|
O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va I bo‘lim. Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi
|
bet | 110/139 | Sana | 22.02.2024 | Hajmi | 0,82 Mb. | | #160902 |
Bog'liq 1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi-fayllar.org5. Mantiq va boshqa fanlar
Mantiq fani bir qator fanlar bilan bog‘liq. Mantiq, avvalo, psixologiya fani bilan bog‘liq. Psixologiya - hissiy tafakkur, uning asosiy shakllarini inson ruhiy faoliyatining ko‘rinishi sifatida o‘rganadi. U inson fikrlash jarayonining boshqa ruhiy holatlar bilan bog‘lanishlarini tadqiq etadi. Mantiq esa fikr shakllari, usullari, to‘g‘ri fikrlash qonunlarini o‘rganadi. Psixologiya alohida kishining individual tafakkuriga o‘z diqqatini qaratadi. Mantiq fikrlashning barcha uchun umumiy bo‘lgan tomonlarini, qonuniyatlarini o‘rganadi.
Mantiq faniga yaqin fanlardan biri – til grammatikasi. Tushunchalar, muhokamalar strukturasini aniqlashda til sohasidagi bilim muhim rol o‘ynaydi. Inson bilimlari til, nutq orqali moddiylashadi. Grammatika qonunlarida har bir milliy tilning o‘ziga xos xususiyatlari aks etadi. Mantiq esa insonga xos bo‘lgan to‘g‘ri tafakkurning shakllari va usullarini o‘rganadi.
Mantiq falsafa bilan chambarchas aloqada. Falsafa borliq va undagi narsa, hodisalar orasidagi eng ichki, umumiy, zaruriy aloqadorliklar to‘g‘risida bahs yuritadi. Falsafaning qonun va kategoriyalari ob’ektiv dialektika qonun va kategoriyalari deb yuritiladi. Tafakkurga xos bo‘lgan barcha tomon va qonuniyatlarni faqat formal mantiqqa tayanib tushuntirish mushkul. Agar dialektik mantiq olamdagi narsa va hodisalarning universal aloqadorliklari va taraqqiyoti to‘g‘risida bahs yuritib, fikrlash uzluksiz taraqqiy etib boruvchi jarayon ekanligini tushunishga yordam bersa, formal mantiq to‘g‘ri fikrlash tartib-qoidalarini o‘rgatadi. Dialektik mantiq universal aloqadorlik va taraqqiyot to‘g‘risidagi ta’limot sifatida boshqa fanlar qatori formal mantiq uchun metodologik asos vazifasini o‘taydi.
6. Mantiq fanining ahamiyati
Mantiq fan va inson amaliy faoliyati taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Bizning fikrlarimiz muayyan shakllarda namoyon bo‘ladi va mantiq qonunlariga bo‘ysunadi. Tafakkur qonunlarini bilish va ulardan foydalanish kishilarda fikrlash madaniyati takomillashuvining muhim omillaridan hisoblanadi. Keng qamrovli fikrlash, o‘z fikrini ixcham, to‘g‘ri, erkin bayon eta olish, o‘zi va boshqalar fikriga tanqidiy ko‘z bilan qarash tafakkur madaniyatini ifodalovchi muhim hislatlar hisoblanadi,
Mantiq insonning olamni to‘g‘ri tushunishida muhim ahamiyat kasb etadi, zotan mantiqiy fikrlash olamni qanday bo‘lsa, shundayligicha har tomonlama o‘rganish, barcha tomonlari va ziddiyatlari bilan birgalikda tushunish, u haqda to‘g‘ri bilimlarni hosil qilishni nazarda tutadi.
Mantiq to‘g‘ri, ziddiyatsiz, izchil, asosli fikr yuritish yo‘llarini o‘rgatadi. To‘g‘ri, izchil, asosli fikr yuritish, fikrda ziddiyatga yo‘l qo‘ymaslik inson ilmiy va amaliy faoliyatining barcha sohalarida muhim ahamiyatga ega.
Tafakkur shakllari, qonunlari haqida bilimga ega bo‘lish pedagogik faoliyat uchun ham zarurdir.
Mantiq ilmiy ijodda muhim o‘rin tutadi. Fikrlarning mohiyati, ular orasidagi aloqa va munosabatlarni to‘g‘ri aniqlash ilmiy ijod muvaffaqiyatini ta’minlaydi, tadqiqot ob’ektini har tomonlama, chuqur o‘rganish, ularga xos bo‘lgan qonuniyatlarni ochish imkoniyatini beradi.
Mantiq ilmiy axborotlar mohiyatini tushunib yetish, ularni muayyan tartibga olish, o‘zlashtirish asosida ilmiy muammolarni aniqlash va muvaffaqiyatli hal etishga yordam beradi.
Tushuncha tafakkurning ilk shakli hisoblanadi. Inson tushunchalar yordamida fikrlaydi, hamda bir-biri bilan o‘zaro aloqa qiladi. Uzoq tarixiy rivojlanish davomida olamni idrok va tasavvur qilish tajribalarini doimiy ravishda umumlashtirish tushunchalarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Tushunchalar voqelikning inson aks etishi asosida shakllanadi. Inson atrofidagi narsa va hodisalarni o‘rganish jarayonida uning muhim, umumiy tomonlarini ajratib, umumlashtirib boradi, natijada turli tushunchalar hosil qilinadi.
Tushuncha tafakkurning murakkab shakli bo‘lib, u hissiy bilishning asosiy shakllari: sezgi, idrok, tasavvurdan farq qiladi. Agar biz hissiy bilishda ob’ektiv olamdagi alohida (yakka) narsa, hodisalarni ongimizda in’ikos ettirsak, tushunchalarda esa yakka belgilardan uzoqlashiladi va narsa, hodisalarning umumiy tomonlari ongimizda aks etadi.
Tushuncha narsa, hodisalar ularning muhim, umumiy va o‘ziga xos belgilarini inson ongida yaxlit aks ettiradigan tafakkur shakligadir.
Inson kundalik hayotda turli tushunchalardan foydalanadi. Bu tushunchalar voqelikni inson ongida aks etishi, asosida shakllangan. «Uy», «daraxt», «inson», «quyosh», «suv» va hokazo tushunchalar kundalik hayotda ko‘zga tashlanib turgan belgilar asosida hosil qilingan. Ilmiy tushunchalar esa narsa va hodisalarning ob’ektiv qonuniyatlarini, zaruriy tomonlarini ochib beradi.
Tushunchalar ikki xil vazifani bajaradi, avvalo mushohada (hukm)ning vujudga kelishi uchun sharoit yaratadi va uning elementi sifatida tarkibiga kiradi. Ikkinchidan, inson ongida bilimning to‘laroq yakunini ifodalaydi.
Tushuncha so‘z bilan chambarchas bog‘liq. Bilishning quyi bosqichi bo‘lmish hissiy bilishda ob’ektiv olamdagi narsa va hodisalarning obrazi ongimizda aks etadi va sezgi, idrok va tasavvurlar hosil bo‘ladi. Ularda predmetlarning ma’lum bir tomoni aks etadi. Predmetlarning mohiyati, muhim xususiyatlarini aks ettirish, ularni so‘z bilan ifodalashni talab qiladi, har qanday so‘zda umumiylik bor. Tushunchalarso‘z va so‘z birikmalari yordamida reallashadi.
Har bir tushuncha - bu ko‘rib, eshitib, sezib, hidlab bo‘lmaydigan fikr shaklidir. Inson tafakkuri til bilan qanday bog‘langan bo‘lsa, tushuncha ham so‘z bilan shunday bog‘liqdir. So‘zdan ajralgan hech qanday tushuncha yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. So‘z tushunchaning moddiy-material qobig‘idir.
Tushuncha olamdagi narsa va hodisalarning asosiy belgilarini aks ettiradi, lekin uni ifodalash shakli turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, «qalam» tushunchasi turli tillarda turlicha ifodaga ega, lekin u qaysi tilda bo‘lmasin, bitta predmetni ifodalaydi. Tushunchalar tilda so‘z yoki so‘z birikmalarida ifodalanadi va «nom» deb ataladi. Nom yakka yoki bir sinfga mansub predmetlarni aks ettirishi mumkin. Tushuncha bilan so‘z bir narsa emas. So‘z-til kategoriyasi; tushuncha tafakkur kategoriyasidir. Agar tushunchada narsa va hodisalarning mohiyati, asosiy belgilari, xususiyatlari, munosabatlari ifodalansa, so‘z esa buyumlarning nomini ifodalaydi. Ma’lumki, narsa va hodisalarning tabiati ularning nomi bilan umumiylikka ega emas. Agar ular bir umumiylikka ega bo‘lganda edi, bir buyum hamma jahon xalqlari tillarida bir nom bilan atalgan bo‘lar edi.
Hissiy bilishda olamdagi narsa va hodisalarning individual tomonlari aks etadi, tushunchalarda esa umumiylik ifodalanadi. Tushuncha va tasavvur o‘rtasidagi ham farqlari bor.
Agar biz ma’lum bir guruh kishilariga biror predmet obrazini (masalan, shkaf) tasavvur etishlarini va ushbu tasavvurlarini qog‘ozga tushirishlarini so‘rasak, ularning qog‘ozga tushirgan tasavvurlari bir biriga mos emasligini ko‘ramiz. Har bir shaxs predmetni (shkafni) individual o‘ziga xoslik asosida tasavvur etadi. Biz ushbu shaxslarning predmet (shkaf) haqidagi individual tasavvurlaridagi predmetning (shkafning) rangi, materiali, shakli, ulardagi polkalar soni, nimaga xizmat qilishi kabi belgilaridan chetlanib, shkaflar uchun xos umumiy belgi, ya’ni shkaf - bu kiyim, idish, kitob va boshqalarni saqlash uchun xizmat qiluvchi buyum desak, bu alohida qaysidir shkaf bo‘lmay, balki hamma shkaflar uchun xos bo‘lgan umumiy belgini ko‘rsatadi. Demak, tasavvurda individuallik, tushunchada umumiylik mavjud.
Tushunchalar ularda ifodalangan narsa, hodisalarning muhim belgilari asosida yuzaga keladi. Bizni o‘rab turgan narsa, hodisalar ko‘plab belgilarga ega ekanligini ta’kidlash lozim. Kishilik jamiyati tarixida tushunchani izohlashda u ifodalagan alohida narsalarning xususiy belgilari yig‘indisi bilan uyg‘unlashtirishga harakatlar bo‘lgan. Narsa va hodisalar cheksiz belgilarga ega, tushunchada esa faqat ularning mohiyatini, xususiyatini ifodalaydigan muhim belgilari nazarda tutiladi.
Narsa va hodisalardagi, belgilarni biz avvalo ikki guruhga, ya’ni muhim va muhim bo‘lmagan belgilarga ajratamiz. Muhim bo‘lmagan belgilarning yo‘qolishi yoki o‘zgarishi fikr qilinayotgan predmetning asosiy sifatlari (yuk ko‘tarishi, tezligi va hokazo) o‘zgarishiga olib kelmaydi.
Aksincha, muhim belgilar narsa yoki hodisalarga har qanday holatda ham xos bo‘lib, ushbu belgilarsiz predmetning mavjudligi haqida fikr yuritishi mumkin emas. Masalan, millatning muhim belgisi til birligidir. Boshqa muhim belgilari bo‘lsa-yu, lekin til birligi belgisi bo‘lmasa, u millat bo‘la olmaydi.
Tushunchalarning muhim va muhim bo‘lmagan belgilari nisbiy xarakterga ega, chunki vaqt o‘tishi bilan ilgari muhim hisoblangan belgi nomuhim belgiga aylanishi yoki aksincha bo‘lishi mumkin.
Biz hayotda qo‘llaydigan turli xil tushunchalarni hosil qilish uchun ularning muhim va umumiy belgilarini topishimiz lozim. Bunda turli mantiqiy usullardan foydalaniladi. Mantiqiy usullarga: taqqoslash, analiz va sintez, abstraksiyalash, umumlashtirish kabilar kiradi. Kishilar qadim davrlardan ushbu mantiqiy usullardan foydalanib, tushunchalar hosil qilganlar.
Taqqoslash – tushuncha hosil qilishning mantiqiy usulidir. Olamdagi narsa va hodisalarni bilish, tushunish dastlab taqqoslash asosida boradi. Taqqoslash shunday mantiqiy usulki, uning yordamida ob’ektiv dunyodagi narsa va hodisalar orasidagi o‘xshashlik yoki farqlar aniqlanadi. Taqqoslash natijalari chin bo‘lishi uchun quyidagilarni hisobga olish lozim:
a) hamma vaqt ham haqiqatda, bor o‘zaro real bog‘lanishda bo‘lgan buyumlarni taqqoslash lozim;
b) taqqoslash chin bo‘lishi uchun, qanday belgiga ko‘ra taqqoslashimiz oldindan ma’lum bo‘lishi shart;
v) hamma vaqt ikki yoki bir necha buyumni bir umumiy belgi asosida, aynan bir nisbatda taqqoslash kerak;
g) har qanday taqqoslash tasodifiy, duch kelgan belgilarga qarab emas, balki taqqoslanadigan buyumlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan belgilar asosida bo‘lishi lozim.
Tushunchalarni hosil qilishda analiz va sintez mantiqiy usulidan foydalaniladi.
Tashqi olamdagi, narsa va hodisalarni bilish, ular haqida tushuncha hosil qilish, asosiy belgilarni topish ularni fikran bo‘laklarga ajratishni talab qiladi. Bunda biz mantiqiy usullardan biri bo‘lmish - analizdan foydalanamiz.
Analiz shunday mantiqiy usulki, bu usul yordami bilan narsa va hodisalarni fikran qismlarga bo‘lamiz, ularning ayrim qism va xususiyatlarini ajratamiz va bilib olamiz. Analiz bir sinfga kiruvchi bir jihatdan o‘xshash, qolgan jihatlardan farq qiladigan predmet va voqealarni o‘rganishda yordam beradi. Masalan, «Mantiq» kursini egallash uchun bu kursni fikran qismlarga bo‘lib olamiz. Dastlab tushunchalarni, keyin mushohadalarni (hukmlarni), so‘ngra xulosa chiqarish va boshqalarni o‘rganamiz. Lekin fikrlash jarayonida narsalarni bilish uchun analizning o‘zi kifoya qilmaydi. Chunki analiz predmetni o‘rganishdagi dastlabki qadamdir. «Mantiq» fani haqida to‘liq bilimga ega bo‘lish uchun har bir qism bilan alohida tanishib chiqishning o‘zi kifoya qilmaydi, chunki biz yuqorida qayd qilgan qismlarni o‘zaro birlashtirib bir butun holga keltirganimizdan keyingina «mantiq» fani haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz. Demak, fikrlash jarayonida analiz-sintez bilan chambarchas bog‘liq keladi.
Sintez shunday mantiqiy usuldirki, bu usul yordamida qismlarni fikran birlashtiramiz va bir butun holga keltiramiz. Abstraksiyalash – tushunchalarni hosil qilishning mantiqiy usulidir.
Abstraksiyalashda olamdagi narsa va hodisalarning ayrim muqim belgilarini fikran ajratib olamiz va hozircha zarur bo‘lmagan belgilarni nazardan chetda qoldiramiz. Bu jarayon abstraksiyalash, shu jarayonning natijasi, abstraksiya deyiladi.
Abstraksiyalash jarayonida fikrimiz narsa va hodisaning aniq belgilaridan uzoqlashib, umumiy belgilari tomon to‘g‘ri harakat qilish natijasida predmetdan yiroqlashmaydi, balki yaqinlashib boradi, hamda abstrakt tushunchalar hosil bo‘ladi. Fanlarda qo‘llaniladigan formatsiya, progress, regress, forma, mazmun, tovar, pul va boshqa tushunchalar mantiqiy abstratsiya orqali hosil qilingan.
Abstraksiyalash umumlashtirish usuli bilan uzviy bog‘liq. Umumlashtirish shunday mantiqiy usuldirki, unda narsa va xodisalar biror umumiy belgiga ko‘ra fikran bir mantiqiy sinfga birlashtiriladi. Umumlashtirishda ayrimlikdan umumiylikka o‘tiladi va umumiy tushuncha, mushohada, nazariyalar xosil qilinadi. Ushbu mantiqiy usul yordamida yuzaga kelgan tushunchalari bizning olamni chuqurroq aks ettirib, uning mohiyatini anglab olishimizga yordam beradi. O‘ar qanday umumiylik alohidaliksiz mavjud bo‘lmaydi, unda yakka, narsa va hodisalarning o‘xshash, umumiy belgilari aks etadi. Umumlashtirish orqali yangi umumiylikka to‘la tushunchalar hosil qilinadi. Bunday tushunchalarga o‘simlik, sabzavot, kitob, daraxt va boshqalarni kiritish mumkin.
Har qanday tushuncha mazmunga va hajmga ega ekanligi bilan harakterlanadi. Narsa va hodisalarning tushunchada aks etgan muhim belgilari yig‘indisiga tushuncha mazmuni deyiladi. Masalan: «Ruchka» tushunchasi mazmunini yozish uchun xizmat qilishi, peroli yoki sharikli bo‘lishi kabi belgilari tashkil qiladi. Demak, tushuncha mazmuni tushunchada ifodalanayotgan narsa yoki xodisani ob’ektiv ravishda in’ikos ettirishdir.
Agar narsa o‘zgarsa, u haqidagi tushuncha ham o‘zgarishi kerak, aks xolda tushuncha mazmuni bilan tushunchada ifodalangan narsa o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keladi.
Narsa yoki xodisaning asosiy belgi, xususiyatlari voqelikka mos kelmasa, tushuncha xato yoki yolg‘on deyiladi. Tushunchalarda olamdagi narsa, hodisalarning asosiy belgilari bilan bir qatorda ularning miqdori (ya’ni hajmi) ham ifodalanadi. Tushuncha, hajmi deb, tushunchada ifodalanayotgan narsa, xodisalarning yig‘indisiga aytiladi. Masalan: «Roman» tushunchasi hajmiga shu vaqtgacha yozilgan va yoziladigan romanlar kiradi. Mantiqda tushunchalarning hajmi va mazmuni o‘rtasida teskari nisbat qonuniyat bor. Bu qonuniyatga ko‘ra tushuncha hajmi qancha keng bo‘lsa, mazmuni shuncha tor bo‘ladi, mazmuni qancha keng bo‘lsa, hajmi shuncha tor bo‘ladi.
Tushunchalarning hajmi va mazmuni orasidagi teskari nisbat jins va tur munosabatidagi tushunchalarga nisbatan tadbiq qilinadi. Hajmi torroq tushuncha mazmun jihatidan kengroq bo‘ladi, chunki avvalgi hajmi kengroq tushunchada ifodalangan belgilar qatoriga yangi belgilar qo‘shiladi.
Hajmi kengroq tushuncha aksincha ko‘proq predmetni ifodalaydi, predmetlar turi ko‘paygan sari ularning o‘xshash belgilari kamayib boradi. Masalan «she’rlar» va «to‘rtliklar» tushunchalarini olamiz. Bu ikki tushunchadan birinchisining, ya’ni «she’rlar» tushunchasining hajmi keng, chunki uning hajmiga she’riy asarlarning hammasi kiradi. To‘rtliklar esa, ularning faqat bir turi, ya’ni ular kamroq. Mazmun jihatidan esa «to‘rtliklar» tushunchasi keng. Chunki «to‘rtliklar», «she’rlar» esa bo‘lgan belgilarning hammasiga ega shu bilan birga u to‘rt qator bo‘lishi kabi belgiga ham ega.
Tushunchalar hajm jihatdan yuqori va quyi munosabatlarga qarab jins va tur munosabatlarga bo‘linadi. Hamma vaqt jins tushuncha tur tushunchalarga nisbatan jins bo‘ladi, jinsga hamma vaqt tur o‘xshash belgilari bilan itoat etadi. Masalan, «maktab» va «oliy maktab» tushunchalarida «maktab» tushunchasi jins, «oliy maktab» tushunchasi esa tur tushunchadir. Lekin shuni uqtirish kerakki, ba’zi holda jins bo‘lgan tushuncha, boshqa holda tur bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi misolimizdagi, «oliy maktab» tushunchasi bilan «universitet» tushunchasini olsak, bu yerda «oliy maktab» tushunchasi jins «Universitet» tur tushuncha.
Tushunchalarni turlarga ajratishda biz ularning hajmi va mazmuniga asoslanamiz. Avvalo tushunchalarni xajm jihatdan yakka va umumiy tushunchalarga ajratamiz. Yakka tushunchalar alohida, yakka narsa yoki xodisani ifodalaydi. Masalan «O‘zbekiston» tushunchasida Markaziy Osiyoda joylashgan, sobiq SSSR ning parchalanishidan keyin mustaqillikni qo‘lga kiritib, demokratik tamoyillar asosida yuksalib borayotgan mamlakatni tushunamiz. Demak, o‘ziga xos belgiga ega bo‘lgan alohida narsa yoki hodisani ifodalagan tushuncha yakka tushuncha deyiladi.
Biz agar «Mustaqil davlat» degan tushunchani oladigan bo‘lsak, ushbu tushuncha «O‘zbekiston tushunchasidan farq qiladi. «O‘zbekiston» deganda dunyodagi mustaqil davlatlardan faqat birini tushunsak, «mustaqil davlat» deganda iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lib, tashqi va ichki siyosat yuritayotgan davlatlarni tushunamiz. Bu umumiy tushuncha hisoblanadi.
Umumiy tushunchalar bir mantiqiy sinfga kiruvchi hamma predmetlarni ifodalaydi.
Umumiy tushunchalardan tashqari jamlovchi tushunchalar ham mavjud. Jamlovchi tushunchaning belgisi yangi belgi bo‘lib, uning tarkibiga kiruvchi, jamlanuvchi elementlarda bu belgi uchramaydi. Masalan «o‘rmon», «majlis», «kutubxona» va hokazo.
Mazmun jihatdan tushunchalar konkret va abstrakt turlari bo‘linadi. Real predmet va xodisalarni aks ettiruvchi tushunchalar konkret tushunchalar, deb ataladi. Masalan «uy», «kitob», «daftar», «student» kabilar konkret tushunchalardir. Chunki bu tushunchalarda ma’lum predmet, hodisa aks ettirilgan.
Predmetlardan fikran ajratib olinib, mavhumlashtirilgan ma’lum xususiyat, belgilarni aks ettirgan tushunchalar abstrakt tushunchalar deyiladi. Masalan, «go‘zallik», «botirlik», «tozalik», «sharm-hayo» va hokazolar.
Tushunchalar mazmuniga ko‘ra yana nisbatli va nisbatsiz tushunchalarga bo‘linadi. Agar bir tushuncha ikkinchi tushuncha orqali bilinadigan bo‘lsa, u nisbatli bo‘ladi. Nisbatli tushunchalarga «katta-kichik», «aka-uka», «oq-qora» kabi kabi tushunchalarni ko‘rsatish mumkin. Tushuncha boshqa tushunchalarsiz bilinadigan bo‘lsa, bu tushuncha nisbatsiz bo‘ladi. Masalan, «shartnoma», «davlat», «talaba» va hokazo.
Shuningdek tushunchalar mazmuniga ko‘ra yana musbat va manfiy turlarga ajratiladi. Bunda biz tushunchada ifodalanayotgan predmetda biror belgi borligini tasdiqlash yoki inkor etishga asoslanamiz. Agar tushunchada belgi borligi ifodalansa u musbat, aksincha belgi yo‘qligi ko‘rsatilsa, manfiy bo‘ladi. Masalan, «e’tiqodli», «baxtli», «insofli», «intizomli», kabi tushunchalar musbat, «e’tiqodsiz», «baxtsiz», «insofsiz», «intizomsiz» kabi tushunchalar esa manfiy tushunchalar jumlasiga kiradi. Manfiy tushunchalar odatda «siz», «no», «be», «emas» va boshqa qo‘shimchalar qo‘shish orqali yasaladi.
Shunday qilib tushunchalarning quyidagi asosiy turkumlari mavjud:
A) yakka va umumiy G) nisbiy va nisbatsiz
B) jins va tur D) jamlovchi va jamlanmasiz
V) konkret va abstrakt J) musbat va manfiy
Umumiy tushunchalar tarkibiga universal tushunchalar ham kiradi. Bilimning muayyan sohasiga oid, turkumga mansub tushunchalar universal tushunchalar deyiladi. M, zoologiyadagi «hayvonlar», botanikadagi «o‘simliklar» kabilar shular jumlasidandir.
Tushunchalarning maxsus turi kategoriyalardir. Narsa va xodisalar orasidagi aloqa va munosabatlarning inson ongida eng umumiy tarzda in’ikos ettiradigan ilmiy tushunchalar kategoriyalar, deb yuritiladi. O‘ar bir fan o‘z umumiy tushunchalari-kategoriyalariga ega. Falsafa fanidagi «materiya», «mazmun», «sabab», «borliq», «harakat» va boshqalar; matematikadagi «tub son», «natural son», «tenglama», «cheksiz son», «raqam», «differensial», «integral» kabilar; fizikadagi «elektr», «nurlanish», «musbat zaryad», «elektromagnit maydoni», «nisbiylik nazariyasi» va boshqalar, adabiyot nazariyasidagi «obraz», «badiiylik», «ijobiy», «salbiy» kabilar shular jumlasidandir.
Kategoriyalar insonning bilimlarining kengayishiga yordam beradi.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va I bo‘lim. Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi
|