|
O‘zbek tili fanidan o‘quv- uslubiy majmua
|
bet | 80/122 | Sana | 30.11.2023 | Hajmi | 0,59 Mb. | | #108788 |
Bog'liq “Boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi O‘zbek-fayllar.org12-AMALIY MASHG‘ULOT
MAVZU: MAJLIS BAYONI, HISOBOT. MAJLIS BAYONI TUZISH. O‘TKAZILGAN TADBIR TO‘G‘RISIDA HISOBOT YOZISH. XIZMAT YOZISHMALARI, XATLAR. XIZMAT XATLARINING MATNLARINI TUZISH.
Bayonnoma
Turli yig‘ilish, kengash va boshqa tur anjumanlarning borishini, majlis qatnashchilarining chiqishlari va ular qabul qilgan qarorlarni aniq, siqiq holda qayd qiluvchi rasmiy hujjat. U voqelikning o‘rni, vaqti va holati haqida ma’lumot berish bilan birgalikda, qarorlarning to‘g‘ri qabul qilinganligini tekshirish va ularning bajarilishini nazorat qilishga imkon beradi. Doimiy ish ko‘ruvchi organlar (ilmiy kengash, hay’at va boshqalar), shuningdek, vaqtinchalik ish ko‘ruvchi organlar (konferensiyalar, yig‘ilishlar, anjumanlar, komissiyalar) faoliyatida, albatta, bayonnoma yozilishi kerak. Bayonnoma yozishni tashkil qilish kotibning asosiy vazifalaridan biridir. Bayonnoma turli organlarning doimiy kotiblari tomonidan tuziladi va rasmiylashtiriladi. Vaqtinchalik ish ko‘ruvchi organlar majlislarida esa, yig‘ilish jarayonida saylangan kotib aynan shu ishni bajaradi. Bayonnomada o‘z aksini topgan axborotlarning aniqligi uchun butun mas’uliyat va javobgarlik majlis raisi va kotibi zimmasiga yuklatiladi. Bayonnoma yozib olinishiga ko‘ra qisqa, to‘liq, stenografik, fonografik, konspektiv shakllarda bo‘lishi mumkin. Qisqa bayonnomada faqatgina kun tartibi, ma’ruzachi va muzokarada qatnashuvchilarning familiyasi va qabul qilingan qaror ko‘rsatiladi. Ularda ma’ruzalar mazmuni batafsil bayon qilinmaydi. Bunday bayonnomalar masalaning muhokama qilinishi haqida to‘liq tasavvur bera olmaydi. Shu nuqtayi nazardan yig‘ilishda so‘zga chiqqan barcha qatnashchilarning bayon qilgan fikr va mulohazalarini qamrab olgan to‘liq majlis bayonnomasi afzaldir. Majlis bayonnomasining to‘liq shakli faqat yig‘ilish xususida emas, balki o‘sha jamoaning faoliyati to‘g‘risida ham fikr yuritishga imkoniyat beradi. Yig‘ilish stenografiya usulida (stenografik) yoki magnitofon yordamida yozib olinayotgan (fonografik) bo‘lsa, qisqa bayonnoma tuzilib, stenogramma rais va kotib tomonidan imzolanadi va asosiy bayonnomaga ilova qilinadi.
Bayonnomaning asosiy zaruriy qismlari:
1. Muassasaning nomi.
2. Sarlavha (bamaslahat ish ko‘ruvchi organ yoki yig‘ilishning nomi).
3. Hujjatning nomi (bayonnoma).
4. Yig‘ilish sanasi.
5. Shartli raqami.
6. Yig‘ilish joyi.
7. Tasdiqlash ustxati (agar bayonnoma tasdiqlanishi zarur bo‘lsa).
8. Yig‘ilish raisi va kotibining familiyasi.
9. Matn: a) qatnashuvchilar ro‘yxati yoki soni; b) kun tartibi; v) eshitildi; g) so‘zga chiqdilar; d) qaror qilindi.
10. Ilovalar (agar ular mavjud bo‘lsa).
11. Imzolar.
Bayonnomani tuzishda ularning huquqiy jihatdan to‘laqonligini ta’minlash kerak. Buning uchun bayonnomada barcha asosiy zaruriy qismlar mavjud bo‘lishi, ular to‘g‘ri rasmiylashtirilishi lozim. Doimiy maslahat organi yig‘ilishining bayonnomasida yig‘ilishda ishtirok etuvchilar soni ko‘rsatilishi juda muhimdir, chunki bu huquqiy ahamiyatga ega. Majlis qarorlarini qabul qilish va uning qonuniy bo‘lishi uchun ishtirokchilarning nizom bo‘yicha yetarli ekanligi (kvorum) asosiy shart hisoblanadi. Ma’muriy idoralarda bayonnoma umumiy yoki maxsus bosma ish qog‘ozlarida rasmiylashtiriladi. Bayonnoma bir necha sahifadan iborat bo‘lsa, faqat birinchi sahifa bosma ish qog‘ozida, qolgan sahifalari esa oddiy qog‘ozda yoziladi. Yig‘ilish o‘tkazilgan kun bayonnomaning sanasi hisoblanadi. Muntazam ish ko‘ruvchi organlar bayonnomasining tartib raqami kalendar yili bo‘yicha izchil davom etadi. Majlis bayonnomasida qatnashuvchilarning ro‘yxati berilganda doimiy a’zolar va taklif etilganlarning familiyasi alohida-alohida, alifbo tartibida qayd etiladi. Taklif etilganlarning soni 15 kishidan oshmasa, ularning familiyasini, qavs ichida esa, ish joyini ko‘rsatish kerak. Kengaytirilgan majlislarda ishtirok etuvchilarning soni ko‘rsatiladi va qatnashuvchilarning ro‘yxati majlis bayonnomasiga ilova qilinadi. Majlis bayonnomasi kirish va asosiy qismdan iborat bo‘lib, kirish qismi kun tartibi bilan tugaydi. Kun tartibidan so‘ng ikki nuqta qo‘yilib, ko‘riladigan masalalar tartib raqami bilan beriladi. Har qaysi masala alohida satrdan yoziladi. Ularning o‘zaro tartibi masalaning dolzarbligi va muhimligiga qarab belgilanadi. Majlis bayonnomasida KUN TARTIBIni bosh kelishikda ifodalash va katta harflar bilan yozish kerak. Kun tartibidagi masalalarni bayon qilishda ma’ruzachining ismi, familiyasi, lavozimini alohida jumla bilan yozish maqsadga muvofiqdir. Ba’zan kun tartibining oxirgi qismida «Turli masalalar» sarlavhasi bilan alohida qism beriladiki, bu maqsadga muvofiq emas, chunki kun tartibidagi har bir masala aniq va ravshan bo‘lishi lozim. Matnning asosiy qismi kun tartibi masalalariga muvofiq joylashadi.
Har bir bo‘lim uch qismdan iborat bo‘ladi: ESHITILDI, SO‘ZGA CHIQDILAR, QAROR QILINDI. Bu so‘zlar bosh (katta) harflar bilan yoziladi. Agar kun tartibida ikki yoki undan ortiq masala ko‘riladigan bo‘lsa, «ESHITILDI» so‘zidan oldin kun tartibidagi masalalarning raqami qo‘yiladi, so‘zdan keyin esa ikki nuqta qo‘yilib, yangi satrdan ma’ruzachining ismi, familiyasi bosh kelishikda yoziladi. Familiyadan so‘ng chiziqcha (tire) qo‘yilib, ma’ruza yoki xabarning qisqacha mazmuni bayon qilinadi. Agar ma’ruza matni tayyor holda bo‘lsa, tiredan keyin «Matn ilova qilinadi» deb yozib qo‘yiladi. «SO‘ZGA CHIQDILAR» birikmasi ham aynan shu shaklda yoziladi. Zarurat bo‘lganda, qavs ichida har bir so‘zlovchining ish joyi va lavozimi ko‘rsatiladi. Masalan: SO‘ZGA CHIQDILAR: A.I.Rahimov (litsey direktori) Majlisda berilgan savollar ham bayonnomada yoziladi. Ma’ruzachiga savollar va ularga beriladigan javoblar «SO‘ZGA CHIQDILAR» bo‘limiga kiritiladi va ko‘rsatilgan tartibda rasmiylashtiriladi («savol» va «javob» so‘zlari o‘rnida so‘rovchiningismi, otasi ismining bosh harflari va familiyasi; javob beruvchining ismi, otasi ismining bosh harflari va familiyasi esa, faqat savolga ma’ruzachining o‘zi javob bermagan hollardagina ko‘rsatiladi). Matnning uchinchi qismida muhokama etilgan masala bo‘yicha qaror qabul qilinadi. «QAROR QILINDI» birikmasi ham bosh harflar bilan yoziladi. Kun tartibidagi har bir masala yuzasidan alohida-alohida «ESHITILDI», «SO‘ZGA CHIQDILAR», «QAROR QILINDI» sarlavhalari qo‘yiladi va so‘zlovchilar nutqining qisqacha mazmuni, qabul qilingan qaror rasmiylashtiriladi. 10-ilovada bayonnoma namunasi berildi.
Hisobot
Muayyan vaqt uchun rejalashtirilgan ish yoki vazifa, topshiriqlarning bajarilishi, amaliy dolzarb ishlar, xizmat va ilmiy safarlar yakuni haqida ma'lumot beruvchi hujjat.
Hisobotda keltirilgan ma’lumotlar aniq, ishonarli bo‘lishi kerak. Hisobotda quyidagilarga e’tibor beriladi: nima mo‘ljallangan yoki topshirilgan edi, u qanday bajarildi, nimalarga e’tibor berildi, qanday yetishmovchiliklar bo‘ldi, ularni bartaraf etish uchun nimalar qilish kerak. Hisobot oxirida muayyan topshiriq bajarilmagan bo‘lsa, uning sababi ko‘rsatiladi, bu borada takliflar qayd etiladi. Rejalashtirilgan ish haqidagi hisobotlar amalda keng qo‘llanadi (17-19-ilovalarga qarang). Hisobot shakl jihatidan ham, mazmun jihatidan ham bildirishshnomaga o‘xshaydi. Uning zaruriy qismlari:
1. Sarlavhasi: hisobot qaysi davr uchun, qanday bo‘lim yoki shaxs tomonidan berilyapti.
2. Hujjatning nomi (hisobot).
3. Hisobotning matni.
4. Lavozimi, ismi va otasi ismining bosh harflari, familiyasi, imzosi.
5. Sana.
6. Hisobotni tasdiqlovchi rahbar imzosi. Xizmat safari va rahbarning muayyan topshirig‘ini bajarish bo‘yicha hisobotlar ma’lum davr ishlari bo‘yicha hisobotdan qisman farq.
Zaruriy qismlari:
1. Sarlavhasi: idora rahbarining lavozimi, ismi va otasi ismining bosh harflari, familiyasi, kim tomonidan qanday topshiriq uchun hisobot berilyapti.
2. Hujjatning nomi (hisobot),
3. Hisobot matni (“Sizning topshirig‘ingizga binoan» kabi iboralar bilan boshlanadi, topshiriq qanday bajarilganligi aniq ma’lumotlar bilan bayon qilinadi; xulosa yasaladi).
4. Ilovalar ko‘rsatiladi (ko‘p hollarda).
5. Hisobot beruvchining lavozimi, ismi va otasi ismining bosh harflari, familiyasi, imzo.
6. Sana.
|
| |