|
Microsoft Word alkimyogar ziyouz com doc Pdf ko'rish
|
bet | 38/67 | Sana | 28.11.2023 | Hajmi | 308,52 Kb. | | #106877 |
Bog'liq Alkimyogar (Paulo KOELO) @worldof bookswww.ziyouz.com kutubxonasi
38
keraksan. Alkimyogarni topishimga yordam ber.
Ikki kun ular Alkimyogarni alohida-alohida qidirishdi, o‘zlaricha uni boshqalardan farqli
yashaydi, chodirida, albatta, tunu kun olov yonib turadi, deb o‘ylashgandi. Bu yerdagi
chodirlar ular chamalagandan ko‘ra bir necha baravar ko‘p ekanini anglaguncha, ikkalasi
vohani boshdan-oyoq izg‘ib chiqishdi — vohada yuzlab chodirlar tikilgan edi.
— Butun bir kun bekorga ketdi, — dedi angliyalik, quduqlardan birining oldida
cho‘nqayib o‘tirarkan.
— Odamlardan so‘rab-surishtirish kerakmidi u haqda, — dedi Santyago.
Biroq angliyalik ikkilandi — u o‘zining shu yerdaligini oshkor etgisi kelmasdi. Oxir-oqibat
u bunga rozi bo‘ldi va arabchada yaxshi
gapiradigan Santyagodan Alkimyogarni daraklab chiqishni so‘radi. Bo‘zbola meshini
suvga to‘ldirib olish uchun quduqqa kelgan ayolga so‘z qotdi.
— Yaxshimisiz, xonim. Aytolmaysizmi, Alkimyogarni qaerdan topsak bo‘ladi? — so‘radi
u.
Ayol bu nomni hech qachon eshitmaganini aytib, ketishga shoshildi. Bungacha esa
Santyagoni ogohlantirib, urf-odatlarni hurmat qilishini, qora libosdagi erli ayollarga gap
qotmasligini uqtirdi.
Angliyalikning hafsalasi pir bo‘ldi. Shuncha yo‘l bosib kelsayu, hammasi yo‘qqa chiqsa!
Bo‘zbolaning ham uni ko‘rib ko‘ngli sovidi — axir, yo‘ldoshi O‘z yo‘lini izlayotir. Bunday
paytda, Malkisidq aytishicha, Olam odamga ko‘makka keladi, orzuyi ushalishi uchun
lozim bo‘lgan yordamni beradi. Nahotki, keksa podshoh adashgan bo‘lsa?
— Men burun hech qachon alkimyogarlar haqida eshitmaganman, — dedi u. —
Bilganimda senga yordam qilishga urinib ko‘rardim.
Angliyalikning ko‘zlari chaqnadi.
— Shunday demaysanmi! — qichqirdi u. — Bu yerda uning Alkimyogarligini hech kim
bilmaydi! Har qanday kasallikni davolay oladigan odam bormi, deb so‘rash kerak!
Shu payt qora libosda bir necha ayol quduqqa keldi, biroq Santyago, angliyalikning
iltimosiga qaramay, ularga so‘z qotmadi. Mana, nihoyat bir erkak kishi ko‘rindi.
— Siz bilmaysizmi, bu yerda har qanday kasallikni davolay oladigan kishi bormi? —
so‘radi bo‘zbola.
— Har qanday kasallikni faqat Olloh davolay oladi, — dedi u, kelgindilarga cho‘chibroq
alanglab qarab. — Jodugarlarni qidirayapsizlarmi?
U Qur’ondan bir necha oyatlarni pichirlab aytib, o‘z yo‘liga qaytib ketdi.
Biroz o‘tgach, boshqa bir odam keldi; uning yoshi ulug‘roq, qo‘lida chelak bor edi.
Santyago unga ham o‘sha savol bilan murojaat qildi.
— Bunday odamlarning sizlarga nima keragi bor? — bilmoqchi bo‘lib so‘radi u.
— Mening oshnam uni ko‘rish niyatida juda uzoq yo‘l yurib keldi.
— Agar bizning vohada shunday odam bor bo‘lsa, u nihoyatda qudratli kishi bo‘lishi
kerak, — dedi o‘ylab turib qariya. — Hatto qabila boshliqlari ham xohlashgan paytda
uning huzuriga yo‘lay olmaydi. Ularni faqat o‘zi istagan paytda qabul qiladi u. Urush
tugaguncha kutinglar, keyin ketinglar bu yerdan. Bizning voha turmushiga
aralashmaganlaring ma’qul.
Shunday deb u ketdi. Biroq angliyalik, Alkimyogarning izini topganini payqab, juda
quvondi.
Quduqqa, nihoyat, qora libosdagi erli ayol emas, balki yelkasida ko‘za bilan bir qiz bola
keldi. Boshiga ro‘mol o‘ragan, yuzi ochiq edi. Santyago Alkimyogarni daraklamoqchi
bo‘lib, unga yaqinlashdi.
Va shunda — go‘yo vaqt to‘xtab qolganday bo‘ldi, Olam Qalbi uning ko‘z o‘ngida o‘zining
butun kuch-qudrati bilan namoyon bo‘ldi. Qizning qop-qora ko‘zlariga, go‘yo jilmayishni
Alkimyogar (qissa). Paolo Koelo
|
| |