III. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari
30. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni hal etish vazirlik vakolati doirasiga kiradigan, dolzarb va muhim ahamiyatga egaligidan kelib chiqib, vazir yoki uning o‘rinbosarlari topshirig‘iga asosan nazoratga olinadi.
Murojaatlar vazirlik, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari tomonidan to‘liq, har tomonlama mufassal va xolisona o‘rganib chiqilmaganligi, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha yuzaki javob berilganligidan norozi bo‘lib takroran kelib tushgan murojaatlar rahbariyat rezolyusiyasiga asosan nazoratga olinishi mumkin.
Nazoratga olingan murojaatga 2 nusxada namunadagi nazorat kartochkasi to‘ldirilib, ulardan biri nazoratni amalga oshiruvchi Kanselyariyada ikkinchisi esa murojaatga qo‘shib ijrochiga beriladi.
31. Vazirlik tuzilmasining mansabdor shaxslari murojaatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida ularning mazmunini diqqat bilan o‘rganib chiqishlari lozim. Murojaatlarni har tomonlama mufassal va xolisona ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha axborotlar, ma’lumotlar va materiallarga zarurat paydo bo‘lsa, ularni to‘plashi, murojaatda bayon etilgan holatni tekshirish uchun xodimlarni joylarga yuborishi, qonunbuzilishi holatlari, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlashi hamda qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish uchun barcha choralarni ko‘rishi shart.
32. Murojaatlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni ob’ektiv tahlil etishni o‘z ichiga olgan asosli xulosa tuzilishi kerak. Agar o‘rganish vaqtida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi, vazirlik tizimi faoliyatidagi kamchiliklar va nuqsonlar, mansabdor shaxsning mansab vakolatini suistemol qilish hollari aniqlansa, xulosada jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan xuquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tiklash, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish hamda aybdor shaxslarga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani qo‘rsatilishi kerak. Xulosa tekshiruvni o‘tkazgan shaxs tomonidan imzolanib, rahbar tomonidan tasdiqlanadi, javob xati rahbar tomonidan imzolanadi.
33. Murojaatlar bo‘yicha qabul qilingan qarorlar asoslangan bo‘lishi lozim. Qabul qilingan qaror yuzasidan iltimosnoma kiritilishi, shikoyat bildirilishi mumkin, ular qondirishga loyiq deb topilgan holda murojaatni ko‘rib chiqqan mansabdor shaxs qabul qilingan qarorni o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarilishini ta’minlashi shart.
34. Hal etish natijalari haqida davlat va hukumat idoralari, radio, televidenie, gazeta va jurnallar tahririyatlariga javob berilishi lozim bo‘lgan murojaatlar alohida nazoratga olinadi va birinchi navbatda xal etiladi. Bunday hollarda murojaatlarga va kartochkalarga “alohida nazoratda” shtampi qo‘yiladi. Bunday murojaatlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazish odatda quyi idoralarga yuklanmaydi. Bunday murojaatlarni tekshirish natijalari yuzasidan javob xati rahbar tomonidan imzolanib, tegishli idoralarga va murojaat mualliflariga yuboriladi.
35. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari vazirlik tuzilmalariga kelgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli vazirlik, tuzilma rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan, istisno tariqasida, ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
36. Taklif davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi.
37. Ayrim hollarda vazirlik rahbariyati murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishi mumkin.
38. Harbiy xizmatchilarning shuningdek, ularning oila a’zolarining ariza, shikoyat va takliflari (harbiy xizmatni o‘tash masalalaridan tashqari) kelib tushgan kundan boshlab 15 kundan kechiktirilmay hal etiladi. Zarur bo‘lgan hollarda bu murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati o‘rnatilgan tartibda bir oygacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqida murojaat muallifiga xabar qilinadi.
39. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, shuningdek mahalliy kengashlar deputatlari tomonidan yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish alohida nazoratga olinadi. Tegishli tuzilma rahbari murojaatlarni ko‘rib chiqilishi ustidan shaxsan nazorat o‘rnatadi, qabul qilingan qaror haqida bevosita murojaat muallifiga va deputatga xabar qiladi.
40. Televidenie, radio, gazeta va jurnallar tahririyatidan kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan arizalari, takliflari va shikoyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan materiallar vazirlik tuzilmalari tomonidan ushbu Yo‘riqnomada ko‘zda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
41. Agar murojaatni ko‘rib chiqishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
42. Murojaatlarni hal etish muddati vazirlikka (hududiy va tarkibiy tuzilmaga) kelgan kundan e’tiboran arizachilarga hal etish natijalari haqidagi xabar jo‘natilgan kungacha hisoblanadi.
Murojaatlar bilan ishlash muddatlari ular kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa, navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.
43. Murojaatda ko‘rsatilgan barcha masalalar ko‘rib chiqilgach, ular bo‘yicha zarur choralar ko‘rilib, murojaat mualiflariga amaldagi qonunchilikka ko‘ra quyidagi javoblardan biri berilgan hollardagina hal etilgan hisoblanadi:
vazirlik tizimi vakolatiga kirgan masalalar bo‘yicha iltimosni hal etish choralari ko‘rilganligi haqida javob berilgan bo‘lsa;
qo‘yilgan masalalarni hal etish tartibini tushuntirgan holda murojaat muallifiga javob berilgan bo‘lsa.
44. Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan vazirlik tuzilmasining mansabdor shaxsi, agar murojaat muallifi qarordan norozi bo‘lsa, unga qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi lozim.
45. Murojaatni ko‘rib chiqqan vazirlik tuzilmasi mansabdor shaxsi uni ko‘rib chiqilishi natijalari yuzasidan qabul qilingan qaror ijrosini nazorat qilishi, agar murojaat muallifiga huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari buzilishi natijasida zarar yoki ma’naviy ziyon etkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilishga doir chora-tadbirlarni ham ko‘rishi shart.
46. Og‘zaki javob berilgan hollarda tegishli ma’lumotnomalar tuzib, murojaatning tekshirish hujjatlariga tikib qo‘yiladi. Jurnalda tekshirish natijalari, arz qiluvchiga u bilan qilingan suhbatda xabar qilinganligi to‘g‘risida belgi qo‘yiladi.
47. Murojaat muallifining jamoatchilik ahamiyatiga ega bo‘lgan takliflari, shuningdek ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqish natijalari zarur hollarda mehnat jamoalari yig‘ilishlarida va ularning yashash joylarida muhokama qilinadi.
48. Murojaatlarda qo‘yilgan masalalarni hal etish vazirlik vakolat doirasiga kirmaydigan bo‘lsa, uzog‘i bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga jo‘natiladi va bu haqda muallifga xabar qilinadi. Bunda murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun boshqa davlat organlariga asossiz ravishda berish, shuningdek qarori yohud harakati ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning o‘ziga jo‘natish man etiladi. Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga jo‘natish uchun zarur ma’lumotlar bo‘lmasa, bu murojaatlar xuddi shu muddat mobaynida asoslantirilgan tushuntirish bilan muallifning o‘ziga qaytariladi.
49. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsiy qabul qilish vaqtida, murojaatda ko‘tarilgan masalalarni hal qilish vazirlik vakolatiga kirmagan taqdirda, ularga bu masalada qaysi davlat organi yoki muassasasiga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
50. Masalalarni hal etish vazirlik vakolat doirasiga kirmaganligi uchun murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa organga yuborilganidan so‘ng, xuddi shu mazmunda takroran murojaat kelib tushgan taqdirda, murojaat mualliflariga tegishli tushuntirish berish orqali javob yo‘llanishi mumkin. SHuningdek, bir masala bo‘yicha ilgari asoslangan javob berilgan bo‘lishiga qaramasdan aynan shu mazmunda qayta murojaat qilingan hollarda, tegishli mansabdor shaxs bu haqda muallifga xabar beradi va natijasi bo‘yicha rahbariyatga ma’lum qiladi.
51. Agar bir tarkibiy tuzilmaga kelib tushgan murojaat boshqa bir tarkibiy tuzilmaga taalluqli bo‘lsa, ushbu murojaat bildirgiga asosan vazir yoki uning o‘rinbosarlari roziligi bilan tegishli tuzilmaga o‘tkaziladi.
52. Murojaatlarda bir nechta tarkibiy tuzilmalarning vakolat doirasiga taalluqli masalalar bo‘lsa, ijrochilar orasida birinchi bo‘lib qayd etilgan tarkibiy tuzilma boshlig‘i ijro uchun mas’ul bo‘lishi bilan bir qatorda boshqa ijrochilar ham belgilangan muddatda ijrosini ta’minlashi va sifatli ijro etilishi uchun javobgar hisoblanadi hamda ular tomonidan murojaat bo‘yicha to‘la hajmda o‘rganish o‘tkazilib, yagona topshiriq (rezolyusiya) tayyorlanishi, shuningdek murojaatga taalluqli javoblarni birinchi ijrochi boshqa (boshqa ijrochilar o‘rganish natijalari bo‘yicha o‘z javoblarini murojaatning so‘ngi ijro muddatidan kamida bir kun oldin taqdim etishlari shart) ijrochilardan olingan ma’lumot yoki xulosalar asosida, dastlabki yoki yakuniy javoblar yuborilishini ta’minlaydi.
53. Murojaatni to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiquvchi tarkibiy tuzilma murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek vazirlikning vakolatlari doirasida - belgilangan tartibda boshqa davlat organlaridan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi, shuningdek, tegishli mutaxassislar hamda murojaat muallifi jalb etilishi mumkin.
54. Agar murojaatda joyning o‘zida o‘rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo‘lsa, shuningdek joylarda uzoq vaqt davomida o‘z echimini topmasdan kelayotgan, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarining jiddiy kamsitilishi yoki qonun hujjatlarining qo‘pol tarzda buzilishi haqidagi murojaatlar joylarga chiqib o‘rganilishi mumkin.
Bunday hollarda rahbar nomiga o‘rnatilgan tartibda bildirgi yozib, xizmat safariga oid hujjatlar rasmiylashtirilishi lozim.
55. Murojaatni murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular tarkibiy tuzilma mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. CHaqirilgan murojaat qiluvchi kelmagan taqdirda murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboriladi.
56. Agar murojaatda o‘rtaga qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
57. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.
Murojaatni qoniqtirmasdan qoldirish to‘g‘risidagi qarorni vazirlikda – vazir, uning o‘rinbosarlari; hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmada – boshliq (komandir), uning o‘rinbosarlari qabul qiladi.
58. Murojaatni o‘rganish natijalariga ko‘ra murojaat etuvchining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari to‘la yoki qisman qanoatlantirilganligi, vajlar o‘z tasdig‘ini topgan yoki topmaganligi, huquqiy tushuntirish berilganligi yoki taalluqliligi bo‘yicha boshqa idoralarga yuborilganligi to‘g‘risida yakuniy to‘xtamga kelinadi.
59. Tarkibiy tuzilmalar tomonidan murojaatlarni o‘rganish jarayonida murojaatning dublikati kelib tushsa avvalgi murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi hamda natijasi bo‘yicha yagona javob beriladi.
Agar, o‘rganilishi tamomlangan murojaatning nusxasi muallifning o‘zidan yoki boshqa organlardan kelib tushsa, bunday murojaat dublikat sifatida rasmiylashtiriladi va avval ham huddi shu mazmundagi murojaat ko‘rib chiqilganligi muallifga ma’lum qilinadi.
60. Murojaatlar hal etilganidan so‘ng ularga oid hujjatlar Kanselyariya (kotibiyat)da, nusxasi tarkibiy tuzilmalarning tegishli yig‘ma jildlarida saqlanadi.
61. Nazoratdagi murojaatlarning ijro muddati aynan nazoratga olgan vazir yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Murojaatlarning ijro muddati Kanselyariyada qayd qilingan sanadan boshlab hisoblanadi.
62. Murojaatga rahbariyat imzosi bilan yozma yoki elektron shaklda javob beriladi. Murojaatlarga javob xati, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.
Murojaatga javob xatida murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) bo‘lishi kerak.
63. Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha masalalar qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.
Murojaat qiluvchiga javob yuborilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda Kanselyariya murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga va hisobga olish kartochkasiga belgi qo‘yadi.
64. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo‘lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning ro‘yxatida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan shaxsga yoki, ularning talabiga ko‘ra, boshqa shaxsga yuboriladi.
65. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular ko‘rib chiqilgunga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan qaytarib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiqish to‘xtatiladi va uch kun mobaynida murojaat vazirlikning xati bilan murojaat qiluvchiga qaytariladi.
Murojaatni qaytarib olish to‘g‘risidagi ariza davlat organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.
66. Oraliq javoblar berilgan va mazmunan to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar nazoratdan olinmaydi.
67. Markaziy apparatga birinchi marotaba kelib tushgan va hal etilishi vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha murojaatlar vazirlik rahbariyati imzosi bilan hududiy va tarkibiy tuzilmalarga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi va bu haqda muallifga xabar qilinadi.
Agarda ushbu turdagi murojaatlar yuqori turuvchi idoralardan kelib tushgan va ko‘rib chiqilishi uchun hududiy va tarkibiy tuzilmalarga yuborish zarurati bo‘lsa, unda murojaatlar tegishli tuzilmaga vazirlik rahbariyatining imzosi bilan yuboriladi va nazoratga olinadi.
Vazirlik vakolatiga taalluqli bo‘lmagan murojaatlar vazir yoki o‘rinbosari imzosi bilan ko‘rib chiqish uchun tegishli organlarga jo‘natiladi va bu haqda muallifga xabar qilinadi.
Vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan takroran kelib tushgan va ko‘rib chiqish uchun tegishli hududiy va tarkibiy tuzilmalarga nazoratga olinib yuborilgan murojaatlar, ularni ko‘rib chiqilishi natijasi haqida murojaat muallifiga javob yo‘llanganidan so‘ng, murojaat bo‘yicha barcha materiallar nazorat muddatida batafsil axborot bilan vazirlikka yuboriladi.
Murojaat muallifiga javob yo‘llangan kun murojaat ijro etilgan vaqt deb hisoblanadi.
Vazirlikdan hududiy va tarkibiy tuzilmalarga yuborilgan va ko‘rib chiqilgan murojaatlar hududiy va tarkibiy tuzilmalarning statistik hisobotida vazirlikdan kelib tushgan va ko‘rib chiqilgan murojaatlar sifatida aks ettiriladi.
68. Nazoratga olingan murojaatlar, murojaat muallifiga tegishli javob berilganidan so‘ng rahbariyatga nazoratdan echish haqida berilgan bildirgida qo‘yilgan ustxatdagi nazoratdan olish haqidagi rezolyusiyaga asosan ijro va nazoratdan olinadi. Murojaat qaysi rahbar tomonidan nazoratga olingan bo‘lsa, aynan shu rahbarning rezolyusiyasi bilan nazoratdan echiladi.
Vazirlik tomonidan ish yurituvga qabul qilinib, alohida nazoratga olingan holda ijrosini ta’minlash uchun yuborilgan murojaatlar hududiy va tarkibiy tuzilmalar tomonidan topshiriq sifatida ro‘yxatga olinadi, unda ko‘rsatib o‘tilgan holatlar to‘liq o‘rganilib, to‘plangan barcha materiallar vazirlikka taqdim etiladi. Vazirlikda murojaatni ko‘rib chiqilishi yuzasidan tegishli xulosaga kelinganidan so‘ng murojaat muallifiga javob xati yuboriladi va nazoratdan echiladi.
Ishlar boshqarmasi tomonidan elektron dasturga murojaatlarning ijro va nazoratdan echilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot kiritib qo‘yiladi.
69. Murojaatlarga oid hujjatlarni saqlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Murojaatlar uni ijro qilgan tarkibiy tuzilmada qoida tariqasida ikki yil muddatgacha saqlanadi va bu muddat o‘tgach arxivga topshiriladi.
|