VI. Murojaatlarni anonim deb topish va ko‘rmasdan qoldirish
104. Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;
qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.
105. Murojaatni anonim deb e’tirof etish Ishlar boshqarmasi yoki uni ko‘rib chiqish uchun mas’ul bo‘lgan xodim tomonidan amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi.
Vazirlikning “ishonch telefoni”ga tushgan murojaatlar Qonunda va ushbu Yo‘riqnomada nazarda tutilgan tartibda anonim deb e’tirof etilishi mumkin.
Anonim deb e’tirof etilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab nazoratdan yoki ijrodan olinadi.
106. Murojaatni ko‘rib chiqish uchun mas’ul bo‘lgan xodim tomonidan murojaatni anonim deb e’tirof etish to‘g‘risida namunadagi shaklda
(7-ilova) xulosa tuziladi, bunda asoslar to‘liq ko‘rsatilishi shart.
107. Anonim deb topilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan vaqtdan e’tiboran ijrodan echiladi.
108. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar kelib tushganda, Ishlar boshqarmasi yoki tarkibiy tuzilma mas’ul xodimi ularning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.
Agar murojaatda jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, bu haqda rahbariyat tomonidan tasdiqlanadigan xulosa tuziladi.
Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab ushbu murojaat ko‘rib chiqilmaydi, bu haqda murojaat qiluvchi yozma ravishda xabardor qilinadi.
|