Tabiiy geografiyaning tadqiqot obyekti




Download 0,62 Mb.
bet8/18
Sana27.06.2021
Hajmi0,62 Mb.
#15201
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   18
Tabiiy geografiyaning tadqiqot obyekti aynan ana shu tabiiy geografik komplekslar bo‘lishi kerakligini B. P. Orlov (1945), A. G. Isachenko (1953), N. A. Solnsev (1955), V. P. Lidov, L. Y. Setunskaya (1956), K. K. Markov (1970) va boshqalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'kidlab o‘tganlar. Ammo geografiya fani tarixida bunday fikrni birinchi bo‘lib A. N. Krasnov (1895) bildirgan edi. Uning fikricha, geografiyaning eng asosiy vazifasi geografik komplekslarni aniqlash, ularning xususiyatlari va tarqalish sabablarini o‘rganishdan iborat bo‘lishi kerak.

A. G. Isachenkoning (1991) fikricha, hozirgi zamon tabiiy geografiyasidagi asosiy g‘oya planetamizning tashqi sferalarini hosil qiluvchi tabiiy komponentlarning o‘zaro bog‘liqligi va aloqadorligi g‘oyasidir. Bu g‘oyaning ildizlari A. Gumboldt va V. V. Dokuchayev asarlariga borib taqalsa ham, tarixan ikki yo‘nalishda aniqlashtirilib va rivojlantirilib borildi. Natijada bir tomondan geografik qobiq haqida, ikkinchi tomondan esa tabiiy geografik komplekslar haqidagi tushunchalar shakllandi. Bunda geografik qobiqning o‘zi ham eng yirik tabiiy geografik kompleksdir, deb e'tirof etildi. Bu haqda taniqli tabiiy geograf V. S. Preobrajenskiy (1972) "tabiiy geografik kompleks va geografik qobiq tushunchalari orasidagi mantiqiy aloqaga alohida e'tibor berish lozim. Bu tushunchalarning o‘zagi bir. Tabiiy geografiya ushbu tushunchalar aks ettirgan ikkala obyektni ham o‘z o‘rganish predmeti qilib oladi" - deb yozadi.

Tabiiy geografiyaning obyekti haqidagi uchinchi tushuncha, bu "tabiiy muhit" yoki "geografik muhit" tushunchasidir. Ushbu tushuncha ko‘proq ilmiy - ommabop adabiyotlarda, ba'zi tabiiy va ijtimoiy fanlarda, falsafada keng ishlatilib kelinmoqda. Masalan, falsafa lug‘atida bu tushuncha shunday izohlangan: "Geografik muhit - jonli va jonsiz tabiat predmetlari va hodisalarining majmui (yer po‘sti, atmosferaning quyi qismi, gidrosfera, ustki tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot olami)dir". Ko‘rinib turibdiki, geografik muhit atamasi bilan geografik qobiq atamasining izohlarida o‘xshashliklar bor. Shuning uchun ham K. K. Markov (1951), I. M. Zabelin (1952), I. P. Gerasimov (1956) va boshqalar "geografik muhit" atamalaridan foydalanganlarida albatta inson faoliyatini nazarda tutganlar va geografik qobiqning sinonimi sifatida foydalanganlar.

N. A. Gvozdetskiy (1979) esa tabiiy geografiya geografik muhit haqidagi fandir deb hisoblaydi va "ijtimoiy ishlab chiqarish va texnika taraqqiyotining hozirgi bosqichida geografik muhitning chegaralari geografik qobiqning chegaralariga mos kelib qoldi va shuning uchun tabiiy geografiyaning tadqiqot obyekti bittadir, u ham bo‘lsa geografik muhitdir" - deb yozadi.

Geografik qobiq va geografik muhit tushunchalarini, hatto ularning chegaralari mos kelib qolgan taqdirda ham, o‘zaro chalkashtirmaslik kerak. Geografik muhitning chegaralari mavhumdir va har yerda muayyan sharoitdan kelib chiqqan holda turlicha bo‘lishi mumkin. Undan tashqari Yerning geografik qobig‘i odam paydo bo‘lmasdan oldin ham bo‘lgan va yoshi, hajmi va boshqa o‘lchamlari bilan geografik muhitdan farq qiladi.

Tabiiy geografiyaning tadqiqot obyekti haqidagi to‘rtinchi va eng yangi tushuncha geotizimlar (geografik tizimlar) tushunchasidir. Tabiiy geografiyaga birinchi bo‘lib "geotizim" tushunchasini kiritgan olim V. B. Sochava (1963) hisoblanadi. U geotizimlar haqidagi ta'limotning asoschisi hamdir. V. B. Sochavaning fikricha, geotizimlar haqidagi ta'limot tabiiy geografiya fanining "o‘zagi" ekanligini e'tirof etish birorta shubha yoki ikkilanish uyg‘otmasligi kerak. Chunki bu ta'limot qonuniydir va geografiyaning bundan keyingi taraqqiyotini ta'minlashga qodirdir.

A. G. Isachenko (1991) ham tabiiy geografiyaning obyekti bo‘lib geotizimlar hisoblanadi va bu tabiiy geografiyaning eng qisqa va eng qamrovli ta'rifidir, degan fikrni bildiradi.

Geotizim tushunchasini geografik adabiyotda ikki xil ma'noda ishlatilayotganini ko‘rish mumkin. Masalan, D. L. Armand (1975), A. Y. Reteyum (1972), K. N. Dyakonov (1975) kabilar geotizim deganda moddaning bir tomonlama oqimi birlashtirgan, o‘ziga xos tabiiy geografik komplekslarni tushunadilar. Buni K. N. Dyakonov bergan ta'rifdan ham ko‘rish mumkin. Ya'ni, mavjudligi asosida moddaning bir tomonlama tabiiy oqimi yotgan, bir butunlik xususiyatlariga ega bo‘lgan tabiiy hosilalarni geotizimlar deyiladi.

Geotizimlar haqidagi ikkinchi tushunchaning mazmuni esa tabiiy geografiya an'anaviy o‘rganib kelayotgan tabiiy geografik komplekslarni geotizim deb hisoblashdan iboratdir.

Tabiiy geografiyaning obyekti haqidagi, yuqorida tahlil qilingan to‘rtta tushunchadan ikkinchi va to‘rtinchisi, ya'ni tabiiy geografik komplekslar haqidagi va geotizimlar haqidagi tushunchalar mazmun jihatidan bir-biriga yaqin tushunchalardir. Shu bilan birga ular birinchi, ya'ni geografik qobiq haqidagi tushunchani ham o‘z qamroviga olishi mumkin. Boshqacharoq qilib aytganda, tabiiy geografiya fanining obyekti hisoblangan geografik qobiqning o‘zi ham eng katta tabiiy geografik kompleksdir va shu bilan birga dinamik geotizimdir.

Tabiiy geografiyaning obyekti, predmeti va vazifalari haqida o‘z fikrimizni bildirishdan oldin bir muhim masalaga oydinlik kiritib olishni lozim deb topdik. Bu masala geografik qobiq tabiiy geografiya fanining obyekti-mi? yoki predmeti degan savolning to‘g‘ri javobi bilan bog‘liq. Chunki tabiiy geografiyaning nazariy masalalariga bag‘ishlangan ko‘pgina asarlarda hanuzgacha obyektni predmet deb, yoki bir narsani bir kishi obyekt desa, boshqa birovi predmet deb hisoblash hollari uchrab turibdi. Masalan, A. A. Grigoryev o‘zining bir maqolasida geografik qobiqni tabiiy geografiyaning obyekti deb hisoblasa, boshqa bir ilmiy ishida uni tabiiy geografiyaning o‘rganish predmeti deb yozadi. Shuningdek, S. V. Kalesnik (1957) ham umumiy Yer bilimidan tuzgan darsligining 5-betida "Yerning geografik yoki landshaft qobig‘ini ayrim tarkibiy qismlarini ko‘p fanlar o‘rganadi. Ammo bu, ichki tuzilishi jihatidan bir butun bo‘lgan tabiiy hosila geografiya fanlarining faqat bittasinigina, aynan tabiiy geografiya fanininggina obyektidir" - deb yozadi. 6-betida esa tabiiy geografiyaning vazifasiga ikki obyektni (ya'ni Yerning geografik qobig‘ini bir butun tizim sifatida va geografik qobiqning ayrim qismlari bo‘lmish geografik landshaftlarni) o‘rganish kiradi, degan fikrni bildiradi. 7-betda Yerning geografik qobig‘i umumiy Yer bilimining o‘rganish predmeti, geografik landshaftlar esa regional tabiiy geografiyaning predmetidir, degan qarorga keladi.

A. G. Doskach (1964), G. I. Yurenkov (1982), N. I. Mixaylov (1985), V. P. Saygak (1986) va boshqalar geografik qobiqni tabiiy geografiya fanining obyekti deb hisoblasalar, V. A. Anuchin (1972), N. A. Gvozdetskiy (1979), A. Y. Krivolutskiy (1985) kabilar “predmeti”, – deb ta'kidlaydilar.

Tabiiy geografiya fanining obyekti va predmeti haqidagi fikrlarning bunday xilma-xilligi o‘quvchini chalg‘itadi. Undan tashqari, tabiiy geografiyaning tabiiy fanlar qatorida tutgan o‘rni va tarmoqlanishini to‘g‘ri aniqlab olishga halaqit beradi. Bunday chalkashliklarning asosiy sabablaridan biri obyekt so‘zining mazmuni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki bu so‘z lotinchadan olingan bo‘lib, objectum, ya'ni “predmet”, degan ma'noni beradi. Bu obyektning tor ma'nosidir. Falsafa lug‘atida bilishning predmeti deb, obyektning tajribada qayd etilgan va insonning amaliy faoliyat jarayoniga kiritilgan tomonlari, xususiyatlariga aytiladi. U mazkur sharoitda ma'lum maqsadni ko‘zlab o‘rganiladi, deb ko‘rsatilgan.

Falsafaning bilish nazariyasi bo‘limi hisoblangan gnoseologiyada obyekt deganda inson faoliyati jarayoniga kiritilgan va subyekt tomonidan predmetlar orqali bilim jihatidan o‘zlashtirilgan va insondan mustaqil bo‘lgan narsalar tushuniladi. Ushbu fikrlarga mos holda A. F. Plaxotnik (1973) fanning predmeti uning obyektidan maxsus qo‘yilgan vazifa yordamida va mantiqiy, texnik metodlarni qo‘llash yordamida chiqarib olinadi deb yozadi.

Iqtisodiy geograflardan A. S. Soliyev (1988) iqtisodiy va sotsial geografiyaning obyekti, predmeti, o‘rganish metodlari va vazifalari haqida fikr yuritar ekan, obyekt serqirrali borliq, hodisa yoki voqealar bo‘lib, birgina fan uchun emas, balki ko‘p fanlar birikmasi uchun xizmat qiladi. Har bir fan hodisa va voqealarning bir tomonini (aspektini) o‘rganadi. Ana shu "bir tomoni yoki aspekti" fanning predmetidir, degan xulosaga keladi. Ushbu mulohazadan ko‘rinib turibdiki, fanning obyekti uning predmetidan hajmi, mazmuni jihatidan "kattaroq narsa" bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazardan qaraganda, fanning obyekti va predmeti haqida F. N. Milkov (1990) bildirgan mulohazalar anchagina munozaralidir. Masalan, uning "fanning o‘rganish predmeti quyiroq tasnif pog‘onasiga joylashgan bir qancha fanlar tizimining obyekti bo‘ladi", deb aytishini va tabiiy geografiyaning obyekti Yer yuzasidir, predmeti geografik qobiqdir degan xulosani e'tirof etish qiyin. Undan tashqari geografik fanlarning tizimli tasnifi va undagi umumiy Yer bilimining o‘rni haqida berilgan chizma (1-rasm) esa o‘quvchi uchun uni chalkashtiruvchi boshqotirmaga o‘xshaydi. U tavsiya etayotgan fanlar tasnifi va unga bog‘liq holda obyekt va predmet haqida bildirilgan fikrlari esa alohida tahlilga loyiqdir.

Bizningcha, tabiiy geografiya fanining tekshirish obyekti bittadir. U ham bo‘lsa juda rang-barang va murakkab tuzilishga ega bo‘lgan geografik qobiqdir. Undagi rang-barang va murakkablik uning serkomponentligi bilan, ular orasida ro‘y berib turadigan hamda tashqi muhit bilan bo‘lib turadigan o‘zaro ta'sir va aloqadorliklarning serqirraligi bilan bog‘liqdir.

Geografik qobiqning bunday murakkab tuzilganligi, ya'ni uning ko‘p komponentliligi va turli-tuman tabiiy geografik komplekslardan tashkil topganligi uni har tomonlama tadqiq qilishni taqazo etadi. Uning har bir komponentini u yoki bu xususiy fan o‘z predmeti sifatida o‘rganishi mumkin. Masalan, relyefni geomorfologiya fani, tuproqni tuproqshunoslik fani, o‘simlik qoplamini geobotanika kabi. Ammo, bu komponentlarni hammasini birgalikda ular orasidagi mavjud bo‘lgan o‘zaro ta'sir va aloqadorliklari bilan birga, bir butun tabiat hosilasi, ya'ni tabiiy geografik kompleks sifatida faqat tabiiy geografiya fanigina o‘rganadi. Geografik qobiq eng katta tabiiy geografik kompleks sifatida, tabiiy geografiyaning tadqiqot predmeti bo‘lib xizmat qiladi.

Demak, geografik qobiq tabiiy geografiya fani uchun bir vaqtning o‘zida ham obyekt, ham predmet vazifalarini o‘tashi mumkin. Shu ma'noda, I. M. Zabelin (1978) bildirgan fikr e'tiborga loyiqdir. U "geografik qobiq obyekt sifatida Yer haqidagi bir qator fanlar tomonidan o‘rganilishi mumkin va o‘rganilmoqda ...Geografik qobiq, umuman tabiatning kompleks hodisasi sifatida tabiiy geografiyaning o‘rganish predmeti hisoblanadi" - deb yozadi.

Geografik qobiqning bir butunligi uning turli qismlarida turlicha tabiiy sharoit mavjudligini inkor etmaydi. Geografik qobiq bir butun tabiiy kompleks bo‘lishi bilan birga turli katta-kichiklikdagi tabiiy geografik komplekslarga tabaqalangandir.

Tabiiy geografik kompleks deganda, u kattami yoki kichikmi, baribir, tabiatda obyektiv mavjud bo‘lgan, makon va zamonda shakllangan, bir butunlik xususiyatiga ega bo‘lgan moddiy tizim tushuniladi. Har bir tabiiy geografik kompleks o‘ziga xos bo‘lgan bo‘ylama va enlama strukturaga egadir. Har birining strukturasi komponentlararo va ichki komplekslariaro modda va energiya almashinishi ko‘rinishidagi murakkab tabiiy jarayonlar natijasida shakllanadi.

Tabiiy geografiyaga oid kitob va maqolalarda uchraydigan "tabiiy kompleks", "tabiiy hududiy kompleks", "geografik kompleks" yoki "geokompleks" atamalarining hammasi tabiiy geografik kompleks atamasining sinonimi sifatida va keyingi yillarda qo‘llanilayotgan "geotizim" atamasi ham, asosan shu ma'noda ishlatilmoqda. Bizningcha, bu atamadan foydalanilgan taqdirda, tabiiy geografik kompleks atamasining o‘rniga emas, balki u bilan yonma-yon, ya'ni “tabiiy geografik kompleks o‘ziga xos geotizimdir" qabilida ishlatgan ma’qul.


Download 0,62 Mb.
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   18




Download 0,62 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Tabiiy geografiyaning tadqiqot obyekti

Download 0,62 Mb.