«Xarajatlar tarkibi to‘g‘risidagi Nizom»ga muvofiq mehnat haqi xarajatlari ishlab chiqarish
hamda davr xarajatlarining muhim xarajat elementlaridan biri hisoblanadi. Shu boisdan ishchi va
xizmatchilarga ish haqi hisoblanganda, ularni xarajatlar tarkibiga kiritish lozim.
Korxonaning ishlab chiqarish faoliyati bilan band bo‘lgan ishchi va xizmatchilariga ish haqi
hisoblanganida quyidagicha buxgalteriya provodkasi beriladi:
D-t «Ishlab chiqarish xarajatlari» hisobvaraqlari (2010, 2310, 2510)
K-t 6710-«Xodimlar bilan ish haqi bo‘yicha hisoblashishlar» hisobvarag‘i.
Korxonaning ma’muriy-boshqaruv ishlarida band bo‘lgan xodimlarga ish haqi
hisoblanganida quyidagicha buxgalteriya provodkasi beriladi:
D-t 9420-«Ma’muriy-boshqaruv xarajatlari» hisobvarag‘i
K-t 6710-«Xodimlar bilan ish haqi bo‘yicha hisoblashishlar» hisobvarag‘i.
Uch ish kuni davomida olinmagan ish haqi deponentga o‘tkazilgan, ya’ni saqlash uchun
qoldirilgan hisoblanadi. Kassir uni bankka korxonaning hisob-kitob varag‘iga o‘tkazib, «deponentga
qo‘yilgan summa» deb ko‘rsatadi. Xodimlar uni korxona kassasidan chiqim orderi bo‘yicha oladi.
Xodimlarning ish haqi summasi deponentga o‘tkazilganida quyidagicha buxgalteriya provodkasi
beriladi:
D-t 6710-«Xodimlar bilan ish haqi bo‘yicha hisoblashishlar» hisobvarag‘i
K-t 6720-«Deponirlashtirilgan ish haqi» hisobvarag‘i.
Deponentga qo‘yilgan summalar deponentlar daftarida yoki deponent varaqachasida qayd
etiladi. U korxona tomonidan 3 yil mobaynida saqlanadi. Ko‘rsatilgan muddat tugagach, deponentga
qo‘yilgan summalar yillik balans tuzish paytida korxona daromadlariga qo‘shiladi va quyidagicha
buxgalteriya provodkasi bilan rasmiylashtiriladi:
D-t 6720-«Deponirlashtirilgan ish haqi» hisobvarag‘i
K-t 9360-«Kreditorlik va deponentlik qarzlarini hisobdan chiqarishdan olingan daromad»
hisobvarag‘i.
Ishchi va xizmatchilarga ish haqi to‘langanida quyidagicha buxgalteriya provodkasi beriladi:
D-t 6710-«Xodimlar bilan ish haqi bo‘yicha hisoblashishlar» hisobvarag‘i
K-t 5010-«Milliy valyutadagi pul mablag‘lari» hisobvarag‘i.
Ishchi va xizmatchilar bilan hisob-kitobning analitik hisobi ish haqi hisoblash-to‘lash
vedomostlarida, sintetik hisobi esa 6710-«Xodimlar bilan ish haqi bo‘yicha hisoblashishlar»
hisobvarag‘ida yuritiladi.