Landshaft dizayni qurilmalarining tipologiyasi. Landshaft dizayn qurilmalari va ularning arxitekturasi landshaft arxitekturasining eng muhim estetik, foydalanishga qulay, manzaraviy va sog‘lom funksional muhit yaratish bilan bog‘liq sohalaridan biridir. Aynan ana shu soha hozirgi kunda shaharlarimiz va qishloqlarimiz muhitida, ayniqsa bog‘–parklar va xiyobonlarda yaxshi yechim va sifatlarga ega bo‘lishga muxtojdir.
Landshaft arxitekturasi va landshaft qurilmalari. Bu ikki so‘z orasida murakkab uzviy bog‘lanishlar borki, landshaft arxitekturasining tarixi butkul landshaft qurilmalari bilan bisyordir.
Landshaft arxitekturasi bu umumiy so‘z bo‘lsa, landshaft qurilmalari uni moddiy to‘ldiruvchi, uning barcha ob'ektlariga sifat va mazmun bag‘ishlovchi, landshaft bilan bog‘liq mo‘jaz me'moriy shakllar, tashqi muhitni obodonlashtirish, o‘simliklar, yer relefi, suv havzalari, bog‘–park mebellari, me'moriy shakllar bilan bog‘liq elementlar, bularning barcha–barchasi landshaftni shakllantiruvchi qurilmalardir. Landshaft arxitekturasining qurilmalari shunchalar ko‘p sonli va turli–tumanki, ularni o‘rganish uchun mazkur sohani alohida mavzu sifatida qarab, masalaga chuqur va kompleks yondashish zarur.
|