2-masalaning bayoni. Prezidentimiz “axloq – ma’naviyatning o‘zagi” deb behuda aytmagan. Ma’naviyat botiniy qudrat sifatida o‘z-o‘zicha ko‘zga ko‘rinmaydi, u insonning madaniyatida, axloqida, ilmiy-ijodiy, ijtimoiy yoki mehnat faoliyati sifatida ko‘zga tashlanishi mumkin.
Har bir insonga Alloh taolo o‘ziga yarasha xulq ato etgan. Har bir inson o‘ziga xos tabiati, xulqi bilan tug’iladi. Uning axloqiy fazilat va qusurlari ayni shu tabiatan ato etilgan xislatlarning ma’naviyat nuridan qanchalik bahramand bo‘lishiga qarab shakllanadi. Materialistlar inson axloqining qanday yo‘nalishda shakllanishini atrof-muhitning ta’siri, ijtimoiy sharoitning soz-nosozligi bilan bog’lamoqchi bo‘lishadi. Ammo insonda ichki faollik bor, iroda bor – u xoh yaxshilikka yo‘nalgan bo‘lsin, xoh yomonlikka. Inson o‘z imon-e’tiqodi, ilmi, mas’uliyat hissi, dilidagi mehr tuyg’usi kimga qaratilganligidan kelib chiqib, atrof-muhitga, o‘zgalarga munosabatini shakllantiradi. Shu sababli ayni bir muhit, ayni bir sharoitda turli insonlar turlicha munosabat namoyon qiladilar. Sodda qilib aytsak, inson o‘z hayotining ma’nosini nimada ko‘rsa, o‘zgalar bilan munosabatida, ya’ni axloqida shu botiniy mohiyatini qandaydir bir tarzda namoyon etadi.
Yuqorida eslatib o‘tilganidek, jahon ilmida hanuzgacha ma’naviyat nazariyasi yaratilmaganligi uchun “Axloqshunoslik” fani ma’naviyatga oid ko‘plab masalalarni o‘zicha hal qilishga intilib kelgan. Ammo axloq aslida shaxs ma’naviyatidan kelib chiqadigan ikkilamchi hodisa bo‘lganligi sababli axloqshunoslik fani ham ma’naviyat nazariyasining vazifasini mukammal bajara olgan emas. Buning ustiga materialistik falsafa axloqni iqtisod va siyosat bilan bog’lab har bir jamiyatda o‘ziga xos axloqiy tizim bo‘ladi, deb axloqni ijtimoiy tuzum bilan bog’liq nisbiy hodisa sifatida talqin qilishi oqibatida axloqning ma’naviy ildizlari borgan sari nazardan chetda qolib, g’arb jamiyati butkul axloqsizlik sari yuz tuta boshladi.
Aslida axloqning asosida shaxs ma’naviyati yotadi. Har bir inson xulqi o‘ziga xos bo‘ladi. Uning xulqiy xislatlari ma’naviyat nuri bilan yoritilsa, axloqiy fazilatlarga aylanadi, demak, insonning botiniy ma’naviy kamoloti qay darajada bo‘lsa, uning axloqi ham shu darajada bo‘ladi. Ma’naviyat nuri bilan yoritilmagan xulqiy xislatlar jamiyat ko‘z o‘ngida axloqiy qusurlar shaklida namoyon bo‘ladi. Ma’naviyat – o‘zlikni anglash, deymiz. O‘zligini anglab etgan inson – ma’naviy yetuk shaxs hisoblanadi. Uning bizga zohir bo‘luvchi barcha insoniy fazilatlari qalbidagi ma’naviyat nurining jilolaridir. Axloqiy qusurlar esa – insonning ko‘ngil ko‘zgusidagi zang va chirklarning o‘zgalar nigohiga namoyon bo‘lishi.
XIX-XX asrlar davomida fan va madaniyat taraqqiyoti jihatidan Evropa mintaqasi boshqalardan uzil-kesil ilgarilab ketdi va natijada “jahon fani”, “umuminsoniy qadriyatlar” deganda birinchi navbatda Evropa madaniyati unsurlari tasavvur etila boshlandi. Yangi davrdagi bu mintaqaning yutuqlari ko‘p jihatdan madaniy integratsiya jarayonlari bilan bog’liq. Bu davrda Evropa xalqlari (inglizlar, nemislar, frantsuzlar va h.k.) mintaqa miqyosidagi o‘zaro madaniy axborot almashinuv doirasidan chiqib, o‘zga mintaqalarda yaralgan boyliklarni o‘zlashtira boshladilar. Sharqshunoslik keng rivoj oldi. Turli fan sohalari sharqshunoslarning yutuqlaridan ijodiy foydalana boshladilar. Evropaliklarning Osiyo va Afrika mamlakatlari va xalqlari hayotini o‘rganishi, bir tomondan, ularning olam haqidagi tasavvurlarini kengaytirib, turli mintaqa xalqlarining bir-birlarini tushunish, o‘zaro erkin muloqot qilish imkoniyatlarini oshirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, muayyan g’arazli kuchlar uchun o‘zlariga qaraganda iqtisodiy va harbiy jihatdan zaifroq bo‘lgan yurtlarni bosib olish, qaramlik asoratiga solishga bo‘lgan intilishlari yo‘lida xizmat qildi.
XX asr oxiri - XXI asr boshlariga kelib integratsiya jarayonlari yanada avj oldi, zamonaviy axborot texnologiyalarining bemisl rivoji va yagona jahon axborot maydonining shakllanishi bu jarayonning yangi bosqichga ko‘tarilishiga, Prezidentning yangi kitobida topib aytilganidek, “tsivilizatsiyalararo muloqotning yangicha sifat kasb etishi”ga olib keldi.
Siyosatga doir ilmiy adabiyotlarida bunday jarayon “globallashuv fenomeni” deb nomlanmoqda. “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” kitobida bu hodisa oddiy qilib “hayot sur’atlarining beqiyos darajada tezlashuvi” deb tushuntiriladi.
Bashariyat taraqqiyotidagi bunday o‘zgarishlarni uzil-kesil “yaxshi” yoki “yomon” deb, salbiy yoki ijobiy hodisa sifatida baholab bo‘lmaydi. Kitobda yozilganidek,“har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin.”
Prezident kitobida globallashuv va integratsiya jarayonlarining talay ijobiy imkoniyatlari birma-bir sanab o‘tiladi. Ularni umumlashtirib aytiladigan bo‘lsa, birinchi navbatda turli sohalarda (jumladan, iqtisod, siyosat, madaniyat sohalarida)“davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi integratsiya va hamkorlik aloqalarining kuchayishi”ga xizmat qilishi mumkin, va darhaqiqat, bunday hamkorlik munosabatlari kundan-kunga kengayib va rangbaranglashib borayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz.
Shu bilan birga dunyoda barcha odamlar ham ezgu niyatlar bilan ish olib boradi, deyish qiyin. Ba’zilar uchun bu hayotda vujudga kelgan har bir yangilik ularning o‘z g’arazli maqsadlariga qulay bir vosita xizmatini bajarishi kerak. Jumladan, jahonda yagona axborot maydonining vujudga kelishi ham bunday buzg’unchi kuchlar uchun “ayni muddao” bo‘ldi. Ular zudlik bilan bu qudratli vositani ham o‘z qabih niyatlari yo‘lida ishga solish harakatiga tushdilar. Vaziyatning murakkabligi shundaki, bunday yovuz niyatli kuchlarning Vatani ham, millati ham, dinu imoni ham yo‘q. Ular goh “islomiy” qiyofada, goh “erkinlik va demokratiyani olg’a siljitish” niqobi ostida harakat qilishlari mumkin.
Prezident I.A.Karimovning yangi kitobida insonlarning Borliq haqiqatiga munosabatidagi ikki xil yondoshuv, “bir-birini inkor qiladigan ikki xil hayotiy qarash” haqida gap boradi:
“Birinchisi – o‘z nonini halol mehnat bilan topadigan, xolis va ezgu ishlar bilan el-yurtga naf etkazadigan, tiriklik mazmunini teran anglab, nafaqat bugungi hayot lazzatlari, balki oxirat haqida, uning obod bo‘lishi haqida o‘ylab yashaydigan insonlarga xos hayotiy qarashlar.
|