O‘zbekiston republikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ulug‘bek




Download 0,5 Mb.
bet111/135
Sana18.05.2024
Hajmi0,5 Mb.
#242139
1   ...   107   108   109   110   111   112   113   114   ...   135
Bog'liq
O‘zbekiston republikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ul

Modernizm

Postmodernizm

Yangi adabiyot va san’atni yaratish da’vosi, an’analarni inkor qilish

An’analarni o‘ziga singdirish va ularga
kinoyaviy munosabatda bo‘lish

Olamni xaos deb bilish, undan qochish

Xaos deb bilingan olamni qabul qilish,
uni o‘yin tariqasida o‘zlashtirish

Go‘zallikni reallikdan tashqaridan
izlash

Go‘zallikni reallikdan izlash

Antropotsentrik gumanizm:
insonga muhabbat

Universal gumanizm, uning ob’ekti
jami tirik mavjudot, tabiat, koinot – butun OLAM

Madaniyatda yevropotsentrizm, yevropa xalqlari madaniyatini umumbashariy madaniyat asosi
deb bilish

Sharq, Lotin Amerikasi, Afrika, Okeaniya xalqlari madaniyatiga kuchli qiziqish, barcha madaniyatlarni qimmat
jihatidan teng bilish

Elitar san’at

Elitar va ommaviy san’at orasida chegaraning yo‘qolishi, asarda elita va ommaga mo‘ljallangan qatlamlar mavjudbo‘lishi – ikkiyoqlama kodlash-
tirish

Semantika, mazmun muhim

Ritorika, mazmunni yetkazish shakli
muhim

Janrlar, ular orasida aniq chegaralar
mavjud

Janrlar mutatsiyasi

Ijodiy jarayonning natijasi –tugal
asar muhim

Ijodiy jarayonning o‘zi muhim

Ijodni individual hodisa deb bilish, ijodkor faolligini va uning mazmunni shakllantiruvchi markaz
ekanini e’tirof etish

Ijodda individ rolini inkor qilish,


“muallif o‘limi”konsepsiyasi

va boshqalar




48 O‘sha manba. B. 228–229.
Yuqoridagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, postmodernizmning modernizmdan anchagina ildizli farqlari mavjud bo‘lib, ularni bir hodisa ostida birlashtirish masala mohiyatini chalkashtirib yubor- ishga olib keladi. Chunki keyingi ikki asrda insoniyat juda azim evrilishlarni boshidan kechirdi, natijada dunyoqarashda, dunyoni badiiy estetik va falsafiy idrok etishda misli ko‘rilmagan sur’at va ko‘lamlarga duch keldi, kelmoqda. Chunonchi, postmodernizmni maydoyga chiqargan ko‘pdan ko‘p omillarning bir nechasiga e’tibor beramiz:

  1. Dunyo madaniyatlarining qorishuvi. Bunga elektron axborot vositalarida ro‘y bergan tezkorlik, masalan, televidenie va internetni asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatish mumkin. Natijada turfa xil madaniyatlar ilgari hech qachon ko‘rilmagan, kuzatilmagan da- rajada bir-biriga ta’sir qildi, bir-biriga qorishdi. Turmushdagi bu hol (eklektiklik) san’at va adabiyotga ham ko‘chib o‘tdi. Turli san’atlar o‘zaro bir-biriga “aralashdi”.

  2. Ommaviy didsizlashuv. Bunga sabab qilib olimlar badiiy asar qimmatini uning qancha ko‘p foyda keltirganligi bilan o‘lchanishini ko‘rsatishadi. Natijada badiiy asarga san’at asari deb emas, balki tovar o‘laroq qaraldi va shunday “ishlab chiqara” boshlandi. Uslu- blar, janrlar qorishdi, mutatsiyaga uchradi. Chinakam san’at asari bilan ommaviy asar o‘rtasidagi chegara buzildi. Sanat asari dizayn- lashdi, ya’ni faqat uning tashqi bezagiga e’tibor kuchaydi, sotiladi- gan tovarga aylantirildi. Bularning hammasi bir bo‘lib esa ommaviy didsizlashuvga yo‘l ochdi.

  3. Dunyo holining doimiy o‘zgarib turishini falsafiy, badiiy- estetik idrok qilish natijasida umidsizlik, ertangi kunga ishonchning yo‘qolishi va h.k... Bu va buning kabi boshqa sabablar postmodern- izmni paydo bo‘lishiga omil bo‘lib xizmat qilgan.

Realistik san’at olamni tushunish va tushuntirishga uringan me- tarivoyatlar yaratgan bo‘lsa, postmodernizm ularni bekor sanaydi, o‘rniga butun olam haqida emas, balki uning parchalari haqida tasavvur beradigan kichik hikoyatlar yaratadi. Chunki faqat parcha- largagina ishonish mumkin deb biladi. Mutaxassislarning fikricha,
ayni shu xusus postmodernizmni modernizmdan ajratib turuvchi asosiy farqdir. Chunki modernizm ham xuddi realizm kabi dunyoni yaxlit ko‘radi, voqelikni badiiy idrok etish mumkin emas deb bilsa- da, uning yaxlit, butun modelini yaratishga urinadi. Postmodernizm esa voqelikni parcha-parcha holida ko‘radi va ifodalaydi. Postmod- ernizm uchun ijodning, asarning o‘zi jarayon, maqsaddir. Uningcha, badiiy asar tashqaridagi olamni tushuntirib berishga qodir emas, shuning uchun ijod jarayonining o‘zi qadriyat. Zero, dunyoni anglab bo‘lmaydi, uning o‘zi ma’ni (logos) dan xoli, deb biladi. Postmod- ernizm an’anaviy madaniyat negizidagi logotsentrizmni inkor qiladi. Bas, shunday ekan, dunyo haqida u yoki bu ma’noga suyangan kon- sepsiyani ilgari surayotgan muallifning o‘zi ham qadrini yo‘qotadi. Chunki postmodernizmga ko‘ra, muallifni qadrli qilayotgan logos (ma’ni) o‘z ahamiyatini yo‘qotgandir. Madomiki, dunyoni ma’no yordamida tushintirib bo‘lmas ekan, uni tushuntirmoqchi bo‘lgan muallifning ham o‘rni bo‘lmaydi. “Muallif o‘limi” konsepsiyasi shunday vujudga kelgan. Dunyoni uzuq-yuluq rivoyatlargina tush- untirishi mumkin deydi postmodernizm. Darhaqiqat, XVIII asrdan e’tiboran insonning dunyoni o‘zgartiruvchilik rolining sekin-asta pasayib kelishi va nihoyat, yo‘qolishi adabiyotdagi sub’ekt rolining tushib ketishiga olib keldi. Bu esa, “muallif o‘limi”ni paydo qildi. Natijada, adabiyotga yakka shaxsning maqsadli yo‘naltirilgan yaratuvchilik faoliyati deb emas, balki negizida kollektiv ijod mahsuli bo‘lgan “intertekstual o‘yin” deb qarala boshlandi. Avva- liga (XX asr ibtidosida) Nitsshe “Xudo o‘ldi” deb jar solgan edi, XX ning ikkinchi yarmida esa “muallif o‘limi” e’lon qilindi. Inson ham matndan, koddan iborat, uning butun umri davomida aytgan har bir fikri, so‘zi, xatti harakati – kod. Hammasini u ajdodlardan meros qilib olgan. Uning o‘ziga tegishli hech narsasi yo‘q. Insoni- yat madaniyati ham butun boshli bir intermatn. Inson tomonidan yozilayotgan har qanday asar ham ana shu intermatndan olinadi (intertekstuallik)) va bu matn ijokdorning kodlangan sub’ekti, xo- los. Demak, muallif ham yo‘q, u o‘lgan (Fuko va Bart tadqiqot- lariga qarang) deyishdi.
Postmodernizmning bir qancha o‘ziga xos tushunchalari borki, ularning mag‘zini chaqib olish ushbu murakkab adabiy oqim mohi- yatini bir qadar tiniqroq anglashga yordam beradi.
1. Muallif o‘limi. Faqat matn bor, muallif esa asarda “o‘lgan”, chunki u yozgan matn uning o‘ziniki emas, umummatndan olingan nusxalar, kodlardir, degan qarashni bildiradi. Fransuz adabiyots- hunosi R. Bart muallif istilohi o‘rniga skriptorni kiritadi. Skriptor hisobsiz lug‘at boyligidan matn yasaydi. Asarni esa muaalif emas, o‘quvchi yaratadi. Qanday qilib? Asarga o‘z mazmunini yuklab yaratadi. Shuning uchun ham postmodernizm o‘quvchi darajasini muhim hisoblaydi. O‘quvchi qancha o‘qimishli bo‘lsa, asarga yas- hirilgan “madaniy kod”larni shuncha ko‘p topadi, deydi.

  1. Intertekstuallik (lotincha so‘z bo‘lib, ınter – aro, textum – to‘qima, mato, matn) har qanday matn o‘zidan oldingi matndan olingan matn ma’nosini bildiradi. Ya’ni har qanday matn qo‘shtirnoqsiz iqtibos. Chunki har qanday matn o‘zigacha yaratilgan matndan kelib chiqadi, unda boshqa matnlarning izlari bor, degan qarashni ilgari suradi.

  2. Simulyakr – asl san’at o‘rniga kelgan soxta estetik asarlar. Simulyakrlar (simulo lotincha so‘z bo‘lib, yo‘q narsani bor o‘laroq ko‘rsatish, ma’nosida keladi) nusxalardir. Yo‘q reallikni bor qilib ifodalash, maboda, reallik bo‘lsa-da, u nomigagina “ishtirok etadi”. Ular baland va past didlar o‘rtasidasidagi chegaralarni yuvib tash- lashga xizmat qiladi.

  3. Dekonstruksiya – mavjud butunlikni buzish va parchalardan

yangini yaratish.

  1. Ramziylik – dunyodagi hamma narsaning majoziy ma’nosi

bor deb qarash.

  1. Artefakt – kutilmagan joyda, xuddi tasodif kabi yaratilib qo- linadigan badiiy asar.

  2. Interaktivlik – ijodkor va o‘quvchi sherikligi asosida badiiy

asarning yuzaga kelishi.

  1. Universalizm – hamma narsaning qorishib, ommaviylashib

ketishi.

  1. Gedonistik vosita, ya’ni san’at asariga o‘quvchiga lazzat

beruvchi matoh deb qaralishi.
Ha, postmodern bugungi davr kayfiyatini o‘zida aks ettirmoqda. Lekin ilg‘or jamiyatlarda postmodernizm o‘z umrini yashab bo‘ldi, degan fikrlar ham aytilmoqda. Darhaqiqat, keyingi vaqtlarda inson dunyoqarashi va tafakkuri koinotni anglash bilan birga kechmoqda. Bu harakat har doim bo‘lganu zamonaviy dunyoning imkonlari negi- zida koinotga teran kirib borish, uni tadqiq etish kuchaygani bor gap. Shuning uchun ham astro davri degan istilohlar paydo bo‘lgandir. “Yangi paradigma yo‘q. Na Sharq va na G‘arb buni bera olmayapti”, qabilida fikr aytadi rus akademigi Yu. Borev. Ehtimol, astro davri o‘sha paradigmani tug‘ib berar, buni vaqt ko‘rsatadi.
Badiiy tafakkurda olamshumul evrilishlar yuz bergani va ham- on ushbu jarayonning davom etayotganini keyingi qator yillar mobaynida yaratilayotgan turli janrlardagi asarlardan ham bilsa bo‘ladi. Natijada san’atu adabiyotimiz maydonlarida avvalgilarga o‘xshaganu o‘xshamagan asarlar paydo bo‘la boshladi. Albatta, ularning barchasini birdek durdona, deb hisoblab bo‘lmaydi. Ular hali vaqtning, davrlarning, shu davrlar tarbiyalab yetishtiradigan o‘quvchilarning sinovu ehtiyojlariga javob berishi kerak. Durdona- lik maqomi shundagina nasib etishi mumkin. Lekin hozir gap bunda emas. Gap dunyoni badiiy-estetik qabul qilish mezonlarimizning juda tez o‘zgarayotganligida.
Yangilanayotgan badiiy tafakkur mahsullarii ba’zan go‘yo ham- ma narsa yoki hech narsa haqida kabi taassurot qoldiradi o‘quvchida. Chunki unda go‘yo hamma narsa bor, ammo aniq hech nima yo‘q. Ha, yangi san’at o‘zini shunday tutadi, shunday tutmoqda ham. Yan- gi san’at bugunga kelib, mohiyatni shunday ifoda qilmoqqa kirish- diki, natijada, bir qarashda, uning badiiy zavqi an’anaviy yo‘llarda shakllangan o‘quvchi bilan sirayam ishi yo‘qdek tuyuladi. “Mana, men shundayman, xohla qabul qil, xohla yo‘q”, deyayotgandek o‘zini namoyon qiladi u. Ko‘rinadiki, yangilanayotgan badiiy tafak- kur mahsullari mohiyatining ochilishi uchun o‘quvchi tayyorgarligi va ishtiroki zarur bo‘lib bormoqda ekan. Endi o‘quvchining kitobx-
onlik darajasi asarga ayricha bir mazmun bag‘ishlaydi. Zero, yangi san’at namunasi har bir o‘quvchi bilan yuzlashganda o‘zgacha tov- lanadi. Ya’ni o‘quvchining badiiy-estetik darajasiga qarab turlanadi
u. Albatta, bu o‘rinda modernizm uchun muallif darajasi muhim bo‘lsa, postmodernizm uchun muallif yo‘q. Matn egasi – skriptor.
Modern va postmodern adabiyoti namunalari, ayni paytda,dunyoni ramziy tafakkur qilish hosilasidir. Ularni ishoralar asari desa ham bo‘ladi. (O‘rni kelganda qayd etish kerakka o‘xshaydi: bir-biriga unchalik bog‘lanmagan ma’nolarga ishora qilib o‘tish san’ati adabi- yotda bir muncha yengil yo‘lni paydo qilishi mumkin. Chunki yangi san’at, modernizm, postmodernizm niqobi ortiga berkinayotganlarn- ing talay bir qismi, aslida, mutlaqo iste’dodsiz odamlar ekanligiga hayot va adabiyot sahnalarida tez-tez duch kelinmoqda. Gap shun- daki, ular o‘z shig‘irlarini “yangicha san’at namunasi” deya taqdim etishga o‘rganib borishmoqda. Qizig‘i shundaki, modernizmdan farq qilib, postmodernizm aynan shu jihatni qo‘llab quvvatlaydi. Faqat tanlab olingan alohida iste’dod egasi hisoblanmish ijodkorlargina emas, balki hammani san’at asari yaratishi mumkin deb biladi). U aniq bir narsa aytmaydi, buni maqsad ham qilmaydi, aksincha, faqat ishora qiladi. O‘quvchi ana shu ishora qilingan tomonga boradi. Al- batta, o‘zi emas, balki qalbi va tafakkuri elchilarini yuboradi u yer- ga. Elchilar muloqotidan so‘ng anglashilgan (ko‘pincha, payqalgan, sezilgan, fahmlangan...) narsa, agar u chindan bor bo‘lsa, o‘quvchi botinida akslanadi. Mana shu aksning salmog‘i asar mazmun-qiyo- fasini belgilaydi.
Aslida, har qanday badiiy asar o‘ziga xos yo‘l hisoblanadi. Ya’ni yo‘l (voqelik) dan yo‘l (asar) ga kelinayapti. Harakatlanuvchi kuch, modernizmga ko‘ra – muallif, postmodernizmga ko‘ra esa – skrip- tor. (So‘ngra teskari akt, ya’ni asar (yo‘l) dan voqelik (yo‘l) ga yur- ish boshlanadi. Bunda harakatlanuvchi personal – o‘quvchi). Asarni o‘qigan o‘quvchi go‘yo shu yo‘ldan (muallif yoki skriptor yo‘lidan) yurishga taklif etiladi. Bu o‘rinda gid – muallif yoki skriptor. U o‘quvchiga atrofni tamosha qildiradi. Ammo vaqt tig‘iz bo‘lgani bois (butun insoniyat bosib o‘tgan yo‘l bilan yakka inson bosib
o‘tgan yo‘l o‘rtasida zamoniy va makoniy tafovut bor. Go‘yo um- mon va tomchi o‘rtasidagi hajm farqi yanglig‘, bas, tomchi (mual- lif, skriptor) yana bir tomchiga (o‘quvchiga) ummon (bashar ahli) haqida, uning uzun yo‘li haqida nimalarnidir uqtirarkan, ana shu tafovut taqozosiga ko‘ra ham majoziy fikrlashga mahkum. Uning boshqa iloji yo‘q. Chunki ramz – kalavalangan mushtdek ip. Uni yechib cho‘zganingiz sari yer sharini quchoqlab oladigan imkonlari ochiladi. Yo‘qsa, u sirini o‘z ichiga qamab, bir musht, nari borsa, bitta koptokdek bo‘lib yotaveradi) hamma narsani batafsil tushunt- irib berishning imkoni ham, bunga alohida istak ham yo‘q. Umu- man olganda, kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, “eniga va bo‘yiga kengayib ” turlanayotgan, axborotga ko‘milib ketgan dunyo maz- mun-mohiyatini qamrab olish tobora qiyinlashib borayotganini hi- sobga olsak, bundan buyon inson badiiy tafakkur tarzida ishoraviy, ya’ni ramziy san’at o‘rnining behad ortishiga shubha yo‘q. Chunki ramz va tashbehda shunday bir ichki qudrat borki, ana o‘sha behu- dud olamning hadsiz-hisobsiz tovlanishlarini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Boshqacha aytganda, ramziy san’at Aloviddinning sehrli chirog‘iga o‘xshaydi, kerakli kalit-duosini topib o‘qisangiz, bas, qarshingizda qo‘lingizga dunyolarni olib berishga qodir Jin jano- blari paydo bo‘ladi. Shu ma’noda san’atning azaliy ajralmas qismi bo‘lgan ramziylik modernizmda ham, hatto postmodernizmda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Juda ko‘p qadriyatlar, ayniqsa, post- modernizmda inkor qilindi, lekin adabiyotning dunyoni ramziy-ma- joziy qabul qilish xususiyati yashab qoldi, yashab kelayapti. Bunday ramziylik, goho, kimgadir, nimagadir, qandaydir ma’noga ishora tar- zida o‘zini namoyon qiladi. Ishora esa o‘z navbatida sirni, sirlilikni keltirib chiqaradi. Mana shu yerda esa o‘quvchi, Gasset aytmoqchi, naq ikki – badiiy asarni tushunganlar va tushunmaganlar toifasiga bo‘linadi. Mavlono Rumiy qarashicha, sirdan xabardor bo‘lgan ki- shi indallosidanoq gapning mohiyatini darhol anglaydi, g‘ofillar esa yo‘q. Ularga ming tushuntirilsin, so‘zlar suvlarga oqadi – ketadi. Bu hol modernizmga ham, postmodernizmga ham u yoki bu darajada xos xususiyatdir.
Umuman, kunimizning jiddiy ijodkorlari tobora ko‘proq sirli bo‘lib “turish”ga urinayotganligini qayd etish joiz. Ayni damda e’tibor bermoq kerakki, badiiyat olamida chinakam sirli durdona asar bilan “boshqotirma”, ya’ni “krassvord” adabiyot o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Ammo xuddi muhabbat va nafrat (daholik va tel- balik) kabi bir-birlariga juda-juda yaqin joylashganidan (bor-yo‘g‘i bir qadam), hatto mutaxassislar ham ularni ko‘pincha chalkashtirib yurishadi. Oqibatda, bor-yo‘g‘i o‘rtamiyona boshqotirma bir asarni bebaho durdona deya taqdim etishgacha borib yetiladi yoki aksin- cha. Bu xusus, ayniqsa, postmodernizmga xos.
Postmodern adabiyot o‘z mazmun-kayfiyatiga ko‘ra, ko‘pincha, quramalardan ham iborat bo‘ladi. Shuning uchun ham uni o‘qigan kishi ma’nolarning tariqdek sochib yuborilganini ko‘radi. Yaxlit- lik, butunlikni topmaydi. Bu – tabiiy. Chunki aslida ham ko‘z bi- lan ko‘rsa, qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan butunlikka da’vo qilmaydi postmodern adabiyot. Zero, voqyelikni o‘zida yo‘q deb hisoblaydi u butunlikni. Ammo mozaikaning har bir parchasida fikrlovchi o‘quvchini yana va yana tafakkur qilishga, insoniyat tarixiga sayo- hatga chorlash orqali uni o‘z botiniga safar qilishga undash yashay- di. Asarni birlashtiruvchi kuchi bor bo‘lsa agar, shu yerda mujassam. Postmodernizm falsafasi o‘tgan asrning 80-yillarida shakllangan.
U jamiyatda yuz bergan o‘zgarishlarni aks ettirib, dunyoni qabul qil- ish va his qilishda paradigma maqomini oldi. Hozirda dunyoning mana shunday holini to‘la-to‘kis o‘zida mujassamlatirgan paradig- maning yo‘qligi haqida rus olimi, akademik Yu. Borev bong uray- aptiki, bunday fikrlar postmodernizm ham qaysidir ma’noda o‘z imkoniyatini sarf qilib bo‘layozganidan dalolat. Ammo dunyoda xaos kayfiyati hukm surayapti. Ma’lumki, posmodernizm xaosdan oziqlanadi, uni ifoda qiladi. Dunyo ertasining noaniqligi, insonning global o‘zgarishlar va texnogen buhronlar ichida qolib esankirashi, oxirzamonni kutish, ayni paytda, kommunikativ texnologiyaning jadal rivojlanishi, kompyuter va internetning paydo bo‘lishi, dunyo hamjamiyatining madaniy tolerantligi (bag‘rikengligi)ning oldinga qarab ketishi postmodernizmni paydo qilgan asosiy sabablardan,
deya ko‘rsatiladi ayrim manbalarda. Fransuz faylasufi Jak Derrida 49postmodernizm davrini “Oxirzamon kelmasdan burungi (dunyon- ing )mutlaq ostin-ustin bo‘lishi” deb ataydi. Xuddi shunga uyg‘un fikrni ukrainalik olim Dmitriy Zatonskiy “Postmodern davr termoy- adroviy oxirzamon (olim buni “Termoyaderniy Apokalipsis”, ya’ni termoyadro urushi tufayli sodir bo‘ladigan oxirzamon, deb ataydi) sodir bo‘lmagandan keyin boshlandi. Biz dunyoning tubiga nazar soldik, ammo hayotda yashab qoldik. Albatta, buning uchun E’tiqod, Umid, Muhabbat bilan to‘lov to‘ladik”50. Mana, nima uchun post- modernizmga noaniqlik, parchalanish, “men”ning, kanonlarning yo‘qolishi, noturg‘unlik xosdir. Shuning uchun ham postmodernchi- lar “abadiy qadriyatlar”dan voz kechdi. Doimo qalqib, turlanib tur- gan olamda kimgadir yoki nimagadir suyanib bo‘lmaydi, deyishdi ular. Bu esa postmodernizmga oid juda muhim jihat hisoblanadi.
Postmodernchilar hatto badiiy asar tushunchasini matn tushun- chasi bilan almashtirishdi. “Matnlar dialogi” ma’nosini beruvchi intertekstuallik tushunchasi keng istifoda etiladi. Bunda reallik va san’at o‘rtasidagi chegara buziladi. Hech qanday individual asar yo‘q. Har qanday asar bu jamoaviydir. Chunki asar umummadaniyat negizida paydo bo‘ladi, deyishadi. Masalan, fransuz yozuvchisi Jak Rive qalamiga mansub “A.lik xonimlar” romani 408 muaalif asari- dan olingan 750 iqtibosdan iborat.
Postmodernchilar haqiqat, xarakter kabi tushunchalardan voz kechishadi. Chunki haqiqatning mavjudligini inkor qilishadi, hech qanday hodisa bir xil tarzda ifoda qilinishi mumkin emas, uning cheksiz talqinlari bor, xarakter ham inson shakllanishining muayyan shartlari mahsulidir, deb bilishadi.

Postmodernizm odamlarning begonalashuvini keltirib chiqargan postindustrial jamiyatda paydo bo‘ladi. Begonalashgan inson illyuz- ion dunyoda yashaydi, o‘ziniki va begonaniki farqlay olmay qoladi, begona til, begona madaniyatni o‘zniki kabi qabul qiladi va ularga suyangan holda o‘z olamini yaratadi.
49 Qarang: Jak Derrida. (Internet materiallari).
50 Затонский Д.В. Модернизм и постмодернизм. – Харьков: Фолио, 2000.
Postmodern matnda hamma narsa shartli,unda kinoya va parodi- ya ustun mavqeda turadi. Bu oqimning mumtoz namoyandalaridan Umberto Eko: “Postmodernizm modernizmga javobdir: madomiki, o‘tmishni yo‘q qilib bo‘lmas, zero, o‘tmishni yo‘q qilish soqovlikka olib kelar ekan, demak, soddadillikni yig‘ishtirib qo‘ygan ko‘yi uni kinoya bilan qayta ko‘rib chiqish kerak” deydi. Uning postmodern- izmning mumtoz asari deb tan olingan “Atigul ismi” (1980) romani bosh qahramonlarining ismlari yozuvchi Konan Doyl qahramonlari ismlarini yodga soladi. Bu falsafiy detektiv roman bo‘lib, voqealar o‘rta asrlar monastirida ro‘y beradi. Bosh qahramon Vilgelm Basker- vilskiy qo‘lyozmalarni o‘qib, kimga, nimaga oidligini aniqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Asar nomidagi “Atirgul ismi” so‘z birikmasi shunchalar ko‘p ramziy ma’nolarga to‘lib ketganki, u asl ma’nosini yo‘qotib ham qo‘ygan. Yozuvchi romanni lotincha iqtibos bilan yakunlaydi. Unda atirgul so‘ldi, lekin atigul so‘zi (ismi) hali hamon yashayapti, deyilgan. Roman ikki qatlamdan iborat bo‘lib, birin- chi qatlam oddiy o‘quvchiga, ikkinchi qatlam esa xos o‘quvchiga mo‘ljallangan. Oddiy o‘quvchi asarning detektiv o‘laroq qabul qila- di va qiziqib o‘qiydi. Xos o‘quvchi esa roman qatlariga yashirilgan ramzlarni kashf qilib badiiy zavq tuyadi. Binobarin, “Atirgul ismi” tarixiy va detektiv romanning, adabiy va madaniy assotsiatsiyan- ing hamda falsafiy masal va mistifikatsiyaning qorishimidan paydo bo‘lgan murakkab asardir. Bunday yo‘l tutish postmodernizm asar- larida xos va avom saviyali o‘quvchi o‘rtasidagi chegarani buzib tushladi. Natijada elitar va ommaviy san’at bir-biriga yaqinlashadi.
Postmedrn yozuvchilar, jumladan, R. Bax, P. Zyuskind, P. Koelo,
X. Murakami kabi ijodkorlar zamonaviy tamaddunning eng og‘riqli masalalariga e’tibor qaratishdi. Olmon adabiyotining zabardast nam- oyandasi Patrik Zyuskind “Ifor” (1985) romanida bir shaxs siymo- sida ham daho, ham yovuz maxluq jo bo‘lgan attor (atir yaratuvchi) hayotidan hikoya qiladi. Asarning yuza qismi o‘ta qiziqarli detektiv ruhida bo‘lsada, uning tagma’nosi jiddiy mushohadaga undaydi: ro- manda hid obraz darajasiga ko‘tarilgan. Bu obrazning ortida butun boshli zamonaviy dunyoning ma’naviy hayoti yashirilgan. O‘sha daho
va maxluq tomonidan ixtiro qilingan atir hidiga bandi, unga yetishish uchun, uni hidlash uchun hamma narsaga, hatta hayvon qiyofasiga kirib ketishga tayyor odamlarning ruhoniy olami fosh etiladi. Ayni shu xusus romanni tarixiy-detektiv, psoxologik drama va yoki qiziqarli af- sona degan yorliqlar qolipini parchalab tashlaganini bildiradi.
Amerikalik yozuvchi Richard Bax “Jonatan Livingston nomli chayka” (1970) romanida qahramonlar qushlar obrazlarida tasvir- lanadi. Parvoz yozuvchi asarlarida falsafiy ramz ma’nosida kelib, bu bilan u insonlarni o‘zlarini erkin tutishga, o‘z qiyofasini ehtiyot qilishga, dunyoning shafqatsizligi va adolatsizligiga qarshi turishga undaydi.
Braziliyalik yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” asari ham postmodern adabiyotning yorqin namunasi. U roman-masal holiga keltirilgan asar bo‘lib, unda “Agar sen biron nimani chin dildan istasang, butun koinot o‘sha orzuingga yetishingga ko‘makdosh bo‘ladi” kabi aforizm darajasidagi fikrlar ko‘p uchraydiki, bular o‘ta shiddadkor, o‘zgaruvchan, shafqatsiz zamonaviy dunyoda na- fas olayotgan o‘quvchi uchun ayni muddaodir. Garchi mutaxasislar Koelo asarlarini, jumladan, “Algimyogar”ni postmodernizmga man- sub etsalarda, ko‘pgina jihatlari (umidning, yorug‘likning mavjudli- gi) ga ko‘ra, masalan, “Algimyogar” oqim taqozo etgan qoidalarga to‘liq tushmaydi. Balki roman mag‘zida Sharq ruhining, jumladan, Rumiy asarlari ruhining g‘oya o‘laroq mavjud ekanligi bilan izoh- lanar bu hol.
Zamonaviy yapon yozuvchisi Xaruki Murakamini vatanida G‘arb kishisi deb bilishadi. Sababi, yozuvchi o‘z ijodi bilan yapon- larning asrlar mobaynida shakllangan an’anaviy hamda zamonaviy qadriyatlarini buzib kelmoqda. Chunonchi, tabiat bilan uyg‘un yas- hash, muhit shart-sharoitlarini qabul qilish, mansab pog‘onalaridan ko‘tarilishga qaratilgan va shunga o‘xshash boshqa qarashlar uning asarlarida inkor etiladi. Murakami o‘z vataniga, undagi qadriyatlar- ga ovrupalikning ko‘zi bilan qaramoqchi bo‘ladi. Uning qahramon- lari tizim ichida bir murvat bo‘lishga moslashmagan. Chora – o‘z olamiga, g‘ayrishuuriga ketib, odamlarga xizmat qilish. Uning ham
postmodernizm qoliplariga tushmaydigan qirralari mavjud. Chu- nonchi, Murakami ezgulikning kuchiga ishonuvchi romantik, deya talqin qilinadi.
Yana jahon adabiyotida Italo Kalvino, Milan Kundera, Milorad Pavich kabi postmodern oqimining yirik vakillari borki, ularning asarlari ham qaysi bir jihatlari bilan bugungi zamon nafasini o‘zida yorqin aks ettiradi, fikrlashga, mulohaza yuritishga chorlaydi.
Bundan tashqari, fantastikadan o‘zining ayrim jihatlariga ko‘ra farqlanib turuvchi fentezi janrida ham qorishiq zamon ruhini aks ettiruvchi talay asarlar bitildi. Bularning eng mashhurlaridan biri Joann Rouling qalamiga mansub “Garri Poter” sikl romanlaridir.
Xulosa shuki, postmodernizm jahon adabiyoti XX asr oxiri va XXI asr boshlarida o‘zining eng gullagan davrini boshidan kechirdi, kechirmoqda. Shu bilan birga, uchinchi ming yillik adabiyotining tug‘ilishiga o‘ziga xos zamin tayyorladi. Zamonaviy jahon adabiyoti g‘oyat xilma xil, qorishiq va murakkab hodisaki, u va uning kelajagi haqidagi bahsu munozaralar hali-hanuz davom etmoqda.
O‘zbek adabiyotida postmodern izlanishlar, ayniqsa, nasrda bo‘y ko‘rsatayapti. O. Muxtor, X. Do‘stmuhammad, N.Eshonqul,
R. Rahmat, I. Sulton, M. Karim, U. Hamdam kabi yozuvchilar ijo- dida postmodernizmning turli ko‘rinishlari uchraydi. Chunonchi, X. Do‘stmuhammadning “Jimitxonaga yo‘l” hikoyasi D. Butssatining “Yettinchi qavat” hikoyasiga nazira yo‘lida yozilib, G‘arb hikoya- sida aks etgan g‘arbona qarash o‘zbek yozuvchisi asarida sharqona ruhda qayta ishlanadi. O. Muxtorning qator romanlaridagi tush- kunlik, parokandalik, tushuniksizlik postmodern kayfiyatni aks et- tiradi. M. Karimning “Hech” deb nomlangan qissasi hamma narsa va ayni damda, hech narsa haqidadir. X. Do‘stmuhammad, N. Es- honqul va I. Sulton kabi yozuvchilar ijodidagi qator asarlarda (“Siz- if”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Go‘ro‘g‘li”, “Og‘riq muojalasi”, “Boqiy darbadar”) jahon adabiyotidagi birmuncha mashhur asarlar syujeti, syujet chiziqlari yoki g‘oyasi olinib, qayta ishlanadi. Yana bir o‘zbek adabiyoti namunasi “Yolg‘izlik” qissasida esa qahramon ruhiyati batamom parchalangan holda tasvir etiladi. U shu holida
ortidan ergashish mumkin bo‘lgan na biron g‘oya, na dardiga ham- dard bo‘lgulik biron inson topolmay arosatda tentiraydi. Hatto qis- saning syujetida butunlik yo‘q, u toshga urilib parchalangan oyna bo‘laklariga o‘xshaydi. (Voqealarni ana shu siniqlarda ro‘rishingiz mumkin). Najotni hech qayerdan topolmagan qahramon, alaloqi- bat, o‘z ruhiy olamiga hisb etiladi. Shunday bo‘lsa-da, asar oxirida qahramon o‘tirgan xona eshigi ochiq qoladi. Bu – ramz. Qissaning ismsiz qahramoni bugungi tafakkur ahlining o‘ziga xos umum- lashtiruvchi obrazidek taassurot qoldiradi. Akademik Yuriy Borev bugun bashar ahli yangi paradigmaga, ya’ni yo‘lga muhtoj deganini yodga olib, bu holni “Yolg‘izlik” qissasi qahramonining so‘ng holi bilan qiyos etsak, yuqoridagi ma’no (umumlashtiruvchi obraz) kelib chiqadi. Ammo o‘zbek yozuvchisining asarida baribir eshik ochiq qoladi. Demak, u Sharq farzandi sifatida umiddan voz kechmagan. Bu esa uning postmodernizmnin “oltin qoidalari”ga to‘la tushmayo- tganidan dalolat.
Hozirgi o‘zbek she’riyati kechagi she’riyat emas. U o‘zining ko‘pgina, xususan, shakliy-mazmuniy mundarijasiga ko‘ra o‘zgardi. Shu bilan birga, ta’kidlash o‘rinliki, bugungi she’riyat kechagi she’riyatdan uzilib qolgan alohida hodisa ham emas. Ular o‘rtasida vorisiylik, uzviylik hamon davom etib kelmoqda. Bugungi o‘zbek she’riyati kechagi o‘zbek she’riyatining eng yaxshi an’analarini davom ettirgani holda, jahon adabiyoti buloqlaridan ham suv ichayapti. Kecha dunyoga sotsialistik realizm tuynigi orqali qara- gan bo‘lsa, bugun uning tafakkuri erkin. Aynan mana shu tafakkur erkinligi hozirgi zamon o‘zbek poeziyasini – yangilangan o‘zbek she’riyatini vujudga keltirayotgan bosh omildir. Shunga ko‘ra, har tomonlama boy she’riyatimizga nazar tashlab, uning bag‘rida barcha yashovchan tamoyillarning izini ko‘ra olasiz: realizm, modernizm va postmodernizm adabiy oqimlarining turfa yo‘llarida yaratilayotgan bugungi o‘zbek she’riyati shoir tafakkurining yagona mafkuraviy iskanjadan xoli ekanligidan, boshqacha aytganda, erkinligidan dalo- lat. Yana, shoirning qaysi yo‘nalishda qalam tebratishi emas, qanday iste’dod bilan yozayotganligi hamda azaliy muhoraba – ezgulik va
yovuzlik jangida oldingisining yonida tura bilishining muhimligi to-
bora ko‘proq ayon bo‘lib borayotir.
Bugun o‘zbek she’riyati ifoda usuliga ko‘ra taxminan quyidagi- cha ko‘rinishga ega: 1. An’anaviy. 2. Xalqona. 3. Modern. 4. Aruz. 5. Sinkretik. Ammo ta’kidlab aytish joizki, dunyoqarashda asosan ikki kuchning musobaqasini kuzatish mumkin. U ham bo‘lsa, an’anaviy va modern (shu jumladan, postmodern) oqimlari o‘rtasidagi muso- baqa. Aslida, bunday musobaqa hamisha bo‘lgan va u yaqin tarixi- mizda “an’ana va novatorlik” deb atalgan.
2012-yil fevral oylaridan e’tiboran Rossiyaning “Literaturna- ya gazeta”sida postmodernizm haqida qizg‘in bahs boshlanib, yil davomida har xil qarashlar o‘rtaga tashlandi. Unda bir xil olim- lar “postmodernizm Rossiyada o‘z o‘rnini topmadi”, desa, boshqa birlari “yo‘q, hali bunday deyishga juda erta, jamiyatda xaos bor ekan, postmodern bor bo‘laveradi”, degan fikrni ilgari surishdi. Xuddi shunga o‘xshash munozara o‘zbek adabiyoti ilmi maydonida ham yuz berib turibdi. Bir tomon “modernizm degan unsur nafaqat o‘zbek adabiyotiga, balki umuman Sharq adabiyotiga, Sharq tafak- kur tarziga yot, u Ovrupadan sun’iy ravishda keltirilgan usul” desa, boshqa birovlari “u jamiyatning yashash tarzi, kayfiyati”, demoqda. Mayli, bahs-munozara o‘z yo‘liga, ammo she’riyatning o‘zgarib- yangilanib borayotgani fakt. Undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Keyingi 20–25 yil mobaynida jamiyatda yuz bergan o‘zgarishlar zamonaviy o‘zbek she’riyati qiyofasini belgilab berayotgani bor gap. “Haqiqiy adabiyot, chinakam she’r bu yuksak san’atdir”, degan shior ostida ijod qiluvchilar soni ko‘payib bormoqda. Bu ham ma’lum ma’noda she’riyatning ziyoli-ijodkorlar, mutaxassislar va torroq qiziquvchi- lar doirasidagina o‘qilishiga olib keldi. Bugun Tursun Ali, Bahrom Ro‘zimuhammad, Aziz Said, Faxriyor, Muhammad G‘affor, Sher- murod Subhon, Go‘zal Begim kabi o‘zbek shoirlari (dunyoqarash- lari, iste’dodlari va uslublaridagi jiddiy farqlarga qaramay) qaysidir ma’noda shu umumiy yo‘nalishlar (modernizm va postmodernizm) ning ko‘zga ko‘ringan vakillaridir.
Postmodernizm dunyoni tushunish va tushuntirishning bir yo‘li. Lekin u oxirgi yo‘l degani emas. Insonlar, jamiyatlar bor ekan, ularning kayfiyatlari, dunyoqarashlari, orzu intilishlariyu ehtiyojlari ham bir joyda to‘xtab qolmaydi. Bas, shunday ekan, inson doimo yangi yo‘l qidiradi. U hayot ekan, izlanish ham hamisha barhayotdir.



Download 0,5 Mb.
1   ...   107   108   109   110   111   112   113   114   ...   135




Download 0,5 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O‘zbekiston republikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ulug‘bek

Download 0,5 Mb.