|
Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc Pdf ko'rish
|
bet | 36/67 | Sana | 11.02.2024 | Hajmi | 394,69 Kb. | | #154681 |
Bog'liq Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarimwww.ziyouz.com kutubxonasi
36
hamon pritseplar uchun yasaladigan qandaydir moslamalar va yana allanimalar haqida tushuntirardi.
Jontoy bir chekkada quloq solib turardi.
— O‘z holimga qo‘ysang-chi! — deb qo‘limni tortib oldim. — Mendan nima kerak senlarga?
Sudga bo‘lsa sudga beringlar! Shu yog‘i ham yetar! Hech qanday pritsepning keragi yo‘q menga! Hech
kimga sherik ham bo‘lmayman! Tushundingmi?
Alibekning qovog‘i osildi, peshonasi tirishdi:
— O‘zing boshlab, o‘zing o‘t qalab, endi birinchi bo‘lib dumingni xoda qilib qochmoqchimisan?
Shunaqami?
— Qanday tushunsang, shunday tushunaver! — dedim-da, shartta burilib, garaj tomon ketdim.
Mashina oldiga keldim, qo‘llarim qaltirardi, nima qilishni bilmasdim. Nima uchundir mashina
ostidagi chuqurga sakrab tushdim-da, sal o‘zimni bosib olish uchun terib qo‘yilgan g‘ishtlarga
yonboshladim.
— Menga qara, Ilyos! — tepamdan shivirlagan ovoz eshitildi.
Boshimni ko‘tarib qaradim: bunisi yana kim bo‘ldi! Tumoq kiyib olgan Jontoy menga ayyorona
tikilgancha chuqur tepasida xuddi qo‘ziqorindek cho‘nqayib o‘ti-rardi.
— Uni juda boplading-da, Ilyos! — dedi u.
— Kimni?
— Alibekni-da, aktivistni! Naq nishonga urding! Darrov nafasi o‘chdi-qoldi, bo‘lmasa bu novator
quloqni batangga keltirardi.
— Xo‘sh, sening qanchalik ishing bor?
— Nima ishim borligini o‘zing ham tushunib turgan bo‘lsang kerak. Biz shofyorlarga pritsepning
keragi yo‘q. Uning oqibati qanday bo‘lishini bilamiz: birortasi ishlab chiqarish normasini oshiradi,
yo‘lni qisqartadi, keyin hammalaring o‘sha ilg‘or darajasiga ko‘tarilinglar deyiladi-yu, biroq yuk
tashish uchun to‘lanadigan haqni kesib qoladilar. Xo‘sh, kim o‘z cho‘ntagiga zarar keltirishni istaydi?
Bir kunlik shuhrat, obro‘ kimga kerak? Biz sendan xafa bo‘layotganimiz yo‘q. Ha, ko‘ngling to‘q
bo‘lsin...
— Biz deganing kimlar? — deb so‘radim undan bamaylixotir bo‘lishga intilib. Ammo birdan bosib
kelgan g‘azabdan yuragim siqilib ketdi: — Mashinani shatakka olib ketayotganimda nega nafasingni
chiqarmay o‘tib ketganingni endi angladim! Olisni ko‘zlabsan-u, ammo tumshug‘ing ostidan narini
ko‘rolmabsan, seningcha, boshqalar hech narsani tushunmaydi. O‘zingcha meni ahmoq deb
o‘ylayapsan shekilli! Biz deganing senmi? — deb so‘radim yana.
— Faqat mengina emas, — dedi Jontoy ko‘zlarini pirpiratib.
— Yolgon, mag‘zay, bit! Seni deb qasddan pritsep bilan yurganim bo‘lsin! Tanimda jonim bor
ekan, aytganimni qilaman. Sen bilan ana o‘shanda gaplashaman. Qani, tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi!
— Hay-hay, haddingdan oshma! — deb o‘dag‘ayladi Jontoy. — Sening ham qanaqaligingni yaxshi
bilamiz... Biroq o‘ylab ko‘r... Anoviga kelsak, davring kelganda yurib qol...
— He seni!.. — deb jahl ustida qichqirib yubordim-da, joni qahrim bilan.jag‘iga tushirdim.
U xandaq chekkasiga qanday o‘tirgan bo‘lsa, shundayicha orqasiga ag‘anab tushdi. Tumog‘i ham
uchib ketdi. Men xandakdan mushukdek sakrab chiqdim-u unga tashlandim. Ammo Jontoy o‘rnidan
turib olgandi, u o‘zini chekkaga olib qochib, butun hovlini boshiga ko‘tarib dodlay boshladi:
— Bezori! Kazzob! Musht bilan qo‘rqita olmaysan meni! Sening ham adabingni berib qo‘yadigan
kuch topilar! Haddingdan oshma, zararkunanda!..
Har tomondan odamlar yugurib kela boshladilar. Alibek ham chopib keldi.
— Nima gap? Nega urding uni?
— Haqiqat uchun! — deya battarroq baqira boshladi Jontoy. — Haq gapni yuziga aytganim uchun!
Pritsepni o‘g‘irlagan ham o‘zi, dovonda ag‘darib tashlab ketib, ishni barbod qilgan ham o‘zi, yana
boshqalar vijdonan uning xatosini tuzatmoqchi bo‘lishsa, u tumshuqqa soladi! Endi bu ishdan
manfaatdor emas, chunki obro‘ va shon-shuhratni qo‘ldan boy berib qo‘ydi!..
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
|
| |