O’ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI OLIY VA O’RTA TA'LIM VAZIRLIGI
M. ULUG’BЕK NOMIDAGI SAMARQAND DAVLAT
ARXITЕKTURA - QURILISH INSTITUTI
ARXITЕKTURA FAKULTЕTI
“LANDSHAFT DIZAYNI VA INTERYER” KAFЕDRASI
BITIRUV MALAKAVIY ISHINING
TUSHUNTIRISH XATI
Mavzu:
SAMARQAND SHAHRI HARBIYLAR SHAHARCHASI ISTIROHAT BOG’INING LANDSHAFT YECHIMI
Diplomant: 401-D. Ravshanova.D
Rahbar: Safoyev.B.D
“Landshaft dizayni va interyer”
kafedrasi mudiri: Qurbonov Sh.M.
Samarqand – 2017
MUNDARIJA
Kirish .........................................................................
Arxitekturaviy rejalashtirish qismi ......................
Badiiy qismi ..............................................................
Hayotiy faoliyat xavfsizligi qismi ..........................
Ekologiya qismi ..........................................................
Xulosa ........................................................................
Adabiyotlar ro‘yxati ....................................................
KIRISH
Respublikamiz Mustaqilligiga 26 yil davrida Respublikamizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari alohida diqqatga sazovordir. Bunyodkorlik deganda nafaqat me'morchilik va shaharsozlik, madaniyat va ma'rifat, sport, sanoat va transport inshootlari, balki landshaft arxitekturasi ob'ektlarini ham nazarda tutmoq zarur.
Insoniyat bog‘lar va parklar yaratish, o‘z uyi atrofini, shahar muhitini shakllantirish, yashil obodonchilik bilan juda qadim zamonlardan buyon shug‘ullanib keladi. Turli xalqlar, mamlakatlar landshaftni o‘z davri ilmu–fani, texnika yutuqlari, ma'naviy–madaniy udumlari va mafkuraviy qarashlari asosida rivojlantirganlar. Me'moriy muhit, bog‘–rog‘lar yaratilishida diniy–falsafiy qarashlar ham o‘z o‘rnida g‘oyaviy tayanch sifatida xizmat qilgan. Biz bog‘lar haqida ko‘p afsonalar eshitganmiz. Bizgacha Qadimgi Bobildagi Semiramida osma bog‘lari, Samarqanddagi Temur qurdirgan bog‘lar haqida yozma ma'lumotlargina yetib kelgan. Ushbu qisqa ma'lumotlar o‘tmishda ajdodlarimizning landshaft borasida yuksak estetik did sohiblari bo‘lganliklaridan dalolat beradi.
O‘rta asrlarda Xitoy va Yaponiyada landshaftni o‘zlashtirishni tashkillashtirish amaliyoti yevropa mamlakatlaridan tamoman farq qilgan. Chunki bu xalqlarning tabiatga munosabatlari va tushunchalari o‘zgacha bo‘lib, ularning tabiat, borliq, inson va mavjudotlar haqidagi falsafiy va diniy qarashlari o‘ziga xos bo‘lgan. G‘arbdagi landshaftning odatdagi rejalashtirish ishlaridan farqi ularda ko‘proq manzaraga e'tibor qaratilgan. Chunki tabiat xudolar maskani degan falsafiy tushuncha mavjud bo‘lib, ularning kompozitsion tuzilishida turli landshaft qurilmalari: suv, ko‘priklar, tosh, turli suhbatxonalar va boshqa me'moriy shakllar yordamida manzaralarning takrorlanmasligi, ya'ni ketma–ket, yangi–yangi manzaraviy ko‘rinishlar namoyon bo‘lishi ta'minlangan.
Yapon landshaftchiligi Xitoy, Hind, Koreya landshaftchiligi tamoyillariga asoslanib taraqqiy qilgan bo‘lsada, unda o‘ziga xos ruhiyat mavjud bo‘lib, birlamchi jonli tabiat go‘zalligini saqlagan holda murakkab bog‘ kompozitsiyalari yaratilgan.
Keyinchalik Yapon bog‘dorchiligiga asoslangan “Yapon bog‘lari” deb ataluvchi yangi dunyoviy stil yuzaga keldi. Bu stil yaponlarning estetik kategoriyalaridan biri “makato” ya'ni, ko‘rinadigan va ko‘rinmas narsalarning haqiqiylik tushunchasiga asoslangan deyilsa xato bo‘lmaydi. Xitoy va yaponlar tabiat nafaqat ko‘z bilan ko‘rishda idrok qilinibgina qolmasdan, baki tovush orqali ham, qushlarning sayrashi, suvning shildirashi, shamoldan hosil bo‘ladigan turli tovushlarni e'tiborga olish kerak deb hisoblaganlar
Keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, landshaftga bo‘lgan ehtiyoj, insonning tabiat bilan chambarchas bog‘liqligi, tabiat esa uning ajralmas qismi ekanligi, muhit odamning emotsional faoliyatining boshqarilishida yetakchi vosita ekanligidan dalolat beradi. Kichikkina sayyoramiz taqdiri bugungi kunda odamlar qo‘lida. Yildan–yilga chiqindi chiqaruvchi ulkan ishlab chiqarish korxonalari soni oshib, millionlab gektar o‘rmonlar yer yuzidan yo‘q bo‘lib, ekologik inqirozni keltirib chiqarmoqda.
Landshaft dizaynerlari va arxitektorlar tayyorlash sifatini oshirish davlat dasturiga kiritilayotganligi oliy o‘quv yurtlari va kollejlar jamoasi zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Viloyatlarimiz tumanlarida landshaftga bo‘lgan munosabat tamoman talab darajasida emas deyish mumkin. Aholi sonining kundan–kunga o‘sib borishi ekinzor yerlarining keskin kamayib ketishiga olib keldi. Aholi punktlarining rivoji rejasiz, loyihasiz istalgan tomonga qarab kengayib bordi. Bu hol foydali ekinzor yerlarining keskin kamayishiga olib keldi. Bugungi kunda “Barqaror taraqqiyot” tushunchasi haqida fikr yuritilmoqda. Bu turg‘un ijtimoiy–iqtisodiy taraqqiyot bo‘lib, o‘zining tabiiy asoslarini buzmasdan jamiyatni uzluksiz istiqbolga eltuvchi tushuncha deb qaralmoqda. Barqaror taraqqiyot–bu rivojalgan jamiyatgina erisha oladigan jarayon bo‘lib, endilikda buni noosfera (birlamchi tabitning mahsulidan farqli o‘laroq inson zakovati bilan yaratilgan dunyo) deb atay boshlandi.
O‘lkamizda barqaror hayotning ta'minlanishi uchun taraqqiyot vositalarining barcha tarmoqlari uyg‘unlashgan holda harakatda bo‘lishi, jumladan landshaft arxitekturasi va dizayni qaysiki, bu shahar va qishloqlarni integratsiyalashtirish, ular o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirib borish, ijtimoiy–iqtisodiy taraqqiyot tugunlaridan biri bo‘lgan yo‘llarni rejaviy struktura doirasida yechish, umumlashgan landshaft loyihasida aholi turar joy punktlari va ekinzorlarning proporsionalligini ta'minlash, loyihada me'moriy, badiiy shakllar va landshaftning kompozitsiyaviy, konstruktiv tuzilishiga katta e'tibor qaratilishi lozim.
Ulkan taraqqiyot yo‘liga yuz tutgan mamlakatimiz fuqarolarining farovonligi, ruhiy barqarorligi, atrof muhitning uyg‘unligi, yashash uchun qulayligi uni o‘rab turgan muhitning go‘zalligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib ,bunda landshaftchi dizaynerning xizmati beqiyosdir.
|