|
III Bob. O’zbakistonda alohida ta'lim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim jarayonida rivojlanishini shakllantirish yo’llari
|
bet | 13/14 | Sana | 25.01.2024 | Hajmi | 120,16 Kb. | | #145695 |
Bog'liq Asadova D kurs ishi tayyorIII Bob. O’zbakistonda alohida ta'lim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim jarayonida rivojlanishini shakllantirish yo’llari
3.1. O‘zbekistonda alohida ta’limga muhtoj bo‘lganlarga yordam tashkil etish.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunning 23-moddasiga ko‘ra rivojlanishda jismoniy yoki psixik kamchiliklarga ega bo‘lgan bolalar ta’lim olish huquqiga ega. Mamlakatimizda alohida yordamga muhtoj bolalarga yordamni tashkil etish – inson haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishining yorqin namunalaridan biridir. O‘zbekistonda alohida yordamga muhtoj va nogiron bolalarga yordam Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari qoshidagi muassasalarda tashkil etilgan. Xalq ta’limi vazirligi qoshida ular uchun ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, maktab-internatlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktabda alohida yordamga muhtoj bolalar integratsiyalashgan, Inkluziv ta’limga jalb etilmoqdalar. Segregatsion (differensial) ta’limni tashkil etish ishlari maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarida, jumladan, nutqiy, intellektual nuqsonli, yordamchi, ruhiy rivojlanishi sust, harakat tayanch a’zolari jarohatlangan, zaif eshituvchi, zaif ko‘ruvchi bolalar bog‘chalarida amalga oshirilmoqda. Maktab yoshidagi alohida yordamga muhtoj bolalar uchun barcha turdagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, jumladan, aqli zaif bolalar uchun maktab-internatlar, zaif eshituvchi bolalar uchun maktab-internat, harakat-tayanch a’zolarida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun, kar bolalar uchun, ko‘zi ojiz bolalar, og‘ir nutq nuqsonli bolalar uchun, ruhiy rivojlanishi sust bolalar uchun maktab-internatlari; aqlan zaif bolalar uchun kuni uzaytirilgan maktablar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘rta umumiy ta’lim maktablarida bunday bolalar uchun sinflar ham tashkil etilgan. Boshlang‘ich maktabda ruhiy rivojlanishi sust bolalar uchun tenglashtiruvchi sinflar, og‘ir nutqiy nuqsonli bolalar uchun nutqiy, aqli zaif bolalar uchun yordamchi sinflar tashkil etilgan. Uzluksiz ta’lim tizimida alohida yordamga muhtoj bolalar uchun mehnat maktablar, kasb-hunar kollejlarida alohida guruhlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yengil darajadagi nutqiy nuqsonli bolalar uchun o‘rta umumta’lim maktablari qoshida logopedik punktlar ishlab turibdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida ilk yoshdagi alohida yordamga muhtoj bolalarga poliklinikalarda tibbiy yordam ko‘rsatadigan erta tashxis va erta aralashuv xizmatlari, maxsus psixonevrologiya sanatoriylari, statsionarlar bor, poliklinikalarda surdologik, logopedik kabinetlarda mutaxassis-defektologlar tibbiy xodimlar bilan hamkorlikda tegishli ishlarni olib bormoqdalar. Aqliy jihatdan og‘ir nuqsonlari bor (imbetsil, idiot) bolalar tug‘ilganidan to to‘rt yoshgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi muassasalarda davolanadi va tarbiyalanadi. So‘ngra ular internat tipidagi bolalar «Muruvvat» uyiga o‘tkaziladi. Bu uylarga maktabgacha yoshdagi bolalar (4 yoshdan to 7 yoshgacha), maktab yoshidagi bolalar (7 yoshdan 18 yoshgacha) bilan korreksiontarbiyaviy, davolov ishlari izchillik bilan maxsus tuzilgan individual hamda umumiy dasturlar asosida amalga oshiriladi. 18 yoshga to‘lgan bolalarni ota-onalari uyga olib ketishadi. Agar olib ketishning iloji bo‘lmasa, ushbu toifadagi bolalar ayollar yoki erkaklar muruvvat uylariga o‘tkaziladi. Bu yerda ular 18 yoshdan umrining oxirigacha yashaydilar. Uzluksiz ta’lim tizimida hamma yosh guruhlardagi alohida muhtoj bolalar o‘qishga jalb qilinadi. 4 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar maxsus maktabgacha tarbiya muassasalarida tarbiyalanadilar. Maktab yoshidagi alohida yordamga muhtoj bolalar, masalan, zaif ko‘ruvchi bolalar ko‘zi ojiz bolalar maktabida 9 yillik umumiy o‘rta ta’lim maktab dasturini 11 yilda o‘zlashtiradilar. Har bir sinfda 12 tadan bola ta’lim oladi. Ko‘rish qobiliyati zaiflashgan aqliy qoloq bolalar uchun maxsus maktab-internat qoshida yordamchi sinflar tashkil etilgan. Ushbu turdagi muassasada tibbiy oftalmologik hamda korreksion pedagogik kompensatsiya ishlari olib boriladi. Ko‘rlar maktabida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining Brayl sistemasi bo‘yicha nashr etilgan darsliklar ishlatiladi. Zaif ko‘ruvchi bolalar maktablarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yirik harflar bilan nashr etilgan darsliklari asosida ish olib boriladi, maxsus chiziqli daftarlar ishlatiladi. Ushbu maktablarda xalq xo‘jaligi uchun malakali ishchilar tayyorlash, kasbga yo‘naltirish ishlari ham olib boriladi. Ixtisoslashtirilgan maktabda mehnat darslarida 5–7 o‘quvchi, umumiy ta’lim darslarida esa taxminan 12 bola qatnashishi kerak. Yengil darajadagi aqli zaif darajasidagi kar bolalar maxsus tashkil etilgan yordamchi sinflarda ta’lim oladilar. Bu sinflarda bolalar soni 7–8 kishidan ortmasligi kerak. Zaif eshituvchi bolalar uchun tashkil etilgan maktab-internat ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, amaliy nutqqa ega bo‘lgan bolalar, ya’ni gapira oladigan bolalar birinchi bo‘limda, juda qiyinchiliklar bilan noaniq gapiradigan bolalar ikkinchi bo‘limda ta’lim-tarbiya oladilar. Birinchi bo‘limda o‘qish muddati 10 yil, ikkinchi bo‘limda esa 11, 12 yil. Har bir sinfda 12 tadan bola o‘qishi lozim. Aqlan zaif eshituvchi bolalar 7–8 kishidan iborat bo‘lgan maxsus sinfda ta’lim oladilar. Og‘ir nutq nuqsonlari bor bolalar uchun xalq ta’limi qoshida maktabgacha yoshdagi bolalarga mo‘ljallab, nutqiy bog‘chalar yoki bolalar bog‘chalari qoshida nutqiy guruhlar tashkil etilgan. Bu turdagi maktabgacha tarbiya muassasalarining asosiy vazifasi nutq kamchiliklarini iloji boricha barvaqt aniqlab, bularni bartaraf etish va shu yo‘l bilan og‘ir nutq nuqsonlarining oldini olish, ikkilamchi asoratni bartaraf etish va bolani me’yorda rivojlangan tengqurlari orasida maktabda o‘qishga tayyorlash. Maktab yoshidagi nutqida kamchiligi bo‘lgan bolalar uchun ommaviy umumiy ta’lim maktablarida logopedik punktlar tashkil etilgan. Logopedik punktlar rayondagi bir necha maktabdan taxminan 25 ta sinf biriktiriladi. Defektolog biriktirilgan sinf o‘quvchilarini tekshirib, logopedik yordamga muhtoj bolalarni saralab oladi, shuningdek, ularni poliklinika yo‘llanmasi bilan yoki maktab o‘qituvchilari, ota-onalar iltimosi asosida tekshirib qabul qiladi. Nutq nuqsonlarining turiga qarab guruhli va individual mashg‘ulotlar olib boriladi. Mashg‘ulotlarga bolalar kunora, haftasiga 3 martadan, to nuqson to‘liq bartaraf etilmaguncha qatnayveradilar. Og‘ir turdagi nutqiy kamchiliklar tufayli maktab dasturini o‘zlashtira olmaydigan o‘quvchilar maxsus nutqiy sinf yoki maktablarda ta’lim oladilar. Bunday bolalar uchun tashkil etilgan maxsus maktab-internatlar ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘limda nutqning rivojlanishi keskin orqada qolgan alalik, afazik, dizartrik, rinolalik, aleksik, agrafik, tutilib gapiruvchi logopad bolalar, ikkinchi bo‘limda esa 9 yil o‘qish muddatida nisbatan nutqiy rivojlanishi me’yorda, biroq tutilib gapiruvchi bolalar ta’lim oladilar. Ushbu maktabinternatga bolalar shifokor-mutaxassis diagnozi hamda tibbiy pedagogik maslahat komissiyaning yo‘llanmasi bilan qabul qilinadi. Maxsus maktabda bolalarga umumta’lim 9 yillik maktab dasturi hajmidagi bilimlar beriladi. Har bir sinfda 12 kishi o‘qiydi. Pedagogik kengash qarori bilan nutqiy kamchiliklari bartaraf etilgan o‘quvchilar oddiy ommaviy maktabning tegishli sinflariga o‘tkaziladi. Xalq ta’limi vazirligi qoshida aqlan zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabgacha tarbiya muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerga bolalar 4 yoshdan qabul qilinadi va 7 yoshga to‘lganlarida maxsus yordamchi maktablariga yuboriladi. Ushbu bog‘chalarni tashkil etishdan maqsad, aqli zaif bolalar bilan ertaroq korreksion tarbiyaviy ishlarni boshlash va aqli zaiflik natijasida paydo bo‘ladigan ikkilamchi psixik qo‘shilmalarni oldini olish, bolalarni yordamchi maktab dasturini o‘zlashtirishga tayyorlashdir. Bunday chora-tadbirlar alohida yordamga muhtoj bolalarni saralab, ommaviy maktablarda inkluziv ta’limga jalb etishga ham yordam beradi. Ixtisoslashtirilgan maktabda aqlan zaif bolalarga 10 yil ichida maxsus dastur va darsliklar asosida umumta’lim beriladi hamda kasb-hunarlar o‘rgatilib, ularni mustaqil hayotga hamda mehnatga tayyorlash ishlari olib boriladi. Maktablarda barcha ishlar korreksion yo‘nalishda amalga oshiriladi. Ushbu turdagi maktabning o‘quv rejasida mehnat darslariga eng ko‘p vaqt ajratilgan bo‘lib, mehnatning sodda turlari bo‘yicha o‘quvchilarga malaka beriladi (duradgorlik, slesarlik, tikuvchilik, chorvadorchilik, kartonaj ishlari bo‘yicha mutaxassis va h.k.). Mehnat darslarida 8–10 bola, boshqa darslarda esa bir sinfda 12–16 boladan oshmasligi kerak. Maktabda barcha ishlar maxsus aqli zaif o‘quvchilarning aqliy rivojlanish darajasini hisobga olgan holda tuzilgan dastur va darsliklar asosida olib boriladi. Aqliy nuqsonli bolalar uchun mo‘ljallangan maktabda murakkab fanlar (fizika, kimyo, geometriya, trigonometriya, algebra va h.k.) o‘quv rejaga kiritilmagan. Harakat tayanch a’zolari jarohatlangan bolalar uchun ham maxsus maktab-internatlar tashkil etilgan. Bu turdagi maktablarda o‘quvchilar 11 yil ichida o‘rta maktab dasturini o‘zlashtirib, ma’lum kasb egasi bo‘lib chiqadilar. Ushbu maktablarda kompleks ta’sir etish prinsiplariga amal qilgan holda o‘qituvchi, shifokor, davolovchi fizkultura metodisti, logoped, uqalovchilar va boshqalar hamkorlikda ishlaydilar. Individual yordamga muhtoj bo‘lgan bolalar bilan qo‘shimcha yakka tartibda mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Mehnat darslariga 7–8, sinflarda 16 o‘quvchi ta’lim oladi. Harakat-tayanch organlari jarohatlangan bolalarning rivojlanishidagi xususiyatlarni, tez charchab qolishini inobatga olib, ushbu maktablarda 40 daqiqalik darslar 20 daqiqaga bo‘linib, orasida 5 daqiqa fizdaqiqalarga vaqt ajratiladi. Aqlan zaif, harakat-tayanch a’zolari jarohatlangan bolalar uchun maktab qoshida yordamchi sinflar tashkil etilgan. Kar-ko‘r-soqov bolalar uchun O‘zbekistonda maxsus muassasa tashkil etilmagan. Moskva viloyati Zagorsk shaharchasida joylashgan maxsus maktab-internatda bu toifadagi alohida yordamga muhtoj bolalar uchun ta’lim tashkil etilgan. Ta’limtarbiya ishlari ushbu turdagi maktab-internatda defektologlardan I.A.Sokolyanskiy va A.I.Mesheryakovlar tomonidan yaratilgan metodika bo‘yicha olib borilmoqda. Zaruriyat bo‘lsa, O‘zbekistonda ushbu sinalgan usullar tizimi asosida maxsus sinflarda ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etish mumkin. Ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilari o‘qishni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi ular uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan kollejlarda davom ettirishlari mumkin. Oliy o‘quv yurtida o‘qishni uddalay oladigan ba’zi alohida yordamga muhtoj bitiruvchilar respublikamizning oliy o‘quv yurtida ta’lim olmoqdalar.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
III Bob. O’zbakistonda alohida ta'lim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim jarayonida rivojlanishini shakllantirish yo’llari
|