,5-2 mm qalinlikdagi plastinkalarni juft-juft qilib payvandlash natijasida hosil qilinadi (2.6a rasm). Bunday trubalarning ichki gidravlik diametri 7-14 mm ni, uzunligi 2—6 m ni, kojuxning diametri 100-1000 mm ni tashkil qiladi. Apparatdagi ishchi bosim 4,5 MPa gacha yetishi mumkin. Past bosimlarda kojux silindrsimon emas, to‘g‘ri burchakli shaklga ega bo‘lishi mumkin. Bunday korpusning yassi devorlari odatda qattiqlik beruvchi qovurg‘alar bilan mustahkamlanadi. Lamelli issiqlik almashtirgichlar suyuqlik-suyuqlik, gaz-gaz, bug‘-suyuqlik issiqlik eltuvchilar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan. Ularni 150 °S dan oshiq temperatura va 1— 4,5 MPa bosimlar sohasida, ya’ni plastinkali issiqlik almashtirgichlarning (quyiga qaralsin) qo‘llanilish sohasida qo‘llash samarali bo‘ladi. Lamelli issiqlik almashtirgichlarni bloklarga komponovkalash mumkin.
Sovutgich qurilmalarda blok-panelli kondensatorlar va bug‘latgichlar qo‘llaniladi, ularda sovutuvchi agentning kondensatsiyalanishi yoki qaynashi xuddi lamelli issiqlik almashtirgichlarning trubalar tutamlariga o‘xshash qilib ishlanadigan panellarning vertikal kanallarida sodir bo‘ladi.
Spiralli issiqlik almashtirgichlar — ularda issiqlik eltuvchilar uchun mo‘ljallangan kanallar maxsus stanokda spiral qilib o‘raladigan ikkita listdan hosil qilinadigan apparatlardir (2.6v rasm). Ular orasidagi masofa payvandlash bilan yopishtiriladigan bobыshkalar yoki shtiftlar bilan belgilanadi. SSSR da GOST 12067-80 ga muvofiq spiralli issiqlik almashtirgichlarni o‘rash 0,2 dan 1,5 m gacha kenglikdagi po‘lat rulonlardan (o‘ramlardan), isitish yuzasi 3,2 dan 100 m2 gacha, listlar orasidagi masofa 8 dan 12 mm gacha, devorlarning qalinligi 0,3 MPa gacha bo‘lgan bosim uchun 2 mm va 0,6 MPa gacha bo‘lgan bosim uchun 3 mm qilib tayyorlanadi. Xorijiy firmalar 0,1 dan 1,8 m gacha kenglikdagi va 2 dan 8 mm gacha qalinlikdagi rulonli materiallardan (uglerodli va legirlangan po‘latlar, nikel, titan, aluminiy, qotishmalar va boshqalar) maxsus issiqlik almashtirgichlarni ishlab chiqaradilar. Ularda listlar orasidagi masofa 5 dan 25 mm gacha, isitish yuzasi 0,5 dan 160 m2 gacha bo‘ladi.
2.6 rasm. Lamelli va spiralli issiqlik almashtirgichlar.
a – lamelli issiqlik almashtirgiyaning umumiy ko‘rinishi; b – lamellarning apparat kojuxida joylashish sxemasi; v – spiralli issiqlik almashtirgichning prinsipial sxemasi; g – spirallarni yon tomondagi qopqoqlar bilan biriktirish usullari.
Spiralli issiqlik almashtirgichlar shtuserlar bo‘yicha gorizontal va vertikal qilib o‘rnatiladi. Ular ko‘pincha ikkita, to‘rtta, sakkizta apparatlardan tarkib topgan bloklar ko‘rinishida montaj qilinadi (yig‘iladi) va suyuqliklar yoki aralashmalarni isitish va sovutish uchun qo‘llaniladi. Vertikal apparatlardan shuningdek sof bug‘larni va bug‘-gaz aralashmasidan bug‘larni kondensatsiyalab olish uchun ham foydalaniladi. Oxirgi holatda kondensat uchun mo‘ljallangan kollektorga kondensatsiyalanmaydigan gazlarni chiqarib yuborish uchun mo‘ljallangan shtuser o‘rnatiladi.
Plastinkali issiqlik almashtirgichlar (2.7,a, b rasm) parallel plastinkalar bilan hosil qilingan tirqishsimon kanallarga ega bo‘ladi. Eng oddiy holatda plastinkalar yassi bo‘lishi mumkin. Issiqlik almashinishini intensifikatsiyalash va ixchamlikni oshirish uchun tayyorlash paytida plastinkalarga turli xil profillar beriladi (2.7g rasm), yassi plastinkalar orasiga esa profillashtirilgan qo‘yilmalar joylashtiriladi. Dastlabki profillashtirilgan plastinkalar frezerlash yo‘li bilan bronzadan tayyorlangan va yuqori metall sarfini talab qilishdan tashqari narxi ham baland bo‘lgan. Hozirgi kunda plastinkalar po‘lat listlardan (ulerodli, ruxli, legirlangan) aluminiy, melxior, titan va boshqa metallar hamda qotishmalardan shtamplash yo‘li bilan tayyorlanadi. Plastinkalarning qalinligi — 0,5 dan 2 mm gacha. Bitta plastinkaning issiqlik almashinish yuzasi — 0,15 dan 1,4 m2 gacha, plastinkalar orasidagi masofa — 2 dan 5 mm gacha.
2.7 rasm. Plastinkali issiqlik almashtirgichlar.
|