2.Mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlarining tahlili
Mahsulotning bir yoki bir necha xossa xususiyatlarining miqdoriy tavsifiga sifat koʻrsatkichi deyiladi. Mahsulotning sifat koʻrsatkichi – mahsulot xossasining miqdoriy xususiyati boʻlib, sifat tarkibiga kiradi, ya]ni uni yaratish va ishlatish, hamda iste’molchilarga yetkazishdagi talabni qondirish (GOST 15467-70 standarti boʻyicha). Barcha mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari ifodalanishi boʻyicha oʻlchamli va oʻlchamsizga (nisbiy yoki balli) boʻlinadi. Sifat koʻrsatkichlarini tanlash – mahsulot sifati tarkibiga kiruvchi va uning sifati darajasini baholashga imkon beruvchi mahsulot xususiyatlari miqdoriy tavsifining nomlarini aniqlashdir.
Sifat koʻrsatkichlarining nomlarini tanlashni asoslab berish quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:
- mahsulotdan foydalanish shartlari va nima maqsadda ishlab chiqarilganligi;
- iste’molchi talablarining tahlili;
- mahsulot sifatini boshqarish masalalari;
- tavsiflanayotgan xususiyatlarning tarkibi va strukturasi;
- sifat koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻyilgan asosiy talablar.
Xalq iste’moli tovarlarining sifatini nazorat qilish sifatining ijtimoiy, funksional, ishonchlilik, ergonometrik, estetik, ekologik, xavfsizlik kabi iste’mol koʻrsatkichlarini oʻrganish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Zarurat toʻgʻilsa, tovarlarining sifatini baholash va tahlil qilish iste’molchilarning talablarini ham hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Ijtimoiy koʻrsatkichlar maxsus koʻrsatkichlar guruhiga kiradi.
Tovarlar sifat koʻrsatkichlari va iste’mol xususiyatlariga koʻra quyidagicha klassifikasiyalanadi (1.1-rasm). Mahsulot sifatini iqtisodiy jihatdan baholaydigan koʻrsatkich - integral koʻrsatkichdir. Integral koʻrsatkich mahsulotning foydali tomonlarining yigʻindisini uni yaratish, foydalanish va iste’mol qilish uchun sarf boʻlgan xarajatga nisbati orqali ifodalanadi:
𝑆𝑖𝑛𝑡 = 𝑇𝑚 + 𝑅𝑐ℎ 𝑃
bunda: 𝑆𝑖𝑛𝑡 - sifatning integral (kompleks) koʻrsatkichi, soʻm/t.km.
Tm - mashinaning tannarxi (sebestoimost), soʻm,
Rch - foydalanish davridagi chiqimlar (ekspluatatsionniye rasxodi), soʻm;
P - mashina probegi (shu muddatda) t.km.
Bu esa mahsulot sifatining rentabelligi, ya’ni sarf qilingan puldan soʻmma foydani belgilaydi.
1.1-rasm. Sifat ko’rsatkichlari klassifikatsiyasi
Sifatning umumlashtirilgan koʻrsatkichlari. Bunga alohida-alohida koʻrsatkichlar yigʻindisi kiradi. Alohida - alohida koʻrsatkichlar bir xil birliklarga ega boʻlishi kerak. Yoxud nisbiy oʻlchamsiz birliklarda boʻlishi lozim. Bunda har qaysi koʻrsatkichning ta’siri koeffisentlarda (ballar bilan) ifodalanadi.
Barcha texnik iqtisodiy koʻrsatkichlar quyidagi guruhlar boʻyicha klassifikatsiya qilinadi:
-mahsulot vazifalari boʻyicha koʻrsatkichlar;
-ishonchlik koʻrsatkichlari;
-texnologik jarayonlar boʻyicha koʻrsatkichlar;
-ergonomik koʻrsatkichlar;
-estetik koʻrsatkichlar;
-standartlashtirish va unifikasiyalashtirish koʻrsatkichlari;
-patent
- huquqiy koʻrsatkichlar.
Mahsulot vazifalari boʻyicha koʻrsatkichlarga mehnat unumdorligi, energiya iste’mol qilishligi, ogʻirligi (material sarflanganligi), mashinaning universalligi va h.k. lar kiradi. Mahsulot ishonchliligi koʻrsatkichlariga buzilmasdan ishlashi, koʻp yeyilmasdan ishlashi, ta’mirlashning osonligi kabi koʻrsatkichlar kiradi.
Ergonomik (grekcha ergon- ish va nomes- qonun) koʻrsatkichlariga mashinani boshqarishning qulayligi, xavfsiz boshqarish mumkinligi, mashinaning gigiyena sifatidan qulayligi, psixologik koʻrsatkichlar, fiziologik koʻrsatkichlar kiradi. Estetik koʻrsatkichlarga esa mahsulotning tashqi koʻrinishi, mashinaning atrof muhitga bilan uyg’unligi, mashinaning tashqi pardozi kabilar kiradi. Ijtimoiy koʻrsatkichlar. Ushbu koʻrsatkichlar mahsulotning ijtimoiy-zaruriy ehtiyojlarga javob bera olishi va uning turli guruh iste’molchilari uchun ijtimoiy ahamiyatini tavsiflaydi. Bu koʻrsatkichlarga tovarlar ishlab chiqarishning ijtimoiy zaruriyati, tovarning optimal assortimentga mos kelishi, ma’naviy eskirish va boshqa ijtimoiy samaralar koʻrsatkichlari kiradi.
Tovar ishlab chiqarishning ijtimoiy zaruriyati koʻrsatkichi mana shu tovarga nisbatan aholining qondirilmagan talabi hajmining zarurligini ifodalaydi. Tovarga nisbatan qondirilmagan talabning zarurlik darajasi aholining mana shu tovarlarga nisbatan ta’minlanganlik darajasi bilan tavsiflanadi. Tovarning ijtimoiy manzili va iste’mol tiraji koʻrsatkichi mahsulotning iste’molchining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda maxsus guruh iste’molchilarini talablariga javob bera olishini tavsiflaydi. Tovarning maxsus guruh iste’molchilarining talablarini qondirishiga qarab iste’mol tipaji belgilanadi. Masalan, oyoq kiyimlar tiraji bog’cha yoshdagi, maktab yoshdagilar, qiz bolalar, oʻgʻil bolalar, ayol yoki erkaklar oyoq kiyimlariga boʻlinadi. Tovarning optimal assortimentiga mos kelishi koʻrsatkichi uning mana shu tur mahsulotlari assortimenti sistemasida foydalanilishi ishlarining samaradorligini tavsiflaydi. Ma’naviy eskirish koʻrsatkichi moda yoʻnalishlari oʻzgarishi, mavsum oʻzgarishi yoki yangi sifatli mahsulotning yaratilishi bilan mahsulotni ma’naviy eskrishini koʻrsatadi. Yondosh ijtimoiy samaralar koʻrsatkichilari deb mazkur guruh tovarlarini ommaviy ishlab chiqarish xaridorlarning tovarlarni xarid qilishlariga ta’sirini tavsiflovchi koʻrsatkichlarga aytiladi. Masalan, mazkur guruh tovarlarini ishlab chiqarishganda, boshqa yondosh guruh tovarlariga nisbatan boʻlgan talab keskin oʻzgarishi mumkin.
Kiyimlariga nisbatan modalarning oʻzgarishi, kiyinish turining oʻzgarishi bosh kiyimlarga nisbatan boʻlgan talabni oʻzgartirishi mumkin. Funksional koʻrsatkichlar. Mahsulot sifatining funksional koʻrsatkichlari ularning foydalanish maqsadlariga mos kelishi, moddiy, ma’naviy ehtiyojlarni qondira olish darajasini tavsiflaydi. Bu koʻrsatkichlar asosiy funksiyalarining bajarilishini takomillashtirish koʻrsatkichi, universallik koʻrsatkichlari va yordamchi operatsiyalarini bajarishni takomillashtirish koʻrsatkichlariga boʻlinadi. Asosiy funksiyani bajarishni takomillashtirish koʻrsatkichlari iste’molning foydali samarasini, mahsulotning iste’molchilar tomonidan foydalanilganda ma’lum ehtiyojni qondirish darajasini koʻrsatadi. Universallik koʻrsatkichi mahsulotning oʻz oʻrniga qarab ishlatilishi bilan bir qatorda, kishilar uchun foydali boshqa maqsadlarda ham ishlatilishi mumkinligini koʻrsatadi. Yordamchi funsksiyalarning bajarilishini takomillashtirish koʻrsatkichi mahsulotni “inson-mahsulot-tashqi muhit” sistemasida asosiy va yordamchi faoliyatlarini bajarishining yondosh bosqichlarida: transportirovka, oʻrnatish, ta’mirlash, xizmat koʻrsatish, saqlash va boshqa bosqichlarida mahsulotni oʻziga xos xususiyatlarini koʻrsatadi. Yordamchi operatsiyalarni bajarilishini takomillashtirish uchun asosiy faoliyatining bajarilishini takomillashtirishga ham ta’sir koʻrsatadi. Ishonchlilik koʻrsatkichi mahsulotning iste’mol yoki ekspluatatsiya vaqtida yaroqli holda boʻlishini koʻrsatadi. Bunga toʻxtamasdan ishlashi, uzoqqa chidamliligi, ta’mirlanuvchanlik, saqlanuvchanlik kabi koʻrsatkichlar kiradi. Toʻxtamasdan ishlash koʻrsatkichi mahsulotning ma’lum vaqt davomida toʻxtamasdan ishlatilishi mumkinligini koʻrsatadi. Uzoqqa chidamlilik koʻrsatkichi xizmat koʻrsatish muddati davomida uzluksiz ishlashi mumkinligini koʻrsatadi. Ta’mirlanuvchanlik koʻrsatkichi mahsulotning realizatsiya qilish jarayonida ba’zi mayda kamchiligini tuzatish mumkinligini koʻrsatadi. Saqlanuvchanlik koʻrsatkichi mahsulotni saqlash va trasportirovka qilish jarayonida va undan keyin ham oʻzining iste’mol qiymatini saqlash xususiyati tushuniladi.
Ergonometrik koʻrsatkichlar. Ergonometrik koʻrsatkichlar “inson-mahsulot” sistemasini tavsiflab, insoniyatning ekologik, fiziologik, antropometrik, gigiyenik xususiyatlarini hisobga oladi. Gigenik koʻrsatkichlar mahsulotni kishilarni mehnat va hayotiy faoliyatining gigenik shartlariga mos kelishini koʻrsatadi.
Antroponometrik koʻrsatkichlar mahsulot konstruksiyasi undan foydalanilayotgan vaqtda kishilar tanasining tuzilishiga mos kelishini koʻrsatadi. Estetik koʻrsatkichlar. Estetik koʻrsatkichlarga ajralib turuvchanlik, tashqi koʻrinishning ratsional boʻlishi, kompozitsiyasining toʻliq boʻlishi, mahsulotni ishlab chiqarishni bajarishning mukammal boʻlishi, tovar koʻrinishlarining stabil boʻlishi kabi koʻrsatkichlar kiradi. Ajralib turuvchanlik mahsulotga nisbatan jamiyatda shakllangan estetik dunyo qarashlarini aks ettiradi. Bu koʻrsatkich mahsulotni boshqa analogik maqsulotni ajralib turishini, davr talabiga, zamon talablariga, moda yoʻnalishlariga javob berish darajasini koʻrsatadi. Tashqi koʻrinishining ratsional boʻlishi mahsulotni funksional - konstruktiv mohiyatining toʻg’ri ifodalanishini mahsulotni tayyorlash va ekspluatatsiya qilishning obyektiv sharoitlariga mos kelishini tavsiflaydi. Ushbu koʻrsatkich mahsulot tashqi koʻrinishining uni ishlatilish maqsadlariga, konstruktiv yechilishiga, tayyorlash texnologiyasi va qoʻllaniladigan materiallarning oʻziga xos xususiyatlariga mos kelishini koʻrsatadi. Kompozitsityasini toʻliqligi mahsulot qismlarini organik bog’liqligini, uning boshqa ansambllariga ham mos kelishini koʻrsatadi. Ushbu koʻrsatkichlar mahsulotni modellashtirishda turli ranglari oʻzaro aloqada qoʻllashda, konstruksiyalash ishlarini badiiy tasvirlashda, toʻliq kompozitsion yechimga erishishda badiiy vositalardan foydalanish samaradorligini koʻrsatadi.
Mahsulotni ishlab chiqarishning mukammal boʻlishi va tovar koʻrinishining stabil boʻlishi mahsulotning estetik jihatdan tashqi koʻrinishiga ta’sir koʻrsatadi va uni ishlab chiqarishda tashqi koʻrinishining mukammal boʻlishi, firma belgilarining aniq boʻlishi, informatsion material va hujjatlarning toʻliq boʻlishi va mahsulot tashqi koʻrinishiga zarar yetmasligi uchun uni oʻrash-joylash ishlarining yaxshi yoʻlga qoʻyish darajasini koʻrsatadi. Iste’molning havfsizligi koʻrsatkichi mahsulotni ekspluatatsiya yoki iste’mol qilish, montaj, xizmat koʻrsatish, ta’mirlash, saqlash, ortish va tashishda kishilarning xavfsizligini ta’minlovchi xususiyatlarini tavsiflaydi. Iste’molning xavfsizligi koʻrsatkichiga misol qilib, kishilarning ma’lum vaqt davomida xatarsiz ishlashi ehtimoli; himoya moslamalarining ishlatilishi; voltli zanjirlarning elektr mustahkamligi kabilarni keltirishimiz mumkin. Ekologik koʻrsatkichlar mahsulotni ekspluatatsiya qilishda yoki iste’molda atrof muhitga zararli ta’sir koʻrsatishini xisobga olish atrof- muhitiga ishlab chiqarish chiqindilarning tushishini cheklash, biologik resurslardan ratsional foydalanish, ularni saqlash, atmosferani ifloslanish darajasini pasaytirishni ta’minlash kerak.
Ekologik koʻrsatkichlarga, atrof muhitga tashlanayotgan zaharli chiqindilarning tarkibi, mahsulotni ekspluatatsiya qilish va iste’molda, ortish, tashishda, saqlashda zaharli gazlar chiqishini misol qilib keltirishimiz mumkin. Mahsulot sifati darajasini baholashda mahsulotni tayyorlash, ishlab chiqarish va ekspluatatsiya qilish yoki iste’mol soxasidagi farqlarni tavsiflovchi iqtisodiy koʻrsatkichlarni e’tiborga olish muhimdir. Iqtisodiy koʻrsatkichlar - bu tajriba namunalarni tayyorlash va sinovdan oʻtkazishga ketgan xarajatlar, mahsulot ishlab chiqarish tannarxi, texnik obyektlarni ekspluatatsiya qilishdagi xarajatlar va boshqalar. Sifat koʻrsatkichlari fizikaviy koʻrsatkichlar singari oʻlchamga ega boʻlishi yoki ega boʻlmasliklari mumkin.
Sifat koʻrsatkichlarining miqdoriy tavsifi deganda ma’lum birliklardagi ularning oʻlchamalari tushuniladi. Masalan, mahsulotni ishlab chiqarishga ketgan mehnat sarfi mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun sarflangan vaqt boʻlib, ishchi-soatlarda ifodalanadi. Bunda mehnat sarfini ishchi-kunlarda ifodalash bilan mahsulotning mehnat sarfi oʻzgarib qolmaydi. Xuddi shunga oʻxshab mahsulot tannarxi yoki bahosi kabi iqtisodiy koʻrsatkichlarni soʻmlarda yoki boshqa birliklarda ifodalanishi uning qiymatini oʻzgartirmaydi. Fizik miqdorlar singari sifat koʻrsatkichlarining miqdori ham absolyut va nisbiy miqdorlar orqali ifodalanishi mumkin. Fizik miqdorlarning absolyut qiymati har doim oʻlchamga ega boʻladi, nisbiy miqdorlar esa oʻlchamsizdir. Mahsulot sifatining absolyut koʻrsatkichlari oʻlchamga ega boʻlishlari yoki oʻlchamsiz boʻlishlari mumkin, nisbiy koʻrsatkichlar esa doim oʻlchamsizdir.
Mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari nomenklaturasi Mahsulot sifatining koʻrsatkichi mahsulot sifatiga kiruvchi bitta yoki bir necha xossasining miqdoriy tavsifi, uning yaratilish va ishlatilishi yoki iste’molidagi muayyan sharoitlarga qoʻllanilishini qurilishiga aytiladi.
Sifat koʻrsatkichlari quyidagi asosiy talablarga javob berishlari lozim:
turg’unligi;
rejali asosda ishlab chiqarish samaradorligini oshishiga yordam berishi;
fan va texnika yutuqlarini inobatga olinishi;
muayyan vazifasiga koʻra ma’lum ehtiyojlarni qondirishga layoqatliligi.
Tavsiflanadigan xossalari boʻyicha bir turdagi va turli xildagi mahsulotlarining sifat koʻrsatkichlarini sinflanishi keltirilgan. Tarkib va tuzilish koʻrsatkichlari mahsulotdagi kimyoviy elementlarni yoki guruhli tuzilishlar miqdorini ifodalaydi.
Tarkib va tuzilish koʻrsatkichlariga quyidagilarni misol qilish mumkin:
poʻlatning tarkibiy komponentlarini massa ulushlari;
kislotalardagi turli tarkiblarining konsentrasiyasi;
koksdagi oltingugurtning, kulning massa ulushi;
oziq-ovqat va boshqa mahsulotlardagi qandning, tuzlarning massa ulushlari kiradi.
Xom-ashyo, materiallar, yoqilgʻi va elektr quvvatlarini tejab foydalaniladigan koʻrsatkichlari buyumning xossalarini tavsiflaydi va uning texnikaviy takomillanish darajasini yoki ular tomonidan iste’mol qilinayotgan xom-ashyo, materiallar, yoqilg’i va elektr quvvatlar me’yorini ifodalaydi. Buyumlarni tayyorlashda va ishlatishda shunday koʻrsatkichlarga xom-ashyo, materiallar, yoqilg’i va elektr quvvatini asosiy turlarining solishtirma sarflanishi (sifat koʻrsatkichining asosiy oʻlchovi); moddiy resurslardan foydalanish koeffisiyenti, ya’ni foydali sarflanishiga nisbati tushuniladi, foydali ish koeffisiyenti va shunga oʻxshashlar kiradi.
Mahsulotlarning murakkab xossasini tavsiflovchi, uning ehtiyojini, maqsadini va topshiriqga binoan berilgan vazifalarni bajarishga mahsulotning funksional layoqatligi deb ataladi. Mahsulotning badiiy ifodalanishini, shaklning toʻg’riligini, kompo-zitsiyaning butunligini tavsiflovchi murakkab xossa mahsulotning estetikligi deb ataladi.
Mahsulotning xavfsizligi – bu uning murakkab xossasi boʻlib, inson uchun zararli ta’sir etish miqdorini belgilaydigan koʻrsatkichidir. Mahsulotning ekologikligi ham uning murakkab xossalaridan biri hisoblanib, atrof – muhitga zararli ta’sir etish miqdorini belgilaydi. Tayyor mahsulot oʻzining iste’moldagi bahosi va boshqalariga hamda uning iste’mol yoki ishlatilishdagi harajatlarning yig’indisiga mahsulotning iste’mol bahosi deb ataladi. Mahsulot, ham muayyan ehtiyojga mos kelish darajasi boʻyicha, ham shu ehtiyojni qanoatlantirishdagi harajatlar boʻyicha raqobatlanuvchi mahsulotlardan uning ajralib turishini ifodalovchi mahsulotning tavsifi uning raqobatbardoshligi deb ataladi.
|