Korxonalar faoliyatini strategik boshqarish samaradorligi




Download 134,75 Kb.
bet3/15
Sana20.01.2024
Hajmi134,75 Kb.
#141790
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Bog'liq
Korxonaning Push va Pull strategiyalarini ishlab chiqish

2. Korxonalar faoliyatini strategik boshqarish samaradorligi
Xorijlik olimlardan R.S.Kaplan, D.P.Norton asarlarida strategik boshqaruv tizimida korxonaning samaradorligini oshirish va iqtisodiy faoliyatini rivojlantirish masalalari keng yoritilgan[2]. Bu olimlarning qarashlarida asosiy e’tibor, strategik boshqaruv tizimini korxona va tashkilot uchun asosiy xususiyatlarini, uning samaradorligini baholashga qaratilgan. I.Ansoffning qarashlarida strategik boshqaruv tizimida korxonaning istiqbollarini o‘rganish va ularga ta’sir qiluvchi omillarni baholash muhim o‘rin tutadi [3].
Uning e’tiborida korxona doim risk bilan ishlashi, uning uzoq muddatli faoliyati uchun prognozlar tuzish, ekstropflyatsiya usulini qo‘llash zarur. M.Porter qarashlarida kompaniyalarning rivojlanishida innovatsiyalarning o‘rni, ularni qo‘llash xususiyatlari, kompaniyaning barqaror rivojlantirilishiga faqat innovatsiyalarni doimiy ravishda joriy etish hamda kompaniyalarning raqobat ustunligiga erishishlarida innovatsiyaning ta’siri masalalari tadqiq etilgan[4].
R.S.Muratov, I.A.Djalolova, S.Sh.Oripov qarashlarida korxona alohida ob’ekt sifatida qaralib, uning mazmun va mohiyati, unga qo‘yiladigan talablar, ko‘rsatkichlar tizimi, moliyaviy barqarorligi va boshqaruvi masalalari atroflicha yoritib berilgan[5]. Korxonalar boshqaruvi va ularga qo‘yiladigan talablar, tamoyillar, boshqaruv shakllari baholab berilgan. I.O.Ulashev, Sh.A.Atamuradovlarning ilmiy qarashlarida korxonalar faoliyatini boshqarish mexanizmi muammolari,ularni yechish bo‘yicha takliflar, boshqaruv usullari, boshqaruvda optimal variantni tanlash, boshqaruv samaradorligini baholash kabi masalalar yoritib berilgan. [6]
G.Sh.Xonkeldieva ilmiy izlanishlarida korporatsiyalarni boshqarish, tashkiliy–iqtisodiy ko‘rsatkichlarini baholash, rag‘batlantirish va samaradorligini oshirish yo‘nalishlari yoritilgan [7].
Xalqaro tajribalar dan kelib chiqib, korporativ boshqaruvni zamonaviy usullaridan foydalanish yo‘llari, milliy tuzilmalarni shakllantirish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
R.R.Abduraupov qarashlarida O‘zbekistonda xorijiy investitsiyali korxonalar iqtisodiy salohiyatini boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilgan[8].
Amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari va olib borilgan ilmiy-nazariy izlanishlarga qaramasdan, aynan bugungi globallashuv va demokratik bozor islohotlari sharoitida strategik boshqaruv tizimida korxonaning samaradorligini oshirish va iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishga ta’sir qiluvchi omillarni baholashga qaratilgan masalalar tizimli holda yoritib berilmagan.
Korxona to‘g‘risida tushuncha hosil qilish muhim iqtisodiy ahamiyatga ega.
Ko‘pgina adabiyotlarda korxona to‘g‘risida turlicha fikrlar keltirilgan. Masalan R.S.Muratov, I.A.Djalolova, S.Sh.Oripovlarning “Korxona iqtisodiyoti” darsligida korxonaga quyidagicha ta’rif berilgan. Korxona-ijtimoiy talablarni qondiruvchi va sof foyda olish maqsadida mahsulot ishlab chiqaruvchi, ishlar bajaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi mustaqil xo‘jalik yurituvchi iqtisodiyot sub’ektidir[5].
I.O.Ulashev, Sh.A.Atamuradovlarning “Korxona iqtisodiyoti va menejmenti” o‘quv qo‘llanmasida esa korxonaga quyidagicha ta’rif berilgan. Korxona-bu jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanuvchi, aholining talabini qondirish va foyda olish yoki boshqa ijtimoiy funksiyalarni bajarish maqsadida, xususiy resurslardan foydalanish asosida mahsulotlar ishlab chiqaradigan, ayirboshlaydigan, hamda boshqa ishlarni va xizmatlarni bajaradigan, faoliyati bo‘yicha qarorlar qabul qiladigan va unga javobgar, huquqiy shaxs maqomiga ega bo‘lgan, har xil o‘lchamdagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektdir[6].
Fikrimizcha, huquqiy shaxs huquqiga ega bo‘lgan, mulkchilik huquqi yoki xo‘jalikni to‘la yuritish huquqi bo‘yicha o‘ziga qarashli mol-mulkdan foydalanish asosida mahsulot ishlab chiqaradigan va sotadigan yoki mahsulotni ayirboshlaydigan, ishlarni bajaradigan, xizmat ko‘rsatadigan, bellashuv hamda mulkchilikning barcha shakllari teng huquqliligi sharoitida amaldagi qonunlarga muvofiq o‘z faoliyatini ro‘yobga chiqaradigan mustaqil xo‘jalik yurituvchi sub’ekt korxona hisoblanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, korxona o‘zining faoliyati davomida davlat, fuqarolar va yuridik shaxslar bilan ijtimoiy, iqtisodiy hamda siyosiy munosabatlarda bo‘ladi va milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida o‘zining katta hissasini qo‘shadi.
Hozirgi paytda korxonani rivojlantirilishiga faqat innovatsiyalarni uzluksiz ravishda joriy etilishi bilangina erishish mumkin. M.Porter kompaniyalarning raqobatli ustunlikka erishishlarida innovatsiyaning rolini quyidagicha aniqlagan: «....kompaniya raqobatdagi ustunlikni innovatsiyalar vositasida qo‘lga kiritadi. Ular yangi kiritilgan tartib-qoidalarga ham yangi texnologiyalardan, ham yangi ish usullaridan keng ma’noda foydalangan holda yondashadilar.
Kompaniya yangiliklar tufayli raqobatdagi ustunliklarga erishganidan keyin, bu ustunliklarni faqat muntazam ravishda yaxshilashlar yordamida qo‘lda tutib turishi mumkin. Raqobatchilar innovatsiyalarni takomillashtirish va joriy etishdan to‘xtagan har qanday kompaniyani darhol va albatta chetlab o‘tib ketadilar»[4].
Korxonaning raqobatbardoshligi deganda, iste’molchilar uchun raqobatchilarning tovarlariga nisbatan ko‘proq o‘ziga tortuvchan bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarish va sotish tushuniladi. Raqobat muhitini uzluksiz nazorat qilib turish –ishlab chiqarishni ehtiyojlarni eng samarali usulda qondirish uchun mo‘ljallangan zarur shartidir.
Raqobat muhitining holati haqidagi xulosalar, korxonaning innovatsion siyosatini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi. Mohiyatan, raqobatchilar ustidan erishilgan ustunlik innovatsiyalar hisobidan bo‘ladi va shuning uchun, korxona faoliyatidagi raqobatchilar ustidan erishiladigan har qanday ustunlikni ta’minlovchi yangi elementlarni joriy etishga bo‘lgan layoqat, shu korxona raqobatbardoshligining zarur tashkil etuvchisidir.
Korxona barqarorligi, uning davomiylik jihatdan uzoq muddatga mo‘ljallangan samarali faoliyat ko‘rsatishini xarakterlovchi murakkab iqtisodiy kategoriyadir (1-rasm) va korxonaning raqobatbardoshligi, iqtisodiy xavfsizligi hamda iqtisodiy samaradorlik kabi uchta elementga asoslangan. Shuni ta’kidlash kerakki, bu elementlar o‘zaro chambarchas bog‘liq va birgalikda faoliyat ko‘rsatadi, biroq, turlicha funksional vazifalarga ega.
Raqobatbardoshlik ‒ korxona rivojlanishining salohiyatini, barqarorlik esa – korxonaning uzoq muddatli istiqbolini belgilaydi. Korxonaning barqarorligini vaqtlarga taqsimlangan raqobatbardoshlik, deb aytish mumkin. Vaqtning uncha katta bo‘lmagan intervallarida bu ikkala tushuncha teng kuchga ega bo‘ladi.
Korxonaning ishlab chiqarishni, mehnat va boshqarishni tashkil etishda, uning texnik hamda texnologik imkoniyatlarida ifodalangan ishlab chiqarish salohiyati ‒ innovatsiyalarni o‘z vaqtida ta’minlab beradigan elementdir.
Korxonaning ishlab chiqarish salohiyati qancha yuqori bo‘lsa, mahsulot ishlab chiqarishga va uning sifatiga qilinadigan xarajatlar ulushining darajasi shuncha past bo‘ladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning, raqobatchilar tovarlarining sifatidan yuqori turuvchi sifati, innovatsion salohiyatning moddiy ifodalovchisidir.


Download 134,75 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Download 134,75 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Korxonalar faoliyatini strategik boshqarish samaradorligi

Download 134,75 Kb.