6-Mavzu: Kasb va shaxs psixologiyasi.
Reja:
1. Shaxs haqida tushuncha
2. Shaxs psixologiyasi
3. Kasbiy maslahat berish uchun ishlatiladigan testlar
Har bir odam tug`ilgan kunidan boshlab odamlar qurshovida, ma`lum jamoada - oilada yashaydi. Jamiyatda rivojlanuvchi, til yordamida boshqa odamlar bilan munosabatga kirishuvchi odam shaxsga – voqelikni biluvchi hamda uni o`zgartiruvchi sub`ektga aylanadi. Odam bolasini individ deyiladi. Biz hamma kishilarni - normal odamlarni, yangi tug`ilgan chaqaloqni, aqli zaiflarni individ degan tushunchaga kiritamiz. Ammo ularning hammasini shaxs deb atay olmaymiz. Biz jamiyatda biror foydali mehnat bilan shug`ullanuvchi kishini shaxs deymiz. Odamni shaxs sifatida tevarak - atrofdagi kishilar va narsalar bilan bo`lgan aloqalari ularning ishlab chiqarish faoliyatlarida, odamlar o`rtasida yuzaga keladigan munosabatlarda namoyon bo`ladi. Odam boshqa kishilar bilan bo`lgan munosabatlardagina shaxs bo`lib shakllana boshlaydi. Demak, shaxs kishilik jamiyatida yashaydigan, faoliyatni biror turi bilan shug`ullanadigan, til orqali atrofdagilar bilan normal muloqotda bo`la oladigan, ongi yuksak rivojlangan komil insondir.
Inson shaxsining eng muhim tomonlaridan biri uning individualligidir. Individuallik - bu shaxsning bir necha fazilatlarining qaytarilmaydigan birikmasidir. Uning tarkibiga xarakter (tabiat), temperament (mijoz) qobiliyatlar, hissiyotlar yig`indisi, odatlar kiradi. Odam turli guruhlarga kirar ekan, har xil vazifalarni bir - biriga o`xshamagan rollarni bajaradi. Ba`zi bolalar oilada erkatoy, injiq bo`lsa, maktabda tengdoshlari o`rtasida kamtarin, odobli, xushchaqchaq bo`ladi. Ishda juda jiddiy yuradigan odam biror sayohatga borganda hazilkash, qiziqchi bo`lib yurishi mumkin. Ko`pincha kishi turli vaziyatlarda o`xshash sifatlarni namoyon qiladi.
Bizning jamiyatimizda shaxsga beriladigan tavsifnoma uning rivojlangan jamiyat qurish jarayoniga bo`lgan munosabati va bu jarayonda real qatnashishi bilan belgilanadi. Odamning psixik holatlarini o`zgarishi tashqi muhitga va ijtimoiy tarbiyaga bog`liqdir. Shaxsning nisbatan barqaror va nisbatan o`zgaruvchan xususiyatlari shaxs xislatlarining bir butunligi va o`zaro bog`liqligidan iborat bo`lgan murakkab birlikni, ya`ni dinamik tuzilishni hosil qiladi.
Shaxsni psixologik jihatdan o`rganish o`z tarkibiga ikki asosiy ilmiy masalani hal qilishni oladi:
1. Har bir shaxsni boshqa odamlardan ajratib turadigan individual tuzilishini aniqlash. Bu xulq - atvorni oldindan ko`ra olish imkonini beradi.
2. Inson shaxs tuzilishining bir necha qismlarini ajratib ko`rsatishni talab etadi. Bu qismlarning yig`indisi inson shaxsini hosil qiladi. Hozirgi zamon chet el psixologiyasida ikkita omil, ya`ni biologik va ijtimoiy omillarning ta`siri bilan tarkib topgan inson shaxsida ikkita asosiy qismlarni ajratuvchi nazariya ko`zga ko`rinarli o`rinni egallamoqda. Inson shaxsi “Endopsixik” (ichki) va “Ekzopsixik” (tashqi ) a`zolariga bo`linadi, degan fikr ilgari surilgan edi. Tabiiy asosga ega bo`lgan “endopsixika” biologik shart - sharoitlarga bog`liq, “ekzopsixika” ijtimoiy omillarga bog`liqdir. Ikkala omil nazariyasining xatoligi shundaki, bu nazariya ijtimoiy omil bilan biologik omilni, muhit bilan biologik tuzilishni, “ekzopsixika” bilan “endopsixika” ni mexanik ravishda bir - biriga qarama - qarshi qilib qo`yadi. Biroq shaxsning tarkib topishi, tuzilishiga ta`sir qiluvchi tabiiy va ijtimoiy omillar masalasiga yondoshishning boshqa imkoniyatlari ham bor. Masalan, shunday tadqiqot o`tkazilgan: tadqiqotda bo`yi 80 - 130 sm. dan oshmaydigan kishilar shaxsining tuzilishida ko`p jihatdan o`xshashlik borligi aniqlangan. Ularda bolalarcha soddalik, yuksak chidamlilikni, uyat degan narsaning yo`qligini ko`rish mumkin ekan.
Shaxs o`zining faoliyati tufayli tevarak -atrofdagi olam bilan faol munosabatda bo`ladi. Shaxsning faolligi deganda odamning atrofdagi tashqi muhitga ko`rsatadigan ta`siri tushuniladi. Tashqi muhit bilan faqat odamlar emas, hayvonlar ham o`zaro munosabatda bo`ladilar. Lekin hayvonlar tashqi muhitga moslashib yashaydilar, odamlar esa tashqi muhitga moslashib qolmasdan, uni o`zgartirishga ham qodirlar. Shaxsning faolligi uning turli qiziqishlarida, ehtiyojlarida namoyon bo`ladi. XX asr boshlarida yashagan avstriyalik psixiatr Z.Freyd shaxs faolligini quyidagicha tushuntiradi: “Odam o`zining avlodlaridan nasliy yo`l bilan o`tgan instinktiv mayllarning namoyon bo`lishi tufayli faoldir. Instinktiv mayllar asosan jinsiy instinktlar shaklida namoyon bo`ladi”. Freyd shaxsning faolligini jinsiy mayllar bilan bog`laydi. Shaxsning faolligini hozirgi zamon ilmiy psixologiyasi to`g`ri hal qilib beradi. Ularning fikricha, inson shaxsiy faolligining asosiy manbai uning ehtiyojlaridadir. Odamning ehtiyojlari faollik ko`rsatishga undaydi. ehtiyoj - shaxs faolligining manbai sifatida namoyon bo`ladigan va uning aniq yashash sharoitiga bog`liqligini ifodalovchi holatdir. ehtiyojlar paydo bo`lishiga ko`ra, moddiy (tabiiy) va ma`naviy (madaniy) ehtiyojlarga bo`linadi. Moddiy ehtiyojlarga uxlash, jinsiy yashash, ovqat eyish, issiq va sovuqdan saqlanish, uy - joyga bo`lgan ehtiyojlar kiradi. Ma`naviy ehtiyojlarga kishilarning ijtimoiy ong mahsulotlariga bo`lgan muhtojligi kiradi. Bunday ehtiyojlarga - o`zaro suhbatlashish, kitob o`qish, kino - teatr tomosha qilish, musiqa tinglash kabilar kiradi. Biz moddiy ehtiyojlarimizni madaniy ehtiyojlar asosida qondiramiz. Moddiy va ma`naviy ehtiyojlar albatta qondirilishi shart.
Inson shaxsining faolligi uning qiziqishlarida ham namoyon bo`ladi. Qiziqish- shaxsning oliy nerv faoliyatidagi narsa va hodisalarni bilishi, anglash istagi bilan bog`liq bo`lgan munosabatidir. Qiziqishlar moddiy, ma`naviy, salbiy, ijobiy, davomli, qisqa muddatli bo`ladi. qiziqishlar asosida shaxsning dunyoqarashi va ishonch - e`tiqodlari tarkib topadi. Biz yoshlarda mehnatga ehtiyojni tarbiyalashimiz kerak. Inson shaxsi xulq - atvorining o`z motivlari bo`ladi. MOTIV - ma`lum ehtiyojlarini qondirish bilan bog`liq bo`lgan qandaydir faoliyatga moyillikdir. Agar ehtiyojlar inson shaxsi faolligining moxiyatini tashqil etsa, motivlar bu moxiyatning namoyon bo`lishidan iboratdir. Shaxsning ehtiyojlari motivlar bilan bog`liqdir. SHuning uchun motivlar bir - biridan ehtiyoj turiga qarab farqlanadi. Masalan, moddiy ehtiyojning qondirilishi bilan bog`liq bo`lgan motivlar yoki ma`naviy ehtiyojlarning qondirilishi bilan bog`liq bo`lgan motivlar bo`lishi mumkin. Motivlar anglanilgan va anglanilmagan bo`lishi mumkin. Anglanilmagan motivda odam nimanidir istaydi, ammo o`sha narsa nimaligini tasavvur qila olmaydi. Demak, motivlar inson shaxsi xulq - atvorini va turli faoliyatlarini harakatga keltiruvchi sabablardir. Xatti - harakatlarning muhim motivi e`tiqoddir. e`TIqOD - shaxsni o`z qarashlari , tamoyillari, dunyoqarashlariga mos ravishda harakat qilishga undovchi anglanilgan ehtiyojlar tizimidir. Tilaqlar ham xatti - harakat motivlari bo`lib, bu motivlarda mazkur vaziyatda bevosita bo`lmagan yashash va taraqqiy etish sharoitlarida ehtiyojlar o`z ifodasini topadi. Faoliyatga nisbatan anglanilmagan mayllar orasida eng ko`p o`rganilgan masala ko`rsatma berishdir. Bu masala gruzin psixologi D.N. Uznadze va uning xodimlari tomonidan ishlangan. Ko`rsatma berish deganda, bilish faoliyati bilan bog`liq bo`lgan ehtiyojlarni ma`lum usulda qondirishga tayyor turish tushuniladi. Masalan, talabalar o`qituvchilar beradigan topshiriqlarni bajarishga doim tayyor turadilar.
Shaxsning shakllanishi haqida ikki oqimning fikrini keltirish mumkin. Biogenetik yo`nalish va sotsiogenetik yo`nalish. Biogenetik yo`nalish tarafdorlarining fikricha, inson shaxsi va shaxsiy xususiyatlar faqat bitta omil, nasliy xususiyatlarning ta`siri bilan yuzaga keladi. Ular tashqi muhit va ta`lim - tarbiyaning rolini tan olmaydilar. Sotsiogenetik yo`nalish tarafdorlari eksperimentlarning rivojlanishi bilan bog`liqdir. Ushbu yo`nalish asoschilaridan biri Jon Lokk yangi tug`ilgan bolaning miyasini toza taxtaga o`xshatadi. Go`yoki, uning miyasiga kattalar xohlagan narsasini yozishlari mumkin. Ular tajribani ikkiga ajratadilar: tashqi va ichki tajriba. Yo`nalish tarafdorlarining fikricha, tashqi tajriba - bu moddiy dunyoni narsalarning ta`siridan hosil bo`ladigan bizning sezgilarimizdir. Ichki tajriba esa ruxning mustaqil harakatidir. Buni refleksiya deb ataydilar. Ular tashqi tajriba - sezgilar ichki tajriba-refleksiya bir - biriga bog`liq emas, degan fikrga o`tib ketdilar. Ular shaxsning tarkib topishi faqat ta`lim - tarbiyaning ta`siriga bog`liq deb, tashqi muhit va biologik omillarning ta`sirini tan oladilar. XIX asrning ikkinchi yarmida biogenetik qonun degan oqim kirib keldi. Biogenetik qonun biologiyaga xos bo`lgan ommaviy qonundir. Bu qonunga ko`ra, odam onaning qornidan to tug`ilguncha ko`p ming yillik evolyutsion taraqqiyotni bosib o`tadi, ya`ni uzoq evolyutsion taraqqiyot yo`lini qisqa muddatda takrorlaydi. Biologik qonun namoyondalaridan Myuler va Gekkellar odam tug`ilguncha butun evolyutsion taraqqiyotni qisqa muddatda takrorlar ekan, tug`ilgandan so`ng to shaxs bo`lib tarkib topguncha tarixiy taraqqiyotni takrorlaydi, degan fikrni bildirgan.
Inson shaxsining individual (ontogenetik) taraqqiyoti butun insoniyat tarixiy taraqqiyotining (filogenetik) asosiy bosqichlarini qisqacha takrorlashdir. Ular o`zlarining nazariyalarini bolalarning turli yosh davrlarida namoyon bo`ladigan faoliyat turlari orqali tushuntiradilar. Masalan: nemis psixologi V.SHternning fikricha, yangi tug`ilgan chakaloq odam emas, balki sut emizuvchi hayvondir. U olti oylikka etganda maymunlar darajasiga etadi, ikki yosh bo`lganda maymunning odamga aylanish davrini eslatadi. 5 yoshda ibtidoiy poda bo`lib yashagan qadimgi odamlar darajasiga etadi. 1 - sinfga borganda ibtidoiy jamoatchilik davrini eslatadi. Kichik maktab yoshida esa o`rtaasrlar davrini eslatadi. YUqoridagi nazariyalar uchta omilning (irsiyat, muhit, tarbiya) birgalikdagi ta`sirini tushuntirib bera olmadilar. Shaxsni shakllanishiga ushbu omillar birgalikda ta`sir etadi.
Irsiyat - orqali bolaga nerv tizimi, shartsiz reflekslar, tashqi ko`rinish, irsiy kasalliklar va layoqatlar utadi.
Ijtimoiy muhit - avvalo oila muhiti bo`lib, bola tug`ilgan kunidan boshlab odamlar qurshovida ijtimoiy munosabatda bo`lib yashaydi. Shaxs tashqi muhitdan turli ijtimoiy munosabatlarni o`zining faoliyati orqali singdirib, o`z fe`l - atvoriga aylantirib boradi. Bolalarning hammasi o`yin faoliyati bilan shug`ullanadi. O`yin bolalar uchun dunyoni bilish qurolidir. U kattalarning xatti -harakatlariga taqlid qilish orqali o`ynaydi. Ijtimoiy muhitning shaxs shakllanishiga ta`siri kuchli. Masalan, yangi tug`ilgan bolani hayvonlar orasiga qo`shib qo`yilsa xatti - harakatlari hayvonlarnikiga o`xshaydi. Bola tili ham ijtimoiy muhitga bog`liq.
Har bir odam bilish, eshitish bilan birga malaka va odatlarni egallaydi. Malakalar bir necha xil bo`ladi (yozish, o`qish, yurish, musiqa chalish, sport va h. k.) Maqsadni ko`zlab biror ishni bajarish malakaga bog`liq. Malaka deb, avval ongli bajarilib keyinchalik avtomatlashgan xatti -harakatlarga aytiladi. Istalgan malakani qayta -qayta takrorlash natijasida hosil qilish mumkin. Malakalar sodda va murakkab bo`lishi mumkin. Masalan, mashina haydash, musiqa chalish, kasb egallash murakkab malaka, mix qoqish, o`tin arralash sodda malaka hisoblanadi. Malakalarni mashq qilish natijasida egallanadi. Shaxsda malakadan tashqari odatlar ham bo`ladi. Odat kishi qalbiga chuqur o`rnashib, uning ehtiyojiga aylanib qolgan harakatlardir. Masalan, ertalab turib yuvinish, ovqatlanish, ozoda yurish kabilar. Odatlar ijobiy va salbiy bo`ladi. Salbiy odatlarga yolg`on gapirish, ichish, chekish kabilar kiradi. Malaka va odatlarning nerv - fiziologik asoslarini shartli reflekslarning hosil bo`lish mexanizmi tashqil qiladi. Bu shartli refleks oddiy emas, balki dinamik stereotip tarzidagi, ya`ni takrorlash natijasida mustahkamlangan shartli reflekslar birlashmasidan iborat. Masalan, bolalar bog`chaga o`rganguncha qiynaladi, chunki uydagi sharoitga ularda dinamik stereotip bo`ladi. YAngi hosil qilinadigan malakalar ilgari hosil qilinadigan malakalarga bog`liq bo`ladi. Ilgarigi malakalar ijobiy ta`sir qilsa malakalarning kuchayishi ko`zatiladi. Masalan, chet tillardan birontasini o`rgangan odam boshqa bir chet tili o`rganishda qiynalmaydi. Agar ilgarigi malaka salbiy ta`sir qilsa malakalar interferentsiyasi deyiladi. Masalan, bir sohada ishlagan odam butunlay boshqa sohaga o`tsa qiynaladi. Shaxs shug`ullanayotgan ishi bilan uzoq vaqt shug`ullanmasa malakalar sunish hodisasi ko`zatiladi. Buni malakalarning deavtomatizatsiyasi deyiladi. Malakalarning hosil bo`lish tezligi va mustahkamlanishi odamning yoshiga bog`liq. Masalan, til o`rganish 4 - 5 yoshda tez o`rganiladi. Hunar egallash 12 - 13 yoshda tez o`rganiladi. Malakalarning mustahkamligi qiziqishlarga, individual xususiyatlarga bog`liq , ya`ni asab tizimiga bog`liq bo`ladi. Masalan, xoleriklarda malaka tez, melanholiklarda sekin hosil bo`ladi. Demak, malakalar inson shaxsining tarkib topishiga katta ta`sir ko`rsatadi. Shaxs o`zining individualligida, ijtimoiy munosabatlarda belgilanadi. Atoqli psixolog K.K Platonov shaxsni “Konkret odam yoki dunyoni yaratuvchi sub`ektdir”,
L. L. Bojovich esa “Odam o`zining anglash jarayonida yaxlitligini idrok qiladi, unda “Men” degan tushuncha paydo bo`ladi”, deb ta`kidlaydilar. A.N. Leont’evning “Faoliyat. Ong. Shaxs” degan kitobida shaxs haqida ajoyib fikrlar bor: “Bu oliy olam birligi, hayotda doimiyligini saqlaydi, har qanday sharoitda shaxsligicha boshqalar ko`z o`ngida va o`zining ko`z o`ngida qoladi.”
Shaxsning psixologik xarakteristikasi, psixologiyada shaxs tushunchasi. Inson, odam ko‘plab fanlarning o‘rganish ob’ekti bo‘lib hisoblanadi. Ular odamlarning turli tomonlarini va hayot tarzini, rivojlanishi va boshqalarni o‘rganadi. O‘z ob’ektini belgilash va ta’riflash uchun turli tushunchalar qo‘llaniladi. Psixologiya fani odamni jamiyatda, boshqalar bilan munosabatda bo‘luvchi ongli faoliyat sub‘ekti sifatida o‘rganadi. Psixologiya fani odamni ta’riflashda ko‘plab tushunchalar qo‘llaniladi. Shu jumladan «shaxs», «individ», «individuallik» tushunchalari ham qo‘llaniladi.
Odamning insonlik jinsiga mansubligi individ tushunchasi bilan ifodalanadi. Katta yoshdagi kishilar, chaqaloqlar, tilni va oddiy malakalarni o‘zlashtira olmaydigan ruhiy kasallar (telbalar) ham individdir. Individ tushunchasida kishining biologik turga mansubligi aks ettirilgan. Barcha kishilar odamlar individdir.
«Individ» tushunchalar kishining nasl-nasabi ham mujassamlashgandir. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning ham, katta yoshning ham, tafakkurni ham, akli zaif ovsarni ham, yovvoyilik bosqichidagi qabilaning vaqilini ham, madaniyatli mamlakatda yashayotgan yuksak bilimli kishini ham individ deb hisoblash mumkin.
Individ sifatida kishi alohida sotsial fazilat kashf etadi, shaxs bo‘lib yetishadi. Individ sifatida dunyoga kelgan odam keyinchalik, jamiyatdagina shaxs ga aylanadi. Ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchi, ijtimoiy taraqqiyotda ishtirok etuvchi odamgina shaxs deyiladi. Shaxsning eng asosiy belgisi-uning ongli faoliyat egasi ekanligidir. Ma’lumki kishi ongi faqat jamiyatda, boshqalar bilan o‘zaro munosabatda til yordamida ijtimoiy tajribani o‘zlashtrishda shakllanadi. Binobarin shaxs ham faqat jamiyatdagina shaxsga aylanishi mumkin.
Shaxs tushunchasida odamning ijtimoiy xarakteri aks ettirilgan. Lekin shaxsning ijtimoiy muhitning passiv mahsuloti deb qarab bo‘lmaydi. Shaxs ijtimoiy tajribani faol ravishda tahlil qiladi, o‘zlashtiradi, o‘zi uchun o‘zgartiradi-bu jarayon davomida o‘zi ham shaxs sifatida shakllanadi. Shaxsning faolligi o‘zi hayot uchun yo‘l tanlashida, bu yo‘lni egallashida. Hayotda o‘z mavqei va o‘rnini anglashida ifodalanadi. Shaxs shakllanib borgan sayin tashqi ta’sirlar, shu jumladan ijtimoiy ta’sirlar ham uning ichki dunyosi, psixologiyasiga qarab turli odamlarga turlicha ta’sir qiladilar. Masalan, bir xil baho turli o‘quvchilarga turlicha ta’sir qiladi.
Shaxsning faqat psixologiya emas, balki sotsiologiya, tarix, san‘atshunoslik, estetika, etika, pedagogika, meditsina, yuridik va boshqa fanlar ham o‘rganadi.
Odamning shaxs sifatidagi asosiy belgisi: sotsiolligi, ongi va tilidir.
Inson shaxsning xarakterli tomonlaridan biri uning individualligidir.
Individuallik-shaxs psixologik, ijtimoiy, fiziologiya xususiyatlarining birikmalarining qaytarilmasligidir. Shaxs individualligi uning xarakteri, temperamenti, psixik jarayonlarning dinamikasi, hissiyotlari, faoliyatining motivlari, qobiliyatlari va shunga o‘xshashlarning yigindisiga bog‘liq. Bularning hammasini birga qo‘shib, mujassamlashtirsak ikita bir xil odam bo‘lmagan va bo‘lmaydi.
Har bir odam o‘ziga mansub bo‘lgan sinf millatiga xos. Ko‘pgina umumiy sifatlarga ega bo‘lish bilan bir qatorda o‘zining shaxsiy fazilatlariga egaki, bu sifatlar uni takrorlanmas individuallikga aylantiradi. Olamda bir xil kishi yo‘q. Individullaik kishining o‘ziga xosligini uning boshqa odamlardan farqini aks ettiruvchi psixologik fazilatlar birikmasidir. Individuallik temperament va xarakter xususiyatlaridan odatlarda, ustun darajadagi qiziqishlarda, bilish jarayonlarga oid fazilatlar (idrok, xotira, tafakkur, tasavvur)da Qobiliyatlarda faoliyatning shaxsga xos uslubida va hokazolarda namoyon bo‘ladi. Zikr etilgan psixologik xususiyatlarning bir xildagi birikmasini o‘zida mujassamlashtirigan odam yo‘q – inson shaxsi o‘z individualligi jihatidan betakrordir.
Shunday qilib, individuallik inson shaxsiga xos fazilatlarning faqat bitta jihati bo‘lib hisobalanadi, xolos.
Ma’lumki odam jamiyatda turli guruhlarda (oilada, o‘qishda, ishda, davrada) bo‘ladi. Har bir guruhda o‘ziga xos ba’zan butunlay bir-biriga o‘xshamaydigan rollarni o‘ynaydi. Lekin shunga qaramay, ko‘pincha odam turli vaziyatlarda o‘xshash sifatlarni namoyon qiladi. Bir qarashda qarama-qarshi ko‘ringan xususiyatlarning namoyon bo‘lishida umumiylik bor. Ana shu shaxs sifatlarning bir-biriga mosligi shaxsning yaxlitligini ko‘rsatadi.
Shaxsning psixologik ko‘rinishi, psixologik xususiyatlarining birikmalari har bir odamda nisbatan doimiylikka ega. Odamning psixik holatlari, o‘zini tutishi o‘zgarib tursa ham shaxsning psixologik qiyofasi ma’lum darajada barqaror bo‘lib qolaveradi. Shaxs xususiyatlarining bunday nisbatan barqarorligi unga shaxs sifatida xarakteristika berish, uning ma’lum vaziyatlarda o‘zini qanday tutishini oldindan belgilashning asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Shaxs xislatlarining bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi uning psixologik tuzilishini, dinamik strukturasini hosil qiladi. Shaxsni, uning tuzilishini o‘rganishdan maqsad nima? Shaxsni, uning tuzilishini o‘rganishdan maqsad uni boshqa odamlardan ajratib turuvchi individual xususiyatlarni aniqlashdir. Bu boradagi psixologik tadqiqotlar va nazariy ishlar asosida turli «shaxs tillari»ning ajratishga, ularni o‘rganishga olib keladi. Shaxslarning tipologiyasini yaratish turli odamlardagi individual psixologik xususiyatlarni topish va ulardagi umumiy belgilar, xususiyatlar asosida ularni ma’lum toifalarga birlashtirishga to‘g‘ri keladi.
Nazariyalar orasida shaxsda ikkita qism, ikkita omilni ajratuvchi yo‘nalishlar ko‘rinarli o‘rin egallagan. Ular shaxs tuzilida ikkita omil, biologik va ijtimoiy omillarni ajratib ko‘rsatadilar.
Ma’lumki, shaxs ijtimoiy mavjudod bo‘lishi bilan birga, o‘zida tabiiy, biologik tuzilish belgilarini saqlab qoladi. Ammo ikki faktorni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib bo‘lmaydi, ular birlikni tashkil qiladi, birgalikda yuzaga chiqadi.
Shaxs tashqi turmush sharoitlari ta’sirida shakllanadi, ammo lekin bir sharoitda tarbiyalangan ikki bola ikkki xil bo‘ladi. Chunki ularning tabiiy qobiliyatlari turlicha bo‘ladi. Demak shaxsning shakllanishiga sotsial omillardan tashqari biologik faktorlar ham ta’sir qiladi. Bu ikki narsa bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.
Psixologiya tarixida shaxs rivojlanishi va takomillashuvini harakatlantiradigan kuchlar va manbai masalasini hal etishning ikkita yo‘nalishi mavjud bo‘lgan. Bu yo‘nalishlar rivojlanishning biogenetik va sotsiogenetik kontseptsialarini nomini olgandir. Biogenetik kontseptsiya inson shaxsning rivojlanishi biologik, asosan rasmiy omillar bilan belgilanishga asoslanadi. Shuning uchun ham shaxsning rivojalanishi ichki sabab natijasida (o‘z-o‘zidan) sodir bo‘lish xususiyatiga egadir. Shu nuqtai nazarga binoan kishi tabiatan hissiy taasurotlarning ro‘y berishdagi ba’zi bir xususiyatlarga harakat sur‘atining xususiyatlarigagina emas, balki sababiyatlarining muayyan kompleksiga ham moyil (birovlardan jinoyat qilishga boshqalarga ma’muriyatlik faoliyatida yutuqlar qozonishga moyillik va hokazi) bo‘ladi. Kishida guyo uning psixik holati shakllargagina emas, balki uning mazmuni ham tabiat tomonidan programmalashtirilgan psixik rivojalanish bosqichlari va ularning ro‘y berish tartibi oldindan belgilab qo‘yilgan emish.
Sotsiogenetik kontseptsiya shaxsni tevarak- atrofdagi ijtimoiy mohiyatning bevosita ta’sir natijasi deb, muhitdan olingan nusxa deb hisoblanadi. Bunda ham xuddi biogenetik kontseptsiya kabi rivojlanib borayotgan kishining xususiy faolligini hisobga olinmaydi, uning tevarak atrofdagi vaziyatga moslashayotgan mavjudodga xos sust rol uynashigina mumkin deb hisoblanadi. Agar sotsiogenetik kontseptsiyaga amal qilinadigan bo‘lsa, nima uchun ba’zi vaqtlarga bir xildagi ijtimoiy muhitlarda har xil odamlar yetishib chiqishini tushuntirib bo‘lmaydi. Shaxsning rivojlanishining harakatlanuvchi kuchlari kishining faoliyatiga o‘zgarib turuvchi ehtiyojlari bilan ularni qondirishning real imkoniyatlari o‘rtasidagi ziddiyatlarga aniqlanadi.
Ehtiyojlarni rivojlantirish, tanlash va tarbiyalash ularni hozirgi jamiyat kishisiga xos bo‘lgan ma’naviy yuksaklik darajasiga olib chiqish kishi shaxsini shakllantirishning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Shaxsning shakllanishi jamiyatda ro‘y beradi. Individning shaxs bo‘lishi yangi jamiyatni qurishning faol ishtirokchisi bo‘lish kabi ehtiyoji aynan jamoda to‘laqonli qondiriladi.
Shaxsning shakllanishida unga maqsadga yo‘naltirilgan tarzda ta’sir o‘tkazish tarbiya yetakchi rol o‘ynaydi. Tarbiya shaxsni rivojlantirishning jamiyat tomonidan qo‘yilan maqsadlarda muvofiq tarzda yo‘naltirib boradi va uyushtiradi.
Shaxs haqidagi psixologik nazariyalar. Shaxs haqidagi psixologik nazariyalar uzoq vaqt davomida rivojalnib keldi. Buning natijasida ko‘plab nazariyalar, yondoshishlar yuzaga keldi. Ular orasidan g‘arb mamlakatlarida rivojlangan va tan olingan asosiy nazariyalarga to‘xtalib o‘tish lozim. Shaxs haqidagi barcha nazariyalarni rivojlanish bosqichiga ko‘ra uch guruhga birlashtirish mumkin:
Shaxs an‘anaviy nazariyalar (V.Diltey, K.Levin, V.Shtern, Z.Freyd, K.Yung va boshqalar).
Shaxs haqidagi yangi nazariyalar (G.Ayzenk, D.Kettel, A.Maslou, G.Olporp, K.Rodjers, K.Xorin va boshqalar).
Eng yangi nazariyalar (E.Bern, K.Leongard, D.Mid, G.Sallivn, Sirs, E.Fromm va boshqalar).
Ko‘rsatib o‘tilgan nazariyalar quyidagi psixologik yo‘nalishlarning tarkibida rivojalangan yoki ularning asosi bo‘lgan:
Freydizmning kontseptsiyasi neofreydizm (yangi freydizm), postfreydizm, bixevorizm va neo freydizm, gumanistik psixologiya, interaktsionizm, ekzistentsionalizm, sotsiologik nazariyalar, eliktik nazariyalar va h.k.
An’anaviy nazariyalar. Shaxs haqidagi an‘anaviy nazariyalar orasida freydizm alohida o‘ringa ega. E Freyd turli xil kasalliklarni (asosan nevroz bilan bog‘liq bo‘lgan) tahlil qilish natijasida bu kasalliklarning sabablari kasalning hayotida oldin ruy bo‘rgan va uning psixika (ruhiyati)da yoki rivojalanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan voqealar degan xulosaga keldi, bu ta’sirlar ko‘pincha odamlar tomonidan unitiladi va anglanmaydi, ammo ular kishilarning xulq-atvoriga ta’sir qilishda davom etadilar, ba’zida xulq-atvor buzilishiga olib keladilar. E.Freyd turli psixoterapevtik usullar yordamida ularni topish va ularni anglashga yordam berish samarali davolash usuli ekanligini aniqladi. Izlanishlar natijasida Z.Freyd odamning psixik hayotida uch darajani ajratdi: ongsizlik, ong osti (ong oldi) va ong.
Ongsizlik-instinktiv harakatlarning asosi. Ular orasida ayniqsa, jamiyat tomonidan ta’qiqlanganligi sababli anglanmaydigan bo‘lib qolgan jinsiy mayllar (libido) alohida o‘rin tutadi.
Ong oldi-uning mazmunini kishi qiynalmay anglaydi.
Ong-ijtimoiy me‘yorlar, man qilinishlar (tabu). Ong doimo ongsizlik bilan kelishmovchilikda. Turli xildagi jinsiy va boshqa mayllarni yuzaga chiqarmaslikka harakat qiladi.
K.Yung va uning psixologik qarashlari. Karl Gustav Yung (1875-1961) Shveytsariyalik psixiatr, psixolog. Z.Freydning yakin safdoshlaridan biri. U.Z.Freydning izidan borib, inson psixikasida «ong» va «ongsizlik» darajalarini ajratgan. Uning fikricha hatti-harakatni boshqarishda ongsizlik hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ongsizlik ikki xil shaklda mavjud: a) individual, b) kollektiv (jamoa) – uning asosini oldingi avlodlar tashkil qiladi. Bular asosan instinktlar, mayllar, arxetiplardan iboratdirlar.
Instinktlar va mayllar K.Yung tomonidan tug‘ma ehtiyojlar sifatida qaraladi. Arxetiplar (kishilikning birlamchi obrazlari) talant, tush ko‘rish, afsonalar, diniy qarashlar asosida yotadi. K.Yung kishilarning psixik yo‘nalaganligi asosida ularni ikki guruhga bo‘ladi: introvertlar va estrovertlar.
Introvertlar–xulq–atvor sabablarini o‘zidan axtaradi. Ular ijtimoiy passiv, tortinchoq, o‘z harakatlarini chuqur tahlil qilishga moyil boshqalarga ko‘p qo‘shilishga intilmaydilar. Ekstrovertlar tashqi olamga yo‘nalgan. Ular impulsiv tashabbuskor, dilkash guruhga va jaoaga tez moslashuvchan.
K.Yung psixik funktsiyalarning ustunligiga ko‘ra shaxslarning quyidagi tipologiyasini ko‘rsatgan:
a) tafakkur qiluvchi (fikrlovchi).
b) hissiy
v) ta’sirga beriluvchan (emotive)
g) intuitiv
K.Levinning «Maydon nazariya»si. K.Levin (1890-1947) Germaniyada tug‘ilgan va AQShda ko‘p yillar samarali ishlagan. U barcha tashqi olam omillarini «fizik maydon» va odamning ichki olamini «psixik maydon» deb ajratadi. Uning fikricha bu ikkala maydon orasida o‘zaro tortishish va itarish xususiyatlari mavjud. Bu xususiyatlar shaxsning ehtiyojlari va motivlariga bog‘liq ravishda yuzaga chiqadi. Uning fikricha tashqi muhit va shaxsning ichki dunyosi orasidagi muvozanat buzilsa, shaxs harakatlarida, xulq-atvorida zo‘riqish paydo bo‘ladi. K.Levin tomnidan shaxsning guruhdagi o‘rni, mavqei, liderlik hodisalari, nizolar o‘rganilgan.
Shaxs haqidagi eng yangi nazariyalar. Yangi nazariyalar orasida Gumanistik psixologiya alohida o‘ringa ega. Bu yo‘nalishga juda ko‘plab olimlar o‘z hissalarini qo‘shganlar. Gorden L. Olport (1897-1967) shaxsning o‘zligini ko‘rsatishga, kamolotga intilishi nazariyasini taklif qildi. U shaxsni ochiq, doim rivojlanishdagi, o‘sishdagi psixofiziologik sistematarikasida qaraydi. Shaxsning asosiy xususiyati o‘zligini anglashga kamolga yetishga o‘zining barcha imkoniyatlarini hayotga tadbiq qilishga intilishi deb qaraladi.
|