3-bob. JIEBB huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
10. JIEBB o’ziga yuklatilgan vazifalar va funktsiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
JIEBB vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari va boshqa muassasalarning bazalaridan (shu jumladan elektron bazalaridan) axborot, statistik va boshqa materiallarni so’rash hamda olish;
qonunchilik va huquqni qo’llash amaliyotini takomillashtirish masalalari bo’yicha takliflarni belgilangan tartibda kiritish;
huquqni muhofaza qiluvchi, davlat organlari, jamoat tashkilotlari vakillarini tarbiyaviy profilaktika tadbirlarga, mahkumlarni ijtimoiy reabilitatsiyasi va adaptatsiyasiga jalb etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarni belgilangan yo’nalishlar bo’yicha boshqa erga ko’chirishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining tegishli bo’linmalari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarni huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman), shuningdek, tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
mahkumlarni ma`naviy-axloqiy saviyasini rivojlantirish, tarbiyaviy tadbirlarni tashkil etish va o’tkazish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilayotgan shaxslarga ijtimoiy va moddiy yordam ko’rsatishda fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik vakillari va fuqarolarni jalb etish;
mahkumlarni umumta`lim, o’rta maxsus, kasb-hunar o’quvini ta`lim organlari bilan hamkorlikda tashkil etishni amalga oshirish;
ozod etilayotgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash masalalari bo’yicha ijtimoiy moslashuv markazlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
sog`liqni saqlash organlari bilan hamkorlikda mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarga malakali davolash-diagnostika va shoshilinch yordam ko’rsatish, turli xil ekspertiza va ko’rikdan o’tkazish;
sog`liqni saqlash organlari bilan JIEBB va uning muassasalarining tibbiy kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ular tomonidan barcha turdagi tibbiy xizmatlar ko’rsatish, shu jumladan manzil-koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarni tibbiy vositalar bilan ta`minlash masalalari yuzasidan o’zaro hamkorlikni amalga oshirish,
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari bilan mahkumlarni nogironligini tasdiqlash va belgilash, ularning kasbiy mehnatga qobiliyatini yo’qotganlik darajasini aniqlash masalalari bo’yicha hamkorlikni amalga oshirish;
vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, ta`lim, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlardan JIEBB faoliyatini tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan takliflarni olish hamda tegishli organlar va tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishilgan holda ushbu loyihalarni tayyorlash bo’yicha komissiyalar (ishchi guruhlar) tuzish;
JIEBB muassasalarida qonunchilikka, O’zbekiston Respublikasi IIV rahbariyati ko’rsatmalari va farmoyishlariga rioya etilishi yuzasidan moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirish va taftish o’tkazish;
xodimlarning moddiy-texnik va ijtimoiy ta`minotini yaxshilash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo’yicha takliflarni kiritish;
ishlab chiqarish va qishloq xo’jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish uchun investitsiyalar (shu jumladan xorijiy) jalb qilish bo’yicha choralar ko’rish.
JIEBB qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11. JIEBB quyidagilarga majburdir:
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo’yicha o’z vakolatlari doirasida zarur choralar ko’rish;
JIEBB bo’linmalari va muassasalari ishi haqida zarur ma`lumotlarni tayyorlash va O’zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga taqdim etish.
JIEBB qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’lishi mumkin.
12. JIEBB o’ziga yuklatilgan vazifa va funktsiyalarni samarali bajarilishi uchun javobgardir.
|