|
Milliy qadriyatlar – millat iftixori
|
bet | 7/122 | Sana | 30.11.2023 | Hajmi | 0,59 Mb. | | #108788 |
Bog'liq “Boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi O‘zbek-fayllar.orgMilliy qadriyatlar – millat iftixori
O‘zbek xalqining asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlari ham uzoq tarixiy jarayonda shakllangan. Jumladan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtiga ehtirom, o‘z taqdirini mana shu yurtsiz tasavvur qila olmaslik, o‘tgan ajdodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga doimiy hurmat ko‘rsatish, har qanday sharoitda ham hayo va andishani saqlash, turmushda poklikka alohida e’tibor berish singari ko‘plab fazilatlar bizning milliy qadriyatlarimiz asosini tashkil etadi.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridеk, “Xalqimizning turmush va tafakkur tarziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, boshqalarga hеch o‘xshamaydigan, ming yillar davomida shakllangan, nafaqat o‘zaro muomala, balki hayotimizning uzviy bir qismi sifatida namoyon bo‘ladigan bir qator o‘ziga xos xususiyatlarni ko‘ramiz. Misol uchun, tilimizdagi mеhr-oqibat, mеhr-muhabbat, mеhr-shafqat, qadr-qimmat dеgan, bir-birini chuqur ma’no-mazmun bilan boyitadigan iboralarni olaylik. Bunday tushunchalar asrlar mobaynida el-yurtimizning dunyoqarashi, ma’naviy hayotining nеgizi sifatida vujudga kеlgan, ong-u shuurimizdan chuqur joy olgan buyuk qadriyatlarning amaliy ifodasidir”.
Xalqimiz juda qadim paytlardan boshlaboq ko‘chmanchilikdan o‘troq hayot kechirishga o‘tgan, shunday hayot tarziga o‘rgangan. Odamlar o‘zi o‘rnashib qolgan yerni, uning atrofidagi suv manbalarini qadrlashni, asrashni odat qilganlar. Chunki mana shu yer va suv yordamida olinadigan hosil insonlarning rizqi, tirikchiligining muhim manbayi hisoblangan. Bunday o‘troq hayot tarzi odamlarni jamoa bo‘lib, bir-biriga yelkadosh bo‘lib yashashiga, mehnat qilishi mehnat mahsullarini o‘zaro ayirboshlash orqali savdo munosabatlari kirishishiga olib kelgan. Shu tariqa qishloq xo‘jaligi hamda shahar madaniyati yuksala borgan. Yurtimizda bunyod etilgan Samarqand, Qarshi, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Andijon, Marg‘ilon, Termiz va Qo‘qon singari o‘nlab shaharlarning yoshi ming yillar bilan o‘lchanishi ham bejiz emas.
Demoqchimizki, xalqimiz o‘zi tug‘ilib o‘sgan yer-zaminga qattiq bog‘langan, uni e’zozlashni bolaligidan o‘rganib, his qilib o‘sadigan millat sanaladi. Demak, xalqimizning o‘z yurtiga cheksiz sadoqati, ehtiromi bilan bog‘liq milliy an’ana va qadriyatlari uning boy tarixi bilan izohlanadi. Xuddi shuningdek, xalqimizningkattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, mehmondo‘stlik, yordamga muhtojlarga shafqatli bo‘lish, hayo, ibo va mehr-oqibat, ahli ayolini – oilasini asrash, maishiy turmushda poklikni yuksak qadrlash singari an’ana va qadriyatlari ham hayotning uzoq sinovlaridan o‘tgan o‘lmas ma’naviy merosimiz sanaladi.
Qadimdan urf bo‘lib kelgan azaliy an’ana va qadriyatlarimizni, milliy marosim qo‘shiqlarimizni to‘y marosimlarida o‘rni bilan ijro qilish ularning boqiyligini, abadiyligini ta’minlaydi, yosh avlod qalbida ularga nisbatan mehr va qiziqish hissini uyg‘otadi. Ammo bugungi kunda ko‘plab milliy urf-odatlarimiz unutilib borilyapti, ularga nisbatan bepisandlik bilan qaralyapti. Albatta, bunday beparvolikning xosiyati yaxshi emas. Chunki har bir qadriyatimiz zamirida o‘ziga xos ma’no-mazmun bor. Milliy ma’naviyatimiz shakllanishida, ma’naviy ongimiz yuksalishida milliy odat va an’analarimizning o‘rni beqiyos. Shunday ekan, ularni o‘rganish va amalda qo‘llash orqali ham ma’naviyatimizni yuksaltirishimiz va milliy qadriyatlarimiz umrboqiyligiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Yoshlar tarbiyasida milliy qadriyatlarimizdan foydalanish, ularga namuna ko‘rsatish, ibratli filmlardan namoyish etish, yozma manbalardan foydalanish, sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish jarayonida milliy qadtiyatlarimizga ko‘proq murojaat etish, xalq og‘zaki ijodiga oid janrlar orqali kechalar, tadbirlar tashkil etish muhim ahamiyatga ega.
Tarbiyaning natijasi yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlarni tarbiyalashdir. Bu jarayon ikki tomonlama bo‘lib, uyushtirish va rahbarlik, shuningdek, o‘quvchi shaxsining o‘zi tomonidan faollik ko‘rsatilishini taqozo etadi. Bu jarayonda pedagog yetakchi rol o‘ynaydi. Chunki u ijtimoiy tarbiyaning umumiy maqsadlari mohiyatini tushunadi, maqsad yo‘lida amalga oshiriladigan vazifalar tizimidan yaxshi xabardor, tarbiya shakl, metod va vositalarini asosli, ilmiy tarzda tanlab oladi va tarbiya jarayoniga tatbiq etadi.Tarbiya jarayonining mohiyatini tarbiyaga har tomonlama yondashish bilan muvaffaqiyatli tarzda, ilmiy tahlil qilish bilan bir qatorda bolaga milliy urf-odatlar va an’nalarimizning qay darajada beqiyos ma’naviy meros ekanligini ongiga singdirishimiz zarur.
Bola o‘sib va rivojlanib borgani sari tarbiya vazifalari murakkablashib, chuqurlashib, tabaqalashib boradi. Va uni tashil etish jarayoniga ham turlicha metodik shartlar qo‘yiladi. O‘quvchi yoshlarning yosh xususiyati, mustaqil fikrlashi, qabul qilishi va idrok etishlari ham hisobga olinadi.
Har tomonlama yetuk shaxsni tarbiyalash unga izchil ravishda aqliy, g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy, mehnat, estetik, jismoniy, ekologik, iqtisodiy hamda huquqiy tarbiya berish, o‘quvchilarning ongi, xulq-atvori va faoliyatining birligi, shuningdek, tarbiya jarayonini tashkil etishning yakka, guruhli va ommaviy shakllarini qo‘shib olib borilishini ta’minlaydigan pedagogik tizimlarni vujudga keltirish va bu tizim g‘oyalariga amal qilishni talab etadi.
Ijtimoiy tarbiya jarayoni shaxsning ijtimoiy fazilatlarini shakllantirish, uning atrof-tevarak, jamiyat, odamlar hamda o‘ziga nisbatan munosabatlari doirasini vujudga keltirish va uni kengaytirishga qaratilgan. Shaxs ishtirok etadigan ijtimoiy munosabatlar tizimi qanchalik keng, xilma-xil va chuqur bo‘lsa, uning ma’naviy dunyosi shunchalik boy bo‘ladi.
O‘zbek xalqi azaldan milliy an’ana va qadriyatlarga, urf-odatlarga boy bo‘lgan qadimiy xalq. Bu xalqning nafaqat biror-bir marosimi, balki butun umri, har bir kuni ma’lum qadriyatlar, milliylik nafasi ufurib turuvchi harakatlar asnosida kechadi. Xalq har bir qadriyat va an’analarini ulug‘lovchi buyuk xalqdir. Aslida uning buyukligi ham mana shundan bo‘lsa kerak.
Har bir millat milliy qadriyatlarini, milliyligini va o‘ziga xosligini ko‘z-ko‘z qilish orqali o‘zligini, milliy g‘ururini namoyon qiladi. O‘zlikni anglash milliylikdan boshlanadi. Milliy urf-odatlarga sodiqlik va ularga amal qilish har bir insonning milliy g‘ururidan darak beradi. Xalqimizning milliy qadriyatlarini doimo e’zozlab, qadrlab, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish har birimizning burchimizdir. Zero, milliy qadriyat va an’analar millat iftixori, g‘ururi hisoblanadi.
|
| |