|
O’zbekistonni turistik rayonlashtirish xususiyatlari
|
bet | 10/15 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 54,43 Kb. | | #234359 |
Bog'liq Murodov Shaxzod diplom ishi3.2 O’zbekistonni turistik rayonlashtirish xususiyatlari
Rekreasiya maqsadida rayonlashtirishda rekreasiya resurslari xususiyatlarini, hamda mintaqani rekreasiya sifatida qabul qilish sig’imini o’rganish talab etiladi. Bu maqsadda rayonlashtirish ishlari bilan bir qancha olimlar shug’ullanishgan.
Kotlyarev Y.A turistik – rekreasiya jihatdan rayonlashtirishda quyidagi belgilarni asos qilib olishni taklif qilgan:
1. Ma’lum hududni kurort – sog’lomlashtirish xo’jaligini ixtisoslashuvi jihatdan ifodalash.
2. Kurort – turistik – sog’lomlashtirish xo’jaligini moddiy ishlab chiqarish tarmoqlari bilan aloqasi uyg’unligida ifodalash.
3. Butun aholiga nisbatan, mehnat resurslaridan kurort – turistik – sog’lomlashtirish xo’jaligida band mehnat resurslari ulushi jihatdan belgilash.
Kotlyarev Y.A. ko’lamiga ko’ra turistik – rekreasiya rayonlarni 4 guruhga ajratadi: respublika (o’lka, viloyat), rayon, rekreasion joy (hudud), rekreasion mikrorayon. Rus olimlaridan A.M.Vetitnev va L.B.Juralevalar esa turistik – rekreasiya jihatdan rayonlashtirishda 4 jihatga e’tibor berishgan:
1. Ijtimoiy
2. Iqtisodiy
3. Geografik
4. Ekologik
Ijtimoiy nuqtai nazardan aholini jismoniy, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish hisoblansa, iqtisodiy nuqtai nazardan turistik xizmat ko’rsatishni boshqa xalq xo’jaligi tarmoqlari bilan aloqada, majmua sifatida shakllanishi hisobga olinadi. Geografik jihatdan turizm sohalarida hududiy mehnat taqsimoti shakllanishi, hududda rekreasiya resurslarining foydalanish darajasiga e’tibor qilinadi. Ekologik jihatdan olganda, rayonlashtirishda insonni o’rab turgan atrof – muhit va rekreasiya resurslaridan samarali foydalanish va muhofaza qilish nazarda tutiladi.
Umuman olganda, rayonlashtirishda obyekt hududiy uzluksiz ko’rinishida yoki hodisa va voqyelik hududning ayrim joylarida mavjud bo’ladi. Shu jihatdan turistik rayonlashtirish ko’p jihatlarga bog’liq. Bularga:
- tabiiy landshaftlarni jozibadorligi nuqtai nazardan;
- ijtimoiy
- iqtisodiy nuqtai nazardan;
- madaniy – tarixiy nuqtai nazardan qarashga bog’liq.
Turistik rayonlashtirishda tabiiy landshaftlarni jozibaligi hisobga olinganda geografik omillar (relyef, iqlim, cho’l, tog’, voha va boshqa lanjshaft rayonlari) asos vazifasini bajaradi. Bunday rayonlashtirish butun mamlakatni qoplab oladi. Ijtimoiy – iqtisodiy hamda madaniy– tarixiy nuqtai nazardan turstik rayonlashtirishda, arxeologik yodgorliklar, arxetektura hamda shaharsozlik obyektlari, ziyoratgohlar va boshqa turistik obyektlar hududning faqat ayrim joylarida uchraydi. Shuning uchun ijtimoiy – iqtisodiy va madaniy – tarixiy obyektlarni turistik jihatdan rayonlashtirishda murakkabliklar mavjud.
Turistik rayonlashtirish sohaviy yoki tarmoq rayonlashtirish turkumiga kiradi. Bunday rayonlashtirishda hududiy mehnat taqsimoti va hududiy ixtisoslashuv asos qilib olinadi. Turistik rayonni shakllantiruvchi omillar sifatida tabiat landshaftlari, ijtimoiy – iqtisodiy, madaniy – tarixiy obyektlar va turistik infrastruktura xizmat qiladi (A.S.Soliyev, M.R.Usmonov, Turizm geografiyasi. 2005).
O’zbekistonda turistik rayonlashtirish mutaxasislar tomonidan keyingi yillarda amalga oshirilmoqda. Bu borada ham turli qarashlar mavjud. Masalan, M.R.Usmonov o’zining tadqiqotlarida mamlakatimizda 6ta turistik rayonni ajratgan (Toshkent, Mirzacho’l, Farg’ona, Zarafshon, Janubiy, Qo’yi Amudaryo turistik rayonlari). A.N.Norchayev esa o’z tadqiqotlarida 7ta turistik rayonni ajratgan (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Farg’ona, Jizzax - Sirdaryo, Qashqadaryo - Surxondaryo turistik rayonlari).
Biz yuqoridagi medologik asoslarga ko’ra mamlakatimizni quyidagicha rayonlashtirishni taklif qildik:
1. Toshkent turistik rayoni (Toshkent viloyati);
2. Farg’ona turistik rayoni (Farg’ona, Namangan,Andijon viloyatlari);
3. Mirzacho’l turistik rayoni (Jizzax, Sirdaryo viloyatlari);
4. Samarqand turistik rayoni (Samarqand viloyati);
5. Buxoro – Qizilqum turistik rayoni (Buxoro, Navoiy viloyatlari);
6. Janubiy turistik rayoni (Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari);
7. Quyi Amudaryo (Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston Respublikasi).
|
| |