|
REFERAT
Mavzu: Davlat va huquq tarixi fani predmeti, metodlari vazifalari
|
bet | 12/29 | Sana | 17.05.2024 | Hajmi | 121,89 Kb. | | #240136 | Turi | Referat |
Bog'liq O’zbekiston respublikasida davlat shaklining o’ziga xos xususiyaREFERAT
Mavzu: Davlat va huquq tarixi fani predmeti, metodlari vazifalari
Bajardi: ______________________
Tekshirdi: ______________________
DAVLAT VA HUQUQ TARIXI FANI PREDMETI, METODLARI VAZIFALARI
Reja:
Davlat va huquq tarixi fanining ijtimoiy va yuridik fanlar bilan aloqadorligi Davlat va huquq tarixi fanining predmeti, metodlari va vazifalari
Davlat va huquq tarixi fani tarixiy-yuridik fan hisoblanadi. U alohida fan sifatida XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida shakllangan. Ilk davrlarda asosan Butundunyo huquqi tarixi, Butundunyo davlati va huquqi tarixi deb yuritilgan. Ushbu o‘quv kursi doirasida dastlab Rim huquqining tarixi o‘rganilgan. Uning alohida fan sifatida rivojlanishida G‘arbiy Yevropa davlatlaridan Germaniya, Fransiya, Angliya va Rossiya olimlarining hissasi katta.
Davlat va huquq tarixi fanini bilish, xorijiy mamlakatlar va O‘zbekiston hududida o‘tmishda mavjud bo‘lib, davlatchilik va huquqiy taraqqiyotda chuqur iz qoldirgan davlat va huquq institutlarini o‘rganish, shuningdek, o‘zbek davlatchiligi asoslari, rivojlanish jarayonlari va yutuqlarining mohiyatini chuqur anglab yetish hozirgi kunda oldimizga qo‘yilayotgan murakkab vazifalarni hal qilishda qo‘l keladi.
Fanni o‘qitishdan maqsad – O‘zbekiston va jahonning boshqa qator mamlakatlari davlat va huquqiy taraqqiyotining o‘ziga xos jihatlari, mohiyati, rivojlanish bosqichlari haqidagi bilimlarni uzviy shakllantirishdan iborat.
Fanning bosh vazifasi – davlat va huquq rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini, o‘zbek milliy davlatchiligining alohida siyosiy va huquqiy tizimlariga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
Umuman olganda, davlat va huquq tarixi fanining vazifalari davlat va huquqning kelib chiqishi va rivojlanishi bilan bog‘liq eng muhim ma’lumotlarni tahlil etish, tarixiy jarayonning asosiy qonuniyatlarini chuqur anglab yetish, tarixiy tajribalarni ijodiy yondashuv asosida idrok etishga qaratilgan.
Davlat va huquq tarixi fani tarix fanidan farq qilgan holda jamiyatni to‘la va butunligicha o‘rganmaydi, balki davlat va yuridik muassasalar murakkab tizimining tarixiy rivojlanish jarayonini hamda huquq, uning alohida sohalari va institutlarining kelib chiqishi, rivojlanish jarayonini hamda mazmunini o‘rganadi.
Davlat va huquq tarixi fanining predmeti – muayyan tarixiy sharoitda davlat va huquqiy institutlarning vujudga kelishi va rivojlanishi jarayoni hamda uning tarixiy-nazariy qonuniyatlaridan iborat.
O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan davlat tuzilmalari va huquq tizimlarini o‘rganish, ota-bobolarimizning ilg‘or va dono fikrlari, tajribalari hozirgi davr davlatchiligi haqidagi qarashlarni boyitishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston davlati hozirgi hududiy va davlat ko‘rinishi olguncha bir necha ming yillik taraqqiyot davrini bosib o‘tdi. Shu davr oralig‘ida markazi O‘zbekiston hududida joylashgan, chegaralari Yevropa, Hindiston, Xitoyga borib taqaladigan buyuk imperiyalar (Parfiya, Xorazmshohlar davlati, Temur saltanati) vujudga keldi. Shu bilan birga, ushbu hudud qayta-qayta boshqa kuchli imperiyalar uchun tobe mamlakat ham bo‘lib keldi. Lekin shunisi aniqki, O‘zbekistonda davlatchilik ming yillar davomida shakllanib kelgan. Hozirgi mustaqil O‘zbekiston davlati tarixan mustahkam davlatchilik poydevorlari ustida qurilgan.
Har qanday fanning asosiy vazifasi o‘rganilayotgan narsa va hodisalarning taraqqiyot qonunlarini ochib berishdan iborat. Bu borada har bir fan o‘z tadqiqot uslublariga ega. Har bir fan nazariy jihatdan tizimlashgan bilimlar yig‘indisi sifatida tadqiqot jarayonida turli metodlardan foydalanadi.
Davlat va huquqning murakkab, xilma-xil, rang-barang hodisalarning haqiqiy mazmunini, yuridik tabiatini, mohiyatini, rivojlanish qonunlarini bilishning aniq uslublari bo‘lib, ular ilmiy tadqiqot va izlanishning yo‘nalishini ifodalaydi. Bu o‘rinda, birinchi navbatda, muayyan-tarixiy, davlat-huquqiy hodisalarni, keng ma’noda esa tarixiy-huquqiy fanning poydevori hisoblangan tarixiy faktlarni bilish vositalari, uslublari nazarda tutiladi.
Ilmiy tadqiqot jarayonida bilishning aniq shakli va usullaridan foydalanish orqali ilmiy bilimlar vujudga keladi va rivojlantiriladi. Ta’lim tizimida ilmiy tadqiqot jarayonida kelib chiqqan muammo yoki masalaning qo‘yilishi va hal qilinishida maxsus uslublardan foydalaniladi.
Fanning metodlari tizimida xususiy, umumiy ilmiy va eng umumiy metodlar mavjud. Ular o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq.
Dialektik usul real olamni ilmiy bilishning eng umumiy usuli bo‘lib, u barcha fanlar uchun, jumladan tarixiy-huquqiy fanlar uchun ham metodologik ahamiyat kasb etadi. Dialektik usul xususiy fanlar erishgan yutuqlardan foydalanib, ularning usullari bilan birgalikda rivojlanadi, ular bir-birini to‘ldiradi va boyitadi. Davlat va huquq tarixini o‘rganishdagi bunday usul davlat va huquq kabi ijtimoiy hodisalarning mohiyatini jamiyat moddiy shart-sharoitlari, iqtisodiy negiz bilan bog‘lab o‘rganishni ta’minlaydi.
Dialektik usul – davlat va huquq doimo rivojlanadi, o‘zgaradi, bir shakldan ikkinchi shaklga o‘tadi, deb qaraydi. Dialektika hodisalarni rivojlanishda, boshqa hodisalar bilan aloqadorlikda, bir-biri bilan bog‘liq holda, harakatda, miqdoriy va sifat o‘zgarishida, deb o‘rganadi. Binobarin, ularni tushunish uchun mazkur hodisalarni vujudga keltirgan sharoitni, mavjud bo‘lgan va yashayotgan davrni bilish kerak.
Umumiy ilmiy metodlardan biri bo‘lgan tahlil (analiz) usuli orqali o‘rganilayotgan narsa va hodisalar mayda bo‘laklarga, ya’ni elementlarga ajratilib, ular o‘rtasidagi bog‘lanish, o‘zaro munosabati va ta’siri o‘rganiladi.
Sintez o‘z navbatida analiz usulining natijalariga tayanib, davlat va huquqning butun sifatini, mavjud bo‘lgan davlat va huquq tizimlarining o‘ziga xos xususiyatlari asnosida muayyan jihatlarni ochib beradi. Sintez analiz natijasida fikran bo‘lingan elementlarni qaytadan tiklash, ularni birlashtirish, yaxlitlikni tafakkur darajasida vujudga keltirish usulidir.
Qiyosiy usul orqali davlat va huquqning avvalgi bosqichlardagi va hozirgi rivojlanishidagi xususiyatlarning o‘xshashligi hamda o‘zaro farqlari mukammal ko‘rib chiqiladi.
Tarixiylik usuli davlat va huquqning kelib chiqishi va rivojlanib borishi vaqtini, davrini aniqlashtirish usulidir. Har bir davlat va huquqiy hodisa tarixiy nuqtai nazardan, aniq tajribaga bog‘lab o‘rganilishi zarur. Davlat va huquq tarixini yoritish uning taraqqiyotidagi asosiy tarixiy bosqichlar, ularning sababiy bog‘liqliklarini ko‘rsatishni talab qiladi.
Mantiqiylik usuli fan predmetini mushohada yordamida nazariy shaklda tadqiq qilish usuli hisoblanadi. U tadqiqot obyektining eng muhim aloqalarini bilishga imkon beradi. Davlat va huquqning tarixan obyektiv mavjudligini, ularning o‘zaro aloqalarining turli-tumanligini aks ettirish vazifasini bajaradi. Qarama-qarshi fikrlar va xulosalarni bartaraf etishga ko‘maklashadi.
Umumiy ilmiy usullardan biri tizimli tahlil usulidir. U murakkab obyektlarni ilmiy bilishda qo‘llaniladi. Davlat va huquq o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridanoq ancha murakkab ijtimoiy qurilmalar bo‘lganligi bois, tarixiy-huquqiy izlanishlarda ularni tizimli yondashuv usuli bilan tahlil qilish samarali hisoblanadi. Tizimli tahlil usuli muayyan tarzda o‘zaro bog‘langan va bir qadar yaxlitlikni tashkil etadigan unsurlar majmuini yaratishni ta’minlaydi. Mazkur usul asosida o‘rganilayotgan obyektning boshqa obyekt bilan umumiy bog‘lanishi va o‘zaro munosabatlari ochiladi. Bu uslub yordamida davlat va huquqning o‘zaro bog‘liq murakkab butun tuzilishidan alohida, o‘ziga xos, takrorlanmas, shuningdek, umumiy xususiyatlarga ega bo‘lgan tarkibiy qismlarini ajratib olish mumkin bo‘ladi.
Davlat va huquq tarixi fanini o‘rganishda juda muhim bo‘lgan xususiy ilmiy metodlar ham mavjud. Ular muayyan-tarixiy, qiyosiyhuquqiy, statistik metodlardir.
|
| |