|
Sanoat korxonalarining tavsifi
|
bet | 4/122 | Sana | 17.05.2024 | Hajmi | 1,03 Mb. | | #240888 |
Bog'liq Soha iqtisodiyoti va menejmenti. Rasulova
Sanoat - bu ijtimoiy-iqtisodiy kategoriyadir. Demak, sanoat ob`ektiv reallik (borliq)ning in`ikosi va yuksak umumlashmasidir. Uning alohida tarmoq, ya`ni ijtimoiy ishlab chiqarishning alohida sohasi bo`lib yuzaga kelishi ishlab chiqarish kuchlari va ijtimoiy mehnat taqsimotining rivoji bilan tarixiy jihatdan bog`liqdir. O`zbekiston sanoati ham o`z taraqqiyoti jarayonida bir qator bosqichlarni bosib o`tgan. Eng avvalo, uy sanoati, so`ngra, hunarmandchilik, ya`ni xonaki sanoat, kooperatsiya, manufaktura, fabrika kabi shakllari yuzaga kelgan. Bu erda hunarmandchilikning juda ko`p turlari, ya`ni kulolchilik, duradgorchilik, toshtaroshlik, binokorlik, o`ymakorlik, kashtado`zlik, ko`nchilik, to`quvchilik va tikuvchilik, temirchilik, misgarlik va zargarlik, degrezlik, rixtagarlik, zardo`zlik, bo`yoqchilik, tunukasozlik va boshqalar keng tarqalgan.
Sanoat - moddiy ishlab chiqarishning eng yirik yetakchi tarmog`i bo`lib, unda mehnat qurollari (vositalari), mehnat buyumlari va xalq iste`mol tovarlarining ko`pchilik qismi yaratiladi. Unda mashina va mexanizmlarning barcha turlari, bino va inshootlarning konstruktiv elementlari ishlab chiqariladi, yer osti boyliklarini qazib olish amalga oshiriladi, mineral, o`simlik va hayvon xomashyosiga ishlov beriladi hamda keng iste`mol mollari tayyorlanadi.
Barcha mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va tashkiliy intilishlari, ularning xo`jalik jihatdan hamkorligi sanoat sohasida ham o`z ifodasini topadi. Davlatlarning tabiiy, mehnat resurslaridan, ilm-fan va texnikaning barcha yutuqlaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishida sanoatning ahamiyati salmoqlidir.
Sanoat uchun uzluksiz fan-texnika taraqqiyoti va ishlab chiqarish ilm-fan yutuqlari bilan qurollanishining o`sishi xarakterlidir. Unda elektrlashtirish va elektronizatsiyalash, ishlab chiqarishni kompleks mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish va ximiyalashtirish sohasidagi ilg`or yutuqlardan keng foydalaniladi va ularning yutuqlarini tinchlik maqsadida qo`llaydi.
Sanoat, ayniqsa uning ustuvor sohalari butun ishlab chiqarishni globallashtirish muammolarini hal etishning kalitidir. Sanoat moddiy ishlab chiqarishniing bosh tarmog`i, iqtisodiyotning poydevoridir. Milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini qayta qurishga qodir bo`lgan yirik mashinalashgan sanoatgina mustaqillikning birdan bir moddiy negizi bo`lishi mumkin.
Mamlakat aholisining ish bilan bandligini oshirishda sanoatning o`rni beqiyosdir. Shuni ta`kidlash kerakki, respublika sanoatining jadal sur`atlar bilan ta`minlanishi yanada yaxshilanib, mehnatga layoqatli aholining ijtimoiy foydali mehnat bilan mashg`ul bo`lishi, ya`ni bandlik darajasi anchagina yuksaladi. Jamiyatning yetakchi, bunyodkor, qudratli kuchi bo`lgan kadrlar (xodimlar)ning asosiy qismi sanoatda xizmat qiladi. Bu tarmoqning yanada ulkan rivoji sanoat kadrlari sonining oshishiga va ularning jamiyatdagi mavqeini ko`tarishga olib keladi.
Sanoat tabiatda uchraydigan moddiy boyliklarni qazib chiqarish va tayyorlashni, ularni va qishloq xo`jaligida yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlashni o`z ichiga qamrab oladi. Sanoat barcha real sector tarmoqlari uchun ishlab chiqarish kuchlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan jamiyatning tabiat ustidan hukmronligini birmuncha orttiradigan, texnika taraqqiyotini belgilaydigan, inson mehnatining unumdorligini oshirishga imkon beradigan, mehnat va ishlab chiqarish qurollarini yaratadigan sohadir.
O`zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishishi milliy iqtisodiyotimizda miqdor va sifat o`zgarishlariga sabab bo`ldi. Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyoti jamiyatni demokratiyalashtirish, iqtisodiyot salohiyatlarini mustahkamlash va mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga kiritishga yo`naltirilgan, bozor munosabatlariga o`tishning mamlakatimiz uchun maxsus ishlab chiqilgan modeli asosida rivojlanib bormoqda. Bu model xo`jalik faoliyati yurituvchi sub`ektlarning erkinligi, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni himoya qiluvchi zaruriy qonun hujjatlari bilan belgilab berilgan.
Neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o`rin egallaydi. Ushbu soha nafaqat energiya manbai, balki ko`plab tarmoqlar uchun zarur bo`lgan polimerlar, organik kimyoviy moddalar hamda azotli mineral o`g`itlarni ishlab chiqarishda asosiy xomashyo bazasi hisoblanadi.
Keyingi yillarda sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida gaz qazib chiqarish hajmi 10 foizga ortdi, aholiga 15 foizga ko`p tabiiy gaz va 1,6 barobarga
ko`p suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Neftni qayta ishlash zavodlarida qo`shimcha 204 ming tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki bozorda benzin, dizel yoqilg`isiga bo`lgan talab qondirib kelinmoqda.
Ushbu sohada erishilgan yutuqlar bilan birgalikda bir qator muammolar ham aniqlangan. Uglevodorodlar zaxirasini ko`paytirish bo`yicha aniq choralar ko`rilmasa, yaqin 10-15 yilda mavjud zaxira 2 barobarga kamayadi. Shu sababli
―O`zbekneftgaz‖ jamiyati oldiga geologiya-qidiruv ishlari va qazib olish hajmini oshirish, konlarni modernizasiya qilish va yangilarini ochish, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, investisiyalarni ko`paytirish bo`yicha qator topshiriqlar qo`yildi. Jahon tajribasi asosida bu ishlarga investorlarni kengroq jalb qilish, davlat va investorlar manfaatini himoya qilishni ta‘minlaydigan yangi mexanizmlar ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Bugungi kunda tabiiy gazning atigi 2 foizi chuqur qayta ishlanib, yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar olinayotgan bo`lsa, kelgusi 10 yilda bu ko`rsatkichni 7 barobar oshirish imkoniyati bor. Shuning uchun ―O`zbekneftgaz‖ jamiyati neft va gaz kimyo yo`nalishiga ustuvor ahamiyat qaratishi zarur.
Jumladan, aromatik uglevodorodlar (benzol, toluol, ksilol), metanoldan olefin olish texnologiyasi asosida yangi mahsulotlar – polistirol, polietilentereftalat va sintetik kauchuklar ishlab chiqarish, polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni ko`paytirish imkoni mavjud. Ushbu loyihalarni amalga oshirishga 9 milliard dollar atrofida mablag`lar jalb qilinishi lozim.
Iqtisodiyotning rivojlanishi uchun talab qilinuvchi ushbu vazifalarning amalga oshirilishida korxonalarga katta rol ajratilib, ular iqtisodiyotning asosiy ishlab chiqarish bo`g`ini bo`lish bilan birga mahsulot ishlab chiqarish, aholiga xizmat ko`rsatish tufayli iste`molchilarning talablarini ham qondiradilar.
|
| |