Xalqaro savdoning xususiyatlari va rivojlanish bosqichlari




Download 308,34 Kb.
bet5/8
Sana20.02.2024
Hajmi308,34 Kb.
#159251
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
new ish

4. Xalqaro savdoning xususiyatlari va rivojlanish bosqichlari.
Hozirgi zamon iqtisodiyotining ochiqlik darajasi ya’ni mamlakatlarning ixtisoslashuvi va ular o’rtasida kooperatsiya chuqurlashib bormoqda. Mamlakatlar o’z iqtisodiyotini rivojlantirish,iqtisodiy muammolarni hal qilish borasida tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda bu holatlarni etiborga olishi shart.
Jahon savdosi tashqi iqtisodiy aloqalarning asosiy shaklidir. Uning kengayishi va chuqurlashuvi natijasida kapitalni chetga chiqarish imkoniyatlari yuzaga keldi va unga bog’liq ravishda xalqaro moliya-valyuta, kredit munosabatlari rivojlandi.
Tashqi savdoning vujudga kelishi ikki muhim ob’ektiv sabab bilan izohlanadi.
Birinchidan, bu tabiiy va xom ashyo resurslarining mamlakatlar o’rtasida notekis taqsimlanganligi. Eng katta hududga ega bo’lgan yoki rivojlangan davlatlar ham barcha resurslar bilan o’zini to’liq ta’minlay olmaydi. Ular o’zlarida ortiqcha bo’lgan resurslarni eksport qilishga va mamlakatda taqchil bo’lgan resurslarni import qilishga majburlar.
Xalqaro savdo rivojlanishining zarurligini belgilovchi ikkinchi muhim sabab shundaki hamma mamlakatlar ham barcha turdagi mahsulotni bir xil samaradorlik bilan ishlab chiqara olmaydi. Ya’ni bir tovar Yaponiyada arzon ishlab chiqarilsa, ikkinchi tovar O’zbekistonda arzon ishlab chiqarilishi mumkin. Shu sababli resurslardan samarali foydalanish maqsadida mamlakatlar ixtisoslashadilar va o’zaro savdo-sotiqni yo’lga qo’yadilar.
Bu ikki ob’ektiv sabab har qanday milliy iqtisodiyotning takror ishlab chiqarishi jarayonida xalqaro savdoning ahamiyatini aniqlaydi. 90-yillarning boshlarida xalqaro savdo hajmi AQShda yalpi milliy mahsulotning 16-18 foizini, Germaniyada 30-39 foizini tashkil etdi. Shu davrda O’zbekiston yalpi milliy mahsulotida tashqi savdoning ulushi 10-12 foiz atrofida bo’ldi.
Tashqi savdo xalqaro ayirboshlashning an’anaviy shakli sifatida quyidagi ko’rinishlarni o’z ichiga oladi:

  • mahsulotlarni ayirboshlash: yoqilg’i-xom ashyo mahsulotlari, qishloq xo’jaligi mahsulotlari, sanoat mahsulotlari;

  • xizmatlarni ayirboshlash: muhandislik-maslahat xizmatlari;

  • transport xizmatlari, sayyohlik va boshqa xizmatlar. Hozirgi vaqtda xizmatlarning jahon eksportidagi hissasi 30 foizdan oshib ketdi;

  • yangi ilmiy-texnik ma’lumotlarni ayirboshlash: litsenziyalar va «nouxou»lar. Ular hissasiga xalqaro savdo aylanmasining 10 foiziga yaqini to’g’ri keladi.

  • Xalqaro savdo mahsulotlari, xizmatlar va fan-texnika ma’lumotlarini ayirboshlashning barcha ko’rinishlari tashqi savdo operatsiyalari yordamida amalga oshiriladi. Ular o’z navbatida eksport, import, reeksport va reimport operatsiyalariga bo’linadi.
    Eksport operatsiyasi - mahsulotlarni chet mamlakatlarga chiqarish.
    Import operatsiyasi - mahsulotni xorijiy sherikdan sotib olish va uni mamlakatga olib kelish.
    Reeksport operatsiyasi - avval import qilingan va qayta ishlov berilmagan mahsulotni chet elga olib chiqib sotish.
    Reimport operatsiyasi - avval eksport qilingan va u erda qayta ishlov berilmagan mahsulotni chet elda sotib olish va mamlakatga olib kelish.

XX asrning so‘nggi yillarida sobiq Ittifoqning parchalanishi, mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy va siyosiy aloqalarning sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishi, milliy xo‘jalik aloqalarining integratsiyalashuvi bilan, globalizatsiya jarayonlarining jadallashuvi yuz berdi. Globalizatsiya natijasida jahon xo‘jaligining tarkibiy qismiga aylanib borayotgan mamlakatlarning soni ortib bormoqda. Bu milliy darajadagi huquqiy, iqtisodiy hamda texnologik to‘siqlar yo‘qolishiga, uning o‘rniga xalqaro iqtisodiy xo‘jalikning umumiy iqtisodiy qonuniyatlari va xalqaro xo‘jalikning funksional aloqalarini tatbiq etilishiga olib kelmoqda.
XXI asr bo‘sag‘asida jahon iqtisodiyotida to‘rtta asosiy tarkibiy an’ana kuzatildi:
birinchidan, xomashyo eksportiga asoslangan hamda sanoati rivojlangan mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlardagi o‘zgarishlar. Xomashyo yetkazib beruvchi mamlakatlar va sanoati rivojlangan mamlakatlar o‘rtasida an’anaviy iqtisodiy aloqalar mavjud bo‘lib, ularning o‘zaro munosabatlar modeli quyidagicha edi: xomashyo yetkazib beruvchi mamlakatlar, xomashyoni eksport qilib, olingan valyuta tushumlaridan sanoat mahsulotlari importini moliyalashtirganlar.
O‘tgan asrning 70-yillarida "Rim klubi" nomi bilan mashxur Gʻarbiy Yevropa olimlari "dunyo miqyosida tez orada tabiiy resurslarning global taqchilligi yuzaga keladi", deb bashorat qilgan edilar.
Ushbu mulohazalarga asoslanib ko‘pgina xomashyo yetkazib beruvchi mamlakatlar xomashyo sotish evaziga valyuta tushumini oshirish maqsadida kartellarga birlashdilar. Ammo, sanoat texnologiyasi va qishloq xo‘jalik sohasining keskin rivojlanishi, xomashyoga bo‘lgan talabning qiskarishiga ta’sir ko‘rsatdi va natijada xomashyo bahosining pasayishi yuz berdi.
ikkinchidan, sanoati rivojlangan mamlakatlarda qo‘l mehnatiga asoslangan ishlab chiqarishdan, bilim va malakaga asoslangan ishlab chiqarishga o‘tildi.
Jahon iqtisodiy tuzilmasidagi ushbu o‘zgarishlar natijasida bandlik tarkibida yuqori malaka talab qiluvchi mutaxassislarga ehtiyoj ortib, nisbatan past malakali mutaxassislarga talab pasayib bordi. Axborot almashuvining osonligi - tadbirkorlik faoliyatini, kichik biznes va shaxsiy tashabbusni rag‘batlantirdi.
Ilmiy-texnika progressi yutuqlaridan foydalanish, bilimni va yuqori malakani talab qildi, shuning uchun ishlab chiqarish samaradorligi va raqobatbardoshlikni oshirish uchun, inson kapitaliga investisiya qilish muhimligi ortdi.
uchinchidan, jahon savdosida xalqaro kapital harakatining sezilarli darajada ortishi. Ushbu o‘zgarish xalqaro savdoga nisbatan xalqaro kapital harakatining tez sur’atda o‘sishi bilan yuz berdi. Xalqaro moliya statistikasining ma’lumotlariga ko‘ra, jahon eksporti hajmi, 1981 yildagi 2000 mlrd. AQSH dollaridan 1991 yilda 3447 mlrd. AQSH dollari darajasigacha o‘sgan. Shu vaqt oralig‘ida xalqaro obligatsiyalar emissiyasi 23 mlrd.dan 342 mlrd. AQSH dollariga o‘sdi. Bundan tashqari, uchta yetakchi xalqaro moliya bozorlarida ko‘plab xorijiy valyutalar aylanmasi sezilarli darajada o‘sdi. 1986 yildan 1992 yilgacha Londonda xorijiy valyutaning kunlik o‘rtacha aylanmasi 90 mlrd.dan 303 mlrd. AQSH dollarigacha ortdi. Shu davrda Nyu-Yorkdagi kunlik aylanma 50 mlrd.dan 192 mlrd.ga, Tokioda 48 mlrd.dan 128 mlrd. AQSH dollariga ortgan.
turtinchidan, transmilliy korporatsiyalar (TMK)ning qo‘shma korxonalarni tashkil etish uchun xalqaro investisiyalari va hamkorlik bitimlarida diversifikatsiya darajasining ortishi.
Bunda asosiy o‘zgarish sifatida TMKlar va ularning turli mamlakatlarda qo‘shma korxonalari sonining o‘sib borishini ko‘rsatish mumkin.
TMKlar o‘zlarining tashkiliy, ishlab chiqarish va marketing tizimlarini chet mamlakatlar hududlariga yoyib, shu yo‘l bilan tovar, xizmat, kapital va texnologiyalarini ishlab chiqarishga jalb etib, ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro harakatlarga ta’sir etdi. Qo‘shma korxonalar xalqaro biznes integratsiyasining keng tarqalgan shakliga aylandi.
Shuningdek, jahon iqtisodiyotining integratsiyalashuv jarayonlarida xalqaro tashkilotlar rolini alohida e’tirof etish zarur.
Jahon savdo tashkiloti (JST), Xalqaro valyuta fondi (XVF), Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IXRT), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va shu kabi xalqaro institutlar hamda yetakchi mamlakatlar boshliqlari va moliya vazirlarining xar yili bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarining xalqaro munosabatlarni tartibga solishdagi ahamiyati ortib bormoqda. Texnologiyalar bo‘yicha, atrof-muhitni asrash, moliya institutlarining faoliyati, buxgalteriya hisobotlari, milliy statistika (milliy hisoblar tizimi) va boshqalarga yagona andozalarni qo‘llash kengaymoqda. Ushbu andozalar ta’lim va madaniy sohalarga yoyilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar orqali makroiqtisodiy siyosatning yagona mezonlari tatbiq etilmoqda. Valyuta-kredit, soliq, tashqi iqtisodiy siyosat, bandlik sohasi bo‘yicha qo‘yiladigan talablarning birxillashuvi yuz bermoqda, xalqaro raqobat qoidalari ishlab chiqilmoqda.
Bu jarayonlar qanchalik jadal sur’atlarda amalga oshirilmasin, zamonaviy jahon iqtisodiyoti to‘la global holatda faoliyat yuritayotgani yo‘q, balki u endi globallashuv jarayonlarining dastlabki bosqichlarini boshdan kechirmokda.
O‘tish davrini boshdan kechirayotgan mamlakatlarning jahon bozoriga integratsiyalashuvi uzoq muddatli jarayon hisoblanadi. Ba’zi milliy bozorlarning ochiq, ba’zilarining qattiq tartibga solinadigan bo‘lgan hozirgi holati bilan, globallashuvning asosiy tamoyillaridan bo‘lgan erkinlashuv, bir-biriga nomuvofiq bo‘lgan ko‘rinishni hosil qilmoqda.
Xalqaro tovarlar, xizmatlar va kapitallar almashinuvining erkinlashish an’anasi kengayayotgan bir paytda, har bir davlat eksport va importni tartibga solishning ma’lum instrumentlarini saqlab qolmoqdalar. Ularning asosiy maqsadi - tarkibiy qayta qurish va inqiroz davrining qiyinchiliklarini yengib o‘tish, milliy xavfsizlikni ta’minlash - takror ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlovchi (energetika, transport, aloqa va h.k.) va mamlakat mudofaa qobiliyati kabi strategik sohalarni moliyaviy ta’minlash, shuningdek, savdo sheriklardan munosib imtiyozlar olish, shuningdek, byudjet tushumlarini oshirishdan iborat bo‘lmoqda. Amaldagi bunday proteksionizm fiskal muammolarni hal etishdan ko‘ra, ko‘prok tarkibiy siyosat o‘tkazish vositasi hisoblanadi.
Hozirgi sharoitda nafaqat erkin savdo g‘oyasi (erkinlashuv) bilan proteksionizm o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga chiqmoqda, balki milliy xo‘jalikni jahon xo‘jaligiga kirish samarasini maksimal tarzda ta’minlash maqsadida, xo‘jalikni tartibga solishning yuqoridagi ikki instrumentining optimal aralashmasidan foydalanilmokda. Bunday aralashmaning shakl va nisbatlari, ma’lum vaqtdagi pragmatik manfaatlardan kelib chiqib aniqlanadi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda globalizatsiya bilan birga, integratsiya jarayonlarining yana bir shakli - ma’lum geografik joylashuvga asoslangan hududiy integratsiya (hududiylashuv) yuz bermoqda.
O‘sib boruvchi globallashuv, hududiylashuv, iqtisodiyotning transmilliylashuvi va integratsiya natijasida, eski - davlatlararo tartibga solish mexanizmi tubdan o‘zgardi. Mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ikkiyoqlama munosabatlar chegarasidan chiqib, ko‘pyoqlama tus olmokda.
Ammo, "milliy xo‘jalik majmui", "mamlakatning milliy iqtisodiy manfaatlari" tushunchalari o‘z ma’nosini saqlab qolmokda. Milliy xo‘jalik hamon ishlab chiqarish, almashuv, taqsimot va iste’mol, shuningdek, iqtisodiy faoliyatning asosiy markazidir.
Har bir davlatning yillar davomida shakllangan o‘z tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy - madaniy rivojlanish xususiyatlari mavjud bo‘lib, boshqa mamlakatlarning tajribalarini ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olish, yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etiladigan, iqtisodiy rivojlanishning hamma uchun umumiy reseptlarini qo‘llash, samarasiz va iqtisodiy vaziyatni izdan chiqarishi mumkin.
Jahon xo‘jaligiga kirishda ilg‘or mamlakatlarning boy tajribalariga taxliliy yondoshish va ushbu tajribalarni milliy xususiyatlar bilan eng optimal tarzda uyg‘unlashtirish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng, o‘zining mustaqil tashqi iqtisodiy siyosatini olib borish imkoniyati yuzaga chiqdi. Respublikaning tashqi iqtisodiy siyosati xalqaro moliyaviy munosabatlarda mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan holda amalga oshiriladi va u quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
• mafkuraviy qarashlardan qat’iy nazar tashqi munosabatlarda oshkoralik;
• teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik, boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
• o‘zining milliy-davlat manfaatlari ustuvorligida o‘zaro manfaatlarni har tomonlama hisobga olish;
• respublika biron-bir davlatning ta’sir doirasiga kirmasligi tamoyiliga to‘la amal qilish;
• to‘la ishonch, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish asosida ikki tomonlama, shuningdek, ko‘p tomonlama tashqi aloqalarni o‘rnatish va ularni rivojlantirish;
• umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlariga rioya etish.
Tashqi iqtisodiy soha tarmoqlari majmuini vujudga keltirmasdan turib, shuningdek, moliya, bank-kredit tashkilotlari, bojxona xizmati ishini xalqaro me’yorlar va talablar darajasida yo‘lga qo‘ymasdan turib, xalqaro aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni tasavvur etib bo‘lmaydi.
Tashqi savdo, iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalarda quyidagi yo‘nalishlar ustuvor hisoblanadi:
birinchidan, respublikaning eksport qudratini rivojlantirish va yanada mustahkamlash, eksportga yunaltirilgan iqtisodiyotni shakllantirish;
ikkinchidan, eksport imkoniyatini kengaytirish, jahon bozoriga kirib borish uchun, avvalo, qimmatbaho xomashyoni qayta ishlash negizida tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalarni rivojlantirish;
uchinchidan, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish, xo‘jalik ishlarini yurituvchi sub’yektlarga xorijiy sheriklar bilan bevosita aloqalar o‘rnatishda, o‘z mahsulotlarini chet ellarda sotishda ko‘proq erkinlik berish, tovarlarni eksport va import qilishda birmuncha imtiyozli tartibni joriy qilish borasida aniq maqsadni ko‘zlab siyosat o‘tkazish;
to’rtinchidan, xorijiy sarmoyalarni respublika iqtisodiyotiga keng ko‘lamda jalb etish uchun zarur huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda boshqa sharoitlarni yaratish;
beshinchidan, xalqaro moliyaviy munosabatlarning tarkibiy majmuini vujudga keltirish;
oltinchidan, xalqaro huquq va xalqaro moliyaviy munosabatlar sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish.
Integratsiya munosabatlari, manfaatlar birikuvining xilma-xil mexanizmlari va shakllari hamda integratsiya turlari mavjudligiga asoslanadi. O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida turli darajalarda - dunyo miqyosida va mintaqa ko‘lamida integratsiya jarayonlariga qatnashsada, ammo bir muhim qoidaga amal qiladi, ya’ni: bir davlat bilan yaqinlashish boshqa bir davlat bilan uzoqlashish hisobiga bo‘lmasligi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy jihatdan rivojlangan bozor tizimiga ega bo‘lgan, demokratik davlat haqidagi hozirgi zamon tushunchalariga mos ravishda jahon hamjamiyatiga kirishishi mumkinligiga asoslanadi.
Mamlakat jahon hamjamiyati bilan hamkorlik o‘rnatgan takdirdagina, ya’ni xalqaro mehnat taqsimotida o‘zining munosib o‘rnini topganda, mintaqa va butun dunyo xavfsizlik tizimlarini barpo etishda faol ishtirok etgandagina uni iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning yangi sifat bosqichga olib chiqish imkoniyatlari kengayadi.
O‘zbekiston Respublikasi rivojlanish va taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘yib, iqtisodiy hamkorlik sohasidagi ko‘pgina nufuzli xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a’zolari safiga kirib kelmokda. Qisqa vaqt oralig‘ida respublika XVF, Jahon banki, XMT, Jahon sog‘likni saqlash tashkiloti (JSST), Osiyo va Tinch okeani ijtimoiy-iqtisodiy komissiyasi (OTIIK), YeTTB, Xalqaro Moliya korporatsiyasi (XMK), Hamdo‘stlikning mintaqaviy iqtisodiy tashkiloti (XMIT) va shu kabi qator xalqaro moliyaviy tashkilotlarga qabul qilindi.
Jahon hamjamiyatidagi integratsiyalashuv hakida so‘z borganda, BMT faoliyatida O‘zbekistonning ishtiroki e’tiborga loyiq xodisa. Faqat BMTgina xavfsizlikni saqlash va ta’minlashga qaratilgan diplomatiyadan to tinchlik o‘rnatishga qaratilgan operatsiyalarda qatnashishgacha bo‘lgan vositalarga ega.
Jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvning strategik maqsadi - davlatlarning turli mintaqaviy birlashmalari bilan aloqalarni rivojlantirishdan iborat. O‘zbekiston mintaqaviy xalqaro tashkilotlar: YeI, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti (YeXXT), Shimoliy Atlantika bloki (NATO), Qo‘shilmaslik Harakati va boshqalar bilan samarali hamkorlik qilmokda.
Jahon banki bilan birgalikda O‘zbekistonda milliy valyutani mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish va to‘lov balansini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish va korxonalar darajasidagi islohotlarni amalga oshirish uchun tiklanish qarzi berish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi va amalga oshirilmoqda

Download 308,34 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8




Download 308,34 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Xalqaro savdoning xususiyatlari va rivojlanish bosqichlari

Download 308,34 Kb.