To‘siqlar va darvozalar. Umumiy foydalanishga mo‘ljallangan ko‘kalamzorlar, hududlar va maydonlarni atrof–muhitdan ajratish maqsadida ularning atrofiga to‘siqlar o‘rnatish odat tusiga kirgan. Bundan tashqari barcha oliy va o‘rta maxsus, ta'lim–tarbiya muassasalari, maktablar, bog‘chalar, kollej va litseylar, shifoxonalar, sanatoriyalar, ishlab chiqarish, sanoat va ma'muriyat binolari, sport inshootlari va maydonlari, omborxonalar va saqlash zonalari ham to‘siqlar bilan ajratiladi. Shunday ekan, ushbu masalaga ham jiddiy e'tibor qaratishimiz zarur bo‘ladi. Ayniqsa, bog‘–parklar va nufuzli jamoat binolari hududlarining to‘siqlari va ularning me'moriy dizayn yechimlariga alohida e'tibor berishimiz zarur.
Baland to‘siqlar yirik parklar va hududi katta bog‘lar, masalan katta ko‘rgazma bog‘lar, botanika bog‘lari, hayvonot bog‘lari, dendroparklar, sport bog‘lari, stadionlar va shunga o‘xshash joylar hududini tusish uchun qo‘llansa, o‘rta bo‘yli to‘siqlar skverlar, bulvarlar, sohillar va ayrim hollarda katta parklar ichidagi alohida ajratilgan joylar, shahar ko‘chalari va yo‘llar chetlarini ajratish uchun o‘rnatiladi. Past to‘siqlar esa chiroyli gulzorlar va ko‘kalamzorlar hududlarini to‘sish uchun ishlatiladi.
Baland va o‘rta bo‘yli to‘siqlar, odatda, yuqori sifatli va uzoq saqlanadigan materiallardan ishlanadi. Ularning kursi qismi va tayanch ustunlari uchun granit, bazalt, peschanik va boshqa mustahkam tog‘ jinslaridan, panjaralari va darvozalari uchun esa metall, quyma chugun yoki yelimlanadigan po‘lat materiallar ishlatiladi. Panjaralarning ornamentlari, odatda, quyma chugundan ishlanib boltlar bilan mustahkamlanadi.
|