|
Psixik rivojlanishi orqada qolgan bolalar
|
bet | 11/14 | Sana | 25.01.2024 | Hajmi | 120,16 Kb. | | #145695 |
Bog'liq Asadova D kurs ishi tayyor2.3 Psixik rivojlanishi orqada qolgan bolalar.
Ulgurmovchi o‘quvchilar orasida ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar ham uchrab turadi. Ularning bilish faoliyati – intellekti, mantiqiy tafakkuri, idroki, xotirasi, ixtiyoriy diqqati, ish qobiliyati va boshqa xislatlariga birinchi o‘rinda markaziy asab sistemasining kasalliklari natijasida ruhiy rivojlanishi sustlashadi. Bunday bolalarda hissiyot, iroda sferasidagi kamchiliklar birlamchi, aqliy zaiflik esa ikkilamchi hodisa bo‘lib hisoblanadi. T.A. Vlasova, M.S. Pevzner, V.I. Lubovskiy, T.V. Yegorova, K.S. Lebedinskaya, N.A. Nikashina, K.K. Mamedov, T.B. Shoumarov, N.A. Sipina, R.D. Triger va boshqa olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining 5–8 foizini ana shunday bolalar tashkil etadi. Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar aqliy darajasi jihatidan asosan ikki guruhga bo‘linadi: 1. Yengil nuqsoni bor bolalar – bular maxsus sharoitda 1–3 yil ta’lim-tarbiya olganlaridan keyin o‘qishni ommaviy maktabning tegishli sinfida davom ettirishi mumkin. 2. Ruhiy rivojlanishida sezilarli darajada orqada qolgan bolalar – bular maktabni bitirguniga qadar maxsus sharoitda o‘qitilishi kerak. Bunday bolalar maktab dasturini sog‘lom tengdoshlari qatori o‘zlashtira olmaydi. Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalarni ommaviy maktabda hamma qatori o‘qitish ta’lim jarayoniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni o‘rtacha o‘quvchining saviyasini orqaga tortadi, yaxshi va a’lo o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarni yetarli darajada o‘stirishga to‘sqinlik qiladi. Dastur materiallarini yaxshi o‘zlashtira olmaganligi tufayli ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar doim muvaffaqiyatsizliklarga uchrayveradi, bu narsa ularning xulq-atvorida aksariyat turli salbiy xislatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Olimlardan K.S. Lebedinskaya, G.P. Berton, E.M. Dunayeva va boshqalar ruhan sust rivojlanganlikni klinik-psixologik jihatdan quyidagi xillarga bo‘lishni tavsiya etadilar: 1) konstitutsional; 2) somatogen; 3) psixogen; 4) serebral shakli. Ruhan sust rivojlanganlikning konstitutsional shaklini xarakterlovchi belgilarga quyidagilar kiradi: bolaning gavda tuzilishi sog‘lom tengdoshlarinikiga nisbatan 1–2 yosh kichik ko‘rinadi. U o‘zini bog‘cha yoshidagilarga o‘xshab tutadi va ta’lim olish uchun hali «yetilmagan» bo‘ladi. Bunday bola o‘quv faoliyatiga yaxshi kirishib ketmaydi, chunki unda o‘qishga qiziqish yo‘q, ish qobiliyati past. Mas’uliyatsizlik, motivlarning sustligi, ruhiy jarayonlardan analiz, sintez qobiliyatlarining yaxshi rivojlanmaganligi tufayli o‘qish va yozishni, matematikani katta qiyinchiliklar bilan o‘zlashtiradi. Dars vaqtida tez charchab qolish hollari, bosh og‘rib turishi konstitutsion shakldagi bunday bolada ish qobiliyati, faollik yanada pasayib ketishiga sabab bo‘ladi. Rivojlanishdagi bu kamchilikka bola onasining homiladorligi davrida qalqonsimon bezlari faoliyatining buzilganligi, yurak qon-tomir kasalliklari sabab bo‘lishi mumkin. Ilk yoshda har xil surunkali kasalliklar bilan tez-tez kasallanib turishi natijasida bola yaxshi o‘sib-unmay qolishi mumkin, bu esa o‘z navbatida ruhiy jihatdan rivojlanishida orqada qolishga, kechikishga olib keladi, sust rivojlanganlikning somatik shakli deb shunga aytiladi. Bolada surunkali infeksiyalar, allergik holat tug‘ma porok va shu kabi kasalliklar, ayniqsa tez uchrab turadi. Ruhiy rivojlanishning somatogen sabablarga aloqador sustligi bolada asteniya holatini vujudga keltiradi. Ayrim bolalarda somatogen infantilizm kuzatiladi, ya’ni bola o‘sib-unmagan, go‘dak taxlit bo‘lib qolaveradi. Bunda bola psixikasida nevrozga o‘xshash holatlardan o‘z kuchiga ishonmaslik, qo‘rqoqlik, injiqlik, erkalik, qiziqishning pastligi va boshqalar kuzatiladi. Ruhan sust rivojlanganlikning psixogen shaklida bola erta yoshligidan noqulay, noto‘g‘ri sharoitda tarbiyalanadi va shu tarbiyaning salbiy tomonlari ruhan rivojlanishiga ta’sir o‘tkazgan bo‘ladi. Shu xildagi kamchiliklarning kelib chiqish sabablarini 3 guruhga bo‘lish mumkin: 1. Bola tarbiyasi bilan mutlaqo shug‘ullanmaslik, uni butunlay o‘z holiga tashlab qo‘yish, bunda bolalarda burch va mas’uliyat hissi shakllanmaydi. Aql-idrokning rivojlanishi, qiziqishlari, bilish faoliyati, his-tuyg‘u va iroda yetishmasligi ustiga o‘quv fanlarini o‘zlashtirish uchun zarur bilim va taassurotlarning yetishmasligi ham qo‘shiladi. 2. Bolani har tomonlama erkalatish, yetarli mustaqil faoliyatga o‘rgatmaslik, tashabbuskorlik, mas’uliyat hissini shakllantirmaslik bolani «oila erkasi» qilib o‘stirish, haddan tashqari uning ko‘ngliga qarab ish tutish natijasida ham bola ruhiy rivojlanishida bir qadar orqada qolishi mumkin. 3. Bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish, jismoniy jazolash, qattiqqo‘llik qilish, ota-onalarning alkogolizmga aloqador tajovuzkorona munosabatlari bolani mudom asabiylashtirib, ruhan rivojlanishdan orqada qolishiga sabab bo‘ladi. Bunday bolalarda qo‘pollik, jur’atsizlik, tashabbussizlik, mustaqilsizlik, qo‘rqoqlik va boshqa xislatlar shakllanadi. Bularning hammasi aql-idrokiga, bilish faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ruhan sust rivojlanganlikning psixogen shaklida aql-idrok, bilish faoliyatiga aloqador kamchiliklarga aksari noto‘g‘ri tarbiya natijasida paydo bo‘lgan xislatlar ham qo‘shilib pirovard natijasida shaxsning rivojlanishi izdan chiqadi, unda patologik xislatlar yuzaga keladi. Ana shunday bolalarni pedagogik qarovsiz bolalardan ajrata olish lozim. Pedagogik qarovsiz bolalarning 51 psixikasi normal bo‘lib, ular noto‘g‘ri tarbiyalanganligi natijasida ulgurmovchi o‘quvchilar qatoriga o‘tib qoladilar. Holbuki, ruhan sust rivojlangan bolalarda shaxsiyatning har tomonlama noto‘g‘ri rivojlanishi markaziy asab sistemasidagi yengil darajadagi organik jarohatlanish bilan bog‘liq. Ruhan sust rivojlanganlikning eng murakkab va keng tarqalgan psixogen shaklida bosh miyaning kasalligiga, yaxshi yetilmaganiga aloqador o‘zgarishlar kuzatiladi. Olimlarimizning bergan ma’lumotlariga ko‘ra bunday bolalarning 50 foizida asab sistemasida organik nuqsonlar bo‘ladi. Bu narsa ularning histuyg‘u, irodaviy holatlari taraqqiy etmaganligiga, asosan organik infantilizm tarzida namoyon bo‘ladi. Miyaga aloqador organik infantilizmni ikkiga bo‘lish mumkin: 1. Kayf-u ruhiyati o‘zgarib, aksari, ko‘tarinki ruhda bolalar, ularda o‘zlaridan yosh bolalarga xos xislatlar saqlangan bo‘ladi. 2. Ko‘proq kayfiyati past bo‘lib ma’yus tortib yuradigan bolalar, ularda vazifani mustaqil hal qila olmaslik, tashabbus ko‘rsata olmaslik, qo‘rqish holatlari ko‘riladi. Miyaga aloqador organik xarakterdagi yana shu ikki xil infantilizm ko‘p holatlarda qator qo‘shimcha hodisalar bilan birga davom etadi. Bularga quyidagilar kiradi: – serebral-endokrin infantilizm. Bunda asosan ichki sekretsiya bezlari faoliyati buzilgan bo‘ladi. Natijada bolalarda his-tuyg‘ular yaxshi rivojlanmay nevropatiya holatlari yuzaga keladi. Bolaning uyqusi, ishtahasi yaxshi bo‘lmaydi, dispepsiya holatlariga moyillik paydo bo‘ladi; – serebrastenik holatlar, bular ham tez-tez uchrab turadi. Markaziy asab sistemasi tez charchaydi, neyrodinamik o‘zgarishlar kuzatiladi. Natijada aqliy qobiliyati susayib, xotira pasayadi, diqqati tarqoq bo‘lib qoladi, tez ta’sirlanish, qiz bolalarda yig‘loqilik, o‘g‘il bolalarda haddan tashqari qo‘zg‘aluvchanlik kuzatiladi, bola ish qobiliyati past, arzimagan narsaga tez charchaydigan bo‘lib qoladi; 52 – tabiatan nevrozga yaqin holatlar, bular qorong‘udan, yakkalikdan qo‘rqish, o‘zi va atrofdagilar sog‘lig‘i uchun xavfsirash, giperkinezlar, duduqlanish, enurez kabi hodisalar bilan birga ifodalanadi; – psixomotor qo‘zg‘aluvchanlik asosan o‘g‘il bolalarda ko‘proq uchraydi. Serharakatlilik, diqqatning tarqoqligi, tez chalg‘ish bunga xarakterlidir; – affektiv o‘zgarishlar – kayf-u ruhiyatning aytarli sababsiz aynib turishi, tajovuzkorlik qilishga moyil bo‘lish bilan xarakterlanadi; – psixopatik o‘zgarishlar – aqliy faoliyatga rag‘bat pastligi, o‘qishga salbiy munosabatda bo‘lish, o‘g‘rilik qilish (kleptomaniya), ko‘proq yolg‘on gapirish kabi salbiy xislatlarni o‘z ichiga oladi; – epileptik buzilishlar – har xil ko‘rinishlarda tutqanoq tutib turishi bilan namoyon bo‘ladi; – apatik-adinamik buzilishlar – tashabbuskorlik pasayishi, aqliy faoliyat sustligi, haddan tashqari emotsional bo‘shanglik bilan xarakterlanadi. Ruhiy sust rivojlanishning serebral shakli miya shikastlari, meningit, meningoensefalit, gidrotsefaliya va boshqa kasalliklar natijasi bo‘lib hisoblanadi. Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalarning o‘qishi pasayib ketadi, biroq bu holat o‘z vaqtida va to‘g‘ri aniqlansa, bolalarga tegishli yordam tashkil etilsa, ular ommaviy maktab dasturini o‘zlashtira oladilar. Ruhan rivojlanish kamchiliklarining ba’zi bir shakllarida bolalarni vaqt-vaqti bilan maxsus psixonevrologik sanatoriyalarda davolash foydalidir. Sanatoriyada bola kollektiv ishiga asta-sekinlik bilan jalb etiladi. Unda charchash alomatlari paydo bo‘lganda, u o‘quv mashg‘ulotlaridan vaqtincha ozod etiladi yoki unga soddaroq boshqa vazifalar beriladi. Sanatoriyada davolanib kelgandan so‘ng bola o‘qishni o‘z maktabida davom ettiraveradi. 53 Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar uchun mamlakatimizda maxsus maktabgacha tarbiya muassasalari – internatlari kuni uzaytirilgan maktablarda tenglashtirish sinflari tashkil etilgan. Ushbu masalalarda ta’lim umumta’lim oddiy bog‘cha yoki maktab dasturi va darsliklari asosida olib boriladi, himoyalaydigan muloyim davolovchi maxsus tartib tashkil etiladi. Ta’limtarbiyaviy ishlar bolalarning fikrlash qobiliyati, diqqati, ish qobiliyati, xotirasi, nutqi va tafakkuridagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, bunday bolaga bilim berishda o‘qituvchi uning o‘ziga xos individual xususiyatlarini e’tiborga olgan holda maxsus sharoitda, maxsus usullar bilan ishlaydi, tegishli yordam tashkil etadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi bolalar va o‘smirlar gigiyenasi instituti xodimlari, jumladan N.P. Vayzman va boshqa olimlarning o‘tkazgan ilmiy tekshirishlari shuni ko‘rsatadiki, ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar o‘zlashtirish jihatidan olganda sog‘lom va yengil darajadagi aqli zaif bolalar o‘rtasida oraliq o‘rinda turadi. Bu olimlar tekshirish vaqtida yengil darajadagi aqli zaif va ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalarga bir xildagi topshiriqlarni berib ko‘radilar, shunda normal sog‘lom bolalar berilgan vazifani to‘g‘ri tushunib, uni kerakli tartibda bajargan bo‘lsalar, yengil darajadagi aqli zaif bolalar vazifani tushunmay, bajara olmaydilar, ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar esa xuddi shunday vazifani qisman tushunib, qisman bajarishadi. Demak, ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar aqli zaif, yengil darajadagi aqli zaif bolalarga nisbatan ancha yaxshi tushunadi va bularni bajarish uchun ularda kerakli imkoniyatlar mavjud bo‘ladi. Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalarning o‘zlashtirish qobiliyati sog‘lom tengqurlariga nisbatan past bo‘lsada, yengil darajadagi aqli zaif bolalarnikidan ancha durust bo‘lganligi uchun bunday bolalarni yordamchi maktabga yuborish noto‘g‘ri, chunki ushbu maktab dasturi ular uchun soddalik 54 qiladi. Ommaviy maktab esa bola uchun zarur bo‘lgan sharoitni yaratib (maxsus sinf – tenglashtiruvchi sinf ochib) o‘z dasturini o‘zlashtirishini ta’minlash uchun maxsus yordam ko‘rsatishi lozim. Bog‘cha tarbiyachilari va boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalarning maxsus sharoitda ta’lim-tarbiya olishlariga yordam berishlari kerak, ularni o‘z vaqtida aniqlab, boshqa bolalardan ajratib olib, ota-onalarga mutaxassis psixonevrologlarga murojaat qilishga maslahat berishlari lozim. Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar bilan inkluziv sharoit me’yorda rivojlangan, sog‘lom tengdoshlari orasida yoki maxsus muassasalarda davolab, himoya etish va ruhiy faoliyatni rostlashni ko‘zlab alohida ta’lim-tarbiya ishlari olib boriladi. O‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil etilgan yordam tufayli ushbu toifadagi alohida yordamga muhtoj bolalar keyinchalik yaxshi rivojlanib ketib, maktabni bitirgach, oliy o‘quv yurtlarida ham muvaffaqiyatli ta’lim oladilar.
2.4. Nutq nuqsonlariga ega bo‘lgan bolalar va nutq nuqsonlari haqida tushuncha, ularning kеlib chiqish sabablari. Tovushlar talaffuzidagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari
Nutq nuqsonlariga ega bo‘lgan bolalar . Korreksion pedagogika fani rivojlanib borib, ayrim sohalari mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Shu fanlar jumlasiga logopediya ham kiradi. Logopediya (logos – so‘z, padeo – tarbiyalash, o‘rgatish degan ma’noni anglatadi) – pedagogik fanlardan biri bo‘lib, nutq kamchiliklari va ularning sabablarini o‘rganish, shuningdek, bularning oldini olish, borlarini bartaraf etish uchun maxsus ta’lim-tarbiya vositalari va metodlarini ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish masalalari bilan shug‘ullanadi. Logopediya fani mavzu bahsi, nutq kamchiligi bor kishilar bilan olib boriladigan ta’lim-tarbiya jarayoni. Nutq kamchiligi bor kishi esa logopediya fanining o‘rganish mavzusi hisoblanadi. Logopediya fanining vazifalari quyidagilardan iborat: – Turli xil nutq kamchiliklari bor kishilarning nutq faoliyati ontogenezini o‘rganish. – Nutq kamchiliklarining sabablari va simptomatikasi, ularning turlari, kelib chiqish mexanizmlarini o‘rganish, darajasini aniqlash. – Nutq kamchiliklarining kishi faoliyati, shaxsiyati, xulqatvori, ruhiy rivojlanishiga ta’sirini o‘rganish. – Eshitish, ko‘rish, intellektual va boshqa kamchiliklarga ega bo‘lgan bolalar nutqiy faoliyatining holati, yetishmovchiliklarini o‘rganish, aniqlash. – Nutq kamchiliklarini aniqlash yo‘llari, usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish. – Nutq kamchiliklarining oldini olish, bartaraf etish usullarini, tashkiliy shakllarini belgilash, ishlab chiqish, takomillashtirish. – Logopedik ishni tashkil etish masalalarini ishlab chiqish. Logopediya fani anatomiya, fiziologiya, neyrofiziologiya, otoloringologiya, nevropatologiya, psixopatologiya, pediatriya, lingvistika, psixolingvistika, psixologiya va pedagogika fanlari bilan bog‘liq, shular asosida rivojlanadi. Logopediya korreksion pedagogika fani kabi, asab sistemasining tuzilishi, rivojlanishi faoliyati haqidagi nazariyaga asoslangan. Tabiiy fanlarni bilmay turib, nutq kamchiliklarining kelib chiqish sabablari, mexanizmi, bola psixikasiga ta’sirini aniqlab bo‘lmaydi. Logoped nutq kamchiliklarining nevrologik asoslarini yaxshi bilishi kerak. Bu bilimlar nutq kamchiliklarini bartaraf etish, ularni oldini olish, bolani to‘g‘ri tarbiyalash, unga bilim berish yo‘llari va usullarini to‘g‘ri tanlashda logopedga yordam beradi. Tibbiy fanlar haqidagi bilimlar to‘g‘ri logopedik xulosa chiqarish, nutq kamchiliklarini ularga o‘xshash boshqa anomaliyalardan ajratish, bolalarni tegishli muassasalarga to‘g‘ri saralash imkonini beradi. Logoped o‘z oldiga qo‘ygan maqsad – vazifani hal etishda tilshunoslik, lingvistik fanlarga, psixologiya va pedagogikaga suyanib ish ko‘radi. Tilshunoslik fani kishilarning eng muhim aloqa quroli bo‘lgan nutqni ijtimoiy hodisa deb biladi. Nutqning asosiy tarkibiy qismlari: tovush, so‘z, so‘z birikmasi va gap bir butun tizimni tashkil etib, fikrni og‘zaki yoki yozma ravishda ifodalash uchun xizmat qiladi. Har bir logoped tilshunoslikning ilmiy-nazariy asoslarini, fonetika va grammatikani, lug‘at va stilistikani, orfografiya va punktuatsiyani mukammal bilish bilan birga, ifodali o‘qiy olish va to‘g‘ri so‘zlay olish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi kerak. Tabiiyki, logopedning o‘zi imloni yaxshi bilmay turib, o‘quvchilarga hech qachon savod malakasini singdira olmaydi, logoped uchun og‘zaki va yozma nutq qobiliyati amaliy jihatdan juda muhimdir: logoped so‘z vositasida fan xulosalarini izohlabgina qolmasdan, ayni vaqtda nutqida kamchiligi bo‘lgan bolani tarbiyalaydi; tarbiyalanuvchilar yo‘lini yoritadi ham. Logopediya – korreksion pedagogika fanining bir sohasidir. Logoped ham boshqa fan o‘qituvchilari kabi ta’lim va tarbiya shakllarining mohiyatini, maqsad va mazmunini, usul hamda vositalarini yaxshi egallab, ularni amalda qo‘llay olishi kerak. Logoped bolalarning psixologik qobiliyatlarini hisobga olishi kerak. Bolalarni o‘z kuchiga ishontirishi, mashg‘ulotlarga havasini uyg‘ota bilishi, material bayoni vaqtida ularning diqqatini to‘la jalb qila olish, materialni esda saqlab qolish yo‘llarining (mashq, ko‘rgazmali qurollardan foydalanish, mustaqil ish, suhbat, grammatik o‘yin kabi vositalarni) qo‘llanishi o‘qitish samaradorligini yanada oshiradi. Inson idrokining mazmuni, fikri, nutqi orqali shakllanadi. Bolalar logoped tushuntirgan materiallarni eshitib, yozganlarini ko‘rib, kuzatib, mushohada yo‘li bilan o‘zlari fikr yuritadilar va berilayotgan bilim-malakalarni mustahkamlab o‘zlashtirib boradilar. Moddiy dunyodagi narsa va hodisalar ongimizda aks etib, bularning in’ikosi so‘z shaklida ifodalanadi, til hodisalari vositasida namoyon bo‘ladi. Inson o‘zi ko‘rgan va ta’sirlangan buyum yoki voqealarni so‘z yordamida nomlab, ularning mazmuni haqidagi taassurotlarni obrazlar, fikrlar, tushunchalar, tasavvurlar ko‘rinishida anglash, ifodalash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har qanday hodisaning miyada aks etishi va ongda mustahkam o‘rnashib qolishida nutq yetakchi vosita hisoblanadi. Modomiki shunday ekan, nutq aloqa bog‘lash jarayonida tafakkur kuragi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga aloqa jarayonida nutq – ifodalash, biror narsani bildirish, anglatish va ta’sir ko‘rsatish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Fikrlash qobiliyati nutq negizida paydo bo‘ladi. Nutq kishi tafakkurining rivojlanish darajasini ham belgilab beradi. Nutqdagi kamchilik bolaning tafakkuri, xotirasi, diqqati va boshqa ruhiy jarayonlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Og‘ir nutqiy kamchiligi bo‘lgan bolalarda intellektual kamchiliklar bo‘lishi, yuzaga kelishi mumkin va aksincha, masalan, oligofren bolalar nutqida bir qator nutqiy kamchiliklar kuzatiladi. Logopedik amaliyotda nuqsonlarning birlamchi va ikkilamchi ekanligini aniqlash nihoyatda muhim. Logoped har bir bolaning ruhiy rivojlanishini chuqur o‘rganib nutq kamchiligi tufayli ruhiyatida paydo bo‘lgan ikkilamchi asoratlarni ajrata bilishi kerak. Agar aql-idrok rivoji nutqiy kamchilik tufayli orqada qolgan bo‘lsa, bunday bola nutqida kamchiligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus tashkil etilgan maktabgacha yoshdagi bolalar bog‘chasiga yuborilishi kerak. Bilish faoliyatining turg‘un buzilishi natijasida bola nutqi rivojlanmagan bo‘lsa, bu bolani oligofren bolalar uchun tashkil etilgan maktabgacha yoshdagi maxsus bolalar bog‘chasiga yuborish talab etiladi. Ma’lumki, nutq murakkab funksional sistemani o‘z ichiga oluvchi jarayondir. Bu sistemaning har bir tarkibiy qismi boshqa qismlari bilan mahkam bog‘langan. R.Ye. Levina va shogirdlari L.S. Vigotskiyning nutq va tafakkur haqidagi ma’lumotiga asoslanib turib, nutqni uch tarkibiy qismga bo‘lib: fonetikofonеmatik, leksik va grammatik nutqqa ajratib o‘rganishni tavsiya etadi. Ana shu uchala qism kishining yaxlit nutq sistemasini tashkil etadi. Nutqida kamchiligi bo‘lmagan va kamchiligi bo‘lgan bolalarda nutq sistemasi har xil darajada rivojlanadi. Nutq sistemasining fonetiko-fonematik qismi tovushlar talaffuzi, ovoz, nutq maromi, sur’ati, ravonligidan, shuningdek idrok-qobiliyatidan tashkil topadi. Leksik va grammatik qismlari tilning lug‘at boyligi va grammatik qurilishini o‘z ichiga oladi. Nutq sistemasida leksik qism yetakchi o‘rinni egallaydi. Bola nutqida so‘zlar soni kam, ya’ni nutqning leksik qismi rivojlanmagan bo‘lsa, fone- 59 tiko-fonematik, grammatik qismlarida ham ma’lum kamchiliklar yuzaga keladi, butun nutq sistemasida yetishmovchiliklar kuzatiladi. Fonetiko-fonematik qismdagi kamchiliklar, masalan, tovushlarni noto‘g‘ri talaffuz etish tufayli so‘zlar leksikaning o‘zgarishi, nutqning grammatik tuzilishiga ta’sir etadi. Sistemalilik prinsipi nutq kamchiliklarini aniqlash, bartaraf etish, oldini olish yo‘llari, usullarini to‘g‘ri belgilashga yordam beradi. Logopediya fani barcha ishlarni kompleks yondashish asosida tashkil etishni tavsiya qiladi. Kompleks yondashish – bolaga har tomonlama ta’sir ko‘rsatishini ko‘zlab ta’lim-tarbiya jarayonida ham pedagogik, ham psixologik, ham tibbiyot metodlarini ishlatishdir. Rivojlanish prinsipi nutq kamchiligining kelib chiqish yo‘lini, uning rivojlanishini tahlil qilishni ko‘zda tutadi. Bunda kamchilikning kelib chiqish sabablarini rivojlanish jarayonida qanday o‘zgarishlar natijasi ekanligini ko‘rsatish – asosiy vazifadir. Nutqdagi asosiy funksiyalarning buzilishi kishi faoliyatiga albatta salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uning faolligini pasaytiradi, og‘ir ruhiy kechinmalar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Masalan, ayrim so‘zlarning noto‘g‘ri talaffuz etilishi kishini noqulay vaziyatga solib qo‘yishi bilan birga, uni atrofdagilar bilan muomala qilishida qiynab qo‘yadi, u gapirganda o‘z fikrini to‘la anglata olmaydi. Nutq kamchiliklarining og‘ir turlari (alaliya, rinolaliya, tutilib gapirish va boshqalar) maktab dasturini o‘zlashtirishga, keyinchalik, kasb tanlashga, ba’zan umuman o‘qishga to‘sqinlik qiladi, bilish faoliyati rivojlanishini susaytiradi, ba’zilarida intellektual yetishmovchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, nutqdagi kamchiliklarni boshqa ruhiy jarayonlar bilan bog‘langan holda o‘rganish prinsipiga amal qilish nihoyatda zarur. Nutq kamchiliklari ko‘p hollarda biologik va ijtimoiy omillarning birgalashib ta’sir o‘tkazishi natijasida paydo bo‘ladi. Logopedik ishning samaradorligi nutq kamchiliklari kelib chiqish sabablari, mexanizmlari, turlarini to‘g‘ri aniqlashga bog‘liqdir. Bu o‘rinda ontogenetik, etiopatogenetik prinsiplarning ahamiyati katta. Nutq kamchiliklarini o‘rganish, aniqlash, ularni bartaraf etishda logoped barcha didaktik prinsiplarga tayangan holda ish tutadi. Logopedik ishni tashkil etishda, har qaysi bolaga xos xususiyatlarni hisobga olish, bilim, ko‘nikma va malakalarni puxta o‘zlashtirish, ta’limning o‘quvchilarga xos bo‘lishi, ta’lim va tarbiyaning birligi prinsipiga amal qilish, onglilik, faollik va mustaqillik kabi prinsiplarning ahamiyati ayniqsa katta. Nutq nuqsoni logopediya fanida muayyan tilning me’yorlaridan chetga chiqish deb ta’riflanadi. O.V. Pravdina o‘zining «Logopediya» kitobida logopedik nutq nuqsonlarini quyidagicha xarakterlagan: – Nutq nuqsoni o‘z-o‘zidan barham topmaydi, balki vaqt o‘tgan sari yanada mustahkamlanib, zo‘rayib boradi. – Nutq nuqsoni gapiruvchining yoshiga mos kelmaydi. – Nutqiy nuqsonlari bo‘lgan kishilar logopedik yordamga muhtoj bo‘ladi. – Og‘ir nutq nuqsoni kishining nafaqat nutqiga, balki umumiy rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yuqoridagi ko‘rsatilgan nutq nuqsonlari o‘z xususiyatlari jihatidan bolalarda va katta yoshdagi kishilarda ba’zan vaqtincha uchrab turadigan nutqiy kamchiliklardan farq qiladi. Yosh bolalarda keyinchalik o‘zidan-o‘zi to‘g‘rilanib, barham topib ketadi. Kattalarda esa bunday hodisalar asosan charchash, hayajonlanish, asabiylashish natijasida uchrab turadi. Ular ko‘pincha o‘z xatolarini sezib, bularni tuzatishga harakat qiladilar. Goho esa sezmasliklari ham mumkin. Lekin vaqti bilan bunday xatolar ham o‘z-o‘zidan to‘g‘rilanib ketadi. Nutqiy nuqsonlar ajnabiylarda, boshqa millatli kishilarda ham kuzatilishi mumkin. 61 Ular tilni o‘rganib borganlari sari, nutqdagi kamchiliklar barham topib boraveradi. Nutq kamchiliklari kelib chiqish sabablariga ko‘ra logopediya fanida organik va funksional xillarga bo‘linadi. Organik nutq nuqsonlari nutqiy analizatorning tuzilishidagi kamchiliklarga aloqador bo‘lib, bu analizatorning qaysi bo‘limida shikastlanganiga qarab markaziy yoki periferik turlarga bo‘linadi. Funksional nutq nuqsonlarida analizator tuzilishida o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Noto‘g‘ri tarbiya ota-ona, tarbiyachi yoki o‘qituvchi nutqidagi kamchiliklarga taqlid etish natijasida yoki noo‘rin reflekslarning mustahkamlanib qolishi funksional nutq nuqsonlariga sabab bo‘lishi mumkin. Funksional nuqsonlar asab jarayonlari o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi, analizator faoliyatidagi boshqa kamchiliklardan kelib chiqishi ham mumkin. Nutq analizatori qaysi bo‘limining o‘zgarib qolganiga qarab funksional nutq nuqsonlari ham markaziy yoki periferik xarakterda bo‘ladi. Logopediya fani surdopedagogika va tiflopedagogikalar ichidan ajralib, XIX asrning ikkinchi yarmida tibbiy fanlarning alohida bir oqimi bo‘lib vujudga keldi. Nutq nuqsonlarini asosan shifokorlar tuzatishar edi, biroq «davolash» ishlari yaxshi natija bermas edi. Nutqiy kamchiliklarning ayrim belgilari nuqson sifatida o‘rganilar edi. Nutq komponentlari, nutqning sistemali tuzilishi haqidagi ma’lumotlar o‘sha davrlarda hali bo‘lmaganligi tufayli, nutq kamchiliklarini o‘rganish, aniqlash, bartaraf etish usullari ham noto‘g‘ri belgilangan. Asosan mexanik mashqlardan foydalanilar edi. Hozirgi kunda logopediya fani pedagogik va psixologik, tibbiy, lingvistik fanlar asosida, shularga tayangan holda rivojlanib bormoqda. Bir qator tibbiy fanlarni chuqur o‘rgangan maxsus mutaxassis pedagog (logoped) to‘g‘ri nutqni tarbiyalaydi. Shifokor esa logopad bolaga anamnez tuzadi, uning diagnozini aniqlaydi, kerak bo‘lsa dorilar bilan davolashni tavsiya etadi. Logopedik amaliyotda, eshitish organlaridagi kamchiliklar psixikasiga ta’sir etgan bolalar ko‘p uchrab turadi. Bunday bolalarni eng avvalo otoloringolog tekshirib, ularga tibbiy xulosa chiqarmog‘i lozim. Shundagina logoped bunday logopadlar bilan ishni to‘g‘ri olib borishi mumkin.
Tovushlar talaffuzidagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari Ma’lumki, chaqaloq tug‘ilgan zahoti chinqirib yig‘lashga tushadi. Chaqaloqning yig‘lashi ochlikka, og‘riqqa, sovuqqa, o‘zini bezovta qilayotgan boshqa ta’sirotlarga bo‘lgan aks ta’sirdir. Lekin buning chaqaloq o‘sishi uchun ijobiy ahamiyati ham bor: chinqirib yig‘lash tufayli chaqaloqning nafas va nutq apparati o‘sadi, mustahkamlanadi. Umuman, yosh bolaning chinqirib yig‘lashi, keyinchalik nutqning o‘sishi uchun zarur sharoitlarning biridir. Chaqaloq ikki yo uch oylik bo‘lganida chinqirib yig‘- lashdan tashqari «agu», «a», «u» kabi tovush birikmalarini chiqara boshlaydi, ayrim tovushlar chiqarishi uning nutq apparatini o‘stiradi, mustahkamlaydi, shuningdek unda bir qancha yangi tovushlar hosil bo‘lishiga yordam beradi. Bola 3–4 oylik bo‘lganda tili chiqa boshlaydi. Unda ayrim tovushlar paydo bo‘ladi. Go‘dakning til chiqarishida boshqa odamlar nutqining ta’siri sezila boshlaydi. Go‘dak tevarak-atrofdagi kishilarning nutqini eshitib, nutq birikmalariga o‘zi anglamagan holda taqlid qila boshlaydi. Kar-soqov (gung) bolalarda qichqirish va guvrash bo‘ladi, lekin nutq faqat sog‘lom bolalardagina odatdagicha rivojlanib boradi. Bolalarning til chiqara boshlashi nutqning o‘sish jarayonida tayyorgarlik rolini o‘ynaydi: til chiqarayotgan davrda turli tovushlar va bularning birikmalari hosil bo‘ladi, nutq apparati rivojlanib, mustahkamlanib boradi. Bolalar 7–8 oylik bo‘lganida ularning boshqalardan eshitgan so‘zlari bilan shu so‘zlarda ifodalangan ma’no o‘rtasida dastlabki bog‘lanishlar ham hosil bo‘ladi. Bolalar o‘zlariga aytilgan so‘zga javoban harakat qiladigan bo‘lib qoladi. Masalan: «aya» so‘zini aytganimizda bola boshini onasi tomonga buradi. Bu passiv nutqni egallashning boshlanishidir. Keyinroq bola 9–10 oylik bo‘lganida, tovushlar birikmasini taqlid yo‘li bilan talaffuz etadi, lekin shu tovush birikmalarining talaffuzda bo‘lishi faol nutq boshlang‘ichi borligini ko‘rish mumkin. Xullas, bolalarning tug‘ilish paytidan to bir yoshga to‘lguncha tovushlar chiqarib, tovush birikmalarini talaffuz qilib turishi, nutq apparatining faoliyatiga tayyorgarlik davri bo‘lib hisoblanadi. Bola tovushlari birga qo‘shib, narsalarning nomini va o‘z fikrlarini ifodalashga kirishgan paytidan boshlab, u nutqni egallay boshlaydi. Tarbiyaning belgilovchi ta’siri ostida tafakkur o‘sib borib, u bilan chambarchas bog‘langan holda ongli nutq hamda umumlashtirib fikrlash, abstraksiyalash qobiliyati paydo bo‘lib boradi. Nutqning fonetik jihatdan o‘sishi Bola tilga kira boshlagan dastlabki paytlarda nutq tovushlarini mukammal ayta olmaydi. Bolalar ba’zi so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qiladilar. Masalan, tovushlarni buzib, birining o‘rniga boshqasini qo‘yib talaffuz qiladilar (parta-payta, qand-and, oyoq-oloq). Ko‘pincha so‘zlardagi ayrim tovushlarni va hatto butun-butun bo‘g‘inlarni tushirib qoldiradilar, tovushlarning o‘rnini almashtirib yuboradilar. Masalan, ber deyish o‘rniga be, olib kel o‘rniga abe, holva o‘rniga havla, sariyog‘ o‘rniga sayrog‘ deydilar. Endi tishi chiqib kelayotgan bolalar nutqining fonetik jihatdan to‘liq bo‘lmasligining sababi shuki, bunday bolalarda nutq (artikulatsiya) apparati yetarli o‘smagan, yetilmagan bo‘ladi. Ayni vaqtda oliy asab faoliyatining nomukammalligi ham bunga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari ayrim so‘zlardagi tovushlarni bir- biridan ajratib yetarlicha farq qila olmaydi, umumlashtirish va so‘z tarkibiga kiritishni bilmaydi. Lekin bola o‘sib-unib borgan sayin lug‘atdagi so‘zlar soni tez ko‘paya boshlaydi. Masalan, ikki yashar bolalarning lug‘atidagi so‘z boyligi 250–400 ga yetadi. 7 yoshga to‘lgan bolalar lug‘atida so‘zlar soni 3000–3500 ga boradi. Shu bilan birga tengdosh bolalarda so‘z boyligining oz yoki ko‘p bo‘lishi asosan shu bola tarbiyalanadigan muhitga, shuningdek, bolaning voyaga yetib borishidagi o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liqdir. Bolalar lug‘atidagi so‘z soni ko‘payib borgan sari bir tomondan, ular nutqning leksik jihati ham o‘sib borsa-da, ikkinchi tomondan, bolalarning so‘zlar ma’nosini tushunish layoqati, umumlashtirilgan holda idrok eta olish qobiliyati kengayib boradi. Tilga kira boshlagan bola o‘z nutqida dastlab bosh kelishikda keladigan ba’zi fe’llarni ishlatadi. Bolalarning dastlabki gaplari bir so‘zdan iborat bo‘ladi. Bu gap ularda bir necha ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, bola «koptok» der ekan, bunda «koptokni menga ber», «ana koptok» degan va boshqa ma’nolarni ifodalashi mumkin. Lekin bola bir yarim yoshga to‘lgandan keyin, ayniqsa 3 yoshga qadam qo‘yganda ona tilisining grammatik tuzilishini tezda egallay boshlaydi. Bola «oz» va «ko‘p» tushunchasini juda erta farq qila boshlaydi, 2 yoshga yaqinlashganda «katta» va «kichik» tushunchasini ham farq qila boshlaydi. Ammo qaratqich kelishigi o‘rniga tushum kelishigi qo‘shimchasini ishlatadi (bizani uyimiz). Bolalar bu yoshda fe’llarni shaxs va zamon e’tibori bilan ham birmuncha to‘g‘ri ishlatadigan bo‘lib qoladilar. Bolalar buyruq fe’lini ancha tez va barvaqt o‘zlashtirib oladilar. Bola ikki yoshga to‘lganida sodda gaplarni to‘g‘ri tuzib gapirishni o‘rganadi. Endi bola o‘zi turgan vaziyatdan tashqaridagi narsalar, shu paytdagi biror ish-harakat bilan bilvosita bog‘langan narsalar haqida ham gapira boshlaydi, ya’ni o‘zi bevosita ko‘rib turmagan narsalar to‘g‘risida gapira boshlaydiki, bu xildagi nutq tasavvurlarga asoslanib fikr qilishning ifodasidir. Ikki yarim yoshdan besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda aksari o‘zicha so‘z yasash hodisasi ko‘riladi, masalan, bu yoshdagi bolalar o‘zlari bilgan so‘zlarning shakllariga o‘xshatib so‘z tuza boshlaydilar: non – nanna, osh – ashsha va hokazo. Maktabgacha tarbiya yoshdagi bolalarning kattalardan eshitgan so‘zlarnigina takrorlab qolmasdan, balki shu tariqa o‘zlaricha so‘z yasash grammatik shakllarini ham egallay boshlaganini ko‘rsatuvchi belgidir. Bola yetti yoshga to‘lganida og‘zaki nutqning grammatikasini amaliy yo‘l bilan egallab oladi, deyish mumkin. Bu esa keyinchalik savod chiqarish va til grammatikasini o‘rganishga imkon beradi. Maktabda o‘qiyotgan bola o‘z nutqini grammatika qoidalariga muvofiq sur’atda, ongli ravishda tuzishni o‘rganadi. Grammatikani o‘qib-o‘rganish jarayonida bola nutqining fonetik jihati qaror topib, nutqning morfologik jihati to‘g‘rilanib boradi, sintaksis tuzilishi ancha takomillashadi. Maktabda o‘qitilayotgan hamma fanlarni o‘rganish va shu fanlar bilan shug‘ullanish jarayonida o‘quvchi nutqining lug‘at boyligi ko‘payadi, so‘zlarning mazmuni chuqurlashadi va kengayadi, har qaysi so‘zning, har qaysi atamaning ma’nosi aniq, ravshan bo‘lib boradi. Ta’lim jarayonida o‘quvchi yozma nutqni to‘g‘ri tushunishni o‘rganib oladi: o‘z fikrlarini yozma nutq bilan ham bayon qilish va boshqalarga tushuntirishni o‘rganadi. Yozma nutqni egallash og‘zaki nutqni va ayniqsa monolog nutqni to‘g‘ri va kengroq qilib tuzishga yordam beradi. O‘quvchi ovoz chiqarib o‘qish, matnni aynan yoki o‘z so‘zlari bilan takrorlash yo‘li bilan o‘zining artikulatsiya apparatini mashq qildiradi, o‘z nutqining qay darajada to‘g‘riligini, shu bilan birga o‘zi o‘zlashtirgan bilimlarining to‘g‘ri va mustahkamligini ham nazorat qilib boradi. Insonning eng muhim fazilatlaridan biri uning so‘zlash qobiliyatiga ega bo‘lib, nutq vositasida o‘zaro aloqa bog‘lay olishi, fikrlay bilishidir. Turli tovushlarning ma’lum tartibda birgalashib, payvasta bo‘lib qo‘shilishidan yuzaga keladigan ma’noli nutq muayyan organizmlarning faoliyati natijasida paydo bo‘ladi. Nutq hosil bo‘lishida ishtirok etadigan organlarning jami nutq apparati deyiladi. Nutq apparati markaziy va periferik bo‘limlardan iborat. Nutq apparatining markaziy bo‘limiga bosh miya po‘stlog‘i, po‘stloqdagi markazlar osti va o‘tkazuvchi asab tolalar kiradi. Odam miya po‘stlog‘ining ma’lum qismi (miya chap yarim peshana qismining pastki tomondagi pushtlarning orqa qismi) shikastlansa, bemorda nutq artikulatsiyasi, ya’ni nutq talaffuzi buzilib qolishini bundan yuz yil avval 1861-yilda Broka kashf etgan. Broka bunday miyaning ana shu qismi «so‘z obrazlarining motor, ya’ni harakatlantiruvchi markazidir», deb xulosa chiqargan edi. So‘zlar talaffuzining markazlari miyaning xuddi shu qismida joylashgandir. Birmuncha vaqt o‘tgandan keyin (1874-yilda) K. Vernike miya chap yarim shari tepa qismidagi pushtlarning orqa qismi shikastlanganda nutqni tushunish qobiliyati yo‘qolib qolishini aniqladi va miya po‘stlog‘ining ana shu qismida «so‘zlarning sensor obrazlari» joylashgan degan xulosaga keldi. Bunday tadqiqotlar odamning nutq bilan bog‘langan hamma funksiyalarini psixologik va fiziologik jihatdan o‘rganishga aloqador bir qancha tekshirish ishlarini boshlab berdi. Shu ishlar natijasida nutq bilan bog‘liq bo‘lgan barcha psixofunksiyalar miya po‘stlog‘ining ma’lum qismlari ishtirokida yuzaga chiqishi aniqlandi. Ma’lumki, organizm atrofidagi muhit bilan doimo va mustahkam o‘zaro aloqada bo‘lmay turib yashay olmaydi. Organizmning shunday tashqi ta’sirlarga moslanishi, atrofdagi muhit bilan muvozanatda bo‘lishi asab sistemasi tufayli yuzaga chiqadi. Oliy darajadagi organizm bo‘lmish odamda tashqi muhit bilan bog‘lanish, aloqada bo‘lishning yangi shakllari vujudga kelib, qaror topib borgan. «Rivojlanib borayotgan hayvonot dunyosida, – deb yozadi I.P. Pavlov, – odam darajasiga kelganda asab faoliyati mexanizmlariga juda ham katta qo‘shimcha qo‘shiladi»1 . Bu qo‘shimcha odamda nutq paydo bo‘lib, ikkinchi signal sistemasi yuzaga kelishi va rivojlanib borishidan iborat bo‘ladi. Nutqning yuzaga kelishi va idrok qilinishida biz «signallarning signallari» (I.P. Pavlov) tarzidagi so‘zlardan foydalanamiz, ya’ni so‘zlarni tanlaymiz va ularning ma’nosiga qarab tahlil qilamiz, ajratamiz. Bu murakkab jarayon katta miya yarim sharlarining po‘stlog‘ida amalga oshiriladi. Bolada ayrim tovush va fonemalar hayotining dastlabki oylarida paydo bo‘lsa-da, lekin ular hali tegishli signallar rolini o‘ynamaydi, ma’lum bir tushunchani, ma’noni ifoda qilmaydi. So‘zni, gapni talaffuz etish, narsalarning nomini, gaplardan iborat nutqni tushunish uchun miyada shartli aloqalar qaror topishi fiziologik korrelantlar paydo bo‘lishi, ya’ni miya faoliyatining tegishli mexanizmlari yuzaga kelishi lozim. So‘nggi 40 yil mobaynida fiziologlar (P.K.Anoxin, N.A.Bernshteyn) hamda psixologlar (A.R. Luriya, A.N. Leontyev, E.G‘oziyev, D.N. Uznadze, AQSHda Dj.Miller va boshqalar) olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlaridan ma’lum bo‘lishicha, nutq faoliyatining fiziologik asosini bunday tushunish uni butunlay ochib berib, talqin qilish uchun yetarli emas. P.K. Anoxin tadqiqotlaridan olingan ma’lumotlar nuqtayi nazaridan qaraganda, nutq faoliyatining fiziologik asosini ixtisoslashgan funksional sistema yoki, aniqroq aytganda, bir necha funksional sistemalardan iborat murakkab uyushma tashkil etadi, bu funksional sistemalardan ayrimlari nutq uchun ixtisoslashgan 1 I. P. Pavlov. To‘la asarlar to‘plami, III tom, 2-kitob. – M.-L., 1951-y., 335-bet. sistema bo‘lsa, boshqalari o‘zga faoliyatlari uchun ham xizmat qilaveradi. Funksional sistemalarning bunday uyushmalari ko‘p tomonlama va ko‘p darajalidir. Nutq jarayonini ta’minlashda «stimul-reaksiya» tipidagi juda sodda fiziologik mexanizmlar ham, nutq faoliyatining yuksak shakllari, masalan, ichdan programmalashtirib, nutq vositasi bilan fikr bayon qilishning har xil darajasidagi maxsus mexanizmlari ham qatnashadi. Ma’lumki, nutq har xil darajadagi sistemalar bilan, avvalo eshituv analizatorining funksiyasi bilan mahkam bog‘langan. Bola so‘zlarni, o‘ziga qaratilgan nutqni eshitadigan bo‘lgani uchun ham, garchi ularning ma’nosini tushunmasa-da, unda eslab qolish qobiliyati – asta-sekin rivojlanib borib, keyinchalik ayrim so‘zlarni oson takrorlay oladigan va hatto, oddiy jumlalarni tuza oladigan bo‘lib qoladi. Modomiki, shunday ekan, nutq funksiyasining rivojlanishida eshituv analizatorining ahamiyati katta. Eshituv analizatori tashqi, o‘rta, ichki quloq, ichki quloqdan boshlanadigan va asab qo‘zg‘alishlarini miyaga o‘tkazib beruvchi eshituv asab tolasi va bosh miyadagi eshituv markazlarini o‘z ichiga oladi. Tashqi quloq – quloq suprasi va tashqi eshituv yo‘lidan iborat. Quloq suprasi tovushni tutib olish va yo‘nalishini aniqlashga xizmat qiladi, tashqi eshituv yo‘li ingichka tuklar bilan qoplangan kanaldan iborat bo‘lib, uzunligi kattalarda 2,5 sm ga boradi va quloqning tashqi chegarasi bo‘lmish quloq pardasi – nog‘ora parda bilan tutashib turadi. Quloq pardasi egiluvchan, elastik bo‘ladi, shunga ko‘ra tovush to‘lqinlari ta’sirida tebranib, shu tebranishlarni buzmasdan takrorlaydi. Quloq pardasi kalla suyagining chekka qismida joylashgan o‘rta quloq bo‘shlig‘ining tashqi devorini hosil qiladi. Bu bo‘shliqda eshituv suyakchalari va shu bo‘shliqni burun-halqum bilan tutashtirib turadigan kanal – Yevstaxio nayi bor. O‘rta quloqning ichki devorchasi ikkita darcha – oval darcha va yumaloq darcha bilan ichki quloqdan ajralib turadi. O‘rta quloqdagi eshituv suyakchalari bolg‘acha, sandon va uzangi deb ataladigan uchta suyakchadan iborat. Bolg‘achaning dastasi quloq pardasiga yopishgan, boshchasi harakatchan bo‘lib, sandonga taqalib turadi. Sandon esa, uzangi bilan tutashgan. Uzangining keng tarafi oval darchadagi pardaga yopishgan. Quloq pardasining tebranishlari eshituv suyakchalariga o‘tib, ularni ham harakatlantiradi, buning natijasida quloq pardasining hamma tebranishlari oval pardasiga ham tarqaladi. Oval darcha yumaloq darcha bilan birgalikda ichki quloqqa tutashadi. Ichki quloq (labirint) chekka suyagining piramida degan qismida joylashgan bo‘lib, suyak labirint va uning ichidagi parda labirintdan iborat. Suyak labirint bilan parda labirint devorchalari o‘rtasida kichik bir kamchak bo‘lib, u perelimfa degan suyuqlik bilan to‘la turadi. Parda labirint ichida ham suyuq bor, buni enfolimfa deyiladi. Labirint dahliz, chig‘anoq va yarim doira kanallar degan qismlardan iborat. Labirintning yarim doira kanallari muvozanatni saqlash organi bo‘lib hisoblanadi. Asl eshituv organi chig‘anoqdir. U gajakka o‘xshab, 2,5 marta o‘ralgan suyak kanaldir. Uning ichida korti organi joylashgan. Korti organi tovushni sezuvchi moslama bo‘lib, miyadan keladigan eshituv asab tolalarining oxirlari shu organda tugaydi. Eshituv sezishlari quyidagicha kelib chiqadi. Tovush to‘lqinlari havo orqali tashqi eshituv yo‘liga kirib, quloq pardasiga urilganida uni tebratadi. Bu tebranish eshituv suyakchalariga o‘tib, ularni ham tebrantiradi. Eshituv suyakchalaridan uzangi oval darcha pardasiga taqalib turadigan bo‘lganidan shu parda ham tebranadi. Bu tebranish perelimfaga undan endolimfaga o‘tadi, endolimfa tebranganda chig‘anoqdagi korti organi tuklarni ham tebrantirib, shu yerdagi eshituv asab tolasi oxirlarini qo‘zg‘atadi. Bu asab tolalarda paydo bo‘lgan qo‘zg‘alish bosh miya po‘stlog‘iga – eshituv analizatorining oliy markaziga yetib boradi va u yerda tahlil etilib, bizda tovush sezgisini keltirib chiqaradi. Bolada nutq rivojlanib borishi, yuqorida aytilgandek, eshituv analizatori funksiyasiga, miyada bo‘lib o‘tadigan tahlil jarayonlarining takomillashib borishiga bevosita bog‘liqdir. Bola hayoti birinchi yilining oxirlari va butun ikkinchi yili nutq shakllanib qaror topib boradigan davridir. Bu davrda asl nutq apparati rivojlanib, takomillashib boradi va bosh miya po‘stlog‘idagi tegishli markazlar bilan o‘zaro aloqalar hosil qiladi. Asl nutq apparati: 1) nafas a’zolari; 2) hiqildoq; 3) artikulatsion apparatlardan tashkil topgan. Nutqiy tovushlarni hosil qiluvchi vosita o‘pkadan nafas yo‘llari orqali chiqib, hiqildoqqa va undan og‘iz bo‘shlig‘i, ba’zan burun bo‘shlig‘iga o‘tadigan havo oqimidir. Demak, o‘pka nutq tovushlarini talaffuz etish uchun zarur bo‘lgan havo oqimining manbayidir. Ovoz hiqildoqda hosil bo‘ladi. Hiqildoqda ko‘ndalang joylashgan elastik, yupqa tovush boylamlari mavjud bo‘lib, bular so‘zlash paytida, o‘pkadan chiqadigan havo oqimining kuchi bilan tebranadi, shularning tebranishida ovoz hosil bo‘ladi. Unli, sonor va jarangli undosh tovushlari ovozi ana shu tovush boylamlarining hiqildoq bo‘shlig‘ida tebranishi natijasidir. Jarangsiz undoshlar hosil bo‘lishida bu boylamlar tebranmaydi, ularning orqasi ochiq turadi: orasi yopiq bo‘lsa havo oqimi ularning orasidan o‘tadi va ovozdor: unli, sonor, jarangli undosh tovushlar hosil bo‘ladi. Tovush boylamlarining tebranishi natijasida hosil bo‘lgan ovoz kuchsiz, past, noaniq bo‘ladi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘i – nutq rezonatori, ya’ni ovozni kuchaytirib beradigan joydir. Og‘iz bo‘shlig‘ida joylashgan a’zolarning turlicha harakati va holati tufayli xilma-xil tovushlar hosil bo‘ladi. Nutq organlarining tovush hosil qilish paytidagi harakati va holati artikulatsiya degan atama bilan belgilanadi. Og‘iz bo‘shlig‘idagi eng faol organ tildir. Til o‘zining harakatchanligi bilan tovush hosil qilishda boshqa nutq organlariga nisbatan kattaroq vazifani bajaradi. Til, lablar, yumshoq tanglay, kichik til (lak-luk), tovush boylamlari – faol organlar deb; tish, qattiq tanglay, burun bo‘shlig‘i – nofaol organlar deb sanaladi. Hiqildoq orqali o‘tgan havo oqimi til, tanglay yoki ikki labning to‘siqligiga duch kelib, shovqin hosil bo‘ladi. Og‘iz bo‘shlig‘i pastki harakati bilan keng va tor holatga o‘tib turadi. Til bilan tanglayning nutq tovushi hosil qilishidagi harakatini aniq belgilash maqsadida bularning har biri bir necha qismga bo‘linadi: til oldi, til o‘rtasi va til orqasi; tanglay oldi yoki qattiq tanglay va tanglay orqasi yoki yumshoq tanglay. Til og‘iz bo‘shlig‘ida gorizontal va vertikal yo‘nalishlarda harakat qiladi: tilning oldinga – milkka va orqaga qarab siljib turishi gorizontal yo‘nalishdagi, tanglayga tomon yuqori ko‘tarilishi va undan past tushishi vertikal yo‘nalishdagi harakatdir. So‘zlash paytida lablar turlicha harakat qiladi: cho‘chchayadi, pastki lab ustki labga yo tishlarga tegadi va hokazo. U yoki bu nutq organining tovush hosil qilishida faol qatnashgan qismi artikulatsiya o‘rni bo‘ladi. Masalan, tilning old qismi oldingi tish milkka tegishi yoki yaqinlashishi bilan «D», «T», «Z», «J», «SH» kabi tovushlar paydo bo‘ladi, demak, bunday tovushlarning artikulatsiya o‘rni til oldidir. Pastki labning ustki tishlarga sal tegishi bilan «F» tovushi hosil bo‘ladi, «F» undoshining artikulatsiya o‘rni lab va tishlardir. Artikulatsiya o‘rni va usuli nutq tovushlarini tasvirlash, tasniflash, logopedik kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etishda muhimdir. Nutq apparatining tuzilishi va faoliyatida turli xil kamchiliklar kuzatilishi mumkin. Shulardan ayrimlarini ko‘rib chiqamiz. Tilning tuzilishi yoki harakatchanligida kuzatilishi mumkin bo‘lgan nuqsonlari: 1. Tilning nihoyatda katta bo‘lishi natijasida «S», «R», «L» va boshqa tovushlar noto‘g‘ri talaffuz etiladi, masalan, sirg‘aluvchi tovushlar talaffuzida tish aro sigmatizm kabi nuqson kuzatilishi mumkin. 2. Uzun, tor til yon sigmatizmiga, ya’ni havo oqimi o‘rtadan o‘tishi o‘rniga tilning yon tomonlaridan o‘tishi natijasida paydo bo‘ladigan talaffuz kamchiliklariga olib kelishi mumkin. Tilning tor, uzun bo‘lishi «R», «T», «D», «N» kabi tovushlarning noto‘g‘ri talaffuz etilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Til haddan tashqari kalta bo‘lsa, uni tanglay bilan birikishi natijasida paydo bo‘ladigan tovushlar («r», «s», «sh», «l»)ning noto‘g‘ri talaffuz etilishiga olib kelishi mumkin. Tilning tug‘ilishdan bo‘lmasligi. Bunday hollarda kishi gapira olmaydi, so‘zlarini mutlaqo tushunib bo‘lmaydi. Labdagi nuqsonlar Tovushlarni to‘g‘ri talaffuz etishda lablar ham faol ishtirok etadi. 1. Labning tug‘ma ikkiga bo‘linganligi lablangan barcha tovushlar (m, p, b, v, f) noto‘g‘ri talaffuz etilishiga olib keladi. 2. Lablarning yupqa, kaltaligi natijasida, og‘iz to‘liq yopilmaydigan bo‘lsa, bunda lablangan tovushlar noto‘g‘ri talaffuz etiladi. 3. Lablarning haddan tashqari qalin bo‘lishi ularning kam harakat bo‘lishiga olib keladiki, bunda ham barcha lablangan tovushlar noto‘g‘ri talaffuz etiladi. Yuqori labning kalta va pastki labning qalinligi ham talaffuzga ba’zan ma’lum darajada ta’sir etadi. Tanglaydagi nuqsonlar Tanglay yuqorida aytilganidek, qattiq va yumshoq tanglaydan iborat. Qattiq tanglay tanglayning oldingi, harakatlanmaydigan, nofaol qismi. Yumshoq tanglay, ya’ni tanglay pardasi tanglayning orqa harakatchan, faol qismidir. Tanglay tuzilishida quyidagi kamchiliklar kuzatiladi: 1. Tanglay yoriq – bunda og‘iz va burun bo‘shliqlari orasi ochiq qoladi, natijada barcha tovushlar manqalanib, burun bilan talaffuz etiladi, tovushlar talaffuzidagi bunday nuqson, jumladan rinolaliya deb ataladi. 2. Yumshoq tanglay kalta, kamharakat – bunda havo oqimi burun bo‘shlig‘iga o‘tib ketadi va barcha tovushlar burunli «M», «N» tovushlari kabi talaffuz etiladi. 3. Tanglay haddan tashqari baland turadi, tor bo‘ladi – bunda til va tanglay birikishi natijasida hosil bo‘ladigan tovushlar, masalan, «R», «L» kabi tovushlar noto‘g‘ri talaffuz etiladi. 4. Tanglay haddan tashqari past turadi, yassi bo‘ladi, bunda og‘iz bo‘shlig‘i o‘zining rezonatorlik funksiyasini, ya’ni ovoz kuchaytirib berish vazifasini to‘liq bajara olmaydi. Burun bo‘shlig‘i va halqum nuqsonlari Og‘iz hamda burun bo‘shliqlari nutqni kuchaytirib beradigan rezonatorlik funksiyasini bajaradi. Yumshoq tanglay pastga tushganda havo oqimi burun bo‘shlig‘iga o‘tadi. Havo oqimi burun bo‘shlig‘idan o‘tishi natijasida ovoz kuchayadi va ma’lum tusga, tembrga kiradi. Burun va halqumda turli xil shishlar bo‘lishi, burun to‘sig‘ining haddan tashqari qiyshayib qolishi, bodomcha bezlarining shishi, allergik holat, xronik tumov va boshqalar ham manqalanib gapirishga (yopiq rinolaliya) olib kelishi mumkin. Jag‘ va tishlardagi nuqsonlar Og‘iz bo‘shlig‘ining kengayishi va torayishi pastki jag‘ning harakatiga bog‘liq. Unli tovushlar talaffuzida pastki jag‘ tushiriladi, undosh tovushlar talaffuzida esa ko‘tariladi. Jag‘ nuqsonlariga progeniya, prognatiya, yuqori va pastki jag‘lar jipslashganida ulardagi oldingi, yon tishlarning noto‘g‘ri holatda, orasi ochiq bo‘lib turib qolishi, ya’ni noto‘g‘ri prikus kiradi. Progeniya (grekcha pro – oldinda, genpon – iyak) pastki jag‘ning bir-biriga tegmasligi, jipslashmay qolishi, prognatiya (grekcha pro – oldinga, gnatos – jag‘) yuqori jag‘ning oldinga keskin chiqib turishi natijasida tishlar qatorlarining bir-biriga tegmay oldinma-keyin turishidir. Bu turdagi nuqsonlar tufayli talaffuz vaqtida tovush, masalan, tishlar orasidan sirg‘alib chiqish o‘rniga, to‘siqqa uchramay chiqadi. Tishlarning siyrak, qiyshiq bo‘lishi ham talaffuzga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday hollarda havo oqimi tishlar orasidan chiqib tovush xushtak aralash talaffuz etiladi. Og‘ir nutq nuqsoni kishining nafaqat nutqiga balki umumiy rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hozirgi kunda nutq nuqsonlarining turli tavsifi, klassifikatsiyalari mavjud. Nutq nuqsonlari asosan uchta katta guruhga ajratiladi: fonetiko-fonematik xarakterli nuqsonlar, sistemali nutq buzilishlari va yozma nutq nuqsonlari. Fonetiko-fonematik xarakterli nuqsonlarga tovushlar talaffuzidagi nuqsonlar, ovoz nuqsonlari, nutq sur’ati, tempi, ritmi va ravonligidagi kamchiliklar, nutqni idrok etishning buzilishi oqibatida sodir bo‘lgan nuqsonlar kiritiladi. Sistemali nutq buzilishlarida kishining butun nutq sistemasi shakllanmaganligi natijasida u gapirmaydi. Bunday nuqsonli kishilarda qulog‘i yaxshi eshitadi, oligofreniya yo‘q. Sistemali nutq buzilishida nutqning umumiy rivojlanmaganligi kuzatiladi. Yozma nutq nuqsonlari o‘qish va yozish malakalarini katta qiyinchiliklar bilan yoki umuman o‘zlashtira olmaydigan kishilarda kuzatiladi. Logopediya fanida ushbu nutq sistemasida nuqsonlar quyidagi terminlar bilan yuritiladi: fonetiko-fonematik xarakterli nuqsonda tovushlar talaffuzidagi nuqsonlar dislaliya, rinolaliya, dizartriya, anartriya, ovoz nuqsonlaridan afoniya, disfoniya, fanasteniya, rinofaniya, laringomirlashgan ovoz kiradi. Nutq sur’ati, tempi, ritmi ravonligining buzilishiga – taxilaliya, bradilaliya, logonevroz, qoqilib gapirish kiradi. Nutqni idrok etish nuqsonlari zaif eshituvchi aqlan zaif, fonematik eshitishi buzilgan kishilarda kuzatiladi, natijada bolaning talaffuzi, ovozi, nutq sur’atida ma’lum o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Sistemali nutq nuqsonlariga alaliya va afaziyalar kirsa, yozma nutq nuqsonlariga agrafiya, aleksiya, disgrafiya, disleksiyalar kiradi.
|
| |