2-bob. JIEBBning asosiy vazifalari va funktsiyalari
8. Quyidagilar JIEBBning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mahkumlarga nisbatan jinoiy jazolarni ijro etish, qamoqqa olingan shaxslarni tergov hibsxonalarida saqlashni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
jazoni ijro etish muassasalarida va tergov hibsxonalarida qo’riqlash va xavfsizlikni ta`minlash, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish;
mahkumlarni tuzatish, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini aniqlash va oldini olish, shuningdek ularga ozod etilganidan so’ng ijtimoiy moslashishlari uchun ko’maklashish faoliyatini tashkil etish;
jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarini moliya-xo’jalik va ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish, mahkumlarning bandligini ta`minlash;
kadrlarni tanlash va joy joyiga qo’yish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini tashkil etish.
9. O’z zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda JIEBB quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
a) mahkumlarga nisbatan jinoiy jazolarni ijro etish, qamoqqa olingan shaxslarni tergov hibsxonalarida saqlashni tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida:
sudlarning, shuningdek ish yurituvida jinoyat ishi bo’lgan boshqa organlarning hukmlarini, ajrimlarini va qarorlarini aniq va so’zsiz ijro etish;
mahkumlarning jazoni ijro etish uchun o’z vaqtida yuborilishini, ularning joylashtirilishini, shuningdek mahkumlarning va qamoqqa olingan shaxslarning belgilangan tartibda bir jazoni ijro etish va tergov hibsxonasidan boshqasiga ko’chirilishini ta`minlash;
amnistiya va afv etish to’g`risidagi hujjatlarni o’z vaqtida ijrosini tashkil etish;
mahkumlarning va qamoqqa olingan shaxslarning ajratib qo’yilishi, qo’riqlanishi va nazorat qilinishini ta`minlash;
O’zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlarining jinoyat ish yurituvi sohasidagi xalqaro hamkorlik bilan bog`liq, shu jumladan chet fuqarolari yoki fuqaroligi bo’lmagan mahkumlarni topshirish (ekstraditsiya qilish) bilan bog`liq qarorlarining ijro etilishini tashkil etish;
sud hujjatlarining ijro etilishini ta`minlash bo’yicha tashkiliy-uslubiy yordam ko’rsatish;
b) jazoni ijro etish muassasalarida va tergov hibsxonalarida qo’riqlash va xavfsizlikni ta`minlash, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish sohasida:
jazoni ijro etish muassasalarida va tergov hibsxonalarida huquq-tartibot va qonuniylikni ta`minlash;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududlarida bo’lgan mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning, shuningdek xodimlar (ishchilar va xizmatchilar) va fuqarolarning xavfsizligini ta`minlash;
JIEBB, uning bo’linmalari va muassasalarida yong`in xavfsizligini ta`minlash bo’yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, ishlab chiqarishdagi mehnatga mahkumlarni jalb etadigan tashkilotlar ob`ektlarini nazorat qilishning zamonaviy muhandislik-texnik vositalaridan foydalangan holda lozim darajada qo’riqlashni tashkil etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning taklif, ariza va shikoyatlarini belgilangan tartibda ko’rib chiqish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar tomonidan jazoni ijro etish, qamoqda saqlashning belgilangan tartibiga rioya etilishini ta`minlash;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida tegishli belgilangan normalarga mos keladigan ushlab turish shart-sharoitlarini yaratish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning moddiy-maishiy ta`minotini va ularga tibbiy xizmat ko’rsatilishini tashkil etish, shuningdek mahkumlarga nisbatan tibbiy yo’sindagi majburlov choralarini qo’llash va ularning majburiy davolanishini amalga oshirish;
v) mahkumlarni tuzatish, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini aniqlash va oldini olish, shuningdek ularga ozod etilganidan so’ng ijtimoiy moslashishlari uchun ko’maklashish faoliyatini tashkil etish sohasida:
mahkumlar o’rtasida qonunlarga itoatkorlik, shaxsga, jamiyatga, insoniy qadriyatlar va an`analarga nisbatan hurmatni shakllantirish, bilim va madaniy darajasini oshirishga qaratilgan tarbiyaviy-profilaktik va tushuntirish ishlarini tashkil etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, huquqbuzarliklarni sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni tashkil etish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida tezkor-qidiruv faoliyatining samaradorligini tizimli ravishda tahlil qilish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga taqiqlangan predmetlarning (narkotik vositalar, psixotrop, portlovchi va zaharli moddalar, diniy-ekstremistik xarakterdagi adabiyotlar va boshqalar) kirib kelish yo’llarini aniqlash va bartaraf etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar o’rtasida huquqiy targ`ibot bo’yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
mahkumlarni ozod etilganidan so’ng keyinchalik ishga joylashtirish maqsadida ularni mehnat bozorida talab bo’lgan kasbni egallashlari uchun kasbga tayyorlashni tashkil etish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridan qochgan mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar, shuningdek manzil-koloniyalarda saqlanayotgan va ushbu muassasalar hududini o’zboshimchalik bilan tark etgan mahkumlarni qidirish va ushlashni muvofiqlashtirish;
g) jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarini moliya-xo’jalik va ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish, mahkumlarning bandligini ta`minlash sohasida:
moliyaviy-iqtisodiy faoliyatni tashkil etish va buxgalteriya hamda statistik hisobotlarni lozim darajada yuritish, olib borilayotgan moliyaviy va xo’jalik faoliyatini maqsadga muvofiqligi hamda qonunchilikka mosligi ustidan nazorat qilishni ta`minlash;
jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarida ishlab chiqarish hamda qishloq xo’jaligi faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish;
JIEBB, uning bo’linmalari va muassasalarini moddiy-texnik jihatdan ta`minlash, mol-mulkdan maqsadga muvofiq tarzda foydalanish, texnik xizmat ko’rsatish va qo’riqlash, shuningdek ularni saqlanishi va oqilona ishlatilishi bo’yicha zarur choralar ko’rish;
shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da`vo ishlarini yuritish;
jazoni ijro etish muassasalari moddiy-texnik bazasining rivojlantirilishi va takomillashtirilishini ta`minlash, ishlab chiqarish faoliyatiga fan va texnika yutuqlarini, ilg`or tajriba va texnologiyalarni, boshqaruvning yangicha usul va shakllarini joriy qilish;
o’z ishlab chiqarish (qishloq xo’jaligi) uchastkalarida, alohida hollarda esa boshqa korxonalarda mahkumlarning axloqiy va moddiy manfaatdorligi uchun shart-sharoitlar yaratish yo’li bilan ularning ish bilan bandligini tashkil etish.
d) kadrlarni tanlash va joy joyiga qo’yish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini tashkil etish sohasida:
JIEBB, uning bo’linmalari va muassasalari axborot-tahliliy ishlarini tashkillashtirish, ularning faoliyatini rejalashtirish va prognoz qilish;
jinoiy jazoni ijro etish va qamoqda saqlash faoliyatini tashkil etish va ta`minlash bo’yicha uslubiy materiallar ishlab chiqish;
kadrlarni tanlash va joy joyiga qo’yish, ularni qayta tayyorlash va jangovar, jismoniy hamda ijtimoiy-siyosiy tayyorgarligi, professional darajasini oshirish bo’yicha tadbirlar tashkil qilish;
JIEBB, uning bo’linmalari va muassasalari shaxsiy tarkibining jangovar va safarbarlik tayyorgarligini oshirish, favqulodda vaziyatlarda kuch va vositalarning harakatlanish uchun shayligi ustidan nazorat qilish;
xodimlar (ishchilar va xizmatchilar) va ularning oila a`zolarini huquqiy, ijtimoiy himoyasini hamda shaxsiy xavfsizligini ta`minlash;
xodimlar o’rtasida o’z vakolatlarini suiiste`mol qilish va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish va bartaraf etish bo’yicha tadbirlarni amalga oshirish, odob-axloq qoidalariga qat`iy amal qilishlarini ta`minlash;
xodimlarni huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish bo’yicha ishlarini tashkil qilish.
JIEBB qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
|