|
Xulosa chiqarishning mohiyati. Xulosaning tuzilishi
|
bet | 117/139 | Sana | 22.02.2024 | Hajmi | 0,82 Mb. | | #160902 |
Bog'liq 1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi-fayllar.orgXulosa chiqarishning mohiyati. Xulosaning tuzilishi
Inson amaliy faoliyati jarayonida olamni bila boradi. Uning olamga faol munosabati bilimda o‘z ifodasini topadi. Ayrim bilimlarni u xissiy mushohada jarayonida hosil qiladi. Lekin aksariyat hollarda bilimlar tafakkurlash (fikr yuritish) natijasi hisoblanadi. Bunda bilimni hosil qilish ikki asosga tayanadi: birinchidan, bilim olamni o‘rganish natijasi hisoblanadi. Ikkinchidan, bilim avvaldan ma’lum fikrlar asosida aql yuritish natijasida hosil bo‘ladi. Bu bilimlar mantiqiy tafakkurning shakllari: tushuncha, mushohada, xulosalar tarzida namoyon bo‘ladi. Insonning olam haqidagi fikrlari xulosalar shaklida ifodalanishi mumkin. Xulosa chiqarish mantiqiy tafakkur shakli hisoblanadi.
Mushohadalar tushunchalardan tarkib topgani singari xulosalar mushohada asosida hosil bo‘ladi. Fikrlash jarayonida mushohadalar o‘zaro bir-birlari bilan bog‘lanadilar. Bu bog‘lanishlar oqibat natijada ob’ektiv olamdagi predmet va xodisalar aloqadorligini ifodalaydi.
Mushohadalarning o‘zaro bog‘lanishi xulosalarni hosil qiladi
Muhokama jarayonida olamdagi predmet va xodisalar orasidagi aloqa va munosabatlarni ifodalovchi bir yoki birdan ortiq yoki mushohada (fikr) asosida yangi bilim (fikr) ni hosil qilishning mantiqiy usuli xulosa chiqarish deb yuritiladi. Xulosa chiqarish asosida mantiq qonun-qoidalariga tayangan holda ilgaridan ma’lum bo‘lgan bilimdan yangisiga o‘tish yotadi.
Xulosa chiqarish shunday mantiqiy usulki, uning natijasida insonning olam haqidagi, bilimlari uzluksiz ravishda boyib, kengayib, chuqurlashib boradi. Xulosa chiqarishda olamni bevosita bilish bilan bir qatorda mantiqiy fikrlash usullarini egallash talab qilinadi.
Xulosa chiqarish uchun har safar olam, undagi predmetlarga murojaat qilish shart emas. Mavjud narsalar haqida qo‘lga kiritilgan bilim asosida yangi bilim hosil qilish mumkin.
Masalan, A1, A2...An ga tayangan holda V xulosani chiqarildi, deylik. Bunda inson: A1, A2 ... An orasidagi munosabatni intuitsiya yordamida his qilishi va shu asosda V fikrni hosil qilishi mumkin. Bunday xulosa mazmundan chiqarilgan xulosa hisoblanadi. Shy bilan bir qatorda bir fikr (V) ni boshqa fikrlar (A1, A2... An)dan mantiqiy yo‘l bilan ham chiqarish mumkin. Xulosa chiqarishning 2 yo‘li bor: biri — voqelikdagi mavjud aloqadorlik asosida intuitiv (ichki sezgi yordamida) xulosa chiqarish; ikkinchisi formal mantiqiy yo‘l bilan xulosa chiqarish.
Xulosaning mazmuni turlicha ifodalanishi mumkin. Ayrim xulosalarda narsa va xodisalar orasidagi sabab – oqibat aloqadorligi aks etadi. Lekin bu xulosalarda faqat sababiy bog‘lanishlariga aks etadi, degan so‘z emas. Masalan, «Qaldirg‘ochlar pastlab uchyapti, demak, ertaga ob-havo o‘zgaradi,» xulosasini olib ko‘raylik. Yuzaki qaraganda «Qaldirg‘ochlar pastlab uchmoqda» fikri «Ertaga ob-havo o‘zgaradi» xulosasi uchun asosdek, bo‘lib ko‘rinadi. Aslida bu fikr chuqur tahlil qilinsa, «ob- havoning o‘zgarishi» haqidagi fikrga asoslar o‘zgacha ekanligini bilish mumkin. Bunda kuzatilgan xodisaning boshqa hodisalar bilan aloqadorligi ma’lum bo‘ladi: Qaldirg‘ochlarning past uchishiga sabab — pashsha-chivinlar. Ular havodagi namlikning oshganligidan past uchadi, qaldirg‘ochlar esa pashsha-chivinlar bilan oziqlanadi. Demak, pashsha-chivinlar tabiat darakchilari sifatida havoning namligi oshganligidan, xabar bermokda. Bu o‘z navbatida qaldirg‘ochlarni past uchishga majbur qilmoqda. Demak, ertaga ob-havoning o‘zgarishi qaldirg‘ochlarning past uchishidan emas, balki atmosferadagi o‘zgarishdan, havodagi namlikning ortishidan kelib chiqishi mumkin.
Birinchi tipdagi xulosalarning chinligini aniqlash mushkul, shuning uchun ham agar xulosalar vaziyatlar mazmunidan chiqarilgan bo‘lsa munozara, baxsga sabab bo‘lishi mumkin.
Formal-mantiqiy yo‘l bilan chiqarilgan xulosalarda esa asos (asoslar) bilan xulosa orasida nisbiy barqaror aloqa va munosabatlar mavjud bo‘ladi va bu aloqa, munosabatlar mantiq qonun-qoidalari asosida shakllanadi.
O‘ar qanday xulosa ikki qismdan iborat bo‘ladi;
1.Asos yoki asoslar
2.Xulosa
Asos yoki asoslar deganda xulosani keltirib chiqarishga xizmat qiladigan, ilgaridan ma’lum bo‘lgan bilimlar nazarda tutiladi. Asoslar munosabatidan kelib chiqadigan bilim (natija) xulosa deb yuritiladi.
Xulosa ob’ektiv olam in’ikosi hisoblangan fikrlar orasida sababiy aloqadorlikni ifodalaydi. Shunisi xarakterliki, xulosa chiqarishda inson fikri sabablar (asos)dan natijaga emas aksincha natija (xulosa)dan unga asos bo‘lgan sabablarga qarab borishi mumkin, Masalan: Jinoyat jazosiz qolmaydi (asos)
Terrorchilik — jinoyat (asos)
Demak, Terrorchilik jazosiz qolmaydi (xulosa) yoki Qaldirg‘ochlar pastlab uchmoqda.
Demak ertaga ob-havo o‘zgaradi (xulosa)
Tabiiy tilda xulosada «demak», «natijada», «ko‘rinib turibdiki», «shuning uchun» kabi so‘z va so‘z birikmalari uchraydi.
Xulosaning chin yoki xato (yolg‘on)ligi, birinchidan, asos (asoslar) ning chinligi, ikkinchidan, asos (asoslar) bilan xulosaning mantiqiy munosabatiga (fikrning izchilligi, asoslar bilan natijaning uzviy aloqadorligi va xokazo) bog‘liq bo‘ladi. Agar V xulosa A dan kelib chiqsa, va uning natijasini ifodalasa, to‘g‘ri (chin) bo‘ladi. Aksincha V xulosa A asosdan kelib chiqmasa, xato (yolg‘on) hisoblanadi. Shunday qilib, xulosaning to‘g‘riligi mantiqiy ketma-ketlik, asoslar bilan natijaning aloqadorligidan kelib chiqadi.
Asoslardan xulosaning kelib chiqishi ikki yo‘lda amalga oshadi: ayrimlarida xulosa asoslardan zaruriy ravishda kelib chiqadi. Bunday xulosa demonstrativ (zaruriy) xulosa, deb yuritiladi. Boshqalarida asoslardan chiqarilgan xulosa haqiqatga yaqin, ehtimollik harakteriga ega bo‘ladi. Bunday xulosalar nodemonstrativ, yoki haqiqatga yaqin xulosalar, deb yuritiladi.
Xulosa chiqarish mantiqiy izchillikni (izchil fikr yuritishni) taqozo qiladi. Mantiqiy izchillik fikrlar (mushohadalar) aloqadorligida namoyon bo‘ladi. V xulosa A1, A2...An asoslaridan kelib chiqsa, xulosa — chin xulosa bo‘ladi. Agar asoslar (A1, A2...An) bilan xulosa (V) orasida bunday aloqadorlik bo‘lmasa xulosa noto‘g‘ri hisoblanadi. Shuning uchun ham mantiqiy fikrlash deganda to‘g‘ri xulosa chiqarish nazarda tutiladi.
|
| |