|
Media maydonda axborot tarqatish madaniyati
|
bet | 5/23 | Sana | 16.02.2024 | Hajmi | 71,53 Kb. | | #157639 |
Bog'liq 7.Media maydonda axborot tarqatish madaniyatiMavzu bo‘yicha topshiriq
Mashq. Internetdan mediamatnlarning tahlili jarayoni batafsil bayon etilgan materiallarni izlab toping. Tahlil tarkibiga qanday nuqtai nazarlar kirishi mumkin? Qanday savollarni tahlil uchun muhim deb hisoblaysiz?
Yangilik mazmunidagi xabar
Jurnalistlar axborot xilma-xilligi sharoitida to‘g‘ri yo‘nalish olishi, uni yorqin va ifodali tarzda taqdim etish masalasini ham hal etishlari zarur bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, muhokama etilayotgan masalalarni to‘g‘ri tushunish va anglash borasida har xil qobiliyatga ega bo‘lgan turli auditoriya vakillarini e’tiborga tutgan holda amalga oshiriladi. Mazkur vakillar qabul qiladigan qarorlar, yangiliklarda yoritishga loyiq bo‘lgan voqeani hamda axborotni taqdim etish usulini tanlashga ham taalluqli bo‘ladi. Ushbu usullar tabiiy ravishda jurnalist tajribasi va dunyoqarashini ifoda etadi. Shu bois auditoriya bu haqda tasavvurga ega bo‘lishi va uni tanqidiy qabul qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Yangiliklarning tartibi quyidagicha tuziladi:
medialar ko‘plab voqea-hodisalar orasidan o‘zlari relevant deb hisoblaganini tanlab oladi. Auditoriya uchun u qadar qiziq emas, deb hisoblangan voqealar esa chetga surib qo‘yiladi;
muayyan yangilik uchun ajratilgan vaqt va makon turlicha bo‘lishi mumkin;
aynan medialar qaysi voqea-hodisa boshqalarga nisbatan muhimroq
ekanini belgilaydi va yangiliklar tartibini shakllantiradi;
insonlar medialar belgilab bergan ustuvorliklar izchilligini o‘zi belgilagan sifatida qabul qiladi.
Yangiliklar – dunyoda sodir bo‘layotgan muhim voqea va hodisalar haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan xabarlar. Yangilik faqat voqeani tasvirlashdan iborat, degan tasavvur dunyoni holis tasvirlash, voqelikni tipografiya bo‘yog‘i va baytlar vositasida ko‘rsatish mumkinligi haqidagi taxminga asoslangan. Garchi yangiliklar jurnalistikasi holis va betaraf bo‘lishga intilayotgan bo‘lsa ham, yangilik matnining yozilishi, unda bayon etilayotgan nuqtai nazarni va uni taqdim etish usulini tanlash jurnalist tomonidan amalga oshirilishini unutmaslik zarur. Yangiliklar matni va dasturi ham ma’no va voqelikni shakllantiradi. Xatto yangilik uchun mavzu tanlash ham ahamiyatga ega: masalalardan biri yoritishga loyiq, boshqasi esa noloyiq deb topiladi.
Yangilikni tanlashda dolzarblik, noodatiylik, o‘ziga xoslik va yaqinlik samarasi mezonlariga tayaniladi. Tom ma’nodagi yangilik quyidagi savollarga javob berishi kerak: “Kim? Nima? Qachon? Qaerda? Nega? Qanday?” (bu savollar jurnalistika nazariyasida “5w + 1h” formulasi sifatida ma’lum–muall.).
Yangilik sodir bo‘lgan voqeaning eng muhim jihatiga e’tibor qaratish asosiga quriladi. Yangiliklarni tahlil qilish asnosida medialar muayyan shaxs va guruhlarning ijobiy yoki salbiy imijini yaratganiga, aniq bir jihatga e’tibor qaratgan holda boshqasini bee’tibor qoldirganiga, yoxud ochiq muloqotda faqat ayrim manfaatdor tomonlarga ishtirok etish imkonini berganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Yangiliklarni tahlil qilish jarayonida harakatdagi turli tomonlar (alohida shaxslar, guruhlar, kompaniyalar va boshq.) qanday aks ettirilganini baholashimiz mumkin. Masalan, Suriyadagi harbiy nizolar davomida mamlakat prezidenti Bashar Asad timsoli ba’zi mamlakatlar OAVda faqat salbiy jihatdan, boshqa davlatlar OAVda esa aksincha, ijobiy tasvirlanganini kuzatamiz. Muayyan bir tomon uchun qancha vaqt, diqqat (makon) ajratilgani va u qancha ko‘p tilga o‘girilishini ham qiyoslash mumkin. Sifatni baholashda esa aniq mavzular va insonlar haqida (so‘zlarning tanlanishi, kameraning burilishi va h.k.) so‘z yuritish mumkin. Masalan, Rossiya OAVda Markaziy Osiyo davlatlaridan (ularning tilida gastarbayter sifatida) borganlar mamlakat barqarorligiga eng asosiy xavflardan biri sifatida talqin etiladi. Bunday gastarbayterlar haqidagi lavhani tomosha qilib, quyidagi savollarga javob berish zarur:
Nima sababdan aynan ushbu masala yangilik mavzusiga aylandi?
U qaysi nuqtai nazardan bayon etilgan?
Yangilikda nima xususida sukut saqlangan?
Ushbu voqeaning yoritilishi kimga foydali? Kimning ovoziga quloq solingan, kim esa e’tiborsiz qoldirilgan? Kimning nuqtai nazari markaziy bo‘lib qolgan?
Yangilikda insonlarga qanday rollar ajratilgan?
Muayyan bir bilim mavjud holat sifatida taqdim etilganmi?
Manbalarning qaysi turlaridan va qanday foydalanilgan? Qanday qo‘shimcha manbalardan foydalanish mumkin edi?
Manbalar tanlovi bayon etilgan nuqtai nazarga qanday ta’sir ko‘rsatgan?
So‘nggi so‘zni kim aytdi – yangilik qanday yakunlangan?
So‘z tanlashiga ko‘ra jurnalist nuqtai nazarini aniqlash mumkinmi?
Bosma nashrda chop etilgan yangilikni ham tahlil qilish mumkin. Bunda sarlavha, rasmlar va ularga tagso‘zlarda nimaga ishora qilinganiga e’tibor qaratish zarur. Shuningdek, yangilikda qanday jurnalist uslublarini ko‘rish mumkinligiga ham e’tibor qaratish zarur, ya’ni: voqeaning mohiyati to‘liq ochib berilganmi? Vaziyat qanday taqdim etilgan: xato, bahs, kulgili holat tarzidami yoki muammoning yechimi shaklidami?
|
| |