O'zbek kompazitorlarining sug'diyona orkestiri uchun maxsus yaratgan asarlari




Download 351.34 Kb.
bet1/3
Sana13.01.2024
Hajmi351.34 Kb.
#136947
  1   2   3
Bog'liq
Cholg\'u tarixi fanidan


O'zbek kompazitorlarining sug'diyona orkestiri uchun maxsus yaratgan asarlari
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgach boshlangan yangi davrda fan va texnika taraqqiyoti, adabiyot va san’at ravnaqi, milliy qadriyatlar rostlanishi uchun keng imkoniyatlar yuzaga keldi. Shu jumladan, musiqa san’ati jabhasida yangi va yangi ijodiy jamoalarning shakllanishiga muhim zamin hozirlandi. Ana shunday sharoitda, aniqrog‘i, 1991-yilning sentyabr oyida “So‘g‘diyona” Davlat xalq cholg‘ulari kamer orkestri tashkil topdi.
Qadimiy an’analarni qayta tiklab, ularga zamonaviy ruh bag‘ishlashga intilayotgan, musiqa orqali turli xalqlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashga bel bog‘lagan ushbu jamoa qariyb 25 yillik ijodiy faoliyati davomida turli festivallar, ko‘rik-tanlovlar va anjumanlarda faol ishtirok etib, milliy musiqa san’atining yangi davrdagi rivoji hamda uni jahon uzra keng targ‘ibiga katta ulush qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda ko‘plab Evropa mamlakatlari xalqlarining o‘zbek milliy cholg‘ulari, shu asosdagi orkestr ijrochiligi va umuman, musiqa madaniyatimizga nisbatan tobora ortib borayotgan diqqate’tiborida “So‘g‘diyona” jamoasining ham ozmi-ko‘pmi hissasi bor, albatta.
Konsert dasturlarini tuzishda F.Abdurahimova, tinglovchilarning estetik talabehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, asosiy e’tiborni yigirmadan ortiq turga ega milliy cholg‘ular ijrosidagi kuylarni yorqin tarannum etishga, hamda cholg‘ularning ijro imkoniyati va sozandalarning mavjud mahoratini to‘liq namoyon qilishga qaratadi. Har bir dasturda, odatda, mumtoz milliy kuy va qo‘shiqlar bilan bir qatorda zamonaviy kompozitorlarning asarlari hamda jahon klassik musiqasi durdonalari alohida o‘rin egallaydi. Binobarin, o‘z repertuari va ijro uslubiga ega, ayni paytda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirgan holda zamon bilan hamnafas odimlayotgan orkestr jamoasi haqli ravishda keng jamoatchilik va san’at ahlining xurmatiga sazovor bo‘lmoqda.
So‘g‘diyona” jamoasi bilan doimiy ijodiy muloqotda bo‘lgan kompozitorlar – Farhod Alimov, Mustafo Bafoev, Habibullo Rahimov, Avaz Mansurov,
Muhammadjon Otajonov, Dilorom Saydaminova, Dmitriy Yanov-Yanovskiy va Akrom Hoshimovlar orkestrning ijrochilik imkoniyatlarini keng yoritib beruvchi maxsus asarlarni yaratdilar. Hozirgi kunda orkestr repertuaridagi 500 dan ziyod musiqiy asarlar asosini o‘zbek an’anaviy musiqasi, Sharq xalqlarining kuy va qo‘shiqlari, shuningdek O‘zbekiston va jahon kompozitorlarining asarlari tashkil etadi.
1993-yili orkestrning Sankt-Peterburgga qilgan ijodiy safari jamoa uchun muhim sinovlardan biri bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston tasviriy san’ati ustalari ko‘rgazmasi doirasida orkestr uchta kontsert berdi. Birinchi kontsert Rossiya rassomlar uyushmasi Sankt-Peterburg bo‘limidagi ko‘rgazmalar zalida, ikkinchi kontsert - Sankt-Peterburg konservatoriyasining kichik zalida, uchinchi kontsert - mahalliy o‘z-o‘zini himoya qilish organi Munitsipal madaniyat saroyida namoyish etildi.
Orkestr va uning jo‘rnavozligida ishtirok etgan yakkaxon va yakkanavozlarning mahorati keng tinglovchilar ommasini o‘ziga rom etdi. Did bilan tuzilgan dasturdan joy olgan an'anaviy musiqa hamda O‘zbekiston kompozitorlari ijodidan namunalar, shuningdek Bax, Sarasate, Falo, Gavrilin kabi ijodkor mualliflarning asarlarini jamoa katta muvaffaqiyat bilan ijro etdi.
1995-yilning noyabr oyi “So‘g‘diyona” orkestrining ijodiy faoliyatida unutilmas sanalardan biri bo‘lib qoldi. Chunki shu kuni jamoa O‘zbekiston Xalqaro madaniy-ma’rifiy aloqalar Milliy assotsiatsiyasi zalida BMTning 50 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konsertda munosib qatnashdi. Do‘stlik uyida yig‘ilgan ijodiy uyushmalarning vakillari va jurnalistlarni “So‘g‘diyona” orkestri o‘z konsert dasturi bilan bir necha daqiqa bo‘lsada Sharq musiqa va poeziyasining qadimiy va zamonaviy dunyosidan bohabar etish baxtiga musharraf bo‘ldi.
1999-yili “So‘g‘diyona” jamoasining yangi konsert mavsumining ochilishiga tayyorlangan dasturini tinglagan Toshkentdagi Gyote instituti rahbari Elizabet Lottaro xonim o‘z dil so‘zlarini quyidagicha ifodalaydi: “Men ijrochilarning yuqori professional mahoratidan hayratdaman, “So‘g‘diyona” dasturini birinchi marta tinglashim emas, lekin bugun yangi asarlari bilan tanishdim. Bu o‘ziga xos ajoyib jamoa, ularning ijodiy diapazoni juda keng, ijrochilari esa ham yoqimtoy, ham tinglovchilar bilan osongina jonli muloqot olib borish mahoratiga ega. Men har safar orkestr konsertidan olam-olam estetik zavq olaman va rohatlanaman”.
F.Abdurahimova tashabbusi bilan 2001-yilning 10-15 may kunlari “Toshkent bahori - 2001” nomli I-Xalqaro milliy cholg‘ular ansambli va orkestrlarining festivali bo‘lib o‘tdi. Bu anjumanning o‘tkazilishi pirovardida “So‘g‘diyona” jamoasining xalqaro obro‘-e’tibori yanada ortdi. Ushbu ajoyib festival ZarafshonNyumont qo‘shma korxonasi, “O‘zbeksanoat” Korporatsiyasi, O‘zbekiston
Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fransiya, Indoneziya, Rossiya, Kozog‘iston, Qirg‘iziston elchixonalari, Tatariston vakolatxonasi hamda O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi yordamida o‘tkazildi.
Festival konsertlarida Maddi Oenar rahbarligidagi Baskov mamlakati musiqachilari (Fransiya), Xalqaro konkurs laureati Qozon davlat konservatoriyasi xalq cholg‘ulari orkestri (Rossiya), “Anklung” (Indoneziya), Tattimbet nomidagi qozoq xalq cholg‘ulari akademik orkestri (Qozog‘iston), Qirg‘iziston respublikasida xizmat ko‘rsatgan jamoa, “Karamoldo Orozov” nomli xalq cholg‘ulari akademik orkestri ishtirok etdi. Konsertlarda nafaqat mutaxassislar, balki keng tinglovchilar ommasi ham hozirgi zamon cholg‘u madaniyati bilan tanishish imkoniyatiga muyassar bo‘lishdi.
So‘g‘diyona” jamoasining 1999-yilning 24-martida “Zarafshon” konsert zalida bo‘lib o‘tgan “Vesenniy xorovod” nomli konsertini alohida ta’kidlab o‘tish joizdir. Dasturda yangragan Avaz Mansurovning “Yangra, doyra jarangla” uvertyurasi, Ilyos Rahimovning “Sabo” hamda o‘zbek, eron va arab xalq kuylari ushbu konsertning qiziqarli va mazmunli o‘tishini ta’minladi. Ikkinchi bo‘limda esa turli mamlakat kompozitorlarining qayta ishlagan asarlari ijro etildi. I.Baxning “Hazil”, V.Montining “Chardash”, Dj.Rossinining “Tarantella” va S.Djoplinning “Regtaym” asarlari ayniqsa yoqimli va yorqin jarangladi.
Jamoa 1998, 2000, 2002-yillarda Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro simfonik musiqa festivallari doirasida o‘tkazilgan chiqishlari orqali anjumanga tashrif buyurgan mehmonlar qalbini o‘z san’ati va ajoyib mahorati bilan rom eta oldi. Nazira Tursunova va Nodir Ibrohimovlar ijrosida yangragan N.Norxo‘jaevning rubob prima va o‘zbek xalq cholg‘ulari kamer orkestri uchun yozilgan “Navro‘z uforisi” dueti hamda M.Bafoevning “Buxorocha konsert” asarlari tomoshabin- larda katta taassurot qoldirdi.
2002-yilning 22-martida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan konsert dasturida “So‘g‘diyona” jamoasi “O‘zbek xalq termalari” bilan ishtirok etdi. Shu yilning 21-noyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining katta konsert zalida “So‘g‘diyona” milliy cholg‘ulari kamer orkestri ijodiy faoliyatining 10 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi. Dastur teatrlashtirilgan holda olib borildi. Konsertni boshlashdan avval har bir milliy cholg‘ular haqida shoirlarimizning she’rlari o‘qildi, she’r o‘qilayotgan paytda esa aynan o‘sha cholg‘uni ifodalovchi kuylar yangradi.
So‘g‘diyona” orkestri o‘zining ijro mahoratini 2003-yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Davr sadolari” festivalida yorqin namoyon etdi. 2006-yili “So‘g‘diyona” orkestri “Kuz navolari” nomli musiqiy festival doirasida konsert dasturi bilan qatnashdi. Jamoaning chiqishi 24-noyabrda Hamza nomidagi musiqa kolleji (hozirda-V.Uspenskiy nomidagi RIMAL) ning katta konsert zalida bo‘lib o‘tdi. Konsertda yakkanavoz sifatida turk sozandasi Xasan Niyazi Ture, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adiba Sharipova va Alisher Navoiy nomidagi opera va balet davlat Akademik katta teatrining etakchi xonandasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shukur G‘ofurovlar ishtirok etdilar.
So‘g‘diyona” nafaqat turli uslub va yo‘nalishdagi asarlarni, balki ommabop va mashhur asarlarni ham o‘zbek xalq cholg‘ularida ijro etishga qodir jamoadir. Bunga 2008-yil oktyabr va 2009-yil mart oylarida bo‘lib o‘tgan “Unutilmas ohanglar” nomli konsert-shoulari misol bo‘la oladi. Orkestr “Mahallada duv-duv gap”, “Maftuningman” (M.Leviev, M.Burxonov, I.Akbarov musiqasi), “Yor-yor” (D.Zokirov musiqasi), “Avtomobildan saqlaning”, “Ishdagi ishq” (A.Petrov musiqasi) kinofilmlaridan musiqalarni, shuningdek, Pol Moria, Ennio Morrikone, Nino Rota, Astore Pyassollilarning ijodlaridan mashhur kuylarni ilhom bilan ijro etib, tinglovchilar qalbini rom etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 20 yillik shonli sanasini yildanyilga tobora ravnaq topayotgan “So‘g‘diyona” orkestri katta ijodiy yutuqlar va yangi konsert dasturlari bilan kutib oldi. Jamoa 2011-yilning 23-fevralida ana shu sanaga bag‘ishlab konservatoriyaning katta zalida “Yoshlik navolari” hamda 2011yilning 28-noyabrida “O‘zlikka yo‘l” nomli gala konserti “Turkiston” konsert zalida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Ushbu ijodiy hisobot konsert dasturida nafaqat orkestr uchun yozilgan maxsus asarlar, balki yakkaxon va yakkanavoz uchun mo‘ljallangan asarlar ham joy olgan edi.
So‘g‘diyona” orkestri o‘zining ijro mahorati va betakror jozibadorligi bilan O‘zbekiston kompozitorlari uchun o‘ziga xos ijodiy laboratoriya vazifasini ham o‘tab kelmoqda. Kompozitorlar o‘zbek xalq cholg‘ularining yangi sadolanish qirralarini kashf etishlarida aynan shu jamoa tajriba-sinov “maydoni” bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, A.Mansurovning “Yangra, doyra, jarangla”, “Moziydan sado” poema-fantaziyasi, H.Rahimovning fantaziya va “Sirli tun” asari, N.Norxo‘jaevning “Navro‘z uforisi”, D.Saydaminovaning “Niti snov tumannыx”, “Sarob” kabi asarlari shunday izlanishlarning samarasidir.
A.Mansurovning “Yangra, doyra, jarangla!” uvertyurasi 1993-yili “So‘g‘diyona” jamoasi uchun maxsus yaratilgan. Yosh jamoa kompozitorni original tuzilishi hamda xalq cholg‘ularining yangi tembrlarini yorita olish imkoniyatlari bilan o‘ziga jalb etdi. “Men “So‘g‘diyona” uchun uvertyura janrini tasodifan tanlaganim yo‘q. Uvertyura – bu katta sahnaviy asarlarning vizit kartasidir. Men ham o‘z uvertyuramni dunyo hamjamiyatida obru-e’tiborga ega bo‘lgan yosh jamoaga vizit kartasi sifatida taqdim etdim. Ushbu asarda men butun orkestr jamoasidan emas, balki faqatgina ruboblar, dutorlar, doyra va zarbli cholg‘ulardan foydalandim. Bu menga torli-chertma cholg‘ular orqali milliy koloritni hamda yangi ifodaviy vositalarni namoyon etishga qo‘l keldi”, - deydi Avaz Mansurov.
Uvertyura rondo va variantli variatsiya elementlariga ega bo‘lgan 3 qismli shaklga ega. Asardagi asosiy ifodaviy vositalar doyra va boshqa zarbli cholg‘ular orqali amalga oshiriladi. Doyra yakkanavoz cholg‘u bo‘lib, uning ijrosida konsert alomatlari seziladi. Rivojlanish jarayonida yuzaga keladigan usullarni ijro etadi.
Jamoaning ijodiy yo‘nalishlaridan birini turli xalqlar musiqiy guruhlari bilan ijodiy hamkorlik qilish ishlari tashkil etadi. Olmoniya, Fransiya, Misr, Buyuk Britaniya jamoalari bilan birgalikda o‘tkazilgan konsertlar yuqorida aytilgan fikrimizga dalil bo‘la oladi. Jumladan, 1996-yilning oktyabr oyida Toshkentda uch mamlakat fuqarolari – nemis, fransuz va o‘zbek ijodkor yoshlarining II-musiqiy seminari bo‘lib o‘tdi. Yoshlarning ijodiy uchrashuvi O‘zbekistondagi Germaniya va Fransiya elchixonalarining yordami bilan uyushtirildi. Shu yili respublika o‘rta
maxsus musiqa maktab-internatida Germaniyaning “Bavariya” hamda
O‘zbekistonning “So‘g‘diyona” jamoalari birgalikda konsert o‘tkazdilar.
1997-yili esa Fransiyada mahalliy musiqachilar “So‘g‘diyona” orkestri bilan birga kompozitor Farhod Alimovning “Shodiyona” asarini o‘zaro hamkorlikda ijro etdilar. Bunday konsertlarni o‘tkazishdan maqsad “Buyuk ipak yo‘li” davridayoq boshlangan Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy aloqalarni tiklashdan iboratdir. Shu bilan birga “So‘g‘diyona” ijodiy jamoasi O‘zbekistonda joylashgan turli elchixonalar, xalqaro tashkilotlar bilan faol ish olib bormoqda. Shu tariqa Ispaniyada o‘tkazilgan XXX xalqaro musiqa festivali laureati “So‘g‘diyona” kamer orkestri boshqa mamlakatlar bilan o‘zining ijodiy aloqalarini kengaytirib bormoqda.
So‘g‘diyona” orkestrining repertuari, uni tuzish tamoyillari ham alohida e’tiborga sazovordir. Har bir konsertning yuqori badiiy saviyada o‘tkazilishida, did bilan tanlangan dastur muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada yana bir muhim holat - ijodiy safarlar davomida orkestr sozandalari bo‘lajak konsert oldidan karnay, surnay, nog‘ora va doyralarda tantanavor ruhda o‘zbek xalq kuylarini ijro etishadi. Tabiiyki, bu holat tinglovchilar diqqatini jalb etishga hamda ularda bayramona ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otishga xizmat qiladi.
1997-yili jamoa Fransiyada bo‘lib o‘tadigan ijodkor yoshlarning III-musiqiy seminarida fransiyalik tinglovchilarga katta konsert dasturini namoyish etdi. Eng avvalo “Navro‘zi Ajam”, “Sharob”, “Dilhiroj”, “Gulbahor va Tanovor”, “Yovvoyi Chorgox”, “Surnay navosi”, “Ey nozanin”, “Qo‘shchinor” kabi mumtoz musiqiy meros namunalari yangradi. SHundan so‘ng Respublika kompozitorlaridan H.Rahimovning “Duxtari kulob”, N.Norxo‘jaevning “Navro‘z uforisi”, A.Mansurovning “YAngra doyra, jarangla”, M.Bafoevning “So‘g‘dcha” asarlari ijro etildi. Konsertning so‘nggi bo‘limida esa X.Glyukning “Kuy”, P.Sarasatening “Xota navarra”, J.Bizening “Marvarid izlovchilar” operasidan “Smit serenadasi”, M.Teodorakisning “Farishtalar dahasi” operasi- dan uvertyura, S.Djoplinning “Regtaym” kuylari yangicha bo‘yoq-ohanglarda jarangladi.
1997-yili “So‘g‘diyona” kamer orkestri Misrda har yili o‘tkaziladigan “Arab musiqasi festivali”ga borish sharafiga muyassar bo‘ldi. Ettinchi bor o‘tkazilayotgan bu festivalda aslida faqatgina Arab davlatlarining ijodiy jamoalari qatnashishlari o‘ziga xos an’anaga aylangan ekan. Festivalning asosiy sharti - arab kompozitorlarining asarlarini munosib ijro etishdan iborat bo‘lib, unda 24 ta arab davlatining jamoalari qatnashadi, “So‘g‘diyona” orkestri esa mehmon sifatida taklif etiladi.
Festival konsert dasturi “O‘yin Bayoti”, “Cho‘li Iroq”, “Soqinomai Savti
Kalon”, “Norim-norim” va shu kabi asarlar bilan boyitildi. Shuningdek, O‘zbekiston kompozitorlari – M.Bafoevning ud va orkestr uchun “Poema”si, M.Tojievning chang va orkestr uchun yozgan “Sharqona raqsi”, I.Rahimovning qo‘shnay va orkestr uchun “Sabo” kuyi, F.Alimovning “Shodiyona” kabi asarlar ham alohida ahamiyat kasb etdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduhalil Abduqodirov ijrosida yangragan “Xumor o‘ldim” Ozarbayjon xalq qo‘shig‘i va orkestr ijrosidagi Markaziy Osiyo xalqlari mavzularidan iborat termasi tinglovchilar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Yosh maqom ijrochilarining Respublika konkursi laureati Sh.Murodov ijrosidagi “Voxoron” va “Habiba” arabcha qo‘shiqlari orkestr ijrosidagi Muhammad Al-Kasabiyning “Esdaliklarim”, Muhammad Abdul Vahobning “Aziza” va “Al-fan”, Riad Az-Sumbatining “Lunga” asarlari tinglovchilarni hayratga soldi. “Bizni ayniqsa quvontirgani – aynan shu asarni bizning jamoamiz ijrosida festival davomida “chaqiriq” kuyi sifatida har kuni televidenie orqali ijro etilgani bo‘ldi. Biz borgan kuni bu kuy ularning milliy ansambli ijrosida yangrayotgan edi. Bizning konsertimizdan so‘ng bu kuy bizning ijromizda yangraydigan bo‘ldi. Bu xol albatta badiiy jamoaning ruhini yanada tetiklashtirdi va kayfiyatini ko‘tardi”, - deydi F.Abdurahimova. Shuningdek, Respublikada xizmat ko‘rsatgan artistlar – M.Bekjonova o‘zining shirali ovozi bilan, S.Isroilova esa jozibali raqsi bilan tinglovchilar olqishiga sazovor bo‘lishdi.
Jamoaning “Qohira” opera teatrining kichik zalida bo‘lib o‘tgan birinchi konsert dasturi juda rang-barang tuzilgan edi. Orkestr O‘zbekiston kompozitorlari asarlari va o‘zbek mumtoz musiqiy meros namunalari qatorida arab kompozitorlarining asarlarini ham maromiga etkazib ijro etishga muvaffaq bo‘ldi. Orkestrning ikkinchi konserti Qohira san’at Akademiyasining san’at saroyida, uchinchi konsert esa Qohira musiqiy Akademiyasi zalida bo‘lib o‘tdi.
Qohira konservatoriyasida bo‘lib o‘tgan konsert bo‘yicha bir qator mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirishgan edi. Jumladan, Qohira musiqiy akademiyasi rektori Doktor Fauzi Shami konsertdan so‘ng shunday deydi: “O‘zbek musiqasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganimizdan xursandmiz. Bizning professor-o‘qituvchilarimiz va talabalarimiz sizlarning musiqachilaringiz bilan kelgusida uzviy aloqada, hamkorlikda bo‘ladi degan umiddamiz. Ajoyib jamoa rahbari Firuza Abdurahimovaga va shunday san’at durdonasidan bahramand bo‘lishga harakat qilgan va konsertni tashkil etgan professor Marlis Yunusxonovga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”.
Arab musiqasi kafedrasi o‘qituvchisi Doktor Naubi Gonim esa “konsert juda ajoyib o‘tganligidan, orkestr dasturi har xil millat vakillarini hisobga olgan holda tuzilganligidan va ijrochilarning yuqori saviyali professional mahoratidan qoyil qolganligidan” hayajonlanib gapirdi.
Doktor Kemal Radi (altchi) o‘z dil so‘zlarini quyidagicha ifodaladi: “Konsert juda maroqli o‘tdi, bizlarga rohat baxsh etganingiz uchun rahmat. Sizning cholg‘ularingiz arab cholg‘ulariga o‘xshaydi. Sizning kuy va ohanglaringiz ham bizlarga juda yaqin”. Shu bilan birga Iordaniya va Suriya talabalari O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ud, nay cholg‘ulari hamda kompozitorlik sinfi bo‘yicha tahsil olish niyatlari borligini bildirdilar.
So‘g‘diyona” ijodiy jamoasining turli mamlakat musiqiy ansambllari bilan ijodiy hamkorlik faoliyati ham alohida e’tiborlidir. Xususan, orkestrning nemis, fransuz va arab xalqlarning iste’dodli yoshlari bilan bo‘lgan ijodiy muloqotdan so‘ng galdagi uchrashuv yana Germaniyada bo‘lib o‘tdi. 1998-yili jamoa Germaniyaning Frayeburg shahrida o‘tkazilgan IX - Xalqaro musiqiy festivalda ishtirok etdi. Shu yilning oktyabr oyida “So‘g‘diyona” Georg Glazl rahbarligidagi Bavariya kamer ansambli bilan Toshkent shahrida ijodiy uchrashuv uyushtirdi. Bunday muloqotlar jamoalarni ijodiy barkamollik sari etaklaydi.
Berlindagi Gumbold universitetidagi konsert dasturi quyidagilardan iborat:
O‘yin Bayoti”, “Navro‘zi Ajam”, “Gulbahor va Tanovar”, “Garduni Dugox”,
Dilhiroj”, “Andijon raqsi” (ansambl), “Mavrigi” (ud), “Nazzora qil” (qo‘shnay), “Tong” (qashqar rubobi), “Galdir”, “Guluzorim” (Mehri Bekjonova), “O‘zbek usullari” (doira), “Munojot II, III” (chang), “Norim-norim” (ansambl va qayroq), “Ey, sabo” (nay). Yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, Firuza Abdurahimova repertuar tuzishda milliy musiqa cholg‘ularining boy imkoniyatlari hamda ijrochilarning yuksak mahoratini tarannum etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Freyeburgdan tashqari jamoa Avliyo Mariya ibodatxonasida, Leypsigda – mahalliy universitet qoshidagi nufuzli yoshlar klubida, Drezdenda – “Rasputin” elitar klubida ham konsertlar berdi. Shuningdek, “So‘g‘diyona” Germaniyaning mashhur madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Veymer, so‘ngra Orfurt va Shvarsenburg shaharlarida ham sahnaga chiqdi. Barcha konsertlar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Ijro chilarning har bir sahnaga chiqishlari qarsaklar bilan kutib olindi. Iqtidorli qo‘shiqchi Mehri Bekjonovaning shirali ovozi konsert ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi.
Jamoaning Mixen va Benediktboyern shaharlarida o‘tkazgan konsertlari haqida Myunxen madaniyat va maktab boshqarmasi direktori Martin Maria Kruger Firuza Abdurahimovaga yo‘llagan maktubida shunday deb yozadi: “Hurmatli Firuza Abdurahimova, Sizning “So‘g‘diyona” nomli orkestr jamoangiz bilan uchrashuv bizga barcha o‘zbek xalq cholg‘ulari bilan tanishishga imkon yaratdi. Bundan biz juda hayratdamiz. Ayniqsa bizning yosh musiqachilarimiz birgalikdagi ijrolaridan juda mamnundirlar. Chunki ular til va madaniy chegaralarga qaramay, umumiy bo‘lgan musiqa tili orqali muloqot qilishmoqda. Avvallari bir-biri bilan umuman bog‘lik bo‘lmagan Bavariya va O‘zbekiston madaniyatida ayrim cholg‘ularning oz bo‘lsa-da o‘xshashligi va undan taralayotgan tovushlarning tanishligi bizni juda kuvontirdi. CHin yurakdan boshlangan samimiy uchrashuv va hamkorligimiz yanada davom etishiga ishonch bildiramiz”.
So‘g‘diyona” jamoasining Myunxen Musiqa va teatr institutida, Gyote instituti va Bavariya federal erlarida katta muvaffaqiyat bilan o‘tgan konsertlarida Georg Glazl rahbarligidagi “Bavariya” kamer ansablining qatnashganligi bu konsertlarga haqiqiy do‘stlik va hamkorlik bayrami tusini berdi.
Mazkur anjuman doirasida Rixard Shtraus nomidagi Myunxen konservatoriyasida “O‘zbek milliy cholg‘ulari” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda milliy musiqa cholg‘ularining xilma-xilligi, shuningdek “Buyuk ipak yo‘li” an’analarining qaytadan tiklanayotganligi haqida so‘z bordi. Aytib o‘tish kerakki, seminar qatnashchilari o‘zbek musiqasida qadimiy cholg‘u hisoblangan - udning tutgan o‘rni, uning arab, xitoy, yapon cholg‘ulari uchun namuna bo‘lganligi va Evropa musiqasiga ham ta’sir o‘tkazganligi haqidagi ma’lumotlardan boxabar bo‘ldilar. Shu asnoda “O‘zbek – Bavariya muloqoti” nomi bilan 2000-yil aprelida chiqarilgan orkestrning ikkinchi kompakt-diski o‘zbek va nemis musiqachilarining ko‘p qirrali ijodiy hamkorligining mahsuli bo‘ldi. Shundan “So‘g‘diyona” jamoasi o‘ziga taqdim etilgan 400ta CD disklari bilan o‘z yurtiga qaytdi. Tirajning kolgan 1600 nusxasi esa butun dunyo bo‘ylab tarqatildi.


Download 351.34 Kb.
  1   2   3




Download 351.34 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O'zbek kompazitorlarining sug'diyona orkestiri uchun maxsus yaratgan asarlari

Download 351.34 Kb.