I.2. Portret kompozitsiyasini yaratish.
Portret kompozitsiyasi insonlar haqida uning go‘zalligi, xarakteri, ideallari va orzu umidlari haqida hikoya qiladi. Misol uchun Rafaelning Sikstin madonnasi yuzidagi mayuslikka qarang, Rembrandtning ko‘pni ko‘rgan qariyalarining dono chehrasini eslang, Rubensning «Izabella»sini yodga oling, Repinning yaratgan portretlarini ko‘ring,har birida individual o‘ziga xoslik va inson xarakterining maftunkor obrazlari yaratilgan.
Portretchi rassom inson xarakteri va uning individualligi ustida ishlaydi. Bu esa rassomdan chuqur bilim talab qiladi, tasvirlanuvchi haqida hamma narsani, uning yuz elementlarini ko‘p tomonlama obrazli holatlarini, eng asosiysi esa, haqqoniy, tushunarli va obrazli ifodalay bilishni talab etadi.
Insonni haqqoniy tasvirlamoq uchun uni diqqat e’tibor bilan uzoq kuzatmoq kerak, shunday holat, shunday pozani, shunday kayfiyatni topish kerakki, xarakterning xususiyati, sifatini to‘liq ifodalash mumkin bo‘lsin. Portretda «qalbni tutish» kerak, «kiyimni va tanani emas».
P.P.Benkovning «tatar qizi» portretiga prototip Teregulovaning o‘z mahalida ulug‘ rassomdan «tezda ishga tushmayotganligi uchun norozi bo‘lgani»da, bu norozilik rassom o‘zi istagan ifoda bo‘lishini kutganligi bois ro‘y bergan edi.
Portretda tasvirlanuvchining individual belgilaridan tashqari uni o‘rab turgan muhit, kasbkori haqida ham eng o‘rinli detallar kiritilishi kerak. Ko‘plab rassomlar portret ishlaydilar, ayrimlari faqat bir kishining xarakterli xususiyatlarinigina ko‘rsatadi, boshqalari portretda zamondoshlarining umumlashgan obrazlarini tasvirlaydilar. Bu holda ikkinchi xil asarlarga tomoshabinning munosabati e’tiborli, ahamiyatli bo‘ladi. Haqiqiy portretchi eng xarakterli qiyofa izlaydi, natijada tevarak-atrofni kuzatish va o‘rganish bilan bitta qiyofada bir necha odamlarning xususiyatlarini birlashtiradi.
Rassom V.Serovning «Verochka Mamontova portreti»da bitta qiz qiyofasi orqali har bir balog‘at yoshida bo‘lgan o‘smir qizlarning umumiy sifatlarini beradi. Rassom bu portretda yoshlikning qaytarib bo‘lmas yoqimtoy, hur poeziyasi haqidagi tasavvurlarini ifoda etadi. SHu bois ham bu asar har bir odam qalbida jonli aks-sado uyg‘otadi, o‘ziga rom etadi. Xuddi shunday fikrlarni Z.Serebryakovaning «Ko‘zgu ro‘parasidagi qiz» (Avtoportret) asariga nisbatan ham aytish mumkin .
Rassom shunday portret kompozitsiyasi topish zarurki tasvirlanuvchining xarakterli belgilarining aniq, tushunarli va obrazini ochib bersin.
Portret kompozitsiyasining tuzilishida insonning tashqi va ichki qiyofasi, uning ruxiyati, shuningdek qo‘li, o‘tirish holati, liboslari, interyerdagi predmetlar asosiy vosita sifatida muhim ro‘l o‘ynaydi. Har bir rassom portert yaratishda o‘z tajribasi, usuliga tayanadi. Bunda har xil kutilmagan holatda, rang va texnikada bajarilgan portretlar dalil bo‘la oladi. Baxodir Jalolovni kinorejissyor “Komil Yormatov” portreti shu fikrimizni tasdiqlaydi.
Shuning uchun portret yaratishda yoshlar ulug‘ portret ustalari tajribasini o‘rganib, ulardan unumli foydalanishlari lozim. Portretchi rassom avval tasvirlanuvchi bilan chuqurroq tanishib, bir muncha davrda uni kuzatib, suhbatlashib, uni asosiy harakteri, xususiyatlarini, ichki va tashqi dunyosini yahshi o‘rganishi kerak. M. Nesterovning shogirdi P. Korin doim bu amallarga sodiq qolib A. Tolstoy, N. Kachalov, M. Nesterov, N. Sar’yan portretlarini shu tarzda yaratdi.
Kompozitsiya quyidagi asosiy talablarga javob berish kerak:
1. Tomoshabin e’tibori tasvirlanuvchining bosh qismi va yuziga qaratilishi kerak. Portretda eng asosiysi - bu yuz va uning ifodasi aynan unda insonning ichki hayoti ko‘rinadi. Tasvirlanuvchining ko‘zi va labini tasviri, uni ifodaviyligi ham juda ahamiyatlidir. Ular odamning ichki mazmunli jumbog‘ini ochib berishning ifodaviy kaliti hisoblanadi.
Portretda qo‘l ham kichik rol o‘ynamaydi. Undan tasvirlanuvchining qo‘liga qarab uning kasb-korini va xarakteri, salomatligini aniqlab olish mumkin. K.Bryullovning «Avtoportreti»da lol qolarli darajada rassomlik kasbini ko‘rsatuvchi qo‘lini ifodalagan.
2. Boshining harakati, burilgan, qiya, yuz mimikasi, qomatning turishi inson xarakterini yuzaga chiqaradi. Odam o‘zining tabiiy holatida xarakterli pozada, xarakatlanadigan manerasida tasvirlanish lozim. Bular hammasi kompozitsion qurishning asoslari hisoblanadi. V.Serovning «M.Ermolova portreti»- pozani qoyilmaqom ifodalash namunasidir.
3. Portretning obrazli traktovkasi o‘rab turuvchi muhit, vaziyat, fon aniqlovchi ahamiyat kasb etadi. Masalan, Ermolova unga yaqin bo‘lgan teatr foyesidagi devor va ko‘zgu fonida tasvirlangan. Fon tomoshabin e’tiborini tortib chalg‘itish kerak emas. Repin qattiq turib, o‘z shogirdlariga maslahat berar ediki, xususiy, mayda narsalarni qurbon qilishni ham bilish kerak, shafqatsiz ularni xolstdan chiqarib yuborish kerak, aynan ular portretning badiiy haqqoniyligi g‘alabasi uchun xizmat qiladi.
M.Nesterovning ta’kidlashicha esa, «muvaffaqiyatli fon - yarim yakun degani, uni tasvirlanuvchining yuzi, xarakteri, harakati bilan fanning organik bog‘liqligi alohida zarur. Boshqacha aytganda fon tasvirlovchining hayotini ifodalaydi.
4. Portretning o‘lcham va formati ham tasvirlanuvchining badiiy ifoda vazifasi uchun bo‘ysunishi kerak. Repin har bir portretga mos insonning asosiy belgilari talab etgan formatini izlardi. Format tanlash tasvirlanuvchining pozasiga ham bog‘liq.
Portretni natural o‘lchamdan katta tasvirlash tavsiya etilmaydi, har qanday kartina albatta biroz uzoq masofadan ko‘riladi. Perspektiv qisqarishlar bilan o‘sha masofada tasvir o‘zining, agarki u natural o‘lchamda yoki biroz kichikroq tasvirlangan bo‘lsa tabiiy o‘lchamida ko‘rinadi.
Portret san’atida o‘xshashlik bo‘lishi shart. Natura bilan o‘xshamasa u portret xisoblanmaydi. Portret - eng avvalo xujjat. Lekin bu xujjatlilik fotosuratning tasodifiy xujjatliligidan farqli o‘laroq, insonning eng harakterli belgilarnigina beradi. Portretdagi o‘xshashlik tashqi belgilarini va odam xarakterining ko‘zga tashlanuvchi sifatlarini umumlashtirish natijasida kelib chiqadi.
Formalistik oqim tarafdorlari rangtasvir haqida, portret san’atining manbaasi noreal shaxsdir, xususan rassomning odam haqidagi tasavvuri hisoblanadi deb ta’kidlaydilar. Bu bilan ular o‘zlarini odam tasvirini chizishda erkinliklarini va tashqi dunyo bilan aloqasizliklarini oqlaydilar. Ularning asarlari tarqoq, ranglar o‘ta yorqin, odam obrazi sovuq dekorativ sxema shaklida ko‘zga tashlanadi. Ko‘zlar go‘yo qalb oynasi emas, xuddi boshning «atributi» bo‘lib tasvirlanadi.
Portret mazmuniga ko‘ra, kompozitsion echimni tanlanishiga qarab: bosh qism portreti, ko‘krak qiyofali portret (byust), yarim gavdali portret, to‘liq gavdali portret, portret-kartina, guruhli portret, avtoportret, miniatyuraviy portret va boshqalarga bo‘lanadi.
BIR FIGURALI KOMPOZITSIYA
Portretlarda konkret bir odamni barcha xarakterining individual xususiyatlari tashqi ko‘rinishi, qomatining tuzilishi, mimikasi elementlarida aks etadi va uning qiyofasida ma’lum kategoriyalarga taaluqliligi, uning kasbi yoki jamiyatning u yoki bu toifasiga mansubligi aniqlanadi.
Bunga I.E.Repinning «Ruhoniy» asari yaqqol misol bo‘la oladi. Portret nihoyatda o‘xshashlik bilan ishlangan va uning yuzi, qo‘li va uning xukmron holati rassomning umumlashma obraz yaratishiga olib kelgan. Portretning individaul belgilaridan sotsial tip yaratilgan.
Demakki, portretlarda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, syujetli detallarning kuchayishi uning janrli yoki tarixiy «hikoya» tomonga o‘tib borishiga, portret o‘z spetsifik xususiyatlarini yo‘qotib, oxiri portret-modellar ishning hukmiga ko‘ra, janrli yoki tarixiy sohaning qahramoniga aylanishiga olib keladi. Xuddi shunga o‘xshab, guruh portretlarda esa ba’zan janr chegaralari buzilib ketadi. Masalan, zamonaviy san’atda janrlar qo‘shilib ketib, o‘zaro bir-birini boyitganini ham uchratib qolamiz.
Portret bilan bir figurali kompozitsiya o‘rtasida janr ramkasini yo‘qolib ketishi, ya’ni uning portretdan farqi yorqin ifodaviy an’analar bilan bog‘langan ifodaviylikda ko‘rinadi. Masalan, N.M.Kramskoyning «Qayg‘u», A.A.Deynekaning «Traktorchi» R.Ahmedovning «Ona o‘ylari», «Cho‘pon», G‘.Abdurahmonovning «Xokimiyat egasi», P.Benkovning «Dutorchi qiz», N.Kashinaning «CHildirmachi» asarlarini olish mumkin.
XVI asr nemis portretchi rassomi Kichik Gans Golbeyn asarlarida juda sinchkovlik bilan qimmatbaho toshlar, naqshlar, kashtalarni bemalol chizadi. Bu omillar kompozitsion yaxlitlikka halaqit qilmaydi. Yuz kuchli yorug‘lik kuchi bilan chizilgan, shu boisdan juda aniqlik bilan ishlangan detallar asosiy obrazni yanada ulug‘vor darajada ko‘rsatishga xizmat qilgan.
Rassom R.Ahmedovning «Ona o‘ylari» asarida 1956 yili Burchmulla qishlog‘ida ikki o‘g‘li urushdan qaytmagan, mehnatda qaddi bukilmagan mardona keksa ayol tasvirlanadi. Onaning ko‘pincha qariyalarga xos o‘ychan, hayolga cho‘mib o‘tirishi, onadan erta etim qolgan rassomni to‘lqinlantirib yuboradi. «Ona o‘ylari» kartinasida figura biroz oldinga chiqqan. YOng‘oq daraxti yonida yostiqqa suyanib tizzasiga qo‘l panjalarini saranjom qo‘yib, hayolga cho‘mgan ayol qiyofasi, kompozitsiya jihatidan juda muvaffaqiyatli topilgan klassik mavqega ega. Ayol yuzidagi chuqur ruhiy xolat, uning g‘amgin yuzidagi katta yorug‘ ko‘zlarida, mehnatda toblangan yuz chehrasida o‘z ifodasini topgan. Gavda «siluet»i aniq, engil ranglardagi manzara fonida, ko‘k, binafsha, pushti, yashil, sariq ranglarda mahorat bilan tasvirlangan.
MAVZULI VOQEABAND KARTINA KOMPOZITSIYASI
Mavzuli rangtasvir eng avvalo, tasviriy san’atning maishiy, tarixiy, batal (jang mavzusi) va mifologik janrlari bilan bog‘lanadi. Bunday kartinalarni «janrli kompozitsiya» deb ham yuritiladi. Janrli kartina kompozitsiyasi g‘oyaviy fikr bilan tasvirlanadi. Har qanday «savodli» joylashtirishga ega kartina ham, biror g‘oyani chuqur hal etmasa, u san’at asari bo‘la olmaydi.
Kompozitsiya ustida ishlashning barcha jarayonlari bu g‘oyaviy fikrni boyitish, har tomonlama qayta-qayta ishlash va realizatsiya qilish jarayoni hisoblanadi.
Mashhur rassomlarning aytishicha insonni to‘lqinlantiradigan va tinchlik bermaydigan qandaydir bir g‘oya tug‘ilgandagina darxol eskiz qilinadi.
Kompozitsiya ustida ishlaganda soxta vazifalardan kelib chiqmaslik va kartinani qandaydir bir mazmuniy geometrik sxemalar asosida qurish kerak. Bunda figuralarni dioganal, aylana, uchburchak asosida qurish va hokazolarni nazarda tutilmoqda. Toki qiziqarli mavzuni topmasdan turib, kompozitsiya bilan shug‘ullanish yaramaydi.
Mavzu deganda rassom o‘ylagan, o‘zining yaratilajak asarida ifodalamoqchi bo‘lgan hissiyot va fikrlar, g‘oyalar yig‘indisi tushuniladi.
Mavzu albatta chuqur bilim doirasida. hayotiy voqealar va tajriba asosida tug‘ilishi kerak, mavzu «dolzarblik»ni ro‘kach qilib, majburiy va soxta, notabiiy holda tanlanmaydi. Agarki, rassom odamlarga aytiladigan ichki yangilik, qandaydir voqeaning zarur va ahamiyatli tomonini ko‘rsatmasa va o‘z qobiliyatiga qarab mavzuga kirishmasa, u asar yaratilmaydi. Kompozitsiyada «g‘oya» va «mavzu» tushunchasi ba’zan aniq holda yoritilmasligi ham mumkin.
Agarki, mavzu topilib va rassom unga qiziqqan bo‘lsa, tarixiy, xujjatli, portret yoki manzara materillarini o‘rganish uchun astoydil ish boshlanadi. Bunday materiallarni har tomonlama chuqur o‘rganish bilangina ijodiy tasavvurda kartina mazmuni yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Kartinada personajlarning gavda holati, turishi, ularnig ruhiy xolati motivlashtirilgan holdagina tasvir mazmunni jonlantiradi va badiiy obrazga aylantiradi. Har bir realistik asarning zaruriy asosi mazmunli voqeani topish bilan belgilanadi. Mazmunni esa, harakatdagi odamlar soni, ularning joylashishi, gavdaning o‘lchami, ko‘rish nuqtasini tanlash va boshqa shu kabilar belgilaydi.
Bir mavzuning o‘zi turli xil mazmunda yoritilishi mumkin. Masalan, urushga qarshi mavzularda garchi barchasining mazmuni, voqeasi har xil bo‘lsada bir nechalab mashhur kartinalar yaratilgan.
Rassom uchun mazmun darrovgina topilmaydi, balki o‘ylangan mavzuni chuqur va to‘liq ochib berish imkonini beruvchi kompozitsion echim izlaniladi, toki, uning ko‘ngildagidek aniq, tushunarli ifoda topilmaguncha juda ko‘plab qoralamalar qilinishiga to‘g‘ri keladi. Mazmun topib olingach esa, shu zahotiyoq kompozitsiya eskizi ustida tinimsiz, zahmatli ish boshlab yuboriladi. Birinchi eskizlar kichik o‘lchamda bo‘lgani ma’qul. Asosiy kompozitsion qurilishlarni joylashtirib olish engilroq bo‘lishi maqsadida shunday format tanlanadi.
Eskiz - bu kartina loyihasi, kartina ustida ishlashning birinchi bosqichi hisoblanadi. Eskizda qog‘oz yoki xolstning formati, tasvirni o‘lchami, ko‘rish nuqtasi, gorizont balandligi aniqlab olinadi. Eskizning turli variantlarida echimning eng maqbul, tushunarli ifodasiga erishish lozim, ob’ektlar predmetlarni ishonarli joylashtirish, figuralarni guruhlashtirish, g‘oyaviy markazni topish, tomoshabinni asosiy e’tiborini tortadigan bo‘lishi lozim. Har bir figura yoki detal o‘zini umumiy g‘oyasi ichida alohida ahamiyatli o‘rnini topishi va barcha vaziyat mavzuni ochib berish uchun hizmat qilishi kerak.
Tasviriy san’atda teatr yoki adabiyotdan farqli o‘laroq faqat bir moment, yoki bir zumlik on tasvirlanadi. Harakat konsentratsiyasi yagona tasviriy momentdagi kompozitsiyaning qonuniyatlaridan biri hisoblanadi. Vaholanki, obrazli echimning kuchi vaqtning ma’lum bir narsasini idrok etish bilan bog‘liq bo‘ladi. Kartina kompozitsiyasi shunday tuzilishi kerakki, tomoshabin undagi voqeaning davomiyligini va bu sahnada nima voqea bo‘lib o‘tganini va nima bo‘lishini his qilsin. Mana shu holdagina kartinada hayot harakati beriladi, u quruq va jonsiz, harakatsiz bo‘lib qolmaydi.
Eskizda kompozitsion echim hal etilgach, (personajlarning harakati va holati, ularning psixologik xarakteristikasi, kiyinishi, vaziyati, va boshq) kartina uchun etyud bajarishga o‘tiladi. Bu ishni yaxshiroq bajarish uchun, kartina holatini yoritish maqsadida alohida bir tipaj topish zarur bo‘ladi. Qoralama va etyudlarni albatta kartina voqeasi tasvirlanishiga mos holdadagi vaziyat va yoritilganlik sharoitida bajarilishi shart.
Masalan, M.E.Repin 1878 yilning yozida birinchi marta «zaporojelik kazaklarnig turk sultonining asir bo‘lishga undovchi xatiga javob»i bilan tanishib qoladi. Kazaklarning bu javobidan rassom qattiq xayratga tushadi. Uni erkin, hech qachon xech kim tomonidan zabt etib bo‘lmagan Zaporoje Sechi yurtining qahramonona ruhiyati qoplaydi. Va u kartina yozish ishtiyoqi bilan yonib yuradi. Birinchi marta Abramsevada kartina mazmunini qoralamasini qiladi. Unda erkin, kulishayotgan kazaklar obrazi ko‘rsatiladi. So‘ng biroz vaqt o‘tgach birinchi rangtasvir eskizini chizadi. Barcha sahnani rassom tomoshabinga yaqinlashtiradi, asosan kazaklarning yuz ifodasi va xarakatlariga, ularning xarakterli qiyofalariga e’tiborni tortadi. Orqa planda quyosh yog‘dusida yaltirab turgan Dnepr daryosini tasvirlaydi. Voqea vaqti major, tasvirlanayotgan voqeaga mos hayotiy-quvonchli, tantanali ifodasini topgan.
Bu eskiz faqat ijodiy ishning boshlanishi edi. Repin tarixni, davrni, tevarak-atrof muhitni chuqur o‘rganmasdan turib ishni davom ettirishni tasavvur ham qila olmasdi. SHu bois, shogirdi yosh V.Serov bilan 1880 yili Ukrainaga Zaporoje Sechi joylashgan erga keladi.
Repinni kazaklarning xarakterli tiplari qiziqtirardi. Repin deyarli barcha Zaporoje cherkovlariga bordi, ularni ichki ko‘rinishi va buyum-anjomlarini chizdi, shuningdek, kazaklarning bayroqlari, miltiq, qilichlari, kiyinishidagi harbiy farqli belgilarini o‘rganib chiqdi. Xomaki rasmlar bilan bir necha albomlarni to‘lg‘azadi
Repin birinchi variantidagi rangtasvir eskizdan farqli holda xolstning formatini kattalashtiradi. Voqeada qatnashuvchi shaxslar sonini ko‘paytiradi va ayrim figuralarni butunlay olib tashlaydi. Kazaklarni butun galasi bilan yaxlit biroz orqaroqqa oladi va kartinani mazmunli maishiy ko‘rinishda emas, balki qahramonona mazmundagi tarixiy kartina sifatida ko‘rsatishga urinadi.
Repin qariya kazaklarning yuzidagi chuqur ajin va tirtiqlarida u eng avvalo donolik, boy hayotiy tajribalarni va qahramonona harakatlar qila oluvchi halq timsolini ko‘radi. Masalan, oddiygina, kichik bir stansiyada yashovchi Vasiliy Oleshkoda u, dono va jasur zaporojeliklar atamani Ivan Serkoning xarakterlovchi belgilarini ko‘radi va o‘z o‘rnida kartinaga kiritadi va ko‘plab naturadan qilingan etyudlarni do‘stlari tanish-bilishlari ichidan o‘ziga kerak bo‘lgan obrazlari uchun qiyofalarini topib tasvirladi va 1891 yili kartinani tugalladi.
V.I.Surikov bejiz aytmagan: «Men avvalo qadimiy ustozlarning kartinalaridagi kompozitsiyada hamma narsani kuzatdim, shundan so‘ng uni ko‘rishga o‘rgandim».
K.Behzodning «Eski machit qurilishi» asari ham mavzuli voqeaband kompozitsiyadir.
I.3.Tasviriy san’atda tarixiy shaxslar obrazi.
Mustaqillik yilllarida ijod qilayotgan rassom va haykaltaroshlarimizning yutuqlari shundaki, ular birinchidan erkin ijod yo‘liga o‘tdilar, ikkinchidan milliy badiiy an’analarni davom ettirish, milliylik va umuminsoniy qadriyatlarning uyg‘unligini ta’minlash borasida yangi, zamonaviy, ilg‘or tasviriy texnologiyalarni qo‘llab, muvaffaqiyatli asarlar yaratmoqdalar.
Milliy istiqlol g‘oyalari bilan sug‘orilgan portret janridagi bir qancha tarixiy shaxslarni obrazlari yaratildi. Bu asarlar qatoriga Amir Temur, Alisher Navoiy, Jaloliddin Manguberdi, Kamoliddin Behzod, Nodirabegim, Bibixonim, Spitamen portretlarini kiritish mumkin.3
Tarixiy shaxslar obrazini yaratishda rassom asosida mushkul vazifa turadi. Chunki kamdan-kam holatlardan mustasno tarixda ularning tashqi qiyofalari haqida hech qanday dalillar saqlanib qolmagan. Buning natijasida o`zida zamonasi ruhini timsollashtiruvchi , umumlashma tarzdagi ramziy portretlar vujudga kelmoqda. “Jamoliddin Manguberdi” ga (1997) bag`ishlangan T. Quryazov va E. Masharipovlarning ishlari, M. Yo`ldashevning “Alpomishi” (1998-2000) dastomi qahramoniga bag`ishlangan turkum asarlari, E. Masharipovning “Alpomishi’ (1998), Q. Basharovning “Spitamen” polotnolari shular jumlasidandir. E. Masharipov va A. Aliqulovlarning “Amir Temurning To`xtamishxon ustidan g`alabasi” (1996), Z. Fahriddinovning “Zafar” (1997), M. Nuriddinovning “Said Baraka Amir Temurni hokimiyat ramzi - nog`ora va g`alaba bayrog` bilan taqdirlamoqda” singari syujetli asarlarda Amir Temur yengilmas sarkarda, o`z xalqining shavkatli o`g`loni sifatida gavdalantirgan. Bu ko`p figurali kompozitsiyalar o`zida ochiq xarakat maydoni namoyon etadiki, Amir Temur doimiy tarzda markaziy “bosh qiyofa tarzida talqin etilgan. Buyuk sarkardaning yaratuvchanlik faoliyati S. Abdullayev polotnolarida aks etgan bo`lib, mazkur asarlarda u buyuk me`moray obidalar fonida tasvirlanadi (“Amir Temur”, “Bibixonim masjid qurilishida”, “Osmoning beg`ubor bo`lsin, buyuk Turkuston”)4.
Temuriy malakalarga atalgan turkum portretlar O. Mo`minovning mo`yqalamiga mansubdir. Bu kompozitsiyalarida rassom sharq ayollari (“Bibixonim”, 1997) ga xos romantik ehtirosli jihatlarini talqin etadi. Ch. Ahmarov shoira Nodira (1992) ning jozibali qiyofasini yaratdi.
Amir Temurning jahon tarixida va xizmatlari beqiyosdir. U markaziy Osiyo xalqlarini mo‘g‘ullar istilosidan ozod etgan. Amir Temur o‘zining ham ma’naviy, ham jismoniy kuchini jonajon xalqining og‘irini yengil qilishga, shahar va qishloqlarni obod qilishga, chanqab yotgan yerlarga suv chiqarishga, bog‘lar yaratishga safarbar qilgan.
Hozirda Sohibqironning xalqimiz uchun ko‘rsatgan beqiyos xizmatlari biz minnatdor avlodlari tomonidan munosib taqdirlanmoqda. Uning hayoti va ijodini aks ettiruvchi o‘nlab badiiy tasviriy asarlar yaratilmoqda. Tasviriy san’atda Amir Temur timsolini ifodalagan bir qator asarlar ishlangan. Toshkentda Temuriylar muzeyi tashkil etilgan.
Amir Temur timsoli tasvirlangan asarlarda asosan uning harbiy ishlari, ziyofat, ov, qabul marosimlari, qolaversa, diniy tadbirlardagi ishtiroki ifodalangan.
Amir Temurning serqirra faoliyati va u haqda bitilgan bir qator asarlarda o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, bu borada Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Xotifiyning “Temurnoma”, Salohiddin Toshqandiyning “Temurnoma”, Fosiq Havoiyning “Majmul-I Fasohiy” asarlari e’tiborga loyiqdir. Bu asarlarni o‘sha davrning mashhur rassom va xattotlari rang- barang tasvirlar bilan bezatganlar. Ularda asosan Sohibqironning jangu jadallari, qabul va yurishlari, diniy mavzular o‘z ifodasini topgan.5
Tasviriy san’atda tarixiy shaxslar obrazini Malik Nabiyev ijodisiz to‘liq tasavvur qillib bo‘lmaydi. Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur obraziga rassomning murojaat qilishi sabablari xususida to‘xtalish joizdir. Taqdir taqozosi bilan 1941 yil iyun oyida Amir Temur dahmasi, so‘ngra Mirzo Ulug‘bek va Bibixonim qabrlari ochilgani ma’lum. Bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng qabrdan topilgan ashyolar, jumladan Sohibqironning bosh suyagi ham Toshkentdagi O‘zbekiston xalqlari tarixiy muzeyiga olib kelingan. Bu haqda musavvir hikoya qiladi: “ M. Gerasimov muzey binosida jahongirning bosh suyagi asosida haykal portret ishlashni boshlab yuboradi. Men bu jarayonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Nachora, zamon taqozosi ekan. Albatta, bu voqea rostdan ham dahshat! Sohibqironning arvohi chirqirab, ruhi azob chekkan bo‘lishi tabiiy… O‘sha 1941 – yildan beri ulug‘ sarkarda siymosini yaratish niyati meni bir daqiqa ham tark etgani yo‘q”. Ellik yildan ortiq vaqt ichida Amir Temur obrazini har tomonlama o‘rganish uchun olib borgan tadqiqotlari, izlanishlari haqida so‘zlab berishlarini so‘raganimizda rassom bizga yana shu fikrlarni bayon qildilar:
“ Shu davr ichida Amir Temur haqida ko‘plab asarlar bilan tanishdim. Mavjud miniatyuralarni, qayerda bo‘lmasin, imkoniyat darajasida qidirib topdim. Men Hindistonning Kalkutta, Bombay shaharlaridagi muzeylarda, Eronning Tehron, Isfaxon, Turkiyaning Istanbul , Ko‘nyo, Izmir va boshqa shaharlarida, Angliyaning “Britaniya” muzeyidagi Amir Temur siymosi turlicha tasvirlangan. Hindistonning Bobur miniatyura maktabi, Behzod ( Hirot ) miatyura maktabi vakillari chizgan Amir Temur qiyofasi bir – biridan tubdan farq qiladi. Istanbul muzeyidan joy olgan Temur portreti ham butunlay boshqacha.
Xullas Amir Temur siymosini yaratish uchun bir emas, bir necha miniatyura maktabini o‘rganib chiqdim. Tarixiy asarlarni yaratishda avvalo men bobolar ruhidan madad so‘rayman, ana shu narsa menga doimo dalda berib turadi… “. Haqiqatdan ham rassom bu portret asarini yaratish borasida astoydil izlanishlar olib borgan, yutuqqa yuksak mahorati, mo‘yqalamning kuchi tufayli erishgan.
San’at ixloslari e’tiborini o‘ziga jalb qilgan Amir Temur portretida Sohibqiron sarkarda qiyofasida gavdalantirilgan. Boshiga oltin toj kiygan Temurning nigohi bir nuqtaga qaratilgan. Va jiddiy hayol og‘ushida ekanligi chap qovog‘ini bir oz ko‘tarilib, qoshi tepaga chimirilganidan sezilib turadi. Ulug‘vor fikri bilan bandligidan dalolat beradi. Yuz qiyofasi asosan bug‘doyrang tuslar orqali tasvirlangan. Peshona, yuz qismida paydo bo‘lgan chiziqlar, shuningdek, burun, lab, quloq, soqol, mo‘ylov kabi joylaridagi holatlar Temurning yoshi bir oz o‘tkanligini ko‘rsatsa-da, uning tetik va baquvatliligi saqlanganligi yaqqol sezilib turibdi.
Ayniqsa bu holat yuzda ko‘zga tashlanayotgani pishiqlik, chayirlikni tasvirlanishida yanada aniqroq ko‘rinadi. Jiddiy fikr va hayol bilan bandlidi esa Sohibqironni yanada salobatli qilib ko‘rsatadi. Yelkador, qo‘llari esa bamaylihotir qilichga tayangan holda tasvirlangan. Portretda qo‘l barmoqlari shunday harakterli tasvirlanganki, bu Sohibqiron Temurning mashaqqatli jangu jadallardan mardonavor o‘tganini yana bir bor tasdiqlab turibdi. Sharqona bezatilgan shoh saroyining bir bo‘lagi, derazadan Samarqand shahrining manzarasi ko‘rinadi. Devordagi fonda naqshin bezaklar, sohibqiron o‘tirgan saltanat kursisining badiiy boyligi, shuningdek Amir Temur egnidagi liboslarining o‘ziga xos qimmatbaho ko‘rinishiga ega bo‘lishi tomoshabinga zavq ulashadi.
Malik Nabiyev buyuk inson Amir Temur obrazini tasvirlash borasida katta muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdi. Temurni ilm, san’at ahillariga homiylik qilgan ma’rifat homiysi ekanini ham ifodalay oladi. Xullas, Malik Nabiyev sharqona xarakterga ega bo‘lgan Temurni uzoq va mashaqqatli jangu jadallardan so‘nggi holatdagi obrazini tasvirlashga erishgan.
Bundan tashqari Malik Nabiyev buyuk qomisiy olim Abu Rayhon Beruniyning siymosini ham yaratgan. Abu Rayhon Beruniyning portreti 1972-yili har jihatdan mukammal ishlangan.
Mutafakkir Beruniy obrazi rassomning bir necha yillik izlanishlari, portretning bir necha bor eskizlar va ranglamalarini ishlashi natijasida yuzaga kelgan. Shu tariqa asarning bir nechta, bir-biridan farq qiluvchi nusxalari yaratilgan.
1949-yili Al Beruniy vafotining 900 yilligi munosabati bilan olim portretini yaratish uchun konkurs e’lon qilinadi. Bu konkursda o‘ttiz nafardan ortiq O‘zbekistonlik va boshqa xalqlarning yirik rassomlari ishtirok etishadi. Shu tanlovda Malik Nabiyev ham qatnashdi. Musavvirning asarlaridagi buyuk olim obrazi boshqa rassomlar tomonidan ishlangan na’munalarga nisbatan to‘laqonli, deb e’tirof etiladi. 1973 yilda esa Beruniy tavalludiga 1000 yil to‘lishi munosabati bilan ikkinchi marotaba konkurs e’lon qilinadi.
Rassom Malik Nabiyev Beruniy obrazi ustida izlanishni davom ettirib va nixoyat ikkinchi marotaba ham konkurs g‘olibi bo‘ldi. Bu portret konkursdan so‘ng YUNESKOning “Kur’er” jurnali muqovasida va xorijiy mamlakatlarning ko‘pgina jurnal va gazetalarida hamda otkritka, marka, plakat tarzida bir necha bor nashrdan chiqariladi. Portretda ilm muammolarini yechishga chog‘langan, vazmin, nigohi olisni ko‘zlayotgan alloma xarakteri ifoda etilgan. Rassom ilm sirlarini yechish uchun butun vujudi bilan kirishgan insonparvar olim Abu Rayhon Beruniyning butun salobatini tasvirda gavdalantirdi. Sur’atning keying etaplaridagi kitoblar ilm-fanga bog‘liq bo‘lgan buyumlar – Beruniyning qomusiy olim va mutafakkir ekanini yanada bo‘rttirib ko‘rsatishga hizmat qilgan.
Malik Nabiyevning ulkan yutuqlaridan yana biri buyuk shoir, adib, faylasuf va davlat arbobi Zahiriddin Bobur obrazidir. Bobur obrazini yaratish uchun rassom Afg‘aniston, Hindiston va boshqa bir qancha xorijiy mamlakatlarda ham bo‘ldi. Bobur yashagan, ijod qilgan, jang qilgan joylarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. M.Nabiyevning Bobur she’riyati bilan batafsil tanishgani, uning achchiq vasermazmun hayotini mukammal o‘rganganligini, Boburning navqiron va to‘laqonli gavdalantirgan portreti vositasida his etamiz.
Bobur o‘z yurtidan olislarga ketib, ona yurtiga mehru-muhabbatini go‘yoki izhor qilayotgan holatini, rassomning jonli bo‘yoqlarida namoyon bo‘lgan. Xullas, Bobur portretidagi turli xil bo‘yoqlarda aks ettirilgan tuyg‘ular uyg‘unligi butun borlig‘ingizni ranglar sehri bilan qamrab oladi.
Tarixiy shaxslar obrazini yaratish naqadar mushkul. Bu mushkulliklarni ijodkor tinimsiz mehnat mashaqqatlari bilan dadil yenga olgan. Rassomning ko‘plab portretlarida buyuk siymolar obrazi zamonaga hamohang darajada gavdalanligini ko‘ramiz va beixtiyor hayratlanamiz.
Amir Temur, Beruniy, Bobur, Ibn Sino, Jomiy va Navoiy, Al Roziy, Rudakiy, Al Xorazmiy kabi bir qancha yirik arboblar, olim, shoir, mutafakkirlarning obrazlarini jonli tasvirlaydi.
Tarixiy mavzudagi boshqa asarlarida musavvir xalqparvar qahramonlar obrazini hamda ozodlik uchun bo‘lgan xalq qo‘zg‘olonlari mohiyatini ochib beradi. Bu boradi, ayniqsa, “Spitamen qo‘zg‘oloni” asaridagi jang payti tasviri e’tiborga molik. Rangtasvirchi rassom M.Nabiyev avloddan – avlodga hikoya qilinib kelinayotgan tarixiy voqealarni astoydil o‘rganib, tarix sirlarini jonli ranglarda tasvirlashga muvaffaq bo‘lgan. Ana shunday tarix sirlaridan biri Iskandar Zulqarnayga qarshi jang qilgan so‘g‘diylarning qahramoni bo‘lmish Spitamen edi. Shunga o‘xshash “XVII asrdagi Samarqandda hunarmandlar qo‘zgaloni”, “Jizzaxdagi 16- yilgi qo‘zgalon” deb nomlangan kartinalari ham diqqatga sazovor.
Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy 1441 – yil 9-fevralda, Hirotda tavallud topgan. 1501 yil 3-yanvarda Hirotda vafot etgan. U o‘zbek xalqining nafaqat ulug‘ shoiri va mutafakkiri, balki buyuk olim va davlat arbobi, jahon adabiyotining yirik vakillaridan biridir.
Alisher Navoiy haqida ko‘plab badiiy asarlar yaratilgan. Oybekning “Navoiy” romani, Uyg‘ur va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy dramasi”, L.Batning “Hayot bo‘stoni”, M.Muzahhibning “Alisher Navoiy” portreti, V.Kaydalovning “Alisher Navoiy portreti”, Javlon Umarbekovning “Alisher Navoiy va Husayn Boyqaroning yoshligi”, H.Husniddinxo‘jayev va U. Lunevlarning “Navoiy va Jomiy” kabi asarlari shular jumlasidandir.
Alisher Navoiy haqida yaratilgan asarlar orasida V.Kaydalovning “Alisher Navoiy” portreti mashhurdir.
Alisher Navoiy haqida ko‘p yillar davomida ish olib borgan grafik musavvirlardan V.Kaydalov o‘z ijodining ancha qismini Navoiy siymosini yaratishga, uning asarlariga illyustratsiya ishlashga bag‘ishladi. Xususan, uning “Navqiron Navoiy” , “Chor devon”ga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy portreti” (qalamtasvir, 1940 y.) ,” Alisher Navoiy Portreti” ( rangtasvir 1947 – y. ), Navoiy “xamsa”siga ishlangan grafik ishlari ( 1940 y. ) shular jumlasidandir. BU ishlar orasida uning Alisher Navoiy portreti uchun tanlov e’lon qilinishi munosabati bilan yaratgan asari diqqatga sazovordir. ( Rasm qo‘yiladi shu yerga) Kaydalov yaratgan portreti portretda Navoiyning 50-55 yoshlar chamasidagi siymosi – kuchli, go‘zal, har tomonlama kamol topgan shaxs sifatida talqin qilingan bo‘lib, davlat arbobi va shoir timsoli tasvirlangan. Rassom Navoiyning hayotida tez-tez uchrab turgan ko‘pkina fojiyali kunlarni bir chekkaga surib qo‘yib, uni ijodiy zavq-shavqqa to‘la vaqtlariga xos bo‘lgan ko‘rinishda ifoda etgan.
Uning yuzlarida chuqur va qalin ajinlar yo‘q. Soqolida faqat yangi tusha boshlagan oqlar seziladi. Hazrat Navoiyning boqishlari jiddiy, yuzida charchoq alomatlari sezilmaydi, u ayni kuch-quvvatga to‘lgan paytlar. Deraza oldida qo‘yilgan gul ham buni tasdiqlaydi. Ya’ni bu davrlar, shoirning hayoti va ijodining gullagan davri ekanligini bildiradi.
Alisher Navoiy siymosi ko‘plab grafik asarlarda ham o‘z ifodasini topgan. Navoiy mavzusida samarali ijod etgan grafik rassomlardan biri Qutlug‘ Basharovdir. Uning Navoiy mavzusidagi ishlaridan biri shoirning “Xamsa” asariga ishlangan “Alisher Navoiy portreti”dir.
Shunday qilib, Alisher Navoiyga bag‘ishlangan o‘nlab badiiy ijod na’munalarida uning xalqparvar shoir, davlat arbobi siz va biz uchun hamisha ibrat va namuna bo‘lib qolishiga urg‘u berilgan. Biz ana shunday bobokalonimiz borligidan faxrlanamiz. Uning tabarruk siymosi bizni doimo ezgu va oliyjanob ishlarga undab turadi.6
|