“PEDAGOGIK MAHORAT” ilmiy-nazariy va metodik jurnal. 2022, № 3-4
98
nazariyasi katta ahamiyatga ega. B.Blum ta’lim maqsadlarini uchta qismga ajratgan edi: kognitiv,
psixomotor va samarali maqsadlar. B.Blum ularni qat’iy bir tizim asosida oʻzlashtirish darajasi va
intellektual koʻnikmalarga tenglashtirilgan asosiy va ikkilamchi bilimlarga ajratgan. Masalan, u maxsus
axborotlar, bilim elementlaridan foydalanish yoʻllari, me’yorlar, yoʻnalishlar, oʻzaro bir-birini taqozo
qiluvchi tushunchalar va tasniflar kabilarni bilishni koʻzda tutadi [8].
“Bilish” tushunchasi ostida xabardorlikning dastlabki bosqichi, qayta bayon qilish darajasi tushuniladi.
Keyingi bosqichda oʻzlashtirishning yuqoriroq darajasi: tushunish, qoʻllash,
tahlil qilish, umumlashtirish,
baholash darajalariga oʻtiladi. Blum nazariyasining afzalliklaridan biri oraliq va yakuniy maqsadlarning
qoʻyilishi, shuningdek, dasturlarda maqsad qoʻyish muammosining belgilab berilganligidan iborat. Blum
nazariyasining natijalari sirasiga miqdor va oraliq maqsadlar orasidagi savollarni shakllantirish, shuningdek,
maqsadni belgilash vositalarini aniqlash muammosining qoʻyilganligini kiritish mumkin. Bunday vositalar
sirasiga oʻquvchilarning xatti-harakatlarini belgilash, hal qilinadigan
vazifalarni aniqlash, savollarga
beriladigan javoblar tabiatini aniqlash, oʻquvchi harakatlanishi lozim boʻlgan vaziyatlarni belgilash kabilarni
kiritgan [6]. Gʻarb pedagoglari ta’lim mazmuni tarkibiga nisbatan oʻz yondashuvlarini bayon qilganlar. Ular
bilimlar, qadriyatlar, koʻnikmalar va munosabatlarni alohida-alohida ajratganlar (Dj.Kerr, Angliya).
Texnokratik falsafiy yondashuv tarafdorlari (J.Majo, Fransiya) ta’lim oldiga qoʻyilgan ijtimoiy buyurtmaga
asoslanib, oʻquvchilarni bilimlarni oʻzlashtirishga oʻrgatish, ularni mustaqil izlab topish, muammolarga
yechim izlash koʻnikmalarini shakllantirish vazifasini qoʻyganlar.
Aksariyat xorijlik mutaxassislar ta’lim mazmunining tarkibiy qismlariga sezgi, his-tuygʻular va
munosabatlarni rivojlantiruvchi bilimlar va tushunchalarni kiritganlar (T.Brameld, AQSh). Oʻqitishning
asosiy maqsadi oʻquvchilarni
aqliy rivojlantirish, deb hisoblaydigan pedagoglarning ishlarida bilimlarni
tanlash muhim ahamiyatga ega ekanligi koʻrsatilgan. Bunda ta’lim mazmunining yetakchi elementlarini
umumlashtirishda nazariy gʻoyalarni ilgari surgan Dj.Brunerning qarashlari muhim ahamiyatga ega [5].
Ta’lim mazmunini oʻquvchilarning oʻzini-oʻzi anglash, namoyon etishga boʻlgan ehtiyojlariga moslashtirish
ustuvor ahamiyat kasb etishi lozim. Buning uchun oʻquv jarayonini insonparvarlashtirish talab etiladi.
Oʻquvchining oʻz-oʻzini anglashi, muloqotga kirishishi, atrofdagilar bilan ijobiy munosabat oʻrnatishi
kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim mazmunini tanlashda asosiy mezon boʻlib xizmat qilishi
lozim [1].
Ukrainada ta’lim mazmunini tanlash sohasida bir qator konsepsiyalar, yondashuvlar mavjud. Xususan,
bunda Suxomlinskiyning muammoli va integratsiyalashgan ta’lim nazariyasi alohida ahamiyatga ega boʻlib,
oʻquvchilarda hayotiy kompetensiyalarni shakllantirishda oʻziga xos oʻrin egallaydi [7]. Ta’lim mazmunida
oʻzaro uygʻun
tarzda bilimlar, tushunchalar, axborotlar, xalqning ijtimoiy tajribasi oʻz ifodasini topishi
kerak.
Mutaxassislar ta’lim mazmunining muayyan prinsiplarga tayangan holda tanlanishi lozimligini
ta’kidlab oʻtganlar. Ular:
– oʻquv fanlari mazmunini integratsiyalash, bunda oʻquv jarayonining asosini turli oʻquv fanlariga xos
boʻlgan oʻzaro muvofiq kelgan bilimlar va tushunchalarni uygʻunlashtirgan holda oʻquvchilarga taqdim etish
nazarda tutiladi (R.X.Djurayev, R.G.Safarova, X.I.Ibragimov, R.Nurjanova, F.Qoʻchqarova va b.);
– ta’lim mazmuniga kompetensiyaviy yondashuvni tatbiq etish (N.Turdiyev, M.Umaraliyeva,
S.T.Turgʻunov, X.M.Tojiboyeva, J.Oʻsarov va h.k.).
Oʻquv dasturlarida oʻquv yuklamasining haddan tashqari ortib ketganligi, ularda ilm-fan, madaniyatga
oid yangiliklarni imkon qadar koʻproq aks ettirish ehtiyojining vujudga kelganligi konsentrlashgan ta’lim
nazariyasini rivojlantirish ehtiyojini keltirib chiqardi. Oʻquv dasturlaridagi mavzular ilm-fanning eng soʻnggi
yutuqlari asosida tanlanishi, oʻquv fanlari mazmunini yangi gʻoyalar
bilan boyitish zarurligi
kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’limning muhim talablaridan biri hisoblanadi. Oʻrganilayotgan
har bir oʻquv predmeti mazmunida ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatga ega oʻquv elementlarining mavjud boʻlishi
oʻquvchilarga real borliq, ijtimoiy-siyosiy voqelikni anglash imkonini beradi. Konsentrizm prinsipiga koʻra,
ta’lim mazmuni yirik konsentrlardan, asosiy tizimni tashkil qiluvchi komponentlardan iborat. Har bir oʻquv
fani mazmunida muhim ilmiy va ta’limiy ahamiyatga ega boʻlgan asosiy tarkibiy qismlar, shuningdek,
ikkilamchi didaktik loyihalar ajratib beriladi. Konsentrizm prinsipi doirasida oʻquv yuklamasining hajmi
chegaralanadi.
Xulosa.
Yuqoridagi fikrlar asosida ta’kidlash mumkinki, tabiiy-ilmiy bilimlarni kompetensiyaviy
yondashuv asosida oʻrgatishni ta’lim jarayoniga tatbiq etish oʻquvchilarda
fanga oid va tayanch
kompetensiyalarni hosil qilishda, dars samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.